Qiz kuzatar marosimi

O'lkashunoslik — o'z tug'ilgan va yashaydigan joyi, o'lkasi haqidagi bilimlar majmuasi bo'lib, bu tushunchaning kelib chiqishi juda uzoq davrlar, qadim insoniyat paydo bo'lgan manzillarga borib taqaladi. Ibtidoiy odamlar ham o'z yashash joylari tabiatini juda yaxshi bilishgan, ular o'zlarining eng sodda bilimlarini toshlarga chizishgan. Bu tasvirlar ochiq osmon ostidagi muzeylar tariqasida bugun bizgacha yetib kelgani quvonarli holdir. Bunday rasmlarning anchagina qismi mamlakatimizning Zarautsoy, Sarmishsoy kabi qadim ajdodlarimiz yashagan manzillarda hozirgacha saqlanib qolgan. Insoniyat jamiyatining rivojlanishi bilan o'lka to'g'risidagi ma'lumotlar ham to'plana bosh­ladi.

Darhaqiqat, yozma yodgorliklar va manbalar orqali biz qadim ota-bobolarimiz yaratgan osori atiqalar, ierogliflar, yozuvlarning kelib chiqish tarixi, ularning ma'no ifodalari va chizilgan suratlarda aks etgan turmush tarzi in'ikoslarini tasavvur qilamiz.

Ayniqsa, o'zbek xalqining  kadimiy rasm-rusumlari — dunyoqarashi, ishonch-e'tiqodlari, turmush tarzi va falsafiy karashlari, asrlar bo'yi jamlangan hayotiy tajribalari va turmush ko'nikmalarini o'zida mujassamlashtirgan.  Eng jozibali marosimlardan biri bu nikoh to'yidir. Xalqimizning qadimiy e'tiqodlari, madaniyati, tarixi, orzu-umidlari, hayotga munosabatini o'rganishda nikoh to'yi bilan bog'liq marosimlar muhim ahamiyatga molik, albatta.

Dunyodagi ko'plab boshqa xalqlar singari, o'zbek tantanalari orasida nikoh to'yi marosimlari o'zining turli an'analar, urf-odatlarga boyligi, etnografik manbalarining rang-barangligi bilan alohida ajralib turadi.

Yaqinda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi bir qishloqqa  nikoh to'yiga bordik.  Bilasizmi,  u  yerda meni hayratga solgan bir urf-odat kaminaning e'tiborini tortdi.

Men bu maqolaga qo'l urishdan oldin bir qator ustozlarimga o'z fikr-mulohazalarimni bayon qildim. Ularga qayta-qayta bitta savolni berdim: “Siz eshitganmisiz yoki ko'rganmisiz shunaqa udumni, rasm-rusumni?” deb. Bilasizmi, ular nima deb javob berishdi? “Hamma joyda har xil, to'g'ri, biroq vohada yaxshi saqlangan va davom ettirib kelinayotgan bunday urf-odatlarning sababini, uning o'rni nimadaligini o'rganing  va yoriting”, deb maslahat berishdi. Shu bois maqolani yozishga jazm etdim.

Xullas, men borgan qishloq Bog'bon mahallasida joylashgan, tabiati, havosi toza, suvlari sharqiroq, o't-o'lanlari ko'm-ko'k, chegara bilmaydigan soyu adirlari, bepoyon maskani, hovli devorlari yo'q, ajib tasavvur beradigan makon ekan. Men qishloqdagi bir o'zbek xonadonida mehmon bo'ldim. U yerda qiz kuzatar marosimida hamma rasm-rusumlar to'liq ado etilgach, kuyov kelinni ota uyidan olib chiqib, o'z koshonasi sari yo'l olishiga taraddud ko'rilayotgan edi. Ayni damda kelinning uyida chimildiq tutilgan va uning atrofida amma, xola, yanga, momo va qudalar to'planishgan edi. Bir payt kuyov va kelinning bir-biriga oyna ko'rish, oyoq bosar, holvaytar, shirguruch yedirar, asal yalatar, soch silar udumlari to'liq ado etilib bo'lingach, navbat kelin va qaynonaning ko'rishar marosimiga yetib keldi. Shundan so'ng bir yanga birdan:

— Chopon qani? Topinglar choponni! Chopon bo'lmasa, bo'lmaydi! — deb qoldi.

