Ko'pkari

Tizma tog'lar qurshab olgan xilvatdagi qishloqni bosib turgan zulmat tarvuzi yorildi, kun chiqish taraf yirtilib, ufq kiprigini ko'tardi. Osmonni ko'tarib turgan cho'qqilar ortidan bosh­langan ravshanlik asta-sekin o'rmalab, borliqqa tarala boshladi. Azbaroyi havoning qahratonligidan tashqariga chiqishga botinolmagan xo'rozlar katak­laridan xirqirab qichqira boshladilar.

Tong otib kelar, qishloqning yangi kuni boshlanayotgan edi.

Keksayib, kam uyqu bo'lib qolgan Arbob Qarchig'aybobo (ayniqsa, unga uzun qish kechalari tong ottirish azob edi) qalin bos­tirib to'shalgan ko'rpalar qatidan sibjirilib chiqdi-da, tuya junidan to'qilgan chakmonini yelkasiga tashlab, tashqariga yo'naldi. Eshik qartillab ochildi, u sovuq zarbidan muzlab qolgan edi. Tashqarida, qiyalikda joylashgan qishloq hovlilarida onda-sonda otbozlar tutgan fonuslarning shu'lasi miltillar, bulutsiz osmon yulduzlar chamanzori bilan muzayyan edi. Hamsoyaning mehmonlari allaqachon uyg'onib, otlarining atrofida girdikapalak bo'lishar, jonivorlarni yalab-yulqashardi.

Qishloqda yigirma kundan beri uzluksiz to'y bo'layotgan va muttasil ko'pkari chopilayotgan edi. Shu tufayli saharmardondanoq jo'shqin hayot boshlanar, odamlar ertalabki “jamoat oshi”ni apil-tapil tanovul qilib, ko'pkaridashtga oshiqishar edi. Katta-kichikni sehrlab qo'ygandi bu ko'pkari. Hamma ko'pkari jinnisiga aylanib qolgandi o'sha kunlari.

Qo'shni hovlidan hayajonli ovozlar eshitildi.

— Jonivorni soat to'rtlarda teri quridi, ko'zim ilingani yo'q, oldida o'tirib chiqdim. Hozir bir qashlab, hovuzdan suvlab keldim.

— Sen, jinxo'r, qachon bo'lsayam otning tagida o'lib qolasan. Yemini qoldirmay yedimi? Bir bog' g'annimak (beda) kerak edi-da. Bu Yusuf (uy egasi)ning somonxonasi teshilgan ekan. Na shevar bor, na yo'ng'ichqa. Ozgina qabzantirib olsam, devdim.

Uzoqroqdan otning kishnagani, yer tepingani eshitildi. Kimdir daranglatib pechka karnayining qurimini qoqdi.

Bobo hafsala bilan maydalangan archa payrahalarini bilagida qisib kelganda, kampiri ham uyg'ongan, turib, pechning kulini olishga tutingan edi. Hademay, qo'rda olov gurilladi, alanganing shu'lasi devorlarda o'ynar, ohista guvillagan ovoz quloqqa chalinardi. Uyning harorati ko'tarilgach, ko'rpalar bilan o'rab qo'yilgan, shirin haroratga cho'mgan bola terlab ketdimi, ustidagilarni tepib tashladi-da, uyqu aralash ko'zlarini ishqaladi, so'ng qo'llarini ozod yozib yuborib ohista pichirladi. Uning g'unchadek lablari orasidan shu so'zlar sizib chiqdi: “Ko'pkariga boraman…”

