Fenomen hodisalar davrida so'z qudrati

Shavqiddin G'ANIYEV,

O'zbekiston Milliy

matbuot markazi

raisi

 

Biz, O'zbekiston milliy media sohasi vakillari katta siyosiy axborot kurashiga tayyormizmi? Bu savolning javobi zamonaviy nuqtai nazardan bir qadar og'riqli va bahsli bo'lishi mumkin. Shuningdek, juda jo'n javob berish ehtimoli ham yo'q emas. Xullas, bugungi mushohadalarimiz shu haqda.

Yaqinda bir do'stimizning uyida mehmon bo'ldik. An'anaga ko'ra osh damlandi. Dasturxon atrofida farzandlarimiz bilan o'tiribmiz. Kimdir qo'l bilan, kimdir qoshiq bilan osh yeyishni boshladi. Shunda do'stimning 8-sinfda o'qiydigan qizi: “Tasavvur qiling, hozir yonimizda ingliz sayyohlari o'tirgan bo'lsa, men ularga “Pilaf is eaten by hands” (Bizda palov qo'l bilan yeyiladi), deya maqtangan bo'lar edim”, dedi kulib. To'rda o'tirgan yana bir mehmon do'stimiz esa qo'lidagi qoshiqni oshlagan chetiga qo'ydi-da: “Bu maqtanadigan odat emas, qizim. Bir zamonlar bizda qoshiq taqchil bo'lgan, shuning uchun ham oshni qo'lda yeyish sun'iy urfga kirgan”, dedi tarixda yangi sahifa ochgandek maqtanib. Qizimiz esa jim bo'lib qoldi.

Bitta gap bilan uning qalbida kurtak otayotgan milliy g'urur hissi lat yeganini sezdim-u, ishtaham bo'g'ildi.

Milliy tarbiyadagi nuqsonlarimiz alohida mavzu. O'zbeklar dasturxonida qoshiqlar shovuri qachon boshlangani ham tarixchilar hukmiga havola. Biz dasturxon atrofidagi bu qisqa voqea fonida ong uchun kurash va axborot jangi oqibatida sodir bo'lgan fojiani ko'rdik. Endi do's­timning qizi xorijlik sayyohlar oldida hech qachon maqtana olmaydi. Aksincha, ular osh yeymiz desa, qimtinib turishi tabiiy. Milliy mafkura uchun kurashda biz — ommaviy axborot vositalari qanchalik ilg'or va faolmiz, ta'sirchan va vatanparvarmiz? Shu yo'lda jurnalistlar bilan birdek mas'ul vazirlik va idoralar rahbarlari ham bu haqda hech o'ylab ko'rganmikan? Ularning matbuot kotiblari-chi?

 

ZAMONNING YaNGI BIR RUHI

 

Biz fenomen hodisalar davrida yashayapmiz. Chekimizga murakkab, tahlikali sharoitlarda yashab, xayrli maqsadlar yo'lida o'zimizni qiynash, kelajak avlodlarimiz uchun xavfsiz va tarixiy buyuk Vatanni meros qoldirish vazifasi tushgan. Bu og'ir muddao juda sharafli hamdir. Kelgusi tarix biz haqimizda ijobiy xulosalar bitishi uchun hali ko'p harakat qilishimiz kerak. Muammolar esa har doim ham bo'lgan. Darvoqe, muammo haqida. Muammo tizimdagi bo'shliqlar ta'sirida yuzaga keladi. Bu bo'shliqni to'ldiruvchilar esa hamisha hushyor turadi. Shu o'rinda yuqoridagi savollarga javob izlashga harakat qilamiz. Bugun xalqimiz bilan birgalikda Yangi O'zbekistonni qurish va hayotimiz farovonligini ta'minlash yo'lida katta marralarni bosib o'tmoqdamiz, salmoqli, tarixiy yutuqlarga erishyapmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston strategiyasi” kitobida Yangi O'zbekiston jamiyati haqida to'rtta muhim tushunchani aytib o'tgan:

Birinchisi: Yangi O'zbekiston — mamlakatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlash, erkinlik va ozodlikning yangi davri, bunyodkorlik va farovonlik yo'lining yuqori bosqichi.

Ikkinchisi: Yangi O'zbekiston — kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam ko'mak va yordam berish, mehr-oqibat ko'rsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan ijtimoiy makon.

Uchinchisi: Yangi O'zbekiston — jahon hamjamiyati bilan, eng avvalo, yaqin qo'shnilarimiz bilan do'stlik va hamkorlik eshiklari keng ochilayotgan, mamlakatimizning jozibador demokratik qiyofasi yangilanayotgan bugungi betakror zamon.

