BOZORDA ARAVA TORTIB, PEChKA SOTGAN YIGIT

qanday qilib blogerga aylandi?

Dima Qayum. Bu nomni internet sahifalarida, ijtimoiy tarmoqlarda ko'p uchratamiz. Hayotiy haqiqatlar, jamiyat muammolarini  o'z darajasida yoritadigan, chekka bir qishloqning oddiy hayot tarzini namoyon etuvchi bu odam Farg'ona viloyatining Rishton tumanidan.

Asli ismi-sharifi — Dilshod Boltaboyev. U bugun bloger. Dima Qayum taxallusi. Asl kasbi pechkachi – usta. Shuningdek, Rishton tumanidagi dehqon bozorida o'zining kutubxonasini ochgan. Aytishicha bugungi kunda kutubxonada 10 mingga yaqin turli xil adabiyotlar bo'lib, unga nafaqat yurtimiz fuqarolari balki, chet ellik sayyohlar ham kirib turishadi. Dima Qayumga bir necha savollar berdik. U bajonidil javob qaytardi.

 – Dilshod aka, tuzukkina ismingiz bor ekan, hamma Dima Qayum dey­di. Mayli bu — suhbat avvalidan hazil. Asli kasbingiz pechkachi – hunarmand ekan. Bilishimcha bozordagi tadbirkorlarga shogird tushib, shu kasbning sir-asrorini o'rgangan ekansiz?

– Ha. Umrimning chorak qismi mana shu bozorda o'tdi. Dastlab, xolamning o'g'illari bilan bozorda arava tortganmiz. Halol mehnatning aybi yo'q, to'g'rimi? Qo'limizdan kelgan barcha ishlar: qurut, pista, yong'oq, meva–cheva ham sotdik. Nima ish to'g'ri kelsa shuni bajardik. Yosh bo'lishimga qaramay ro'zg'or yukini uydagilar bilan teng tortishga harakat qilardim. Mus­taqillikning ilk yillari biz uchun og'ir kelgan. Buning ustiga ota-onam qattiq kasal bo'lib qolgani uchun ham bozorga chiqib ishlashga majbur edim. Bu nafaqat farzandlik burchim balki ular oldidagi mas'uliyatim ham edi. Keyinchalik men shu bozordagi katta tadbirkorga shogird tushganman. Uning mehnatini qildik, rozi qilib, o'zimiz alohida tadbirkorlikni boshlaganmiz. Qish kunlarida pechka, mo'rikon, yozda esa bankalar sotamiz. Pechkalarimizni ustalarimiz bor, o'shalar yasaydi. Andijon, Asaka, Shahrixon, Qo'qondan bo'lgan ustalar bor, o'shalar chiroyli qilib yasab berishadi. Xalqning xizmatini qilib yuribmiz-da.

– Demak, siz pechka yasamaysiz, uni sotasiz. Shundaymi?

– Ha, shunday. Lekin mehnat qilmagan,  hunar o'ganmagan,  ilm olmagan insonga hayotda og'ir bo'lishi mumkin. U kutilgan va kutilmagan sinovlarga to'la. Sabr va tinimsiz mehnat esa eng to'g'ri yo'l. Hayotimdan nolimayman. Kimgadir mening kasbim oddiy bo'lib ko'rinar. Ehtimol yana kimdir mensimas, qo'lini uchi bilan ko'rsatishar. Undaylarga e'tibor bermayman. Bu — mening yo'lim, mening hayotim. Xudoga shukur, yoshlikdagi qiyinchiliklar hozir ortda qolgan. Muhimi tinchlik zamonida yashamoqdamiz. Mehnat qilinsa, hamma narsaga yetishsa bo'ladi. Asosiysi qaysi kasb egasi bo'lishidan qat'i nazar to'xtab qolmaslik.

– Mana, siz 24 yildan buyon bozorda ekansiz. Bozor bu faqat mahsulotlarni sotish, sotib oladigan joy emas. Bu yerda hayotning yozilgan va yozilmagan qonunlari ham ishlaydi. Nima deb o'ylaysiz, siz ana shu “qonun”larga qanday amal qilib kelmoqdasiz?