Yonoqlari qizargan, qoshlari bilinar-bilinmas uchib turgan nuridiydasining bu mas'um holatini kuzatib o'tirar ekan, boboning yuragi hapqirib, ko'ngli to'lib ketdi. Bolaning ohista sasi uning qalb devorlariga bosqondan ham kuchli zarb bilan urilgan edi. O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Xolmurod Eshmurodov hikoyalaridan: “Ko'pkari biz bolalar uchun eng maroqli tomosha edi. Ko'ldashi (ko'pkari chopiladigan maydon)ga ot chiqishini dildirab intiqlik bilan kutib o'tirardik. Faqat biz emas, kattalar ham hamma ishini yig'ishtirib, tomoshaga borishardi. Mana, nihoyat so'yilgan taka keltiriladi. Uni chavandoz (bizning shevamizda “chavag'on”)lar yerdan ko'tarib, poychasini egarga qistiradi-da olib qochadi, bosh­qalar quvadi. Haddi sig'sa tortishadi, hatto tortib ham oladi. Hech bir otliqni yetkazmay yakkalab chiqqan chavandoz halol bo'ladi yoki ayiradi, ya'ni g'olib hisoblanadi. Dastlab otliqlarning hammasi to'p­languncha shunchaki chopib turiladi. Buni “tani” yoki “shovuloq” deyishadi. Bunda zot, ya'ni mukofot qo'yilmaydi. Yarim soatlar chamasi shovuloq chopib, badanlar qizib olgach, asosiy ko'pkari boshlanadi.

Bakovul chavag'onlar oldida qisqacha va'z so'zlaydi. U aytadiki: “Bugun falonchi boyning to'yi, necha yildan beri yig'ib-terib elning oldidan o'tayapti. Halol chopasan, yakkalab olasan, men “bo'ldi” desam, bo'ldi, “bo'lmadi” desam, bo'lmadi. To'ychining puliyam ko'p, moliyam ko'p. Chavag'onlar, to'ydi o'ynab-kulib o'tkazaylik. Ol, mana shuning 50 so'm puli, bir juft kalishi, ustiga bir tikuv mashinasi ham bor”. Shunaqa gaplardan keyin bakovul taqimidagi takani yerga tashlab, o'zi chetga chiqadi. Hamma — albatta, qurbi yetganlar takaning ustiga ot haydaydi. Kimdir uni yerdan ko'tarib, olib jo'naydi, boshqalar ta'qib qiladi. To'rt poychani egarga tortib, qo'li bilan mahkamlab, rosa talashadi. Bu orada taka ikki-uch yerga ham tushib qoladi, yana ko'tariladi. Xullas, kimdir yakkalab chiqadi. O'shanga bakovul e'lon qilgan zot (uni “bolg'i”, “sovrin” ham deyishadi) beriladi. Eng faxrli zot tirik mol (echki, qo'y, ho'kiz, tuya) hisoblanadi. Hamma orzu qiladigan, talashadigan zot esa o'lik taka, o'sha olib chopiladigan taka. Uni ayirgan chavag'onning uyida o'sha kecha bayram bo'lib ketadi”.

Ko'pkari (uni ba'zan oddiy qilib “uloq” ham deyishadi)ning qachon paydo bo'lgani haqida manbalarda ma'lumot bo'lishi aniq; uning bizgacha yetib kelgan holati ham, bu sport turi (agar shunday atash joiz bo'lsa) ancha qadim zamonda paydo bo'lganidan darak beradi. Yillar, balki asrlar davomida ko'pkarining o'ziga xos qoidalari shakllanib, sayqal topib borgan. Uning ruxsat beriladigan va berilmaydigan talablari, o'z qoidalari bor, shu jihatdan ko'pkarini bevosh otliqlar olomonining chopishishi emas, o'ziga xos milliy turmush tarzining bir ko'rinishi, deb baholash lozim. Olaylik, chavandozning ustiga ot solish, takani ipga tugish yoki uzangiga qistirish taqiqlanadi. Yoki olib chopib ketayotgan otliqning sirtidan aylantirib tortish ham mumkin emas. Bunday talablar buzilganda zot berilmagan, hatto qoidani buzgan chavandoz to'dadan haydab chiqarilgan.

Ko'pkari — juda qattiq va shafqatsiz o'yin. Ot surdovda chavandoz oyog'ini qa­yirib sindirib yuborishi, egardan tushib ketsa, tuyoqlar tagida qolib shikast topishi hech gap emas. Chavandozlar baland poshnali hakkari etik kiyishadi, qo'njiga oyoqni saqlash uchun yog'och taxtachalar qo'yib olishadi. Boshga qalin qilib tikilgan maxsus telpak, kaftga g'ilof kiyishadi.

Ko'pkaridagi muvaffaqiyat ko'p jihatdan otga bog'liq. Shu tufayli tulporlar maxsus parvarish qilinadi.

