So'z va fikr erkinligiga kafolat

Odamzot hamisha sirli va yashirin olamlarga qiziqib kelgan. Inchunin, virtual borliq bugun insoniyatni ana shu “maxfiyligi” bilan ham o'ziga tortmoqda. Shuningdek, internet ko'p­lab imkoniyatlarni taqdim etayotgani bilan ahamiyatli. Undan unumli foydalanayotganlar esa tobora ilgarilab borishmoqda. Jumladan, bugungi yoshlar audiokitoblarni internetdan o'qishmoqda. Xaridlarni amalga oshirishyapti. O'z-o'zidan shu tariqa turli xizmatlar virtual olamga ko'chib o'tmoqda.

Bu o'z navbatida qonunchilikni ham zamonga hamnafas tarzda o'zgartirishni taqozo qilmoqda. Mana shunday o'zgarish va yangilanishlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda o'z aksini topmoqda.

Jumladan, yangilanayotgan Bosh Qomusimizning 33-moddasida: “Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat   Internet jahon axborot   tarmog'idan foydalanishni ta'minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi” deyiladi.

Xo'sh, buning huquqiy ahamiyati nimalardan iborat? Biz O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi mediamateriallarni tayyorlash bo'limi mudiri, taniqli jurnalist Bobir ALIXANOV bilan shu mavzu yuzasidan suhbatlashdik.

 

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 33-moddasi birinchi qismida “Har kim fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqiga ega” deyilgan.

Avvalo, suhbatimizni mana shu modda sharhidan boshlasak…

— Odamlar, o'zlariga tegishli bo'lgan erkinlikdan juda kam foydalanishadi. Masalan, beqiyos ahamiyatga ega — fikrlash erkinligidan bahramand bo'lmay turib, so'z erkinligini talab qilishadi. Sog'lom va mohiyatan fikrga yo'g'rilmagan so'zlar to'plami – oddiy grammatik belgilardan boshqa narsa emas.

Shu bois yangi tahrirdagi Kons­titutsiyamizning 33-moddasi birinchi qismida aynan fikrlash, so'z va e'tiqod erkinligi huquqi yaxlit bir butunlikdagi norma sifatida belgilangan. Aslida bular insonning bazaviy, fundamental erkinliklar sirasiga taalluqli bo'lib, bu norma bevosita media sohasiga, OAVlari faoliyatiga doir jihatlari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 33-bobi birinchi qismida ayni normaning muhrlanib qo'yilishi esa O'zbekistonda davlat rahbari tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatining in'ikosi, siyosiy irodaning yorqin namoyoni desak to'g'ri bo'ladi. Modomiki, gap milliy OAVlarimiz faoliyatini yanada takomillashtirish, islohotlar jarayonida ularning amaliy ishtirokini ta'minlash xususida borarkan, shubhasiz, ular oldida to'g'anoq bo'ladigan har qanday to'siqlar, cheklovlar va bosimlar olib tashlanishi darkor. Faqat biz jurnalistlardan bu kabi imkoniyatlardan munosib va umummanfaat yo'lida foydalanish taqozo etiladi. Tan olaylik, biz hali-hanuz, sog'lom va konstruktiv fikrlash amaliyotini, haq so'zning mislsiz qudrati-yu, xolis fikrning cheksiz salohiyatini to'la-to'kis anglab yetayotganimiz yo'q.

— Mustaqil tafakkur yuritishda OAV erkinligini ta'minlash, senzuraga yo'l qo'yilmasligi nechog'lik ahamiyatga ega deb o'ylaysiz?

—“Erkin OAV yaxshi ham, yomon ham bo'lishi mumkin. Bu bor gap. Biroq erkin bo'lmagan matbuot, shak-shubhasiz, faqat yomon bo'ladi”. Fransuz yozuvchisi, Nobel mukofotining laureati Alber Kamyuning bu fikrlariga qo'shilmaslikning iloji yo'q. Aslida erkin matbuot – ozodlik va hurlik posboni, senzura esa – jamiyatning o'ziga o'zi ishonchsizligining ifodasidir. Chunki chinakam senzurada odamlarga biror narsani taqiqlash emas, balki u narsa to'g'risida bilishga ham yo'l qo'yilmaydi. Senzuraning absurdlik holati shu darajadaki, ba'zida uni butun boshli tuyani o'z teshigidan o'tkazishga uringan ignaga ham o'xshatishadi.

— Hazrat Alisher Navoiyda shunday bayt bor: “Oqil kishi chin so'zdan o'zgani demas, Vale, har rost so'z ham degulik emas”. Mazkur baytni bugun   internet makoni bilan bog'lasak, xabarlarni saralashda nimalarga ahamiyat berishimiz kerak deb o'ylaysiz?

