“Yashil energiya” rivoji yo'lidagi qadamlar

Hozirgi davrda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish jarayoni dunyo mamlakatlarining asosiy muammolaridan biri sifatida sanalmoqda. Neft va gaz energiya resurslariga bo'lgan talabning keskin oshishi, an'anaviy resurslar narxi jahon bozorida beqarorligi insoniyatni noan'anaviy, qayta tiklanuvchi, ekologik toza energiya manbalaridan foydalanishga majbur qilmoqda. Bunday energiya manbalaridan foydalanishning eng qulay, iste'molchilar uchun arzon va texnologik jihatdan mukammal bo'lgan manbalardan biri bu quyosh energiyasidir. Bejiz sanoati rivojlangan Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Ispaniya, Italiya, Avstraliya, Hindiston kabi davlatlar atom yoki ko'mir elektr energiyasi ishlab chiqarishni keskin kamaytirib, muqobil energiya manbalariga, ekologik jihatdan toza quyosh va shamol energiyasi uchun katta sarmoya kiritmayapti. Buyuk Britaniya ko'mir elektr stansiyalarini o'rniga ekologik jihatdan butunlay toza quyosh elektr stansiyasidan foydalanishni ma'qul ko'rmoqda. Jumladan, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya salmog'i ayni paytda 10-14 foizni, 85-90 foizi esa ko'mir, tabiiy gaz va boshqa neft mahsulotlarini yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Muqobil energiyadan foydalanish darajasi zamonaviy texnologiyalarning keng joriy etilmaganligi, yuqori malakali mutaxassis kadrlarning yetishmasligida, desak xato bo'lmaydi.

Geografik jihatdan qulay joylashuvga ega O'zbekistonda quyoshli kunlar 280-320 sutkani tashkil etadi. Ta'kidlab o'tish joizki, mazkur ko'rsatkich muqobil energiya manbalaridan keng foydalanish imkoniyati mavjudligini isbotlaydi. Quyosh energiyasidan samarali foydalanish mamlakatimizning ishlab chiqarish sanoatiga, energiya tejamkorligi istiqbollariga bevosita foydali ta'sir ko'rsatadi va ishchi o'rinlarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni inobatga olgan holda, 2021 yil 9 aprelda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaror Prezidentimiz tomonidan imzolandi. Unda tobora jadallashayotgan sanoatlashtirish va aholi sonining o'sishi iqtisodiyotning energiya resurslariga bo'lgan ehtiyojining sezilarli darajada oshayotganligi sabab respublikaning energetika xavfsizligini mustahkamlash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va vodorod energetikasini barqaror rivojlantirishga xizmat qiladigan zarur sharoitlarni yaratish, O'zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o'tishini ta'minlash, shu jumladan, ushbu sohaning ilmiy salohiyatini kuchaytirish masalalari belgilab berilgan.

Ha, bugun dunyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish miqyosini kengaytirish tobora dolzarb masalaga aylandi. Energiya resurslariga bo'lgan talabning oshayotgani, uglevodorod xomashyosi zaxiralarining kamayib borayotgani yangi muqobil energiya manbalarini topishni va joriy etishni taqozo etadi. So'nggi yillarda mamlakatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilib, energetika sohasini rivojlantirishning huquqiy asoslari yaratildi.

Ushbu qonun hujjatlarida yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yanada rivojlantirish, 2030 yilgacha qayta tiklanuvchi energiya manbalarning ulushini 25 foizga yetkazish, shuningdek, Karmanada 100 MVt. quvvatli quyosh elektr stansiyasi, Zarafshonda quvvati 500 MVt. dan kam bo'lmagan shamol elektr stansiyalari, Nur­obodda 100 MVt. quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasi, G'ijduvon va Peshkuda quvvati 1000 MVt. bo'lgan shamol elektr stansiyalari, Qorauzakda quvvati 100 MVt.dan bo'lgan shamol elektr stansiyasi, Sherobodda quvvati 200 MVt. dan kam bo'lmagan fotoelektr stansiya, Kattaqo'rg'on va G'allaorol tumanlarida quvvati 200 MVt. dan kam bo'lmagan quyosh elektr stansiyalari qurish loyihalari respublika va jahon miqyosida tenderlar o'tkazish orqali barpo etish choralari ko'rilayotgani quvonchlidir.