Oliy toifali jarroh, ot ishqibozi Rahmatulla Fayzullayev hikoyalaridan: “Yoz tafti qaytib, salqin tushgach, chopiladigan otlar baylovga tortiladi. Tinch, o'tgan-qaytgandan xilvat sayisxonada ot arqonga olinadi. Bu muddat qirq kungacha bo'lishi mumkin. Yem (arpa) to'rt-besh kilodan boshlanadi, oshirib borilaveradi, bir kunda zo'r otlar 25 kilogacha yeydigan bo'ladi. Jonivor yaxshi yetilgach, yetaklab, hovliga olib chiqiladi va yakkamixga bog'lab qo'yiladi. Ba'zilar otning badanini tuzli suv bilan yuvib yuborishadi. Ot baylovdan chiqqan kun birorta jonliq so'yib, bobolarning duosini olish ham mumkin”.

Ko'pkariga tanlanadigan ot bilan bog'liq tafsilotlar ham bir dunyo. Avvalo, qadimdan asl tulporlarni tanlash yo'llari mavjud, bu hatto ko'plab kitoblarda maxsus aks ettirilgan. Negaki, har qanday chorpoya ko'pkariga yarayvermaydi. Eng yaxshi uloqchi otlar butun yurtning faxri bo'lgan, uning dovrug'ini uzoq-yaqinlarga taratgan. Har qanday ot, ayniqsa, sevimli duldullar xuddi olifta yigitlardek yasantirilgan. Uzangilari misdan, hatto kumushdan bo'lgan, unga ingichka naqshlar tushirilgan. Egarlarga pay tortilib, obdon yelimlangan, uzoq muddat quyoshda toblab quritilgan va usti to'slangan. Ba'zi egarlar qimmatbaho xazina sifatida avloddan-avlodga meros bo'lib o'tgan. Otga yopiladigan jul, egarning tagidagi dikdikka, yolpush va julxezlarga xudi joypo'sh (so'zana)ga o'xshatib qizlar, kelinlar inja kashtalar tikishgan. Ayili, pushtanining to'qasiga oltin suvi yurgizilib jilo berilgan. “Otdir yigitning qanoti”, deb ulug'langan jonivor ana shunday e'zozlangan va o'z navbatida u ham chavandozini elga tanitgan, mashhur qilgan.

…Maydon otlarning tuyog'i ostida guvillaydi. Tulporlar chirpinadi, siltanib pishqiradi, ba'zan tajang chavandozning qamchisi havoda o'ynaydi va shartillab otning boshiga, sag'risiga tushadi. Qisuvga qolgan jonivor o'ziga yo'l izlab surinadi, o'zidan kuchli otning qovurg'asi ostida eziladi, oyoqlaridan mador ketib, to'dadan sibjirilib chiqib qoladi. Yana kuchlar talashi avjlanadi, taka qo'ldan-qo'lga o'tadi. Otlar uyuri guvillab o'rnidan qo'zg'aladi, bakovulning o'ktam ovozi yangraydi: “Halollaysan!” Rostdan, bu o'yin faqat halollik asosida paydo bo'lgan, bu shartni buzganlar esa, albatta, pand yeganini odamlar gapirib yurishadi.

Maydonning ko'z ilg'amas tomoniga surilib ketgan to'da sachovrab, uloqni taqimiga bosgan azamat “Yo, otam” deganicha yakkalanib chiqdi. Yuz yillardan beri davom etib kelayotgan sinovdagi g'oliblar ro'yxatiga yana bir yigitning nomi yozildi. Mana, u odamlar nazariga tushdi, endi asriy an'analarga sodiq muxlislar uning nomini ham takrorlab yurishadi. Holbuki, chavandozlik bilan dovrug' taratganlar ko'p bo'lgan bu ko'hna dunyoda.

O'qituvchi Hamro Uzoqov xotiralaridan: “Shahrisabz yaqinidagi Annay degan qishloqqa yetganimizda ko'pkari boshlanib ketgan ekan”, — deb hikoya qilgandi otam rahmatlik. Surdov aylanib oldimizga kelib qoldi. Arbob Qarchig'ay ham hali safar jabduqlari yechilmagan, xurjuni ham tushirilmagan oti ustida turar edi, yaqinlashib qolgan to'dani ko'rib beixtiyor qo'shilib ketdi. Hayal o'tmay halollab chiqdi. Bakovul yana zot aytdi. Bu safar birov bilan tortishib to'dadan chiqdi Qarchig'ay. Juda olisga tortishib ketdi. Oxiri u raqibini egar-pegari bilan ag'darib, yakkalab chiqdi. Endi hamma o'rab olgan, tavof qilib yotibdi. Kelganimizda birov parvo qilmovdi, “Biznikiga mehmon bo'ling” deganlar ko'payib qoldi”.