– Aslida bozorchi ham bir tadbirkor. Bitta rastasi bo'ladimi, o'nta bo'ladimi, do'konimi, buning farqi yo'q. Bir qarashda oddiy bo'lib ko'rinishi mumkin, lekin qiyin kasblardan biri bu bozorda savdo-sotiq qilish. Tavakkalchi bo'lmasangiz sizdan sotuvchi chiqmaydi. Buning uchun bilim kerak. Hisob-kitob, muomala madaniyati, xaridorlarga manzur bo'ladigan tilda so'zlash lozim. Agar ertalab uyingizda kim bilandir urushib kelgan, kayfiyatingiz yomon bo'lsa bunga xaridor aybdor emas. Siz ana shunday pallada o'zingizni qo'lga olib, yomon kayfiyatni bir chetga surib ishingizni davom ettirishingiz kerak. To'g'ri, bozoringiz bir tekisda ketmaydi. Orada ziyon ko'rishingiz ham mumkin. Busiz iloji yo'q. Ammo har bir ko'rilgan ziyon siz uchun bir dars bo'ladi. “Yozilmagan qonunlar”ga kelsak, bu avvalo “snos”lar masalasi. Ochig'i, u har bir tadbirkor, bozorchini qiynab yuboradi. Oldinlari har yangi kelgan hokim borki bozorni buzishga, unga o'zicha o'zgartirish kiritishga urinardi. Bugun vaziyat o'zgardi. Prezidentimiz tadbirkor va ularning manfaatlarini himoya qilish haqida ko'plab qarorlar, farmonlar chiqarmoqda, ishlash uchun keng yo'llar ochildi. Xudoga shukur, hozirgi payt­­da hech kim ishimizga aralashmaydi. Vaqtida solig'ini to'lab, mehnat qilayapmiz.

– Rishton tumanidagi Dehqon bozorida kutubxona tashkil etib, o'quvchilarni, kitobsevarlarni turli adabiyotlar bilan beminnat ta'minlab kelayotgan kutubxonangiz bugun ham bormi?

– Bor, albatta. Kitoblar – mening hayotim. O'zim ziyoli oiladan bo'lganim uchun kitobga muhabbatim kuchli. Prezidentimizning kitob mutolaasiga bo'lgan katta e'tibori esa meni yanada ilhomlantirdi. Ya'ni, menda bundan 6 yil avval odamlarga mutolaa uchun bepul tarqatiladigan kutubxona ochish istagi tug'ildi. Men tadbirkorlik orqasidan 2 million so'm jamg'argandim va bu pulga kutubxona uchun mahalliy ustalarga maxsus bir kitob javoni yasattirdim.

Bu haqida “facebook”da ma'lum qilganimda, hamyurtlarim meni qo'llab-quvvatlashdi. Butun res­publika bo'ylab, hatto qo'shni Qirg'izistondan ham kitoblar yuborishdi. Ma'rifatparvar yurtdoshlarimizga katta rahmat! Yoshlikdan katta bo'lsam o'zimning kutubxonam bo'ladi deb niyat qilardim. Nihoyat, u amalga oshdi. 2017 yil 21 oktyabrda (til bayramimiz arafasida)  uni ochdik. Dastlab, uning fondida sanoqli, bir necha yuzta kitob bo'lgan bo'lsa, bugun 10 mingga yaqin turli xil adabiyotlar, o'zbek va jahon asarlari, tadbirkorlik, biznes sohalariga oid kitoblar jamlangan. Ha, mana uning ochilganiga 6 yildan oshdi. Hali biror kun bo'lsa-da to'xtab qolmagan. Rishtonlik yoshu-qariyalar uchun beminnat xizmat qilib kelmoqdamiz. Nafaqat kattalar, bu yerdan yoshlarning ham qadami uzilmaydi. 20, 30 ga yaqin yoshlarimiz kitoblar sotib olishadi. Demak, ularga kerak. Mutolaa qilishmoqda. Bilasizmi, ba'zida ishdan charchab ketsam o'zim ham darhol shu yerga chopaman. Yoqtirgan kitoblarni mutolaa qilib yengillik olaman. Asosan, xajviy yo'nalishda ijod qilib, post­lar yozganim uchunmi Anvar Obidjon hajviyalari, xususan, uning “Oltiariq hangomalari” va albatta o'zimizning “Mushtum” jurnalini ko'p o'qiyman.

