Tasbih hikmati

Tasbihni keksa otaxon va onaxonlarimizning   qo'llarida ko'p bora ko'rganmiz. Lekin uning tarixi va tasbih nega o'girilishi haqida hamma ham bilmasa kerak. Yaqinda tasbihning tarixi haqida din vakillaridan birining nima degani haqida o'qib   qoldim.

Hozirda mo'min-musulmonlar ichida mazhabga qarshi bo'lishga va ba'zi bir amallarni bid'at-xurofotga chiqarishga ishqiboz bo'lgan kishilar tasbih o'girish bid'atdir, bu ishni Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qilmaganlar, degan ma'nodagi gaplarni tarqatib, mo'min-musulmonlarning xayollarini parishon qilib, ixtiloflar, tushunmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo'lganlar.

 Lekin mujtahid ulamolarimiz tasbihni tutish joizligi va undan foydalanish mumkinligini aynan Nabiyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan qilingan rivoyatdan olganlar. “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ayolning oldiga danaklar yoki mayda toshlarni to'plab, o'shalar ila tasbih aytayotganiga guvoh bo'lganlar. Shunda Tasbih tutish haqida latif bir juz yozib, uni “Iyqodul masobiyh, limashruiati ittihozil masobiyh”, ya'ni tasbih tutishning shar'iy ekani haqida yoqilgan chiroq deb nomladim, deganlar. Ushbu hadisda zikrni ko'p takrorlash va uni qo'ldan boshqa narsa bilan ham sanash mumkinligiga dalil bor. Xuddi shu ma'noni anglatish uchun mashhur muhaddis imom Abu Dovud o'z kitobida “mayda tosh bilan tasbih aytish” bobini ochgan va ushbu biz o'rganayotgan hadisni keltirgan. Ma'lum bir adaddagi danak yoki dumaloq narsalarni ipga tizib yasaladigan, arablar “subha” deb nomlagan narsa paydo bo'lgan. Bizda esa u “tasbih”   deb ataladi.

Har gal tasbih o'girayotgan tabarruk keksalarni ko'rganimda, onajonim Xojarbibi mulla Qunnazar qizi ham yodimga tushadi. Esimni taniganmanki, onamning namozdan so'ng va   boshqa uy yumushlaridan bo'sh paytlarida qo'llarida tasbih ko'rardim. Men bu holatga ko'nikib   qolganim uchun yoshligimda tasbih nimaligi, uning nima uchun o'girilishi haqida onamdan so'ramasdim. Bir kuni: “Onajon, tasbih o'zi nega o'giriladi, bu tasbih donalarini qaerdan olasiz, shunaqa munchoqlar sotiladimi?”, degan savollarni berganimda “Sen hech bu haqda so'ramasding, mana endi payti keldi”, deb meni yoniga o'tqazib, avval nima uchun tasbih o'girishning savobini soddagina   qilib tushuntirib bergandilar, so'ngra hovlidagi gulzorning chetida o'sib turgan bir o'simlikning oldiga yetaklab borib, “mana shu tasbih o'simligi bo'ladi, uzoq yillari uni uyga sadaqa so'rab kelgan bir darvishnamo keksa kishi — gado berib ketgan” dedilar. O'shanda gado “Qizim, namoz o'qiysanmi, tasbihing bormi” deb so'ragan ekan. Onam “Ha, o'qiyman otam Zominda katta mulla bo'lganlar, biz u paytda   bola edik, namozni o'rganmaganmiz. Mana, endi Alloh dilimga solib, o'qiyapman, lekin tasbihim yo'q”, deganida haligi kishi bir nechta tasbih donalarini berib, “Bularni erta bahorda hovlining bir chekkasiga ek, u unib chiqib, gullab mevalar soladi. Shu mevalarini har yili terib olib, sanab ipga tizib tasbih yasa, agar qunt bilan tizib boraversang necha avlodingga yetadi. Bu tabarruk ne'mat, o'zing o'stirib, tizsang savobi katta bo'ladi”, deb onam bergan non va pulni olib, duo qilib ketgan ekan. Shu-shu onajonim har yili tomorqaning bir chetiga yoki gulzor ichiga tasbih o'simligini ekib, o'stiradigan bo'lganlar. Xuddi no'xatdek bo'lib meva tugadigan bu o'simlikni onam hatto gullardan ham (onam aslida turli xil gullarni parvarishlashni juda suyganlar) a'lo bilib, juda avaylab o'stirib, har yili hosilini yig'ib olib, bittalab artib, tozalab, yaltiratib, bir idishga solardilar. Bo'sh paytlarida, ayniqsa, uzun qish kunlarida pishiq ipga tizib, tasbih yasardilar, ya'ni 33tadan sanab o'tkazib, orasiga bir kattaroq munchoqmi, tugmanimi o'tkazib, belgi qo'yib, 99 ta bo'lgach, ipak iplardan   chiroyli popuk tayyorlab, tugib, ishlarini yakunlardilar. Eng muhimi, tasbihlarning bir nechtasini o'ziga yaqin tutgan, iymon-e'tiqodli, namozxon qo'shni ayollarga, qarindoshlarga ulashardilar. Biz — qizlari uchun esa alohida atab chiroyli qilib tizib bergandilar. Yana bir narsa – tabiiy o'sadigan tasbihning xuddi munchoqdek (munchoqlar inson tomonidan ishlab chiqariladi) ip o'tkaziladigan tabiiy teshigi borligi kishini hayratga soladi.

Buni chin ma'noda mo''jiza deyish mumkin.

Yodimda, onajonim yonimda   bo'lsin deb, Guliston shahrining 1-mavzesidagi 30 yil yashagan qadrdon hovlisidan   2-mavzedagi ko'p qavatli uydagi xonadonga ko'chirib kelganimda munisginam hovlidagi hamma narsa – toklar, mevali daraxtlardan ham o'sha tasbihlarini ko'zi qiymay, ancha vaqtgacha achinib yurgandilar. Onajonim 85 yoshida olamdan o'tdilar. Volidamning buyumlari orasida bir xaltachada tizilmagan tasbihlar borligini keyin ko'rdim. Onajonim ularni keksayib, ko'zi o'tmay qolgani uchun ipga tizmagan ekanlar. Oradan ancha yil o'tdi. O'z tashvishlarim bilan bo'lib o'sha tasbihlar yodimdan ko'tarilibdi. Yaqinda onajonimning tabarruk qo'llari tekkan o'sha hali tizilmagan tasbih donalarini topib oldim. Xaltachada chiroyli   qilib tizilgan 2 ta tayyor tasbih ham bor edi. Ularni qayta-qayta o'pib, ko'zimga surdim. Onajonim tirilib kelgandek edi nazarimda. Shu tobda tasbih o'girishning savobli ekanligi bilan birga onamning tabarruk qo'li tekkan bu buyumning doimo yonimda ekanligidan taskin topib, ko'zimga yosh keldi. Har gal namozdan so'ng onam tizib bergan tasbihni qo'limga olarkanman uning donalarida onajonimning siyratini ko'rgandek bo'laman. Qaerga sayohat va ziyo­ratga bormay, oilam a'zolari, dugonalarim uchun sovg'aga tasbih xarid qilaman. Lekin o'zim faqat o'sha tabarruk tasbihni o'giraman. Ayni Ramazon kunlarida esa bu qadrli buyumni qayta-qayta qo'lga olarkanman, har bir donasi ushbu poklanish oyining fazilatlari, hislatlaridan so'zlagandek bo'laveradi.

Xolida PARDABOYEVA,

O'zbekistonda xizmat

ko'rsatgan jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve + 9 =