Ko'pkari chopiladigan maydonning tomoshabop bo'lishi — unga qo'yiladigan birinchi talab. Qurg'ur tomoshabinlar ham otning tagida qolishdan qo'rqmay qisib kelaveradi. O'zi, bu paytda piyoda turgan o'zini idora qila olmay qoladimi-ey?! Rangida qon yo'q, qaltiraganicha chopib, goh bu yoqqa o'tadi, goh u yoqqa. Keyin esa taassurotlarini yil bo'yi gapirib yurishadi. Ularning nazaridan hech narsa forig' bo'lmaydi: takani kim birinchi yerdan ko'tardi, keyin kimga ketdi, kim qaysi zotni ayirdi yoki necha marta ayirdi.

Tomoshabinlar safida yoshi o'tib, bukchayib qolgan bir chol ham bo'lardi, uni har doim ko'pkaridashtda ko'rish mumkin edi. Bir safar itni ursa ko'chaga chiqmaydigan qahraton sovuq bo'lib, qorbo'ron turdi. Shunda ham boboning bir o'zi ko'pkaridashtga bordi. Uning umri ot ustida o'tdi, yoshligini ko'pkari suronlari olib ketdi. Yigitlikda xumorini ayovsiz ot surish­larda, tortishuvlarda qatnashib yozardi. Endi belda kuch, ko'zda nur yo'q. Endi o'sha yolqinli kunlarini tushida ko'radi, tushlari eng aziz xotiralarni qo'zg'ab uni qiynaydi, azob beradi. Shunday holda uyda o'tirib bo'ladimi? Elning orini olib yurgan, “yulduzni benarvon uraman”, degan yigit edi-ya.

Akam Normat Sattorovning bobolaridan eshitgan hikoyasi: “Kaltaqo'llik Mavlon jo'raboshi o'g'lini uylantiradigan bo'libdi. O'shanda uning mo'ylovini bolta kesmaydi, yaqin atrofni kuchi bilan ham, boyligi bilan ham qo'liga qaratgan. Kelin to'yida kamdan kam holda ko'pkari beriladi, lekin Mavlon kimligini ko'rsatish uchun yetti iqlimga jar solib, katta ko'pkari berishini, uning bosh sovrini odam…, ha, qoshli-ko'zli, sendek-mendek inson bo'lishini ma'lum qilibdi. Talabgorlar bir kun, ikki kun oldin yetib kelib, otlarini sovutib turibdilar. Bu yog'ini eshitsang, o'sha zotga tikilgan odam Arbob boboning qaynotasi ekan. Bechoratob, uquvsizroq odam bo'lgan chog'i, boydan qarz ko'tarib uzolmagan. Bir umr dargohida ishlab berishga rozi bo'lib kelgan. Juda haddidan oshib, dimog'i shishgan Mavlonning kallasiga cholni ko'pkariga tikib obro' orttirish fikri kelib qolgan. Bobolarimiz aytardi, o'shanda Arbob Qarchig'ay 25-30 yoshlarda, yalqillab chiqib nazarga tashlangan paytlari bo'lgan ekan. Oriyati qo'zg'ab shu “zot”ni qanday bo'lsa-da, o'zi halollashga ahd qilibdi”.

Bugungi ko'pkari misli ko'rilmagan bo'ladigan chog'i. Maydon otliqqa ham, piyodaga ham to'lib ketgan. Ayniqsa, sovringa atalgan qo'zi-uloqlar qamalgan qo'ton atrofida odam tirband. Hammaning ko'zi bugun zotga tikilgan odamga qadalgan. U ellikdan oshgan ko'sa bir kishi ekan. Ustida yangi yaktak (boyning quvligini qarang), boshi egilgan, qaddi bukilgan, shoxdor qo'chqorning panasiga o'zini olib, yerga tikilganicha egilib o'tiribdi. Uning taqdiri nima bo'ladi, kim ayiradi? Biror tantiroq odamga nasib etsa, qo'yib ham yuborishi mumkin. Yoki bosh­­qa to'yga to'yona qilinsa, to'ydan yana ke­yingisiga o'tadi. Buning nasl-nasabini surishtiradilar, bu qarindoshlari uchun isnod emasmi? Bechora chol… Hammadan uni tomosha qilayotganlarning nazari yomon, erkak kishini yer qiladi.

