Milliy libos — millat yuzi

Zaminga ildiz otgan har bir millatning o'z Vatani, ona tili, o'z milliy qadriyatlari bor. Mana shu millatlarning milliy qadriyatlari shakllangan madaniy merosidan biri milliy libosidir. Qancha asrlar, davru zamonlar o'zgarmasin, ularning milliy liboslari yangi urfda sayqallansa-da, o'zligini yo'qotmaydi.
Ko'p insonlar Yevropa va G'arb davlatlari umumiy kiyinish madaniyatiga o'tgan, milliy liboslari deyarli unutilgan, bu madaniy meros faqat Sharqda asralgan, deb o'ylaydi. Lekin o'sha rivojlangan mamlakatlarda ham qadriyatlariga sodiq millat vakillari o'zlari uchun muhim bo'lgan kunlarda, bayramlarida milliy liboslarini kiyishadi, ajdodlar an'analariga rioya qilishadi. Avstriya davlatining Vena shahridagi mashhur oshxonalardan birida bo'lganimda, ularning asrlar davomida asrab kelinayotgan an'anasiga duch keldim.
Ya'ni uch yuz yildan ziyod vaqt mobaynida avloddan-avlodga o'tib, faoliyat ko'rsatib kelayotgan bu oshxona qadim qadriyatlarga rioya qilar ekan. Sayyohlarning qadami uzilmaydigan yemakxonada, avvalo, barcha ishchi-xizmatchilar mijozlarni faqat milliy liboslarida qarshi olisharkan. Qarangki, zamonaviy uslubda qurilmagan kamtargina bu oshxonaga tashrif buyurganlar ro'yxatidan ko'plab davlat rahbarlari va mashhur insonlar joy olganiga guvoh bo'ldim, suratlari bilan tanishdim. Xususan, mamlakatimizning birinchi Prezidenti ham. Buning siri nimada? Albatta, bu go'shada nemis millatining qadim qadriyatlari asralishida, mehmonlarga qadim milliy taomlar va ichimliklarini taqdim etishida.
Asrlar ortiga boqsangiz, insonlarning qaysi millatga mansubligi uning kiyim-boshidan bilingan. Hozirda ham bunga guvoh bo'lishimiz mumkin. Masalan, Hindiston, Pokiston, Turkmaniston kabi bir qator davlatlarda bu qadriyatga e'tiqod qilinadi. Bizda esa bu qadriyat, asosan, bahor bayrami — Sharqona Yangi yilimiz Navro'zda ko'proq ko'zga tashlanadi. Adrasu atlas kiygan go'zal qizlar, oq yaktak ustidan belbog' bog'lagan, boshida qalampir nusxa do'ppi yigitlar milliy liboslarimizni, an'analarimizni ko'z-ko'z qilishadi.
Shuningdek, milliy liboslarimizning dunyoga bo'y ko'rsatishida mohir dizaynerlarimiz va san'atkorlarimizning o'rni katta. Dunyo miqyosidagi turli tanlovlarda ishtirok etayotgan yoshlarimiz ham olamga zamonaviy milliy liboslarimizda yuzlanayotganiga guvohmiz. Shu bilan birga, poytaxtimizdagi va viloyatlarimizdagi ko'plab milliy taomlar tayyorlanadigan oshxonalarda xizmat qilayotgan yigit-qizlar xo'randalarni o'zligimizga xos go'zal liboslarda, qo'llari ko'ksida qarshi olishmoqda. Bu dunyo mamlakatlaridan yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlarning milliy qadriyatlarimiz xususidagi qarashlariga, o'zbekona liboslarimiz bilan tanishishida katta ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Inson hamisha go'zallikka oshufta, hamisha go'zallikka intilib yashaydi. Buni har jabhada kuzatish mumkin, xususan, liboslar borasida ham. Shu sabab modalar olamidagi yangiliklar, o'zgarishlar har doim el e'tiborida turadi. Biroq qanday holda bo'lmasin, liboslar behayolikka emas, go'zallikka xizmat qilishi kerak. Ayniqsa, qiz-juvonlarimiz bunga e'tiborli bo'lishsa, nur ustiga a'lo nur bo'lardi. Zamonaviy kiyinganga nima yetsin, biroq haddan ziyod zamonaviylikka berilib, o'ta kalta va tor-tanqis, ochiq-sochiq liboslar kiygan yoshlar uchraydiki, ular jamiyat ahli tomonidan tanqid qilinsa qilinadiki, e'tirof topmaydi.
Milliy libos — millat yuzi, deyishadi. Asrlar davomida avloddan-avlodlarga o'tib kelayotgan milliy liboslarimiz borki, ko'rgan odamning ko'zi qamashadi. Biroq keyingi yillarda qiz-juvonlarimiz orasida urfga aylangan xorij libosi sanalmish hijobga qanday baho berish mumkin? Ba'zida qora libosga o'ralib, yuziga qadar berkitib olgan yoshlarni ko'rib, beixtiyor kayfiyating tushib ketadi. Eng achinarli jihati, umumta'lim maktablarida tahsil olayotgan yosh qizaloqlarning ro'molga burkanib olganiga nima deysiz? Maktabda bo'lganimda, ularning darsdan bo'sh payti dugonalari bilan quvlashmachoq o'ynab, terlab-pishib yurganini ko'rib dilim ranjidi. Qizaloqlardan birining onasidan so'radim:
— Qizingiz endigina birinchi sinf o'quvchisi ekan. Hijobga kirishiga hali juda yosh-ku, nega ro'mol o'ratdingiz?
