“Haqiqiy jurnalist sovg'a kutib ishlamaydi…”

Taniqli jurnalist, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Karim Bahriyev bilan muloqotda bo'ldik.

Karim BAHRIYEV — 1962 yil Urgut tumanida tug'ilgan. 1985 yilda M. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. “Sabr kosasining siniqlari”, “Tomchidil” she'riy to'plamlari, “Demokratiya va inson huquqlari”, “Jurnalistning huquq, burch va mas'uliyati”, “Ommaviy axborot vositalari faoliyati asos­lari”, “Ommaviy axborot vositalari va saylovlar”, “So'z erkinligi haqida so'z” nomli kitoblar, qator tanqidiy-tahliliy maqolalar muallifi.   Hozirda “Oltin meros” xalqaro xayriya jamg'armasining “Meros-News” axborot xizmati rahbari hamda O'zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti o'qituvchisi sifatida faoliyat yuritmoqda.

 

— Karim aka, suhbatimizni urgutlik yosh shoir Karim Bahriyevning bir paytlar siyosatga ham aralashgani haqidagi xotiralardan boshlasak.

— O'tgan asrning 80-yillari oxirlarida o'sha davrning eng ommabop nashrlaridan biri bo'lgan “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasida bo'lim mudiri bo'lib ishlaganman. Gazeta sahifalarida eng dolzarb mavzularda maqola va felyetonlar chop etilardi. Mamlakat parlamenti deputatligiga nomzodimni o'zim o'qigan maktab jamoasi ko'rsatdi.

O'sha davrda Oliy Kengash turli bahs-munozaralar bildiriladigan qaynoq maskan edi. Xuddi shu parlament mamlakat tarixida birinchi marta prezident lavozimini joriy qildi, Mus­taqillik deklaratsiyasi, Konstitutsiya, gerb, bayroq, madhiya, 500 dan ortiq qonunlarni qabul qildi. O'shanda men dastlab parlamentning til, madaniyat, din va xalqaro aloqalar qo'mitasi raisi Pirimqul Qodirovga, so'ngra oshkoralik qo'mitasi raisi Erkin Vohidovga o'rinbosar bo'lib ishlaganman.

Keyinchalik parlamentda oshkoralik va so'z erkinligi asta-sekin yo'qola boshladi. Shuning uchun ham saylovlarda deputatlikka nomzodimni qo'ymadim. Keyin faoliyatim taqiqlandi va 20 yil davomida kitoblarim chop etilmadi.

— Sizningcha, O'zbekistonda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi bugungi kunda qay darajada?  

— Xalqaro ekspertlarning e'tirof etish­laricha, so'nggi besh yil ichida O'zbekiston hokimiyat ochiqligi bo'yicha 26 pog'ona oldinga siljigan. Bu yaxshi ko'rsatkich.

Esingizda bo'lsa, bundan 7-8 yil avval matbuotda mamlakat oltin zaxiralari haqida hech qanday ma'lumot yo'q edi. Hozir esa bizda qancha oltin borligi ochiq aytilmoqda. Hatto O'zbekistonning tashqi qarzi miqdori haqida ham ma'lumotlar e'lon qilinyapti.

Demak, avvalgidan ko'ra ochiqlik bor. O'ylaymanki, bu boradagi ishlar davom ettiriladi. Chunki jamiyatning ochiqligi uning rivoj­lanish darajasini belgilaydi. Bu jahon tajribasidan ham yaxshi ma'lum.

— Mamlakatdagi bugungi siyosiy jarayon va o'zgarishlarga bir ijodkor sifatida munosabatingiz qanday?

— Quvontirayotgani — xalqning ko'zi ochilayotgani va gapira boshlagani, fikrlayotganidir. Endi bu jamiyat davlatni va jamiyatni ongli nazorat qila olishi kerak. “Jamoatchilik nazorati” iborasidagi “nazorat” so'zining o'zagi “nazar” so'zidandir. Nazorat ko'z solmoq, nazar tashlamoq, ko'z-quloq, bo'lmoq, deganidir. Xalqimizning “Ko'z ko'zga tushsa, mehr qo'zg'alar”, “Ko'zdan nari — ko'ngildan nari”, “Ko'zdan tushgan tildan ham tushar”, degan hikmatlari bor. Jamoatchilik nazorati – xalqning davlat va jamiyat ishlarida ko'z-quloq bo'lmog'i demak. Bu barokot keltiruvchi buyuk harakat demakdir.

Shunday satrlar yodga tushadi:

 

Balkim, sening oshig'ing olchi,

Qing'ir ishing yurib turibdi.

Qilmishlaring eldan yashirin,

Lekin Alloh ko'rib turibdi.

 

O'zbekistonimizda boshlangan islohotlarning boshidanoq xalq davlatga emas, davlat xalq uchun ekanligi e'lon qilindi hamda barcha harakatlar shu tamoyilga qurildi.