Arbob bir-ikki uloq olib qochdi-da, chetga o'tib, otdan tushdi. Taqdir unga bugun og'ir vazifa yukladi, agar qaynotasini nomusdan qutqarmasa, dunyo unga qorong'u. Og'ir xayol ostida o'tirgan yigitning yoniga hamqish­log'i Mavlonqul keldi, gapni chalg'itish uchun dedi:

— Xudo menga ham farzand ato etsa, ko'pkari berib…

— Sen ham odam tikasanmi? — jahl bilan dedi Qarchig'ay.

— Jo'ravoz itlik qildi, — uning ham ezilganligi bilinib turardi. — Biz ham yigitmiz-ku.

Bu “orni qo'ldan bermaymiz” degani edi. Qurolpasining (qurolpa — tengqur do'st) bu gapidan Arbob qaddini ko'tardi. Demak, jo'ralari qanotiga kiradi.

— G'ofirboyga ayt, arg'umog'ini menga bersin, sen Bozorboyning shapko'rini min.

Ko'pkari avjida, bosh zotni tashlash fursati ham yaqinlashganga o'xshaydi. Suvsar telpak, qordek oppoq chakmon kiyib, o'zini ko'z-ko'z qilib yurgan Mavlon jo'raboshi ham kiyimlarini o'zgartirib to'daga kiribdi. Ostidagi zulukdek qora tulpor o'ynoqlaydi, xoynahoy, u bosh zotni o'zi halollab, yana dovrug' taratishga astoydil ishtiyoqmandga o'xshaydi.

— Yig'il, katta aytaman, — deb hayqiradi bakovul. U chavandozlarning g'ayratini jo'shtirish uchun har xil hiylalar qilar, zotni bir g'altakdan boshlab, ho'kizgacha ko'tarardi.

— Armonda qolma, ot-otingni egarla, — jar soldi bakovul, — eng katta zotni tashlayman. Halollasang, qo'yingni boqadi, hovlingni qo'riydi, o'lgunicha xizmatingda bo'ladi.

Barchani to'plagach, bir ovoz bilan e'lon qildi:

— Ol, mana shuni ichida odami bilan yangi yaktagi bor!

Hamma o'zini to'daga urdi. Qiyqiruv, so'kinish, shovqin-surondan maydon larzaga keldi. Uloq yerda yotar, uni ko'tarishga hech kimning qurbi yetmasdi. Ancha ur-surdan keyin to'da gurillab qo'zg'aldi. Takaning bir poychasi Berdi gungda, biri Mavlonda edi. Arbobning arg'umog'i jadallab, ko'tarilgan uloqqa yetkardi. Yonida qishloqdoshlari — mulla Kamol, Bahrom, Toshtemir hamkorlik qilib kelayapti. Mavlonqul mingan shapko'rning to'dani surish odati bor edi, u jo'raboshining yonidan ot soldi. Ora uzoqlashib, poycha Mavlonning qo'lidan shartillab chiqib ketdi. Bo'ronday ko'chgan to'da bu paytda maydonni ikki aylangan, faqat sanoqli otlargina ilashib kelardi. Arbob takani yaxshilab berkitdi, ham taqimga oldi, ham egarga soldi. G'ofirboyning arg'umog'i yulduzni ko'zlagan ot edi, oldi ochilsa o'zib chiqishiga taraf yo'q. Jonivor pishqirib ikki silkindi, uloq bosh­qalardan ozod bo'ldi. Arbob faqat jo'ralari qurshovida borardi, ko'ngillari to'lgach, sochavrab yoyilib ketishdi. Arg'umoq ancha o'zib ketgandi, yonida borayotgan Mavlonqul uning sag'riga ikki qamchi urdi-da, izillab yig'lab yubordi. Bosh zotning taqdiri hal bo'lgandi.

