Qayga bormay, boshda do'ppim…
Suratda: Sirdaryo viloyatining sobiq hokimi G'ofurjon Mirzayev 2021 yil matbuot kuni bayrami arafasida sir-daryolik jurnalistlarga do'ppi sovg'a qilgan edi.
Bundan besh asr muqaddam she'riyatimiz quyoshi hazrat Mir Alisher Navoiy faxr bilan:
Shohu toju xil'atikim,
men tamosho qilg'ali,
O'zbakim, boshida qalpoq,
egnida shirdog'i bas, —
deya yozgan edilar. Darhaqiqat, o'sha kezlarda ham “qalpoq” va “shirdoq”, ya'ni do'ppi hamda to'n millatimizning qadriyatlari sifatida e'zozlangan. Biroq XX asrning o'rtalariga kelib, do'ppi va to'n kiyadiganlar tobora siyraklashib bordi. Do'ppilar o'rnini ovro'pacha bosh kiyimlar — shapka, kepka va shlyapalar egallay boshladi. Shu bois millatsevar shoir Muhammad Yusuf:
Do'ppi kiymay qo'ydi odamlar,
Bir shoir, bir nosirdan boshqa… —
deya yozg'irib baytlar bitgan edi.
Yaratganga shukurki, mustaqillikdan keyin do'ppilar boshlarimizga qaytdi. Ilgarilari ishga do'ppi qo'ndirib borsak, hamkasblar: “Tinchlikmi…” deb so'raguvchi bo'ldi. Chunki do'ppi va to'n, asosan, ta'ziya kunlari kiyiladigan bo'lib qolgan edi-da. Qolaversa, sho'rolar saltanati davrida shapka va kepka siyosiy atributga ham aylangan edi. Bu haqda kulgili latifalar ham to'qilgan. Shulardan biri:
“1967-1968 yillar, “Guliston” jurnalining xalqimiz ma'naviyati olamida tub burilish yasagan — Ibrohim Rahim muharrirligida chop etilgan yulduzli yillarida Erkin Vohidovning o'z vaqtida adabiyotimizda juda katta shuhrat qozongan “Yoshlik devoni”ga kiritilgan “Uzum”, “Dildorga noma yozdim” singari mashhur g'azallari qatori “O'zbegim” qasidasi ham e'lon qilinadigan bo'libdi. Lekin ularning e'lon qilinishi noma'lum sabablarga ko'ra, orqaga surilibdi. Shoir sabr bilan natijani kutibdi… Ittifoqo, bosh muharrir uni huzuriga chaqirib, debdi:
— Erkinjon, zamonni bilasiz, bu she'rlaringizni shunday chiqarish noqulay, o'ylab-o'ylab bir yo'l topdim. Shunga sizning yordamingiz kerak bo'lib turibdi.
— Mayli, — debdi Erkin aka, — nima qilishim kerak?
Lekin shoir o'ylab qolibdi: “Aruzni barmoqqa aylantirib bering”, demas, “Bosolmaymiz”, desalar-a?”, “Birorta g'azalnavis ustozdan so'zboshi yozdirib kelishim kerakmikin?..”
Ibrohim aka hech kutilmagan savolni beribdi:
— Erkinjon, kepka kiyib tushgan suratingiz bormi?
— Kepka kiyib?! O'rislarning kepkasini aytyapsizmi?
— Ha, oddiy, o'rislarning bosh kiyimi — kepka kiyib tushgan suratingiz. Bo'lmasa, kepka topib, suratga tushib kelasiz. G'azallaringizga uni ham qo'shib bosib chiqaramiz.
— Bo'pti, men roziman, Ibrohim aka. Lekin nimaga kepka?
— Ha, tushunmagan shoir. Ular bosilgach, yuqori tashkilotlardan bizga dakki berishadigan bo'lsa, “millatchilik” debmi, “shovinizm” debmi, kepka kiygan suratingizni ularga ro'kach qilamiz: “Mana, ko'ring, o'zi g'irt zamonaviy yoshlardan, komsomol, buning ustiga, qarang, boshida milliy kiyim — do'ppi emas, kepka”, — deymiz. Qarabsizki, o'zimizni himoya qilamiz”.
