“Yiliga bittadan kitob chiqarish fazilat emas”

Suhbatdoshimiz haqida:

Ma'suma AHMEDOVA — 1952 yil 1 oktyabrda Parkent tumanida tug'ilgan. 1970 yili o'rta maktabni tugatib, Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetiga o'qishga kirgan. 1976 yili universitetni tugatgach, G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida muharrir, “Delovoy partner”, “Novosti nedelya” gazetalarida tarjimon muharrir bo'lib ishlagan.

1968 yili “Yordam” hikoyasi “Gulxan” jurnali tanlovida g'olib bo'lgan. Birinchi hikoyalar kitobi 1982 yili “Oftobli kun” nomi bilan chop etilgan.

1990-2000 yillari “Bayramlik”, “Maktub”, “Toji opaning tuguni”, “Yashil palto”, “Hamdardlik” hikoyalari “Sharq yulduzi” jurnalida; “Shaharga sayohat”, “Oddiy hikoya”, “Birovning hayoti” hikoyalari “Yoshlik” jurnalida; “Oginskiy polonezi”, “Kechmish hisobi”, “Yomg'irda”, “Markazdagi qiz”, “Shudringli tuyg'ular” hikoyalari “Saodat” jurnalida; “Telefon romani” qissasi esa “Sanam” jurnalida chop etilgan.

2000 yili “Birovning hayoti” hikoyalar to'plami “Istiqlol umidlari” seriyasida “Cho'lpon” nashriyotida, 2012 yili “Hikoyalar” nomli to'plami, 2014 yili “Jo'natilmagan maktub” qissa va hikoyalar to'plami G'afur G'ulom nomidagi nashriyot matbaa-ijodiy uyida nashrdan chiqqan.

 

Yozuvchi odamning yozuvchi bilan yashashi oddiy odamlar hayotidan farq qiladi, nazarimda. Chunki ikki adibning bir tom ostida turli fikrlar, g'oyalar, qahramonlar va so'zlar bilan yashashi ham murakkab, ham qiziq bo'lsa kerak. Bu kabi oilalardagi muhit, turmush tutumlari yosh ijodkorlar uchun ibrat maktabi aslida. Shuning uchun ham bugun ana shunday inson, iste'dodli ijodkor ayol, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, adiba, tarjimon mashhur o'zbek yozuvchisi Tog'ay Murodning umr yo'ldoshi—Ma'suma Ahmedova bilan suhbatlashdik. Quyida ushbu suhbat siz mushtariylar e'tiboriga havola etilmoqda.

 

— Ma'suma opa, bolaligingizni qanday eslaysiz? Siz tug'ilgan joy – Toshkent viloyatining tog'lar qo'ynidagi Parkent tumani go'zalligi, xushhavoligi bilan tilga tushgan. Ijodkor bo'lishingizga bu so'lim go'shaning qanchalik ta'siri bor deb o'ylaysiz?

— Bolalik – inson hayotida uning kelajagini belgilab beradigan eng muhim va zarur bo'g'inlardan biri deb o'ylayman. Bolalik xotiralari kishiga butun umri davomida hamroh bo'ladi. Bolalik xotiralari hayajonlantirmagan, bolalikning romantik xayollari bilan yashamagan ijodkor bo'lmasa kerak. Shunday, bolalik xotiralarim ko'p hikoyalar yozishimga zamin bo'lgan. Yanada aniqroq aytadigan bo'lsam, aynan bolalik taassurotlari qo'limga qalam olishga undagan.

Tog'lar o'rab turgan so'lim Parkent tumani, tabiati ijodga moyil odamning ijodkor bo'lishiga turtki bo'ladi. Bizning tumanimizdan ko'plab shoir-yozuvchilar chiqishiga go'shamizning go'zalligi sabab bo'lgan bo'lsa, ajabmas. Agar o'zimni ijodkor deb ataydigan bo'lsam, men ham bu holdan mustasno emasman.

