Oltin zanjir

Kimning farzandisan, eslab ko'r! Eslab ko'r!..

Chingiz AYTMATOV

Abdikarim degan  do'stim bor.

Ko'pni ko'rgan, gurungboz yigit.

Yana davralarda tesha tegmagan  hangomalarni aytib, ulfatlarini kuldirib yuradi.

Kunlarning birida uni  qishloq guzaridagi choyxona yonida uchratib qoldim.

— Qani oshna, “yangilari”dan bormi, – dedim unga qarab.

Do'stim esa jiddiy qiyofada biroz o'ylanib, dedi:

— Ey, u gaplarni qo'ying, bugun boshqa narsa bor. Bilasiz, ukam Panji Samarqanddagi shifoxonada jarroh bo'lib ishlaydi. Bir kuni Chiroqchining chekka qishlog'idan bo'lgan yigitning qo'lini yog'och kesadigan elektr arra kesib, uzib ketibdi, ukam uni operatsiya qilib tuzatgach, ko'pni ko'rgan ustozi shunday debdi:

— Menimcha, sening ajdodlaringdan biri tabib o'tgan bo'lsa kerak…

Mehmonga borganimda, ukam bu gapni menga aytdi, rosti uyalib ketdim, chunki bobolarim kim bo'lgan, qanday yashagan bilmasdim-da…

Uyga kelib, ukamning savolini  otam Nabi muallimga berdim.

— O'sha do'xtir sinchkov ekan, rostdan ham bobolarimizdan birini el-ulus Mardon siniqchi deb atagan. U kishi qo'l-oyog'i, yelkasi singan-chiqqanlarni davolagan. Ana, Bobonar akang ham siniq-mertiklarni bog'lab yuradi-ku, bu kasb bizning qonimizda bor, o'g'lim! — degandi otam rahmatli.

Kecha esa Bobonor akamdan Mardon siniqchining  otasi kimligini bildim. Bosh bobomizni Oppon pansod deb chaqirishar, u kishi besh yuz odamga bosh bo'lgan ekanlar.

* * *

O'shanda to'rtinchi sinfda o'qirdim, bahor kunlarining birida, bobom Mahmaro'ziboy meni eshagiga mindirib dashtga, qo'ylaridan xabar olgani cho'ponlar huzuriga olib ketdi.

Bobom yo'l-yo'lakay menga gurung berib bordi:

— Ey, bolam, mana yoshim saksonga yetdi, ko'pni ko'rdim, umr oqar daryo ekan, oqdi-ketdi. Yaratganga shukr, mehnatim bois xorlik-zorlik ko'rmadim, qo'y-echki qildim, bog' yaratdim, lozim bo'lsa, savdogar ham bo'ldim, halol, to'g'ri yashadim. Farzandlarimni oyoqqa turg'azdim. Odamlarning tiliga boy bobo bo'lib tushdim.

Bilsang, bobokalonimiz Mardon siniqchining zurriyodini Xudoyberdi sarkor deb chaqirishgan. Bobomiz qavmimizni, urug'-aymog'imizni o'g'ri-qaroqchilardan, bosqinchilardan himoya qilgan. O'ziyam yovqur, chapani kishi bo'lgan.

Xo'sh, keyingisi Xudoyberdi sarkorning o'g'lini Xo'jamberdi yomg'iryog'di, deyishgan.

— Chunki Xo'jamberdi bobomiz katta chorvador boy bo'lgan, uyur-uyur ot-yilqilari, qo'ylari, tuyalari bo'lgan. O'ziyam sinchkov, tadbirli kishi bo'lganki, qachon qor yoki yomg'ir yog'ishini oldindan aytib bera olgan.

Kunlarning birida bobomiz chekmon, telpak kiyib dashtga, cho'ponlari yoniga jo'nabdi va uchragan cho'pon-cho'liqlarga “tezroq qo'ylaringni  qamovga haydanglar, qattiq jala yog'adi”, deb aytib ketaveribdi. Kun ochiq, quyosh charaqlab turgani sababli cho'ponlar bobomizning so'ziga parvo qilishmagan, hatto ba'zilari “boshi aylanibdi”, deb kulishibdiyam.