To'rtinchisi: Yangi O'zbekiston — o'zgarib, kuch-qudratga to'lib borayotgan, dunyo ahli e'tirof etayotgan yangilangan jamiyat, dunyoga yuz tutayotgan erkin bir o'lka.

Mana shu tushunchalar bizning oldimizga yangi falsafiy qarashlar va ijtimoiy intilishlarni qo'yadi. “Bular nimalarda aks etishi kerak?” savoli qo'­yilsa, eng avvalo, matbuot ko'zgusida, degan bo'lardik. Boisi, bugun milliy matbuotimiz mutlaqo yangicha format va avval kuzatilmagan, imkoniyat berilmagan so'z erkinligi muhitida shakllanib ulgurdi.

Mamlakatimizda axborot maydonining lokomotivlari — jurnalist va blogerlar qo'llab-quvvatlanayotgani, ularning erkin va faol ijod qilishi uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani va bunga Prezidentimiz alohida ahamiyat qaratayotgani ham bejiz emas.

Boisi, davlatlararo munosabatlarda siyosiy qarashlarning tobora keskinlashayotgani, ziddiyatli tarafga o'zgarayotgani, bu jarayonda esa, eng avvalo, axborot kurashida milliy manfaatlar ustun qo'yilayotgani hech kimga sir bo'lmay qoldi. Shunday ekan, bugun biz, jurnalist va blogerlar tahliliy-tanqidiy faoliyatimizni ana shu global ehtiyoj nuqtai nazaridan yo'lga qo'yishimiz bugungi zamon talabi o'laroq yuzaga qalqmoqda.

Bir o'ylab ko'raylik, milliy media sohasi vakillariga bugungidek keng imkoniyat va imtiyoz qachon berilgan? Bilishimizcha, hech qachon. Endigi gap bu sharoitdan kim qaysi maqsadda foydalana olishida qolmoqda.

To'g'ri, bizga tanqid kerak. Ammo u haqqoniy bo'lsin. Prezidentimiz har safar jurnalistlar bilan uchrashganida hamkasblarimizni joylardagi, soha va tarmoqlardagi, umuman, hayotdagi muammolarni ochiq-oydin, islohotlar samarasini reallikka asoslanib, bo'rttirmasdan, yashirmasdan, boricha aytishga chorlab keladi. Biz shunga ko'nikib bo'ldik.

Ammo masalaning ikkinchi tomoni bo'y ko'rsata boshladiki, bu har birimizni jiddiy o'ylantirishi kerak. Biz dunyo miqyosidagi axborot oqimi fonida avj olayotgan milliy davlatchilik manfaatlarini himoya qilishda bir oz sustkashlikka yo'l qo'yayotgandekmiz. Bu nimalarda ko'zga tashlanadi? Masalan, g'arbu shimol nashrlari bugun jiddiy ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, ekosiyosiy, geosiyosiy mavzular bilan to'lib-toshib turibdi. Ular ko'tarayotgan masalalar ohangi butun dunyoni tutmoqda. Bu targ'ibot, avvalo, o'sha mamlakat manfaatlari va g'oyalarini yoyish bilan alohida xususiyat kasb etadi. Chunki g'oyalar jangi avj olayotgan bugungi dunyoda milliy manfaatlar zuhur etilishi ham juda zarur bo'lib bormoqda.

Biz esa davlatning o'zi qo'llab-quvvatlab turgan bir paytda hali-hamon “ichki oshxonamiz”dagi ur-surlar bilan bandmiz. To'g'ri, bu kerak. Bu jamiyatdagi illatlarni yo'qotish uchun ham kerak. Ammo bir narsani unutmaslik zarur, zamonning yangi bir ruhi paydo bo'lgan sharoitda endi biz xalqaro miqyosda tahlil yuritadigan bosqichga o'tishimiz kerak. Negaki, xalqaro siyosatda bugun Yangi O'zbekiston fenomeni paydo bo'ldi. Bu qutlug' hodisa zamirida Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Yangi O'zbekiston orzusi va uning asosida ishlab chiqilgan strategiyada Markaziy Osiyodagi qo'shnilarimiz, butun jahon hamjamiyati, uzoq-yaqindagi davlatlar bilan o'zaro manfaatli hamkorlik, tobora globallashib borayotgan bugungi dunyodagi muammolarni birgalikda hal qilish, eng rivojlangan mamlakatlar safiga kirishdek amaliy sa'y-harakatlar mujassam”.

Shunday ekan, biz, avvalo, milliy media sohasidagi hozirgi holatimizga bir qur nazar tashlab, muammo va kamchilik­larni ro'y-rost aytmog'imiz ham foydadan xoli bo'lmaydi.