— Umr yo'ldoshingiz, O'zbekiston xalq yozuvchisi, rahmatli Tog'ay Murod ham Parkentga o'xshash hudud, ya'ni Surxondaryoning tog'li Oltinsoy tumanida tug'ilgan. Shunday qadrli adibni tarbiya qilib bergan Surxon odamlari haqida nima deya olasiz? Ular bilan gaplashganingizda nimalarni anglaysiz?

— Surxondaryoliklar ko'ngli toza, qat'iyatli, aksariyati bir so'zlidir. Ular haqida yaxshiroq bilmoqchi bo'lsangiz, Tog'ay Murod asarlarini o'qiyvering. Surxondaryoliklar, xususan, oltinsoyliklar menga parkentlik hamyurtlarim singari qadrdon va yaqin. Men ular orasida o'qimishli, ziyoli kishilarni ko'rdim. Deylik, biror kitob xususida bahs-munozara bo'ladi. Shunda ular orasida manaman degan adabiyotshunos bilan ham bellasha oladiganlari topiladi. Bir qarashda kes­kin, chapdast ko'ringan odamlar ko'ngliga razm solsangiz, teran bir ichki madaniyatni, ma'naviyatni anglaysiz. Men ana shunday surxondaryoliklar bilan faxrlanaman.

— Tog'ay Murod “Tanlangan asarlar”ining III jildini o'qidim. O'qiganlarimdan shu narsani anglayapmanki, adib yozuvchilikka qismat deya qaragan, hatto gazeta uchun suhbatni muharrir o'z bilganicha tahrir qilib tashlagani sabab, bosmaxonadan qaytartirgan, badiayu maqolalarigayam xuddi badiiy asarday yondashgan ekan. Bugungi yozuvchilarimizda esa bunday qat'iyat negadir kam kuzatiladi. Nima deb o'ylaysiz, bu hafsalasizlikka nima sabab bo'lyapti?

— Tog'ay Murod “yozuvchi” so'ziga, bu sharafli nomga katta hurmat bilan yondashgan va o'zida bu nomga munosib bo'lish mas'uliyatini hamisha his etib   turgan. Ana shu mas'uliyat undan o'z so'ziga egalik va uni muhofaza qilishni ham talab etgan. Bu, avvalo, ijodkor xarakteri – tabiatidan, Tog'ay Murodning o'zi aytmoqchi, yozuvchi professionalizmidan kelib chiqadi. Siz aytayotgan hozirgi ijodkorlarimiz hafsalasizligi sababini aynan shu jihatdan, yozuvchilik mas'uliyatini his qilishdan qidirish kerak bo'ladi. Menimcha, o'zini yozuvchi deb bilgan ijodkor odam zimmasidagi yozuvchilik mas'uliyati yukini his qilishi, o'z so'zini ham himoya qila olishi kerak.

— Tog'ay Murodning yozilmagan, aytilmagan, faqat sizu yaqinlarigagina ma'lum bo'lgan qanday fazilatlari bor edi?

— Men anchadan buyon katta ijodkor, sevimli yozuvchimiz Tog'ay Murod haqidagi o'y va xotiralarimni bir kitob qilish harakatida yuribman. Xudo xohlasa, ana shu bo'lajak kitobdan yozuvchimizning ko'plar bilmagan fazilatlari haqida ham xabardor bo'lasiz.

— Ma'suma opa, yozuvchiyam yozmagan mahallari oddiy odam. Bugun meni adib­larning asarlaridan tashqari, ularning yashash tarzi, odamlarga, tabiatga, atrofga bo'lgan munosabati qiziqtiradi. Chunki yozuvchilikni maqsad qilgan adiblarimiz faqat yozsak bo'ldi, bizning asosiy mashg'ulotimiz yozish bo'lishi kerak, deya ba'zan sog'lig'ini esdan chiqarib qo'yadi. Natijada ba'zan kasallik ularni yengib qo'yadi. Bu esa tabiiyki yozuvchining ijodigayam salbiy ta'sir qiladi.