Bobomiz esa o'ziga qarashli qo'ylarni qo'raga qamabdi, ishonsang, bir zumda ufq tarafdan shamol va bulut kelib, kuchli jala quyibdi.

Bobomizning tezkor tadbiri tufayli qo'ylari omon qolibdi, ammo boyagi “quloqsiz” cho'ponlarning otarlari ko'p talafot ko'ribdi.

— Ey, bo'tam keksalarning gaplariga quloq solmaslik qanday oqibatlarga olib kelishini eshitdingmi?

* * *

— Bir yili xo'jalikda brigadir bo'lib ishlagan Hakim akam o'g'liga sunnat to'y  qildi. Mehmonlar qo'noqxonalarga joylashgach akam menga maktab stadioniga borib kurash uchun maydon hozirlaymiz, – dedi.

Akamning so'zlarini eshitgan otam dabdurustdan:

— O'g'lim olish bo'lmaydi yomg'ir yog'adi, – dedi.

Ey, ota qiziqmisiz, osmonga qarang, yulduzlar charaqlab turibdi,-deb kuldi akam.

— Aytdim – qo'ydim-da,  o'g'lim…

Bilasizmi, oshna, mehmonlar qaytib xaloyiq to'plangach, endi kurash boshlanay deb turgan mahal shag'illab yomg'ir quydi. Kurash bo'lmadi, biz shalobbo bo'lib, uyga qaytdik.

Otam bizni kulib qarshiladi:

— Ay, bolama, axir men Xo'jamberdi yomg'iryog'dining chevarasiman,  bekorga gapirmasam kerak-ov…

* * *

Dashtga ketayapmiz. Bobom hamon o'tgan-ketgandan gurung berib bormoqda.

Bilsang Xo'jamberdi bobomizning zurriyodini Yusuf bo'rdoq deb aytishgan.

— Nega bo'rdoq deyishgan bovo? – so'rayman qiziqib.

— Otam zo'r chavandoz alp bo'lgan, o'ziyam to'kkiz pud kelgan, bu bizning hisobda bir yuz qirq to'rt kilo bo'ladi.

— Nega bo'rdoq deyishgan, – so'rayman takrorlab.

— Buncha shoshqaloqsan, bizning urug'da mundayi bo'lmog'ich  edi,  sen mabodo qo'shtamg'ali tog'alaringga tortmaganmisan?

Bir kuni otam chiyallik chorvador boy bilan sakson qo'ydan bir bo'rdoqi qo'yning go'shtini  yeyman deb garov boylashibdi. Garov-garovda, ertasiga qo'yni so'yishib otamni chaqirishibdi. Otam o'zi bilan bir hurjin piyoz olib boribdi va davraga chappa o'tirib go'shtni olib kelinglar, deb chaqiribdi. Katta tog'orada go'shtni olib kelishibdi. Otam ortiga qaramay  qo'l uzatib piyoz bilan go'shtni tanovvul qila boshlabdi. Oxiri piyoz ham go'sht ham tugabdi. Keyin  otam o'zini katta ariqdagi suvga tashlabdi. Bir  kecha-kunduzi ariqda yotibdi. Ko'rganlar aytadi,  o'shanda ariqdan suv o'rniga jiqqa moy oqqan ekan.

— Hammasini yeganmi? – deyman hovliqib.

— Ha, faqat sho'rvasi qolgan.

— Yo'g'-a?

— Ishonmasang ishonma, — deydi bobom va eshagini qichaydi.

— Bova siz ham bo'rdoqi qo'yni yeganmisiz?

— Yo'q, men yemaganman,  ammo ukam Mamatning yegani rost.

Xayolimga oshnalarimning amakilarimni bo'rdoqning bolalari deb atashgani kelib jim  qolaman.