Uzoq yillar qabul qilinmay kelingan davlat xizmati, davlat xavfsizlik idoralari, huquq-tartibot idoralari faoliyati qonun doi­rasiga olindi. “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi Qonun va Davlat dasturi qabul qilinib, davlat amaldorlari va oila a'zolari daromadlarini deklaratsiya qilish yo'lga qo'yilmoqda. Oshkoralik va ochiqlik siyo­sati, qiyinchilik va qarshiliklarga qaramasdan, izchil oldinga siljimoqda.

Xo'sh, kimlar jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin? O'zbekiston Respub­likasi fuqarolari, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ro'yxatga olingan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari jamoatchilik nazorati sub'yektlaridir.

Demak, har bir fuqaro jamoatchilik nazoratiga haqlidir. Jurnalistlar ham o'z faoliyatida jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar. Demak, ularga nisbatan hokimiyatning nopisandligiga yo'l qo'yilmaydi. Odatda biror ish, asar yo mahsulotni barpo qilgan inson boshqa bir insonga “Siz ham bir nazar tashlab bering”, deydi. Chunki bir ko'zdan ko'ra ikki yo uch ko'z nazaridan o'tgan narsa mukammalroq, ishonchliroq bo'ladi.

Jamoatchilik nazoratining sub'yekti sifatida barcha fuqarolarning e'tirof etilishi millionlab ko'zlarning nazarini ishga soladi.

Bu millionlab ko'zlar nimaga nazar soladi? Davlat organlarining va ular mansabdor shaxslarining qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, qarorlarda, shu­ningdek, rivojlanish davlat, tarmoq va hududiy dasturlarida jamoatchilik manfaatlarini, jamoatchilik fikrini hisobga olishga; fuqarolarning, yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, jamiyat manfaatlarini himoya qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining ijro etilishini ta'minlashga; o'z zimmasiga yuklatilgan, ijtimoiy va jamoatchilik manfaatlariga daxldor bo'lgan vazifalar va funksiyalarni bajarishga; davlat xizmatlarini ko'rsatishga; ijtimoiy sheriklik doirasida amalga oshiriladigan bitimlar, shartnomalar, loyihalar va dasturlarni bajarishga doir fao­liyati jamoatchilik nazoratining ob'yektidir. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o'tkazilayotgan, mansabdorlarning ko'nikishi va xalqning faolligini uyg'otish qiyin bo'layotgan islohotlarning bugungi nuqtasida ochiqlik, oshkoralik va jamoat nazoratini kuchaytirishga urg'u berilishi bejiz emas.

 — O'tgan yillar davomida shoir va yozuvchi sifatida nima topdingiz, nima yo'qotdingiz?

— O'zingiz yaxshi bilasiz, shoir sifatida juda kam yozganman. Birinchi kitobim bilan ikkinchisining orasidagi farq 23 yil. O'sha davrda she'riyat o'ziga xos ijtimoiy hodisa edi. She'riy to'plamlar yuz minglab nusxada chop etilardi, shoirlar muxlislar bilan to'la zallarda she'r o'qirdi. “Badiiy kengash” degan tuzilma bor edi va nashrdan oldin har bir kitobni sinchiklab tahrir qilardi.

Bugun esa har ikki odamning biri she'r yozyapti. Muallifning o'z mablag'i hisobidan kitob chiqarishi odatiy hol bo'lib qoldi. Hatto mansabdorlar ham badiiy ijod bilan shug'ullana boshladi. Eng yomoni, she'riyatning badiiy saviyasi tushib ketdi. Zero, insonga iste'dod faqat Xudo tomonidan beriladi.

Bir fikr meni qattiq bezovta qilsagina she'r yozaman. Shuningdek, badiiy ijodning bosh­­qa turlari, masalan, tarjima bilan shug'ullanaman. Keyingi ikki yil ichida jahon adabiyotidan beshta roman tarjima qildim. Qolaversa, yaqinda rus va o'zbek tillarida “Jurnalistika. Savol-javoblar” kitobim nashr etildi. Hozirda dunyoning 200 ga yaqin eng yaxshi shoirlarining eng yaxshi she'rlarini o'z ichiga olgan “Jahon she'riyati antologiyasi” kitobi ustida ishlayapman.

— Nega hozirda odamlar o'z muammolarini rasmiylardan ko'ra ko'proq jurnalist va blogerlarga aytishyapti?

— Jamiyatimizda demokratiyani   va uni istamaydiganlar ham bor. Bu tabiiy hol. Davlatimiz rahbari islohotlar asosan xalq uchun xizmat qilishini ta'kidlaydi. Prezident demokratiya tarafdori, biroq ayrim mansabdor shaxslarning noqonuniy faoliyati, fosh etilgan korrupsiya holatlari ba'zi amaldorlar hamon eskicha ishlashda davom etayotganini ko'rsatadi. Bunday vaziyatda odamlar adolat izlab Prezidentga, OAVlarga murojaat qilmoqda. Va bu murojaatlar o'zining natijasini beryapti.

