O'zbekiston–Misr: Hamkorlikning yangi imkoniyatlari

Shu yilning 20-21 fevral kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misrga ikki kunlik rasmiy tashrifi samarali kechdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Misrga rasmiy tashrifining birinchi kunini ushbu mamlakat yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshladi.

Misr tomonidan tadbirda xalqaro hamkorlik bo'yicha vazir Raniya al-Mashat, Savdo palatalari federatsiyasi prezidenti Ibrohim Mahmud al-Arabiy, “Elsewedy Electric”, “El Araby Group”, “Orascom Construction”, “Poliserve Group”, “Al-Rowad”, “Lotus Garments Group” kabi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan salohiyat borligi, ishbilarmonlik va tadbirkorlik aloqalarini kengaytirish, O'zbekiston va Misr o'rtasidagi o'zaro investitsiyalarni faol­lashtirish va savdoni oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.

Mamlakatimiz yetakchisi ikki mamlakat ishbilarmon doiralari birgalikdagi sa'y-harakatlari bilan o'tmishda gullab-yashnagan Buyuk Ipak yo'lidek mus­tahkam hamkorlik ko'priklarini qayta tiklashda muhim o'rin tutishini ko'rsatib o'tdi.

Keyingi yillardagi sheriklik sur'ati mamnuniyat bilan qayd etildi. Xususan, tovar ayirboshlash ko'rsatkichlari karrasiga oshdi, qo'shma loyiha va korxonalar soni 6 barobar ko'paydi.

Davlatimiz rahbari kuni kecha o'tgan O'zbekiston-Misr biznes forumining samarali natijalarini, uning yakunida umumiy qiymati 1,6 milliard dollarlik 20 dan ziyod bitim va shartnomalarni amalga oshirish yuzasidan aniq kelishuvlarga erishilganini yuksak baholadi.

Energetika, elektrotexnika, kimyo, tog'-kon, to'qimachilik, qishloq xo'jaligi, farmatsevtika, charm-poyabzal tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjudligi ta'kidlandi.

— Misr kompaniyalariga mamlakatimizda katta inves­titsiya dasturlarini birgalikda amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar ochiq, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari va yangi o'sish nuqtalarini ro'yobga chiqarish yuzasidan fikr almashildi. Qo'shma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirishni tez fursatda boshlash bo'yicha takliflar bildirildi.

Misrning yetakchi kompaniyalari vakillari o'z chiqish­larida Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuqori baholadilar.

Bo'layotgan yangilanishlar, iqtisodiyotning liberallashuvi va qulay investitsiya muhiti yaratilgani Misr biznesining O'zbekiston bozoridagi faoliyatini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochayotgani alohida qayd etildi.

Masalan, “Elsewedy Electric” kompaniyasi elektr energiyasi, transformatorlar va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha Misrdagi eng yirik korxona bo'lib, shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, transformatorlar, kabel-sim mahsulotlari va qo'shimcha qismlarni ishlab chiqarish bo'yicha qo'shma loyihalarni ishlab chiqishga tayyor.

“Orascom Construction” O'zbekistonda industrial park yaratgan holda uning hududida lok-bo'yoq mahsulotlari va qurilish materiallari uchun kimyoviy moddalar ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, shuningdek, 100 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida fikr-mulohazalari bilan bo'lishib, Misrning yirik sarmoyadorlari mamlakatimizni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun ko'prik sifatida ko'rayotganlarini qayd etdilar.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bildirilgan reja va tashabbuslarni qo'llab-quvvatlab, O'zbekiston tomonining mutasaddilariga taklif etilgan loyihalar ijrosi ustidan qat'iy nazoratni ta'minlash topshirig'ini berdi.

Uchrashuv yakunida qo'shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish bo'yicha qo'shma “yo'l xaritasi” qabul qilinishi belgilab olindi.

Rasmiy tashrifning ikkinchi kunida Qohiradagi “Al-Ittihodiya” saroyida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining muzokaralari bo'lib o'tdi.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga asoslanib aytish joizki, Prezidentlar O'zbekis­ton-Misr hamkorligini yanada rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qilib, o'zaro munosabatlarni keng qamrovli sheriklik darajasiga olib chiqishga kelishib oldilar.

Siyosat, xavfsizlik, savdo va sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni tubdan kengaytirish hamda madaniy-gumanitar va ta'lim aloqalarini mustahkamlash masalalari muzokaralarning asosiy mavzulari bo'ldi.

Prezidentlar Misrning “Nazar-2030” strategik rejasi va Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doi­rasida amalga oshirilayotgan islohotlar bir-biriga hamohang ekanini qayd etdilar.

Davlatimiz rahbari Misr Prezidentini Iqlim o'zgarishi bo'yicha   SOR-27 xalqaro sammiti muvaffaqiyatli o'tkazilgani bilan tabrikladi.

Muzokaralar chog'ida yetakchilar ikki tomonlama munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, keng siyosiy muloqot faollashgani, BMT, IHT, ShHT va Qo'shilmaslik harakati kabi xalqaro tashkilotlar doirasida o'zaro ko'maklashilayotgani, parlamentlararo aloqalar jadallashganini mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tomonlar korrupsiyaga, xavfsizlik sohasidagi zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashishda taj­riba almashishdan, Afg'onistonni barqarorlashtirish va qayta tiklash bo'yicha xalqaro tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratildi. Prezidentlar davlatimiz rahbarining tashrifi arafasida o'tgan O'zbekiston-Misr ishbilarmonlik tadbirlarining yakunlarini yuksak baholadilar.

O'zaro investitsiyalar jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olindi. Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to'ldirib turuvchi xususiyatga ega ekanidan kelib chiqib, beshta aniq yo'nalishda — gaz-kimyo, to'qimachilik, elektrotexnika, zargarlik va farmatsevtika tarmoqlarida hamkorlik qilish choralari belgilab olindi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori rentabelli qo'shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish maqsadida O'zbekistondagi erkin iqtisodiy zonalar imkoniyatlaridan foydalanish taklif qilindi.

Energetika sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, O'zbekiston va Misrni bog'lab turgan transport yo'laklarini rivojlantirish choralari ham muhokama qilindi.

Madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivoj­lantirish muhimligi qayd etildi. Arab tili mutaxassislarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi. O'zbekiston Prezidenti 2024 yilda Arabshunoslik global forumini birgalikda taklif etish tashabbusini ilgari surdi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuv ochiq, samimiy va do'stona muhitda o'tdi. Yakunda Shavkat Mirziyoyev Abdulfattoh as-Sisini mamlakatimizga tashrif bilan kelishni taklif etdi.

“Dunyo” AA

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

11 + 14 =