 

ROST GAP O'RNINI YoLG'ON EGALLAMASIN

 

Yuqorida aytganimiz kabi, bugun mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan xorijiy va mahalliy OAV vakillariga, mus­taqil jurnalist va blogerlarga aniq va xolis axborotni birinchi manbadan to'g'ridan-to'g'ri, hech qanday to'siqsiz olish imkoni yaratilgan. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak”, degan g'oyaning hayotga tatbiq etilishi natijasida bunday imkoniyat yanada kengaydi.

Funksional vazifamizdan kelib chiqib, O'zbekiston Milliy matbuot markazida matbuot anjumanlari, brifinglar, turli shakldagi uchrashuvlar o'tkazishga tashkilotchilik qilamiz. Bu kabi tadbirlar soni keyingi yillarda juda ko'paydi, deyishga ham asoslarimiz bor. Har kuni bir-ikkita shunday tadbirlar bo'ladi. Hisob-kitob qilsak, o'tgan 6 yilda markazimizda 1500 ga yaqin matbuot anjumani o'tkazilibdi. Mana ularning solishtirma ko'rsatkichi: 2010 yilda 45 ta matbuot anjumani tashkil etilgan bo'lsa, 2017 yilda 196, 2018 yilda 238, 2019 yilda 251, 2020 yilda 129, 2021 yilda 315, 2022 yilda 319 marta matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Bu raqamlar, qaysidir ma'noda, axborot maydonidagi tarqoqlik sabab paydo bo'lgan mavhumlik va chalkashliklarga barham berdi. Axborotlarni tezkor ravishda tahlil etib, ularning to'g'ri va xolisligini ta'minlaydigan tizim yaratildi. O'zbekiston aholisi birinchi marta to'g'ridan-to'g'ri efir orqali har kuni res­publika tashkilotlari mas'ul rahbarlarining axborotini eshitdi, o'zlarini qiziqtirgan savollarga matbuot anjumanlari vaqtida onlayn savol yo'llash orqali javob olish imkoniyatiga ega bo'ldi.

Lekin bizni o'ylantiradigan boshqa bir jihat bor. Bu jarayonda aksariyat vazirlik va tashkilotlar faol bo'lishga intilgani holda, jurnalistlar bilan muloqot qilishdan, kunning dolzarb mavzulari yuzasidan odamlarda tug'ilayotgan savollarga ochiq ma'lumotlarni aytishdan ihotalangan idoralar mas'ul rahbarlari va matbuot kotiblari ham bo'ldi va hamon bor.

Ularni hozir birma-bir sanamadik. Boisi, bugungi davr shiddati bizdan bir-birimizni ayblash emas, xatolardan xulosa chiqarib, hamjihatlikda ishlashni talab qilmoqda. Lekin bir narsani aytish mumkinki, OAVdan ihotalangan soha mas'ullari va matbuot kotiblari o'z faoliyatini, jurnalist va blogerlar bilan hamkorlik masalasini qayta ko'rib chiqishi va isloh qilishi kerak. Chunki yuqorida aytganimiz kabi, qaerdaki bo'shliq paydo bo'lsa, uni to'ldirishga hoziru nozir “tashqi do'stlarimiz” borligini unutmasligimiz shart.

Ularni ham qo'ya turaylik. Avvalo, jamiyatimizdagi tinch-osoyishta muhitni o'ylaylik. Aytaylik, bugun gaz yoki elektr energiyasi masalasida odamlarni o'ylantirayotgan, tashvishga solib, ertangi kunidan xavotir olishgacha borib yetayotgan masalalar haqida qancha gap-so'zlar tarqaldi. Orada xorij matbuotidagi yolg'on, asoslanmagan tahliliy ma'lumotlar ham odamlarni ancha chalg'itib, kayfiyat qobig'ini tildi.

Yaxshiki, mutasaddi rahbarlarimiz tezda bu masalaga oydinlik kiritdi. Vaziyat yana iziga tushdi. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, har qanday voqea-hodisalarga faktlar bilan asoslangan axborot manbasi kerak bo'ladi. Bu o'zimizning manba bo'lsin, toki odamlarimiz tashqi axborot manbalaridan ozuqa olmasin. Axir odamlar, shu jumladan, jurnalist va blogerlar ochiqlanmagan axborotlarni yot, shubhali manbalardan izlabgina qolmay, topib olayotganini hammamiz ko'rib-bilib turibmiz. Ular topgan javobning to'g'ri yo noto'g'riligi, xolis yo noxolisligi alohida masala, albatta.