Ha, azizlar, shunday kunlarni ham boshdan kechirganmiz. Bugun esa do'ppi kiygan odamlar siylovda, e'zozda. Ularni millat qadriyatlarini avloddan-avlodga tashiyotgan vallomatlar sifatida barcha hurmat qiladi. Aniq bir misol: o'tgan oy Turkmaniston davlatining poytaxti Ashxobod shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti oqsoqollar kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda barcha turkiy tilli davlatlardan 5 nafardan oqsoqol ishtirok etdi. O'zbekiston delegatsiyasi tarkibida “Nuroniy” jamg'armasi Sirdaryo viloyati bo'limining rahbari O'tbosar hoji Abdiyev ham bor edi. O'zbek tili bayrami kuni u kishi bilan Guliston shahrining “Bilimdonlar maskani”dagi hazrat Navoiy haykali poyiga gul qo'yish marosimida uchrashib qoldik. O'tbosar og'a Ashxobodda ro'y bergan bir voqeani faxrlanib gapirib berdilar.
— Turkiy davlatlar tashkiloti oqsoqollar kengashini Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov olib bordi, — deya taassurotlarini so'zlay boshladi O'tbosar og'a. — Delegatsiyamiz tarkibida faqat men do'ppili ekanman. Bir payt Gurbanguli Berdimuhamedov menga tikilgancha, qandaydir imo-ishora qildilar. Avvaliga gap nimada ekanligini tushunmadim. Kamina ham boshimni sarak-sarak qilib, hurmat bajo keltirdim-da, ishimni davom ettirdim. Gapning indallosi keyin ma'lum bo'ldi. Kengash poyonida Gurbanguli og'a delegatsiyamizning barcha a'zolariga esdalik sovg'alari in'om etdilar. Do'ppim hurmati faqat kaminaga turkmancha to'n yopdilar. O'sha payt o'zbekligimdan faxrlanib ketdim. Xursandchilikdan ko'zlarimdan yosh chiqib ketdi.
To'g'ri-da. Ota-bobolarimiz qadimda qishin-yozin boshlariga do'ppi kiyib yurishgan. Qahramon shoirimiz Erkin Vohidov bu holni juda yaxshi ilg'ab, tasavvur qilib, “O'zbegim” qasidasida chiroyli bayon etgan:
Qayga bormay, boshda do'ppim,
G'oz yurarman gerdayib,
Olam uzra nomi ketgan
O'zbekiston, o'zbegim.
Darhaqiqat, bugungi kunda milliy liboslarimizni targ'ib qilish maqsadida turli tadbirlar tashkillashtirilmoqda. Bu o'zligimizni anglashda yaxshigina vosita bo'layotir. Viloyatimizda 6 yil hokim lavozimida faoliyat olib borgan G'ofurjon Mirzayev bir yili kasb bayramimiz — Matbuot va OAV xodimlari kunida barcha sirdaryolik jurnalistlarga o'zlari do'ppi kiydirib chiqqan edilar. Shundan keyin Sirdaryoda “do'ppili jurnalistlar” ko'payib qolgan edi. Milliylikni targ'ib qilishda, ayniqsa, rahbarlarning ibrati muhim ahamiyat kasb etishini o'shanda anglaganman.
Alqissa, do'ppi o'zbekni boshqa millatlardan ajratib turadigan milliy bosh kiyim. U ham 70 yil mobaynida tokchalarda, sandiqlarda chang bosib yotdi. Mustaqillik sharofati bilan yana u boshlarimizda paydo bo'ldi. Shoir Azim Suyun “O'zbek do'ppisi yoki G'afur G'ulom do'ppisi haqida so'z” she'rida yozganlaridek:
O, bugun Vatanim ozod, muzaffar,
O'z tug'ro, Bayrog'i, Madhiyasi yor!
Kattayu kichigi — yoshida do'ppi,
Jajji G'afurlarin boshida do'ppi.
Azim! Olam turli, odamzod turli,
O'zbegim boshida do'ppi mangulik!
Shoir bitganidek: boshimizdagi do'ppimiz hamisha bor bo'lsin!
Muhammadali AHMAD,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.