— Internet tarmog'i oddiy aloqa va kommunikatsiya vositasidan allaqachon umumbashariy resursga aylanib ulgurdi. Ko'plab tushuncha va xizmatlar real hayotdan virtuallikka ko'chib o'tmoqda. Insoniyat kundalik ishi, o'qishi, qiziqishlari-yu, turli xizmatlarini ham internet ko'lankasiga ko'chiryapti. Shu sabab uni taqiqlash yoxud cheklash, oyni etak bilan yopishga o'xshaydi. Ijtimoiy tarmoqlar va blogosferani cheklash ham xuddi shunday besamar ish. Qolaversa, hozir texnologiyalar shu qadar rivojlanib ketganki, oddiy foydalanuvchilar uchun ham har qanday to'siqni chetlab o'tishning texnik imkoniyatlari bis­yor. Ikkinchidan, axborot tarqaladigan vositani ijtimoiy tarmoq bo'ladimi, OAVdami, cheklash muammoning uzil-kesil yechimi emas. Bu borada barchamiz anglab yetishimiz kerakki, axborotni, shu jumladan, internet orqali, izlash, olish va tarqatish erkinligi zimmamizga alohida majburiyat va mas'uliyat yuklaydi va bu borada qonunga muvofiq ravishda ayrim cheklov shartlari o'rnatilishi mumkin. Bizdan lozim bo'ladigani — oqni qoradan, to'qni puchdan, haqiqatni yolg'ondan, dalilni provokatsiyadan ajrata olish. Konstitutsiyamizning 33-moddasiga kiritilayotgan yangi normalarda har bir shaxsning internet jahon axborot tarmog'idan erkin foydalanish huquqi hamda mazkur huquqlarni cheklashga qaysi hollarda yo'l qo'yilishi aniq belgilanmoqda.

 — Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning aynan 33-moddasi insonlar uchun yana qanday huquqiy erkinliklar beradi?

— 33-moddaning ikkinchi qismida “Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega” degan norma bor. Bu faoliyat uchun sharoitlarni yaratish davlat tomonidan kafolatlanadi. Biroq shu bilan birga mazkur yo'nalishda ayrim cheklash shartlari ham Konstitu­siyada aniq belgilanmoqda. Xo'sh, buning sababi nimada? Ta'kidlash joiz: bu media sohasi uchun hech qanday chek­lov emas, aynan cheklash shartlaridir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 33-moddasi to'rtinchi qismida bu normalarning mustahkamlanishi hech bir holatda OAVlar faoliyatini cheklamaydi, balki fuqarolarimizning huquqlari, ularning himoyasi va xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan, deya tushunishimiz darkor. Bunda konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog'lig'ini, ijtimoiy axloqni, bosh­­qa shaxslarning huquq va erkinlik­larini himoya qilish, jamoat xavfsizligi hamda jamoat tartibini saqlash, shuningdek, davlat sirlari yoki qonun bilan qo'riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadi ko'zda tutilgan. Mazkur huquq va chek­lovlar raqamlashtirish asrida demokratik, huquqiy va adolatli jamiyat qurayotgan barcha davlatlar uchun zarur. Ularni Konstitutsiyamizda mus­tahkamlash fuqarolarimizning huquqlarini amalga oshishi, ularning himoyasi va xavfsizligini ta'minlash uchun muhim ahamiyatga ega.

— Suhbatimiz so'nggida mavzu yuzasidan lozim topsangiz yanada ko'proq mulohazalaringizni bayon etsangiz…

— O'zbekiston Prezidenti mamlakatimizda olib borilayotgan ochiqlik siyosati orqaga qaytmaydigan jarayon ekanligini takror va takror ta'kidlaydi. Shu sababli axborot vositalarining va jurnalistlarning faoliyatiga to'sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo'lishi Bosh qonunimizda qat'iy belgilab qo'yilmoqda. Umuman, taraqqiy etgan mamlakatlarning tarixiy tajribasi shuni ko'rsatmoqdaki, so'z va matbuot erkinligini ta'minlamay turib iqtisodiy rivojlanish va aholi farovonligiga erishish dargumon.

Bugun mamlakat obro'yi, davlat mavqei uning tabiiy boyliklari, moddiy zaxiralari bilan emas, balki hazrati insonga bo'lgan e'tibori bilan o'lchanadi. Zotan, siyosatshunoslar aytmoqchi, bir inson hayotini qadrlay olmaslikdan boshlanadigan muammo ko'pincha butun bir millatlar uchun hayot-mamot masalasiga aylanib ketadi.

Jilovlangan OAV, bosimga tobe jurnalistning davlatga ham, jamiyatga ham hech qanday nafi yo'q! Yopiqlik va korrupsiyaviy senzura bilan dunyo hamjamiyatiga uyg'unlashishimiz ham orzuligicha qolaveradi. Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimiz esa biz uchun mustahkam huquqiy kafolat, u yoki bu tazyiq- tahdidlardan xaloskor kuch va adolat qalqoni bo'lajak!

Gulzebo Ibrohimova

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

three × three =