Yangi davr nafasi

Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizda mamlakatimiz hayotining barcha jabhalari qatori ta'lim sohasiga ham jiddiy e'tibor qaratilmoqda

 

Mamlakatimizda ta'limning barcha bosqichlarini, xususan, xalq ta'limini tizimli isloh qilish yosh avlodni ma'naviy-axloqiy va intellektual rivojlantirishni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishning muhim shartidir. Bu esa, o'z navbatida, o'quv-tarbiya jarayonida ta'limning innovatsion shakllari va usullarini qo'llashni talab etadi. O'qitish sohasidagi yangilanishlar jarayonida chet tillarini o'rganishga alohida e'tibor qaratilgani yoshlarimizning o'quv va ilmiy faoliyatini xorijdagi nufuzli oliy ta'lim va tadqiqot muassasalarida davom ettirishiga xizmat qiladi.

Joriy yilning yurtimizda “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” deb e'lon qilinishi alohida e'tirofga loyiq. Chunki ta'lim sifati va jamiyat taraqqiyoti o'zaro chambarchas bog'liq. Sifatli ta'lim yo'lga qo'yilsa, bilimli, raqobatbardosh, zamonaviy kompetensiyalarga ega kadrlar yetishib chiqadi. Bunday mutaxassislar esa kasbiy va boshqaruv faoliyatida oqilona qarorlar qabul qilish orqali yurt ravnaqiga hissa qo'shadi.

Prezidentimiz Yangi O'zbekistonni “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni e'tirof etib, eng katta inves­titsiya ta'limni qo'llab-quvvatlashga qaratilishini alohida ta'kidladi. Zotan, “Najot — ta'limda, najot — tarbiyada, najot — bilimda. Chunki barcha ezgu maqsadlarga bilim va tarbiya tufayli erishiladi”. Bugun zamon har qachongidan ham tezlashdi. Shu bois, zamon talablari asosida o'qitish ham yangilanishi va rivojlanishi zarur. Endi bilim oluvchilar ham, ta'lim beruvchilar, qolaversa, ta'lim mazmuni ham yangilanishi, o'zgarishi kerak. Biz faoliyat yuritayotgan oliy ta'lim muassasasida ham jarayon davom etmoqda. Negaki, talabalarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot ko'nikmalarini shakllantirish barchamizning burchimiz.

Shu o'rinda Samarqand davlat chet tillar institutida ham ta'lim sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlar haqida to'xtalib o'tamiz. Yildan yilga institutga o'qishga kirish maqsadida hujjat topshiruvchilar va talabalar soni ortib bormoqda. Bu esa o'z-­o'zidan yangidan yangi o'quv binolari, talabalar turarjoylari va kutubxonalar qurishni, jumladan, yangi ta'lim yo'nalishlari, fakultetlar hamda filiallarni ochishni taqozo etmoqda.

Ehtiyojdan kelib chiqib, 2022/2023 o'quv yilida davlat-xususiy sheriklik asosida 1 ming 500 o'ringa mo'ljallangan talabalar turarjoyi, shuningdek, uch qavatli zamonaviy axborot-resurs markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. Shuningdek, mavjud va foydalanishga yaroqsiz bo'lgan ming o'ringa moslashgan to'rt qavatli o'quv binosi hamda 350 o'rinli talabalar turarjoyi mukammal qayta ta'mirdan chiqarildi va hozirda talabalar uchun foydalanishga topshirilgan. Biz bu bilan talabalarni turarjoy bilan ta'minlab, zamon talablariga mos jihozlangan o'quv xonalarida ta'lim olishiga imkon yaratdik, desak mubolag'a bo'lmaydi.

Ayni damda jahon andozalariga javob beradigan ikki ming o'rinli yangi o'quv binosi qurilyapti. Jumladan, ochiq sport maydoni, yopiq sport majmuasi, ta'limda klaster tizimini joriy qilish maqsadida maktabgacha ta'lim muassasasi hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab qurish ishlari ham istiqboldagi rejalarimizdan o'rin olgan.

Samarqand davlat chet tillar instituti xorijiy oliygohlar bilan aloqa o'rnatish borasida ham o'ziga xos o'ringa ega. Bugungi kunga qadar institut yuzga yaqin nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni davom ettirmoqda. Bu yil Turkiyaning Mehmet Akif Ersoy universiteti bilan hamkorlikda turk tilini, Ispaniyaning Kas­tilla-La Mancha universiteti bilan birgalikda ispan tilini o'qitish bo'yicha qo'shma ta'lim dasturlarini yo'lga qo'yishni maqsad qilganmiz.

Ta'kidlash joiz, Oliy ta'lim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan 27-28 mart kunlari Toshkentda O'zbekis­ton-Koreya oliy ta'lim muassasalari rektorlari forumi o'tkazildi. Ushbu forumda Samarqand davlat chet tillar instituti Janubiy Koreyaning bir nechta oliygohlari bilan hamkorlik aloqalarini o'rnatdi. Daegu Haany universiteti, Duksung Womens universiteti hamda “Busan University of Foreign Studies” universitetlari shular jumlasidandir.