Keyinchalik Yakkabog' begi bu qilig'i uchun Mavlon jo'raboshini qattiq koyigan ekan. “Shundan keyin biror ko'pkarida odam tikilganini eshitmadik”, — deb eslashadi keksalar.

O'ziga xos mardlik, tantilik, hamjihatlik ko'rigi bo'lgan bunday o'yinlar o'z tarixida ko'plab hayajonli, ba'zan kulgili voqealarga boy bo'lgan.

Ot bilan do'stlashgan, tillashgan kishilarda o'zgacha ulug'vorlik, mag'rurlik bo'lishini ko'p ta'kidlashadi. Aslida otda yurishning xosiyati ko'p. Egar ustida chayqalib ketar ekansan, o'zingni boshing ko'kka yetgandek his etasan. Ilkis, mayin silkinishlar vujudga allaqanday huzur bag'ishlab, charchoqlaringni yozgandek bo'ladi. Sezgir, hushyor, farosatli bu jonivor odam zotiga juda ko'p yaxshiliklar qilgan. Shu tufayli ayrim tulporlarga xuddi qahramonlardek haykallar qo'yilgan, ular to'g'risidagi xotiralar barhayot yashab keladi. Hatto ustidan yiqilgan kishini ham ot avaylar ekan. Xalqda “ot yiqitsa yolini to'shaydi” degan gap behudaga paydo bo'lmagan. Otga taqdirini bog'laganlar ham boshidan ko'plab kes­kin voqealarni kechirgan. Jumladan, ko'pkarida dovrug' taratgan Arbob bobo hayotidan yana bir lavha.

Qishloq oqsoqoli Meyliqul To'xtamishev eslaydi: “Ko'pkari juda qattiq, ham qaltis o'yin. Agar hadisini olmasa, birinchi qadamdayoq shikast topish hech gap emas. Jonivor ot izdihomdan qutulish uchun jon-jahdi bilan talvasa jarmi, chuqurmi, o'zini otadi. Bir ko'pkarida Arbob tog'aning oti yaltiragan muzga to'g'ri kelib qolgan. Toyib ketib, qattiq depsingan va uloq bilan kelayotgan Arbob ham egardan uchib ketgan. O'ziyam o'n qadamlar toyrilib borgan, deyishadi. Shunda muzga yuzi bilan tushgan, peshanasi yorilib, terisi qoshining ustiga to'da bo'lib qolgan ekan.

Hushini yo'qotgan chavandozni uyiga olib borganlar. Terini yuqoriga tortib, peshanani mahkam tang'ishgan. Qushnoch olov solib elaslagan, temirchining do'konidan olib kelib qo'rquv suvi ichirishgan. Hushiga kelgan tog'ani yana suyab otga mindirganlar-da, ko'pkariga olib chiqqanlar. Irimi shunaqa bo'lgan: hushini yo'qotgan odamni yana qaytarib to'daga solmasa, garang yoki jinni bo'lib qolarkan. Arbob tog'a dastlab o'zini bilmay turgan, keyin shovqindan boshi ochilib, ko'pkariga kirib ketgan. Shunda hech narsa bo'lmagandek, oxirgi o'lik takani ayirgan ekan”.

… Mana, quyosh ham ko'tarilib qoldi. Tosh qotib muzlagan yerning usti terlashdi. Ot tuyoqlari izida hosil bo'lgan ko'lmakchalarda suv tomchilari yiltiray boshladi. Anchadan beri tomoshabinlar safidan o'rin olgan Arbob bobo tayog'ini beliga tutib, ko'pkaridashtga yo'l oldi. Uni ko'plar taniydi, ko'plar tanimaydi. Oldingi shuhratlar yillar g'ubori oldida xiralashgan, ko'pkari otliq kurash maydoni yangi-yangi qahramonlarni kashf etgan.

“Hamma narsa unutiladi, dunyo boqiy turaveradi”, deganlaridek, ko'plab hayajonlar, kulfat va shodliklar ummonida tiriklikning bu unsuri ham boyib, to'lishib, yashab qolaveradi. Aslida ko'pkari ham xalqimiz hayotining bir parchasi, aynan o'zi emasmi?! Qolaversa, hayotning o'zi katta ko'pkari-ku!

Hakim SATTORIY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four + 15 =