Kundan-kunga shiddat bilan o'zgarayotgan, nihoyatda murakkablashgan bugungi davr, tobora globallashayotgan dunyo uzuq-yuluq axborotlar bilan qanoatlanmay qolgani hech birimizga sir emas. Shuning uchun ham bugun to'g'ri va xolis axborotlar muntazam aytilishi kerak, yolg'onga joy qolmasligi zarur. Aytilmay qolgan rost gapning o'rnini yolg'on gap egallashini zinhor unutmasligimiz lozim.

Shunday ekan, bir-biridan muhim, dolzarb vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirish jarayonlari haqidagi shaffof, to'g'ri hamda xolis axborotlar bugun jamiyatga suv bilan havodek zarur.

Shundan kelib chiqib, mavridi bilan bugun hamkasblarimiz oldida qanday vazifalar turgani haqida ham ayrim mulohazalarimiz bilan o'rtoqlashsak.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Yangi O'zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga bergan intervyusida xalq bilan muloqot qilish, ularning fikrini olish imkoni, bu boradagi “bo'shliq”ni to'ldirish haqida gapirar ekan, jumladan, shunday degan edi: “…Albatta, bugungi kunda odamlarni qanday masala va muammolar o'ylantirayotgani, tashvishga solayotganini yaqindan bilishda yordam beradigan ochiq manbalar, axborot tarmoqlari ko'p.

Ayniqsa, televidenie, matbuot, internet hayot nafasini, ta'bir joiz bo'lsa, har bir sohaning “yurak urishi”ni aniq-ravshan his qilishda muhim ahamiyatga ega. Shaxsan o'zim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-e'tiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman.

Bir so'z bilan aytganda, zamonaviy axborot texnologiyalari rivojlangan bizning davrimizda real hayotdan butunlay uzilib qolish mumkin emas. Shunga qaramasdan, xalq bilan turli ko'rinishdagi, deylik, bu rejadagi tadbir bo'ladimi yoki mahalla, tuman, qaysidir muassasaga kutilmagan holatda kirib borish orqali bo'ladimi, umuman, bevosita muloqot hamisha kerak, deb hisoblayman”.

Davlatimiz rahbarining mana shu fikr­lari va boshqaruvdagi shaxsiy yondashuvi biz, media soha vakillari uchun asosiy prinsipial xarakter kasb etishi bugungi kun talabidir. Shu ma'noda, oldimizda nihoyatda katta vazifa turganini ham anglab yetish mushkul emas. Bu, birinchidan, islohotlarning haqqoniy borishi haqida xolis axborot oqimini hosil qilish. Ikkinchidan, xalqimizning orzu-istaklarini ro'yobga chiqarish yo'lida g'ov bo'lib qolayotgan korrupsiya, byurokratizm, ta'magirlik va loqaydlik singari illatlarga qarshi olib borilayotgan izchil kurashlar haqida ochiq-oydin axborot berib borish. Uchinchidan, xalqimizning bun­yodkorlik salohiyatini ro'yobga chiqarish, o'z kuchiga, ertangi kuniga bo'lgan ishonchini mustahkamlash va yangi marralar sari safarbar etish borasida olib borilayotgan ustuvor vazifalar haqida, mamlakatimizda ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik muhitini mustahkamlash borasida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi to'g'risida ma'lumotlarni aholiga izchil ravishda yetkazib borish. To'rtinchidan, odamlarda katta qiziqish uyg'otayotgan voqea-hodisalar, OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan kechiktirmasdan munosabat bildirilishi, muayyan mavzu bo'yicha xalqimizda, jurnalistlarda, shu jumladan, blogerlarda tug'ilayotgan savollarga aniq va asosli javob aytilishini ta'minlashimiz kerak.

Demak, bu borada OAV vakillari bilan birga davlat va nodavlat tashkilotlar mas'ullari ham birdek javobgar va burchli ekanini unutmasligimiz zarur.

Maqolamiz avvalida dasturxon atrofidagi ong uchun kurash va axborot jangi fojiasi haqida aytgan edik. O'rtadagi shuncha gap-so'zlardan keyin xulosa o'rnida ta'kidlashni istardikki, Yangi O'zbekiston media tuzilmasi oldida nihoyatda muhim vazifalar turibdi. Bu vazifalarni, asosan, vijdoniy havola sifatida ham qabul qilish vaqti keldi. Nihoyat biz shunday bo'lishimiz kerakki, toki kelajak avlod bugungi axborot oqimida va g'oyalar jangida hech qachon bo'yin egib qolmasin.

“Yangi O'zbekiston” gazetasining

2023 yil 23 fevral, 37-sonidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − 7 =