– Bejizga bu savolni bermadim. Sababi, kutubxonangiz ochilgandan biroz o'tib, “noqonuniy qurilgan” deya buzib tashlashmoqchi bo'lishganmidi?

– To'g'ri, boshida tushunmovchiliklar ko'p bo'ldi. “Bozorning ichida kutubxona bo'ladimi” deb ustimdan kulganlar ham bo'lishgan. Lekin men to'xtab qolmadim. Kurashdim. O'zbekis­ton xalq shoiri Iqbol Mirzo o'sha vaqtda senator edilar, u kishi Rishtonga kelib, bu yerdagi bozorda yangi quriladigan kutubxona uchun ramziy ma'noda g'isht qo'yib bergandi. Biroq oradan ma'lum vaqt o'tgach, bozor ma'muriyati tomonidan “Kutubxona noqonuniy joyga quril­yapti, buni buzish kerak” degan gap-so'zlarni qilishdi. Tabiiyki qarshilik qildim. Vaziyatdan xalqni xabardor qilish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimga post qo'ydim. Bu esa ijobiy natijasini berdi. Bir guruh ziyolilar, jamoatchilik vakillari, deputatlar va Komil Allamjonov (u paytda Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Bosh direktori edilar) aralashuvi bilan kutubxona buzilishdan saqlab qolindi. Bugunga kelib hammasi joyiga tushgan va faoliyatimiz davom etmoqda. Niyatim bitta — vatan uchun sidqidildan mehnat qilish. Va bir orzuim bor: qani endi O'zbekistonning har bir tuman, shahar markazlarida ham mana shunday “Xalq kutubxonalari” qurilsa. Nur ustiga a'lo nur bo'lardi-da!

– Ijtimoiy tarmoqlarda anchagina shov-shuv bo'lgan “Men kim, Dima Qayum” kitobini yozgansiz. Bunga sabab nima bo'lgan va u yerda nimalar haqida so'z boradi. Shuningdek, bugun telegram kanalingizni 1,500 dan ortiq, “facebook” sahifangizni esa 40 000 ga yaqin kishi kuzatadi…

– Bu rost. Avvalo bu kitobning chop etilishida o'zlarining yordamini ayamagan yaxshi insonlarga rahmat aytaman. Bilasizmi, o'zimiz xalqning orasidamiz. Bor hayotiy narsalarni kulgili qilib chiqarib beramiz. Aslida, u narsalarni kulgili, deb ham bo'lmaydi. Biroq bu ham bir yo'nalish-da. Kelajakda rejalarim ko'p. Bu bilan to'xtab qolmaymiz. Rejalarimiz ulkan. Falsafiy mavzularga kelsak, rahmatli Hojiboy Tojiboyev: “Xalqdan olib, xalqqa beramiz” deganidek, men ham shu xalqdan olib, xalqqa beraman. Kitobimda esa ana shu xalqning o'zidan olingan oddiy, sodda, ramziy ma'noga ega bo'lgan latifalar, voqealar o'rin olgan. Nazarimda kitob yomon yozilmagan. (Ushbu kitob uning “facebook”dagi shaxsiy sahifasida e'lon qilingan hazil-hangomalaridan tarkib topgan. Ularda “oddiy pechkachining” (Dima Qayum iborasi) ulkan qalbini ilg'ash qiyin emas.) Sotib olib o'qishmoqda. Fikrlari bilan o'rtoqlashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimga keladigan bo'lsak, albatta, vaqt topaman. Kaminaning e'tiboridan hech narsa chetda qolmaydi. Ijtimoiy ahamiyatga molik dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun joylayman. Kitob targ'iboti, xayriya ishlari, do'stlar bilan samimiy suhbatlar, suratlar degandek. Aytgancha, kamina yaxshigina fotograf ham. “facebook”dagi sahifamda 10 000 dan ortiq o'zim tushirgan rasmlar bor. Ularda oddiy xalqning turmush tarzi, faoliyati, bozordagi qaynoq jarayonlar, dalalardagi mehnat, bir so'z bilan aytganda mening diqqatimga nima e'tiborli ko'rinsa, shularni suratlarga muhrlayman va albatta odamlarga ulashaman. Bugun jamiyat bee'tibor emas. Qo'yayotgan har bir postlarimga o'zlarining munosabatini bildirib borishadi. Hayriya ishlarini tashkillasak savobtalab tadbirkorlik, yaxshi insonlar yordam qo'lini cho'zishadi. Bu esa menda ishlash, sevgan kasbim bilan faxrlanish hissini kuchaytiradi.