Nazarimda, yaxshi asar yozish uchun ham ijodkor, birinchi navbatda, sog'lom bo'lishi zarur. Kasal odam yaxshi asar yozol­maydi. Buni inkor qilganlar bilishi shart.

Eshitishimcha, Tog'ay Murod ham sportga, sog'lom turmush tarziga juda qiziqqan ekan. Adibning shu fazilatlari haqida gapirib bersangiz.

— Tog'ay aka sportchi edi. Polvonkelbat edi. Har tong soat 5dan 7gacha 5 chaqirim yugurardi. Uyga qaytgach, yuvinib chiqquncha iliq sutga 5-6 dona bodomni tashlab qo'yardim. Bodom suvda ivigach, taomni nonushtaga yerdi. Nonsiz. Nondan voz kechgan edi, yesayam “xlebsы” yerdi. Soat 11da bitta olma, kechqurun uyqudan oldin 1 piyo­­la yog'siz qatiq ichardi. Muntazam su­zishga borardi, tosh ko'tarardi, morjlar guruhiga qo'shilib, muzni yorib pishinardi. Labzakdagi fin hammomida cho'milishga borardi. Hech qachon to'yib ovqat yemasdi. Ammo go'shtni yaxshi ko'rardi. “Bir lagan xamir ovqatdan, ikki tuyur go'sht yaxshi”, derdi ko'pincha.

Tog'ay aka kechqurun yozmasdi, tuyg'ulari tiniq bo'lishi uchun doim kunduzi ijod qilardi.

Yozuvchi og'aynilaringiz ham sizga qo'shilishi kerak. Sog'lom bo'lish uchun buni hamma qilishi kerak. Sog'lom turmush tarziga o'tish uchun odamga kuchli iroda kerak, buni qila olsangiz, qat'iyatli shaxsga aylanasiz.

— Endi o'zingiz haqingizda so'rasam. Yozuvchi ayol bo'lishning mashaqqati qanday? Yozuvchining ayoli bo'lishning-chi?

— Fikrimcha, yozuvchilik jins tanlamaydi. Xoh ayol, xoh erkak ijodkor bo'lsin, birday qiyin. Adiblik mas'uliyati ikkisi uchunam bir xil. Ba'zilar ayol ijodkorga qiyin, deydi. Bu gapdayam jon bor. To'g'ri, uy-ro'zg'or qilish, bolani dunyoga keltirish, farzandlarni tarbiyalash ko'pincha ayollar zimmasiga tushadi. Balki shuning uchundir, balki tabiat taqozosidir, aksariyat ayol ijodkorlar o'zlaridagi ijodiy imkoniyatlarini kechroq namoyon etadilar. Agar jahon adabiyotida ayol yozuvchilar ijodini kuzatsangiz, ko'p hollarda ular sara asarlarini o'rta yoshlarda yaratganini bilib olishingiz mumkin. Lekin turmush ikir-chikirlari, tashvishlari erkak ijodkorni ham chetlab o'tmaydi. Shu jihatdan olganda, ijodkorlik mashaqqati-yu, zavqlari ko'pincha hammada bir xil kechadi.

Yozuvchining ayoli bo'lish… Agar Xudoyim ayolga shunday taqdirni ato etgan bo'lsa, bunga shukur qilish kerak. Bir payt­lar Yuriy Podporenko degan hamkasbimning hazil aralash aytgan gapi sira esimdan chiqmaydi: “Ijodkor odam bilan turmush kechirish juda maroqli va qiziqarli. Sira zerikmaysan, hayoting jo'shqin, his-haya­jon, har xil qiziq voqealarga boy o'tadi. Mana, hozir tinch, sokin o'tiribsan. Yarim soatdan keyin-chi, nima bo'lishini bilolmaysan. Xullas, hayoting oddiy odam bilan birga kechiradigan turmushdan ko'ra ancha zavqli o'tishiga kafolat berishim mumkin”.