— Bovo sizni  odamlar tillosi bor dermish,  agar bo'lsa menga bir ko'rsating…

Bobom qovog'ini  uyadi-da, dedi:

— Rost, bir zamonlar tillom ham, nuqram ham bo'lgandi, so'g'in suruv-suruv qo'ylarim, yilqilarim bor edi, barisini “sho'ravoy”lar olib qo'yishdi. Ey, mayli, mol-dunyo kimga vafo qilgan o'zi, ishqilib, jonimiz omon qoldi, shuning o'zi katta davlat.

* * *

Nihoyat Fozil cho'ponning qo'shxonasiga yetib keldik. Cho'pon kelib, bobom bilan quchoqlashib ko'rishdi. So'ngra mezbon bizni supaga taklif qildi.

— Avval qo'ylarimni tuvallab kelay, keyin gurung qilamiz, – dedi bobom.

Bobom suruvni aylanib, qo'ylarni sanab kelgach, ko'ngli joyiga tushib, supaga chiqdi.

— Hademay oshnangiz Shoymardonboy ham keladi, bir otamlashasizlar, – dedi Fozil cho'pon. Ungacha men siz bilan bir kuch sinashib olayin, – dedi-da, qo'ynidan xalta chiqarib, bir hovuch qora toshlarni yerga to'kdi.

Bobom miyig'ida kuldi va chekmonning cho'ntagidan guldor xalta chiqarib, oq toshlarni to'kdi. Ular yerga to'rt burchakli  katak chizishib, xuddi shaxmat o'ynagandek toshlarni qator terib chiqishdi.

Mening esa bu ajoyib o'yinni birinchi bor ko'rishim edi.

O'yin ancha davom etdi, shu orada cho'ponning o'g'li Jovli aka dasturxon, choy va chalop keltirdi.

— “Qichab o't”ni kimdan o'rganding, — so'radi bobom Fozil cho'pondan.

— Oshnangizdan, hali uncha yaxshi o'ynolmayman.

— Biz tarafdan buni men va Asadulla maxsumdan boshqa birov bilmaydi. Bilsang, bu ko'hna o'yinni qo'ychivon ajdodlarimiz o'ylab topishgan, bu hazil o'yinmas, bu kallasi zo'r, hisob-kitobni biladigan, fikri tozalarning o'yini.

O'yin kun botguncha davom etdi, oxiri Fozil cho'ponning toshlari qamalda qoldi va ilojsiz taslim bo'ldi.

O'sha kuni biz cho'ponnikida yotib qoldik, kechga tortib ot mingan Shoymardonboy ham keldi va uch qariya tong otguncha o'tgan-ketgandan, ajoyibu g'aroyibotlardan, roviydan suhbat qurishdi.

Men esa charchaganim sababli uxlab qolibman, ertasiga biz choy ichgach, ortga qaytdik.

* * *

Suhbatdoshim tin oldi.

Mening esa uning bobolari haqida anchagina xotiralarni bilishiga havasim keldi.

Darhaqiqat, garchi istamasak-da umrimizning bir kuni poyoni borligi ayondir. Ammo bizdan qoladigan ezgu ishlarning mangulikka daxldorligi ko'nglimizga yoqimli taskin beradi. Xayolimizdan “meni ham bir kun kelib, yor-birodarlarim, farzandlarim eslab yurisharmikan?”, — degan savol o'tadi.

Yana bir gap. Abdikarim do'stim bolalikdan kitob mutolaa qilishga ishqiboz. Ayniqsa, tarixiy mavzudagi asarlarni yoqtiradi. Rus tilida ham qiynalmasdan o'qiydi. Talabalik yillarida atoqli adiblar Shukur Xolmirzayev va O'tkir Hoshimovlar kabi atoqli adiblar bilan bir necha bora muloqotda bo'lgan.  Bugun esa Abdukarim bobo vaqt topdi deguncha o'g'il-qizlariga, kelinlari va nabiralariga  bobosi va otasidan eshitgan hayotiy voqealarni, ibratli hikoyatu rivoyatlarni  bot-bot so'zlab beradi.

Ha, ajdodlar va avlodlarni bog'lab turgan oltin zanjir — ulug' shajara hech qachon uzilmasin, uning davomli halqalaridan sizu  biz ham munosib joy olaylik.

O'rolboy QOBIL,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Qamashi 

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × four =