– Nega aynan Dima Qayum taxallusini tanlagansiz. Uning o'rniga o'zbekcha birorta ism qo'ysangiz ham bo'lardi-ku?

– Aslida bu ism dilimga iymon marhamatingni ayama degan so'zlarning yig'indisidan tarkib topgan. So'zlar qo'shilganda uning bosh harfidan Dima degan ism kelib chiqqan. Qayum esa mashhur insonlarga havas qilib qo'yilgan. Boshqa sababi yo'q.

– Albatta. Qayum nomi ham juda ulug'. Allohning nomi. O'zi qo'llasin. Demak, shunday qilib, pechkachi-tadbirkor bo'lib, birdaniga “bir yumalab” blogerga aylanib qoldingiz? 

– Hammasi havaskorlikdan boshlangan. O'n yillar ilgari “facebook”da o'zimning shaxsiy sahifamni ochganman va hajviy yo'nalishda postlar joylab borardim. Undan oldin “Odnoklassniki” tarmog'ida ham faol edim. Lekin u unchalik o'xshamadi. Bora-bora odamlar ijtimoiy tarmoqlardagi postlarimga, xazil-mutoyibalarimga o'zlarining munosabatini bera boshladi. Shunday tarzda o'z auditoriyamni shakllantirdim.

– Aytishlaricha, bugun blogerlik asosiy daromad manbaingizga aylangan. Bozorda pechka sotishdan ko'ra bu serdaromadliroq ish ekanmi?

– Daromad topmayman desam yolg'on bo'ladi. Biroq unchalik ko'p emas. Asosan, reklamalardan daromad tushib turadi. Hech qachon mablag' borasida tortishmayman. Berganini olib ketaveraman. Qilib bergan reklamalarimga ko'pincha telefon, kitoblar berishadi. Boriga baraka. Nima ham deymiz. Yana bir gap: kutubxona ochilishidan oldin aynan blogerlikdan topgan mablag'larimni kutubxona ochilishiga sarf qilganman. Shu qatorida ko'plab tadbirkorlar, yaxshi insonlar qarab turishmagan, qarashgan. Shuning uchun yordami tekkan ko'pchilikning mahsulotlarini bepul reklama ham qilib beraman.

– Suhbatimiz yakunida aytar so'zlaringiz bo'lsa, marhamat?

– Qiynalib katta bo'ldim. Oliy ma'lumot li bo'lish nasib etmadi. Tirikchilik tashvishidan ortmadim. Bugun o'qiyolmaganimdan afsuslanaman. Gohida alamim keladi. Odamlar, yoshlar menga o'xshab afsuslanishmasin deyman. Qishloq joylarda bugun odamlarning kitob sotib olib o'qishi qiyin. Chunki ro'zg'orini tebratishga, qora qozonini qaynatishga amal-taqal qilib pul topib, kun ko'rib yurganlar qancha. Boshimdan o'tgani uchun bilaman-da. Bunday oilalarda o'sayotgan bolalar o'ksimasligi kerak. Kitob olishga puli bo'lmagani uchun ma'rifatsiz qolmasligi lozim. Balki shularning orasidan yurt qaddini ko'taradiganlar, Vatanga sidqidildan xizmat qiladiganlar yetishib chiqar. O'qishsin, ilmli bo'lishsin! Shu qishlog'imizdan yaxshi, o'qimishli insonlar chiqishsa, xursand bo'laman. Bizning O'zbekis­tondan ham “Apple”ning xo'jayinidek biznesmenlar, katta-katta saxiy, ma'rifatli ishbilarmon-tadbirkorlar chiqsin, dunyo yuzini ko'rsin deyman.

Islom ASILBEKOV yozib oldi.

«Hurriyat» gazetasi, 2023 yil 16 avgust, 32-sonidan olindi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 1 =