2019 yilda Xalqaro moliya korporatsiyasining (XMK) texnik ko'magida o'tkazilgan ilk sanoat ko'lamidagi QTEM elektr stansiyasi qurish loyihasi (Solar scaling 1) tanlovida “Abu Dhabi future energy company – Masdar” g'olib bo'lgan. Masdar tomonidan Navoiy viloyati Karmana tumanida quvvati 100 MVt. bo'lgan quyosh fotoelektr stansiyasi (QFES) qurilishi oxirgi bosqichlarda bo'lib, 2021 yil 27 avgustidan yagona energetika tizimiga yashil energiya yetkazib berishni boshlagan. Ushbu QFES dastlabki yildan boshlab yiliga 260 million kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu O'zbekistonda 80 million metr kub tabiiy gaz sarf qilgan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilishiga ekvivalentdir. Loyiha qurilishi davomida 70 million AQSh dollari miqdoridagi xorijiy investitsiya jalb qilingan.

Shuningdek, XMK bilan Samarqand viloyati Kattaqo'rg'on tumani va Jizzax viloyati G'allaorol tumanida QFES qurish loyihasi uchun o'tkazilgan tanlovlar yakunlanib, g'olib bilan shartnomalar imzolangani, unda g'olib “Masdar” kompaniyasi Samarqand va Jizzax viloyatlarida har biri 220 MVt. quvvatga ega bo'lgan, QFESlar qurishi ko'zda tutilgani ma'lum. Kompaniya tomonidan rekord darajada past bo'lgan 1 kVt. soat elektr energiyasi uchun o'rtacha 1,6 AQSh sentlik tarif miqdori taklif etilgan.

Joriy yil Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda o'tkazilgan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida QFES qurish loyihasi tanlovida ham “Masdar” tomonidan eng raqobatbardosh tarif taklif etilib, ushbu kompaniya g'olib bo'ldi. Mazkur g'olib kompaniya Surxondaryoda quvvati 457 MVt. bo'lgan QFES qurib, yagona energetika tizimiga yashil energiya yetkazib berish faoliyati bilan shug'ullanadi. Joriy yil avgust oyi­­da XMK bilan Buxoro viloyatida 250 MVt., Namangan viloyatida 150 MVt. va Xorazm vilyatida 100 MVt. QFES qurish loyihasi tanlovlari e'lon qilindi. Hozirgi vaqtda OTB bilan Qashqadaryo viloyatida 300 MVt. va Farg'ona viloyatida 100 MVt. QFES qurish loyihasi uchun tanlov oldi o'rganish ishlari olib borilayotganidan xabardormiz.

Shamol elektr stansiyalari (ShES) lo­yihalari tanlovlari esa Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. ShES qurish loyihasining birinchi fazasi bo'yicha Qoraqalpog'iston Respub­likasi Qorauzak tumanida quvvati 100 MVt. bo'lgan ilk ShES qurish loyihasi tanlovining g'olibini e'lon qilish joriy yil 16 sentyabr kuni bo'lib o'tdi. Tariflar taklifini e'lon qilishda g'olib ma'lum bo'ldi. G'olib tanlov ishtirokchisining moliyaviy ma'lumotlari qayta tekshirilganidan so'ng g'olib rasman e'lon qilinadi. Ushbu loyiha ishga tushganda yiliga 350 million kVt.soat qo'shimcha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining o'rtacha yillik miqdori 69-72 milliard kVt/soatni tashkil etib, 2030 yilgacha ushbu ko'rsatkichni 2 barobarga oshirish nazarda tutilmoqda. Energetika sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish natijasida davlat-xususiy sheriklik asosida qiymati 7,4 milliard AQSh dollariga teng bo'lgan jami 19 ta loyiha amalga oshirilib, shundan bugungi kungacha 12 ta loyiha bo'yicha tegishli bitimlar imzolangan.

Yurtimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanishni rivoj­lantirish ekologik muammolarning oldini olish bilan birga, qazilma energiya resurslariga bo'lgan talab o'rnini qoplash va yangi iqtisodiy sohani yaratish maqsadlarida olib borilmoqda. Bu borada dunyo tajribasi Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qo'llab-quvvatlovchi tashkilotlar, turli ilmiy nashriyotlar ko'magida o'rganilmoqda va tatbiq etish ishlari olib borilmoqda.

Jahonda o'rtacha 1kVt. soat elektr energiyasi uchun 0,14 AQSh dollari (1506.7 so'm)ni tashkil etadi, O'zbekistonda esa bu narx 0,028 AQSh dollari (295 so'm). 2019 yili quyosh radia­siyasidan olingan elektr energiya narxi jahon bo'ylab o'rtacha 0,045 AQSh dollar(484,31 so'm)ni tashkil etgan. Ilmiy izlanishlar va yangi texnologiyalarni energiya olish jarayonida qo'llash natijasida 2020 yilda bu narx 0,033 AQSh dollari (355,16 so'm)ni tashkil etmoqda. Mazkur narx quyosh elektr stansiyalaridagi foydali ish koeffitsienti ortib borishi bilan an'anaviy elektr energiya narxiga nisbatan raqobatbardosh bo'la oladi.