Ayollar orasidan kimdir:

— Ha, chopon bo'lmasayam bo'laveradi. Hech narsa qilmaydi. Shunchasi bajarildi, bitta-yarimtasi qolib ketsayam yuragi o'ynamaydi, — deya atrofni tinchlantirgan bo'ldi.

Haligi checha u yoqdan bu yoqqa zir yugurib, bir chopon topib keldi va:

— Mana, endi buni qaynonajonisi yopinib olib, keliningiz bilan  ko'rishing! — dedilar.

Qaynona bo'lmish choponni boshiga yopib olib, chimildiq ortidagi kelini sari yuzlandi va og'zida bir bo'lak shirinlikni keliniga tilida uzatib, “ko'rishgan” bo'ldi. Kelinning qo'njiga supra solib, hamma ro'zg'or yumushlarini, uy-joyini, idish-tovoq, echki-ulog'ini unga qo'shib, o'g'lini ham topshirganini aytdi va boshidagi choponni olib, kelinining boshiga yopdi.

Mana, endi sizga ayta qolay, nega kelin yanga choponni qidirib, zir chopganini… Bilasizmi, xalqimizda bir maqol bor: Qaynona qaynamasa, kelinlar aynimaydi, degan. Yangi turmush boshlayotgan oilada turli vaziyatlar, kirdi-chiqdilar bo'lmasligi va buning uchun qaynona ham, kelin ham chopondek og'ir-bosiq bo'lsin, deb chopon yopishar ekan. Qizig'i shundaki, vohada erkaklar yozda ham chopon kiyishadi. Bu rost! “Yozda chorig'ingni tashlama, qishda o'zing bilasan”, degan maqolni yaxshi bilamiz. Bu marosimimizda ham aynan nega erkaklar choponiga murojaat qilingan, deysiz? Sababi, ayollarning choponi erkaklar choponiga nisbatan yengilroq vata va shunga o'xshash ixchamroq matolardan bichib tikiladi. Erkaklarning choponi esa, asosan, paxtadan og'irroq solinib, bichib tikilgan. Ham tabiiy toza, havo o'tkazuvchan, ham yozda salqin saqlaydi va og'irgina. Shuning uchun ham marosimda aynan og'irligi bois, qaynona kelinni og'irroq qilib tursin uchun erkaklarning choponiga murojaat qilinar ekan. Tarbiyaviy ahamiyati ezgu niyatdaligi shunda, deb bilisharkan.

Xulosa qilib aytish mumkinki, o'zbek xalqining  nikoh to'ylari bilan bog'liq urf-odatlari va an'analari, marosimlari, udumlari faqatgina xursandchilik va shodiyona uchun bo'libgina qolmasdan, balki muayyan maqsadga xizmat qiladi, desak, mubolag'a bo'lmaydi.  Yoshlarda o'zaro hurmat, mehr-oqibat, vatanga va oilaga muhabbatni shakllantiradi. Kelajakda jamiyatga  qo'shilib, hayotda o'z o'rnini topishga tayyorlaydi. An'analarda har doim milliy xarakter va xalqning demokratik elementlari bo'ladi. Xalq an'analari asrlar osha o'zida nafaqat buyuk donishmandlikni, balki ajdodlarning hayotiy tajribasini saqlab keladi. An'ana va urf-odatlar qadriyat sifatida  to'g'ri yashashga, xalq va Vatanga fidoyi farzand bo'lishga da'vat etishi bilan  katta ahamiyatga ega. Yoshlar asrlar osha yashab kelgan xalqona qadriyatlardan qanchalik saboq olsa, barkamol inson sifatida takomillashib boraveradi. Negaki, an'anaviy xalq madaniyatiga  asoslangan  qadriyatlar insonning iymon-e'tiqodli, ma'naviyatli va ma'rifatli bo'lishiga qaratilgan.

Fotima RO'ZIYEVA,

G'uzor tuman axborot-kutubxona markazi

abonement va foydalanuvchilarga

xizmat ko'rsatish xizmati rahbari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 2 =