Bu gap, albatta, hazilnamoroq edi. Lekin ana shu hazil zamirida inkor qilib bo'lmas haqiqat yotadi. Aslida hayotda hech bir ayolga oson emas.   Oila osoyishtaligini saqlash, uyga fayz kiritish, oila a'zolarining ko'ngliga qarash, oilada tinch-totuvlikni ta'minlash ko'p jihatdan uy bekasiga bog'liq. Yozuvchining ayoli bo'lish esa uning zimmasiga yanada ko'proq mas'uliyat yuklaydi.

— “Oftobli kun”, “Jo'natilmagan maktublar”. Qissa va hikoyalar to'plangan ikki kitob. Bilishimcha, ikki to'p­lamdan boshqa mualliflik kitob chiqarmadingiz, chamamda.

— Nazdimda, ijodkorning yiliga bittadan kitob chiqarishi fazilat emas. Mening bu javobim yozish mashaqqatlaridan cho'chish bahonasiday tuyulishiyam mumkin. Lekin ijod olamida yana bir haqiqat borki, bu – har tomonlama o'qib-o'rganish, izlanish… Tog'ay Murod doimo amal qilgan ish prinsiplaridan biri: avvalo, yozuvchi yozajak mavzuini chuqur o'rganishi, izlanishi, hayot bilan taqqoslab, yaratadigan har bir obrazini ming o'ylab ko'rishi kerak.

Siz yuqorida sanab o'tganlaringizdan tashqari nashr qilingan yana boshqa kitob­larim ham borligini, vaqtli matbuotda yangi hikoya, maqola, badiiy tarjimalarimni e'lon qilib borayotganimni aytsam, ortiqcha maqtanish bo'lmasmikin… Har bir ijodkor qalbida o'z yashirin rejalari, sirlari bo'ladi. Agar Xudoyim umr bersa, ko'nglimga tugib qo'ygan ijodiy rejalarim bor. Mayli, shu sirni aytay. Ota-ona mehriga qonmagan tirik yetimlar… Dunyoga kelajak yangi qissam jamiyat yarasi sanalmish tirik yetimlar taqdiri haqida bo'ladi. Uning qo'lyozmadagi xomaki nomi – “Onamga bag'ishlov”.

Shu kunlarda “Billur guldon” nomli qissa, hikoyalar va badiiy tarjimalardan iborat saylanma kitobim nashr qilinish arafasida turibdi.

— Darvoqe, o'zbek kitobxoni sizni nafaqat yozuvchi, balki tarjimon sifatida ham yaxshi biladi. Bu borada barakali ijod qilyapsiz. Masalan, ozarbayjonning taniqli yozuvchisi Chingiz Husayinovning mashhur “Muhammad, Mamad, Mamish” romanini, Xulio Kortasarning “Avtobus”, “Dahshatli tushlar”, “Iblis so'lagi”, “Mixlab tashlangan eshik” hikoyalarini, rus adiblari – Dmitriy Mamin-Sibiryakning “Ural hi­koyalari. Doktor Osokinning sog'ayishi” asarini, Aleksandr Kuprinning mashhur “Olesya” qissasini o'zbek tiliga o'girdingiz. Bular turli yillarda “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallarida, “O'zbe­kiston”, G'afur G'ulom nashriyotlarida chop etilgan.

Tarjimonlik borasidagi rejalaringiz haqidayam bilgim kelyapti.

— Ayni kunlarda magik realizm yo'nalishida unumli ijod qilgan, dunyoga mashhur argentinalik yozuvchi Xulio Kortasarning “Boshqa bir osmon” nomli hikoyalar to'plamini nashrga tayyorlayapman.

XX asr boshlarida rus xalqining ajoyib yozuvchisi Leonid   Andreev yashab ijod qilgan. Uning hikoyalari juda o'ziga xos, bu adib o'z nasri bilan yosh qalamkashlarga mahorat saboqlarini bera oladi. Men Leonid Andreev hikoyalarini o'zbek tilida bir to'plam qilib nashr qilish niyatim bor.

— Ijodingizga baraka tilayman. Samimiy suhbatingiz uchun tashakkur!

Fozil Farhod

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 − 4 =