Amalda O'zbekiston energetikasiga inves­titsiyalar kiritish istagida bo'lgan xorijiy va mahalliy investorlar bor. Shu bois sanoat ko'lamida qayta tiklanuvchi energiya manbalari elektr stansiyalari qurish loyihalari tanlovida qatnashuvchilar soni ortgan. Ushbu loyihalar va unda qatnashuvchi ishtirokchilar ko'pligi mamlakatimizda “yashil energiya” salmog'ini yuksaltirishga qo'yilgan dastlabki qadamlardir.

Aytish joizki, shular bilan birga, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish o'ziga xos noqulayliklarga ham ega. Ushbu kamchiliklar shamol generatorlari va quyosh panellari birmuncha qimmat texnika va texnologiyalar majmuasi hisoblanishi, quyosh panellari maydon jihatidan bir necha gektar maydonlarni egallashi, ularni atmosfera changi va tuzli birikmalardan tozalab turish vazifasi mavjudligi, foydali ish koeffitsienti jihatidan past ekanligi, kunning faqatgina kunduzgi paytida faol foydalanish imkoni bilan ifodalanadi.

Yangi tashkil etilayotgan 70711001 – Muqobil energiya manbalari(turlari bo'yicha) magistratura mutaxassisligi bitiruvchilari o'z ilmiy faoliyatini davom ettirishi uchun Farg'ona politexnika institutida 05.05.06-“Qayta tiklanadigan energiya turlari asosidagi energiya qurilmalari” ixtisosligi bo'yicha tayanch doktorantura hamda Phd 03/27.02.2020.T.106.02” raqamli Ilmiy kengash faoliyat yuritadi.

Shuningdek, institutimizda fanlar bo'yicha olib boriladigan laboratoriya mashg'ulotlari yetarli jihozlar bilan ta'minlangan va uzviy ravishda amaliy mashg'ulotlari Farg'ona politexnika instituti “Geliopoligoni”da, Farg'ona issiqlik energiya stansiyasi, Farg'ona Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi, Farg'ona hududiy elektr tarmoqlari boshqarmasi, “Element kristal” MChJ, “Farg'ona neft mahsulotlari” korxonalari hamda O'zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi “Fizika Quyosh” IIChB si Fizika-texnika instituti, Materialshunoslik instituti, Ion plazma va lazer texnologiyalar institutlari laborato­riyalarida ishlab chiqarish amaliyotlarini olib borish tashkillangan, fanlar bo'yicha berilgan bilimlar o'quv tanishuv, ishlab chiqarish va bitiruv oldi amaliyotlari, yuqoridagi korxona, tashkilotlar bilan mustahkamlab borilmoqda.

2021 yilda institutimizda 19 ta ilmiy-tadqiqot loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo'lsa, ularning 4 tasi davlat ilmiy texnik dasturlari, 4 ta startap, 2 ta Yevropa Ittifoqi loyihasi, 9 tasi “Bo'lajak olim” tanlovi doirasida hayotga tatbiq etiladi. Bu yil innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 14 ta loyihalar moliyalashtirilishi maqsad qilingan. Institutning o'z mablag'lari hisobidan professor-o'qituvchilarimizning 10 ta loyihasi uchun 5 milliard so'm mablag' ajratilishi ko'zda tutilgan.

Hozirgi kunda 31 ta kafedra huzurida ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etib, daromad topish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Shu yilning o'zida institutda ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda sohalarga xizmat ko'rsatish uchun mo'ljallangan 10 ta unitar korxona faoliyatini yo'lga qo'yishni maqsad qilib olingan.

Qayta tiklanuvchi energiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida ins­titut hududida reja qilingan 800 kVt. quvvatga ega quyosh panellari tizimidan 350 kVt. foydalanishga topshirilgan. Jumladan, sinov tariqasida 1-5 kVt. li past aylanishda ishlovchi shamol generatoridan institutning belgilangan hududini yoritish uchun foydalanib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Marhamat tumani aholisini arzon va muqobil energiya bilan ta'minlash maqsadida tuman hududidan oqib o'tuvchi janubiy Farg'ona kanalidan “Mikro GES” lo­yihasi institutimiz olimlari tomonidan amalga oshirildi.

Aytish joizki, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish, ularni qayta ishlash, ishlab chiqarishga yo'naltirish, saqlash, yangi yo'nalishlarini izlash kabi masalalarni o'z oldimizga maqsad qilib olish—eng muhim vazifamiz. Zero, bu masalalar tarmoqdagi mavjud muammolarni hal qilishda asosiy mezon bo'lib xizmat qiladi.

O'ktam SALOMOV,

Farg'ona politexnika instituti rektori,

texnika fanlari doktori

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − three =