— Men unga ro'mol o'ra demadim. Sinfidagi ko'pchilik o'rtoqlari ro'mol o'rashibdi. Yolg'iz o'zi ajralib qolgani uchun shuni istadi…
Taassuflar bo'lsinki, ayni bilim poydevorini o'zlashtirayotgan yetti-sakkiz yoshli qizaloqlarga bu yoshda hech bir dinda o'ralish buyurilmagan bo'lsa kerak. Maktablar ma'muriyati bu borada ota-onalar va o'quvchilar o'rtasida tushuntirish ishlari olib borishi zarur. Bu kelajak avlodning istiqboli bilan bog'liq kechiktirib bo'lmas dolzarb masaladir. Qizchalarini ko'r-ko'rona hijobga kirgizgan ota-onalar esa bu libos haqida hech qanday ma'lumotga ega emasliklarini bilish yanada achinarli. Bilishimcha, arab davlatlarining ayollari uylaridan tashqariga chiqayotganda chodra yopinib olishadi. Hijob esa ularning xizmatkorlariga tegishli kiyim ekan.
Boshida hamisha harir ro'mol bo'lgan, hayo va andishada benazir millatparvar shoira va go'zal notiq Tursunoy Sodiqovaning bu boradagi fikri bilan tanishamiz. Ya'ni opa bilan suhbat qilgan jurnalist o'rtasida quyidagicha savol-javob bo'lib o'tgan:
— Hozir ko'cha-ko'yda, transportda boshdan-oyoq hijobga o'ralgan qizlarga duch kelamiz. Kimdir ularga havas bilan, yana kimdir g'ashlik bilan, yana birov achinish bilan qarayapti. Haqqa ishongan, dilini poklagan bu qizlarni tabriklash kerakdir, balki. Biroq hali butun kelajagi oldinda turgan, ilm olishi, eliga, yurtiga xizmat qilishi kerak bo'lgan bu qizlar biroz shoshilishmadimikin? Qolaversa, Turon zaminining islomiy iymoni butun ayollariga hijob xos emas edi-ku…
— O'zim islomiy tarbiya tarafdoriman. Iymon, halollik, shukrona, hammaga va har doim yaxshilik qilish… Bu fazilatlarday oliylik bormi? Kishining fe'li hijobli bo'lsin. Hammaning kiyinish tarzida shunday rusum bo'lsa, boshqa gap edi. Hijobga o'ranib olish mana bundoq ilm o'rganyapman deb, pisanda qilishday bo'lib qolmasin. Odamlarning e'tiborini tortish ham islomga zid, qolaversa, hijob kiyganga qaragan ham, qaramagan ham qaraydi, qiz bolaning o'ziga ham o'ng'aysizlik tug'iladi.
Undan ko'ra, o'zimizning go'zal milliy kiyimlarimizga yo'l ochaylik: yenglari va bo'ylari to'kis ko'ylaklar, nafis ro'mollar, do'ppilar, zebigardonlar…
Hammaga o'xshayversam, goh o'risga, goh inglizga, goh yaponga taqlid qilaversam, otim betayin bo'lmaydimi, singlim? Mening birinchi qarzim va farzim — zotimga, avlodimga, millatimga o'xshab turishimdir!
Ulug' ustoz bu borada naqadar haq. Liboslar millat ma'naviyatining ko'zgusidir. Millatimizning birgina qalampirnusxa do'ppisi-yu atlas matosi dunyoning qaysi burchida bo'lmasin, uning o'zbek ekanligini anglatib turadi. Darhaqiqat, har bir millatning ajdodlaridan meros bo'lib kelgan o'ziga xos kiyinish san'ati, urfi va uslubi bor. Ammo davr va zamonlar bir joyda turmagani, evrilishlarga yuz tutgani kabi, liboslarning urflari ham o'zgarib turadi. Bu bugungi kun bilan, zamon talabi bilan uzviy bog'liq, shubhasiz. Shunday ekan, o'zbekona milliy liboslarimizni zamonga moslab kiyganimizga nima yetsin!
Bu borada millatning yana bir dilbar va dono qizi, olima Jamila Shermuhammedovaning milliy liboslarimizga sadoqati borasida to'xtalishni istardim. Falsafa fanlar doktori, professor Jamila Toshpo'latovnani tadbirlar va uchrashuvlarda hamisha atlas va adras liboslarda ko'rganman. Hech bo'lmaganda zamonaviy kiyimlarining qaysi bir joyida, yoqasi yoki yengida, yoxud bo'yinlarida adras sharf bo'ladi. Dunyoning o'ttizdan ziyod davlatida bo'lgan ulug' olima o'z o'rnida milliy liboslarimizni ham jahonga ko'z-ko'z qilib kelayotgan vatanparvar fidoyilardan.
Har bir sohada bo'lgani kabi, dizayner va chevarlarimiz milliy liboslarning yangidan-yangi urflarini yaratish ustida tinmay izlanishlar olib bormoqda va bu boradagi yangi loyihalarini — tayyor liboslarini elimizga, jahonga namoyish etishmoqda. Tanlovlarda yuqori e'tiroflarga sazovor bo'lishmoqda. Bu tahsinga sazovor, albatta. Ammo o'ylaymanki, ularning oldida turgan asosiy vazifa o'zligimizga xos atlas, adras, beqasam kabi matolardan o'quvchilar, talabalar va ishchi-xizmatchilar uchun zamonaviy liboslar yaratish. Balki shundagina milliy liboslarimiz ko'rgazmalar va bayramlardagina kiyiladigan mavsumiy kiyim-bosh emas, millatimizning yuzi — faxri bo'lib qoladi.
Zulfiya YuNUSOVA,
O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
a'zosi.