Konstitutsiyaviy islohotlar — tabiiy va zaruriy jarayon

O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan tashqi siyosat mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda

 

Xitoy Davlat kengashi huzuridagi Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari institutida O'zbekistondagi konstitutsiyaviy islohotlar mavzusiga bag'ishlangan davra suhbati bo'lib o'tdi

Mazkur institut Xitoydagi yetakchi “aql markaz”lardan biri bo'lib, Xitoyning ichki va tashqi siyosat sohalaridagi davlat siyosatini shakllantirishga faol hissa qo'shadi.

Tadbirda Yevropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari instituti, Xalqaro munosabatlar akademiyasining Yevrosiyo tadqiqotlar instituti, Pekin milliy universiteti rahbarlari hamda ilmiy xodimlari ishtirok etdilar.

Davra suhbati qatnashchilariga Yangi O'zbekis­tonning bugungi taraqqiyot jarayonlari, yangilanayotgan Konstitutsiya, taklif etilayotgan asosiy o'zgarishlarning mazmun-mohiyati haqidagi batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.

Xitoylik ekspertlar tomonidan bildirilgan umumiy fikr­larga ko'ra, O'zbekistonda kechayotgan o'zgarishlar, xususan, konstitutsiyaviy islohotlar mamlakatni rivojlantirish jarayonlarining uzluksizligi va izchilligini ta'minlashi barobarida respublikaning milliy ustuvor manfaatlarini aks ettiradi. Eng muhimi, O'zbekistondagi kons­titutsiyaviy islohotlar mamlakatni yanada jadal rivojlantirishni ta'minlash uchun qonunchilik bazasini mustahkamlash va takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Evropa va Osiyo ijtimoiy rivojlanish tadqiqotlari ins­tituti direktori Li Yunchuan:

“O'zbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o'z taraqqiyot yo'lini ishonch bilan davom ettirmoqda”, deya ta'kidladi. “2017-2022 yillarda islohotlar dasturining birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida res­publikani rivojlantirish bo'­yicha yanada yuqori va ulkan vazifalar belgilab berilgan”.

Institut direktori O'zbekis­tondagi konstitutsiyaviy islohotlarni mamlakat o'z oldiga qo'ygan katta rivojlanish vazifalarini hisobga olgan holda tabiiy va zaruriy jarayon, deb hisoblaydi. U Konstitutsiyaning 65 foiz matni O'zbekiston xalqi takliflari asosida yangilanayotgani, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga ko'paygani hamda shulardan kelib chiqqan holda Asosiy qonunga muhim o'zgarish va qo'shimchalar kiritish referendumga qo'yilayotganini olqishladi.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonning yangicha rivojlanishi uchun eng muhim bo'lgan asoslarni, shu jumladan, iqtisodiyot liberallashuvini, jamiyat erkinligi va xavfsizligi hamda do'stona tashqi muhitni yaratdi”, dedi u.

Ekspertning ta'kidlashicha, Xitoyning ilmiy va ekspert doiralari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning uzoqni ko'zlovchi va keng qamrovli islohotlar dasturini katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda. “Biz O'zbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga, mintaqada hamkorlik rishtalarini yanada mus­tahkamlashga qo'shayotgan hissasini alohida qadrlaymiz”, dedi Li Yunchuan.

Xalqaro munosabatlar akademiyasining Yevroosiyo tadqiqotlar instituti direktori Din Syaosin:

O'zbekiston 2017 yildan bosh­lab mutlaqo yangi taraqqiyot davriga qadam qo'ygani va betakror muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritganini ta'kidladi. “Birgina misol: pandemiyadan keyingi yillar davomida sanoqli davlatlargina iqtisodiy o'sishga erisha oldi. Ular qatorida O'zbekiston ham borligi e'tiborga molikdir. Murakkab xalqaro munosabatlar sharoitida O'zbekiston qo'lga kiritayotgan iqtisodiy natijalarga erishish oson emas. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari yo'lga qo'yilib, mintaqadagi vaziyat mutlaqo yangilandi. Bu aslida O'zbekiston rahbarining buyuk qahramonligidir. O'zbekiston o'z taraqqiyotini mintaqa mamlakatlari taraqqiyoti bilan chambarchas bog'liqlikda ko'radi, mintaqaning umumiy manfaatlari uchun qayg'uradi. Buni butun xalqaro hamjamiyat e'tirof etmoqda”, dedi Din Syaosin.

– Bir necha kun muqaddam Prezident Shavkat Mirziyoyev hozirgi murakkab xalqaro munosabatlar haqida fikr bildirar ekan, uning “Men millatim, xalqim buyuk O'zbekiston tomonidaman” degan mardona fikrlari biz xitoylik ekspertlarni ham to'lqinlantirdi, — dedi u. — O'zbekiston rahbari olib borayotgan tashqi siyosat mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Institutning katta ilmiy xodimi Syuy Tao ham konstitutsiyaviy islohotlar O'zbekistonning yanada barqaror rivojlanishiga xizmat qilishini ta'kidladi.

Uning fikr bildirishicha, Kons­titutsiyaga kiritilayotgan kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g'amxo'rlik, fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlari, o'qituvchilar maqomi yuksaltirilishi, yoshlar siyosati kabi masalalar amalga oshirilayotgan islohotlar markazida “Inson qadri uchun” tamo­yili asosidagi yondoshuv yaqqol namoyon bo'lmoqda. “Biz O'zbekis­tonda uchinchi Renessans davri poydevori yaratilayotgan tarixiy jarayonga guvoh bo'layapmiz”, dedi Syuy Tao.

Xitoy xalq universiteti professori Van Syanszyu O'zbekistondagi islohotlarni buyuk tarixiy jarayon ekanligini qayd etar ekan, ular mintaqa ravnaqi uchun katta hissa qo'shayotganini aytdi. “O'zbekis­ton Markaziy Osiyo taraqqiyotining harakatlantiruvchi kuchiga aylandi, desak sira mubolag'a bo'lmaydi”, dedi Van Syanszyu.

U O'zbekistonda o'qituvchilar maqomini oshirish, ta'limga qaratilayotgan katta e'tiborni mamlakat uchun dolzarb ahamiyat kasb etishiga e'tibor qaratar ekan, ta'lim yo'nalishida Xitoy va O'zbekiston o'rtasida hamkorlik istiqbollari g'oyat keng ekanligini qayd etdi.

Xitoylik olim so'nggi olti yilda O'zbekistonda oliy o'quv yurtlari soni 77 tadan 210 taga, ularga qabul esa, 5 baravarga ortib, talabalar soni 1 million nafarga yetganini mamlakatning ulkan muvaffaqiyati, deb baholadi.

“Dunyo” AA.

Pekin

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × three =