Forum doirasida mazkur oliy ta'lim muassasalari bilan kelgusida tomonlar o'rtasida hamkorlikda ilmiy hamda badiiy adabiyotlar yaratish, professor-o'qituvchilar almashinuvini yo'lga qo'yish va ularning tajribasini oshirish, shuning­dek, birgalikda yangi ta'lim yo'nalishlarini ochish kabilar yuzasidan hamkorlik Memorandumlarini imzoladik.

Barchamizga ma'lum, Samarqand davlat chet tillar instituti mamlakatimizdagi 40 dan ortiq oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligiga munosib topilgan. Birinchi navbatda, ushbu tizimga o'tgan oliygohlarga ta'lim bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqqan holda hamda muassasaning ilmiy-pedagogik salohiyati, moddiy-texnik bazasini inobatga olib, yangi o'quv yo'nalishlari ochish, talabalarni to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilish parametrlari va to'lov-kontrakt asosida o'qitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.

Moliyaviy mustaqillikning yana bir afzalligi topiladigan daromadni kam ta'minlangan oilalar farzandlari bo'lgan talabalarga sarflash, ularga moddiy yordam berish, rag'batlantirish mumkin. Shuningdek, oliy o'quv yurti zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo'llaydigan, ilmiy izlanish olib boradigan mahalliy hamda xorijiy professor-o'qituvchilar, mutaxassislarni shartnoma asosida o'quv jarayoniga jalb qila oladi. Moliyaviy mustaqil bo'lganimiz bois, oxirgi ikki yilda qator ishlarni bajardik. Jumladan, institutimizda tahsil olayotgan talabalar muntazam moddiy rag'batlantirilmoqda.

Eng ahamiyatli jihati, oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy, akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqillik berish tizimi yangilanayotgan Konstitu­siyada mus­tahkamlanib qo'yilmoqda. Bu borada batafsil to'xtalib o'tadigan bo'lsak, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo'lib o'tdi. Unda Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko'payib, normalari 275 tadan 434 taga oshgani, ya'ni, Asosiy Qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani, boyitilgani, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga ko'paygani hamda shulardan kelib chiqib, loyihani yangi tahrirdagi Konstitutsiya sifatida qabul qilish uchun barcha asoslar yetarli ekanligi ta'kidlandi. Haqiqatan ham shunday. Ayniqsa, yangi Konstitutsiyamizda ta'lim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladigan o'zgarish va qo'shimchalar kiritilganligi e'tibor va alohida e'tirofga loyiq. Jumladan, aynan ta'lim sohasidagi o'zgarishlar to'g'risida gapiradigan bo'lsak, 43-moddada “Davlat fuqarolarning bandligini ta'minlashi, ularni ishsizlikdan himoya qilishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi va doimiy rag'batlantirib borishi” belgilab qo'yildi.

Yangi tahrirdagi Bosh Qonunimizning 50-moddasida esa har kim ta'lim olish huquqiga egaligi, davlat uzluksiz ta'lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta'lim tashkilotlari rivojlanishini ta'minlashi hamda Davlatning maktabgacha ta'lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo'yildi. Davlat bepul umumiy o'rta ta'lim va bosh­lang'ich professional ta'lim olishni kafolatlashi, shuningdek, umumiy o'rta ta'lim majburiy ekanligi va Ta'lim tashkilotlarida alohida ta'lim ehtiyojlariga ega bo'lgan bolalar uchun inklyuziv ta'lim va tarbiya bilan ta'minlashi ham shular jumlasidandir.

Fuqarolar davlat ta'lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma'lumot olishga haqliligi, oliy ta'lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o'zini o'zi bosh­qarish, tadqiqotlar o'tkazish va o'qitish erkinligi huquqiga ega ekanligi ham 51-moddada belgilab qo'yilmoqda.

Yana shuni alohida ta'kidlashni istardikki, Samarqand davlat chet tillar instituti ham Yurtboshimiz tomonidan 2021 yilda qabul qilingan 60-sonli “Davlat oliy ta'lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta'minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi va 61-sonli “Davlat oliy ta'lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari bilan akademik, tashkiliy-boshqaruv hamda moliyaviy mustaqil bo'lganmiz. Endilikda bu tizim ko'plab oliy ta'lim muassasalarida joriy etilmoqda.

52-moddaga qaraydigan bo'lsak, unda o'qituvchining qadr-qimmatini, nufuzini oshirish, sha'ni davlat tomonidan himoya qilinishi qat'iy belgilab qo'yilgan bo'lib, unga quyidagicha o'zgartirish kiritildi: “Davlat o'qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida g'amxo'rlik qiladi”.

Ha, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mamlakatimiz hayotining barcha jabhalari qatori ta'lim sohasiga ham jiddiy e'tibor qaratilganligi juda quvonarli. Shuning uchun ham mamlakatimizning barcha fuqarolari qatori bizning institutimiz o'qituvchi va talabalari ham yangilangan Konstitutsiya muhokamasida faol ishtirok etib, uni qabul qilish uchun yakdillik bilan ovoz berishga kelishib oldilar. Zero, yangilangan Kons­titutsiya ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asos­larini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo'lishi hamda Yangi O'zbekiston taraq­qiyotida yangi davrni boshlab berishiga aminmiz.

Ilhomjon TO'XTASINOV,

Samarqand davlat chet tillar

instituti rektori, pedagogika

fanlari doktori, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × 1 =