— Jurnalist va bloger orasidagi farq nimada?

— Jurnalist o'z faoliyatini O'zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi Qonuni asosida amalga oshiradi. Ular o'z sha'nini va o'zlari ishlayotgan tahririyat sha'nini himoya qiladilar.

Bloger esa ma'lumot olish huquqi asosida yolg'iz ishlaydi. U jurnalist bilan birga xuddi shu vazifani bajarsa-da, ish uslubi sal boshqacharoq.

Haqiqiy jurnalist mukofot yoki sovg'a kutib ishlamaydi. Jurnalist – yolg'on va maddohlikdan hayo va nomus qiladigan, rost so'zlashi va yozishi kerak bo'lgan botir insondir. Matbuot va so'z erkinligi inson erkinliklarining kalitidir.

Inson o'z huquq va manfaatlariga talabgor bo'lishi uchun eng avvalo, ularni izhor qilish huquqiga — so'z erkinligiga ega bo'lishi lozim. Agar o'z haq-huquqlaring haqida aytishniki iloji bo'lmasa, ularga ega bo'lish, erishish haqida o'ylamasa ham bo'ladi. Matbuot va so'z erkinligi ta'minlangan yurtda tafakkur rivojlanadi.

So'z erkinligini bo'g'adigan davlat o'z ildiziga bolta urayotgan, o'zi ichadigan daryoni quritayotgan, amaldorlarining qalloblik botqog'iga botishining oldini oladigan va xavfdan ogoh etadigan jarangdor qo'ng'irog'ini parchalayotgan, o'z miyasini el­-ulusdan kelayotgan hikmatlardan mahrum etayotgan, demakki, o'zini fikr­sizlik, turg'unlik o'pqoniga — tanaz­zulga sud­rayotgan bo'ladi.

Matbuoti erkin demokratik tuzum esa aynan xalqning fikriga tayanadi, xalqdan himoya topadi, xalqi kuchga to'lgani sari o'zini kuchli, xavfsiz sezadi. Ya'ni, o'zini anglagan, uyg'oq xalq o'zini ham, davlatini ham, mamlakatini ham anglaydi, o'z qadrini ham, yurt nufuzini ham baland qo'yadi. Erkin matbuotsiz va jasur jurnalistlarsiz korrupsiya avjiga chiqadi. Prezidentimiz OAVga ochiqlikni bergani, jurnalistlarni doim qo'llab-quvvatlayotgani bejiz emas.

— Uchinchi Uyg'onish davri, ya'ni Renessans siz uchun nima?

— Uchinchi Uyg'onish davri   haqida gapirish hali bizga hozircha erta deb o'ylayman. Hozircha uning poydevorini yaratish niyatidamiz.Yana bir gap. Biz yaqin o'tmishda juda ko'p marta tilga olgan “buyuk kelajak” uchun emas, balki Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek, hayotimizni bugun yaxshilashga harakat qilishimiz va shunga intilishimiz kerak. Zero, bugun yaxshi yashagan odamlargina ertangi yanada porloq kun umidi bilan yashaydilar.

 — Shoir Karim Bahriyevning yangi rejalari qanday?

— Endi hayotning ko'pi o'tganini bildik, qolgani fikrlash va yozish bilan o'tishi kerak. Mansab, hoyu havaslar uchun vaqt qolmadi. Qirq yil maqola yozibmanu bir kitob qilmabman, to'planib qolibdi.

Oltmishga kirganimni eslatib, nafaqaga chiqarishgach, to'pladim. Bir tom — she'riyat, bir tom — adabiy maqolalar, ikki tom — publitsistik maqolalar, ikki tom — she'riy tarjimalar, ikki tom — so'z erkinligi borasidagi maqolalar va suhbatlar, bir tom — ajdodlarim va oilam haqidagi kitob, ikki tom — media huquqi va so'z erkinligiga oid rus tilidagi kitob… Shularni yig'dim va ko'rib chiqyapman. Endi chop etish kerak. Yana yozishda davom etamiz…

— Dilingiz tubida qolayotgan yana qanday fikrlar bor?

— Fikrlar ko'p, qay birini aytay?! Allohga shukur, hozircha aqldan mosuvo qilmagani uchun. 1972 yil edi, shekilli. Televizorda Abdulla Oripov bilan bir yarim soat uchrashuv berildi. Shoir ko'zi chaqnab, she'r o'qigan edi: “Meni o'ldirdilar… O'zimning tilimda so'zlab yurganlar. Ular kimlar edi? To'rvadan bo'lak Ilinji bo'lmagan gadoy xurofot”. “Balkim biror bobom shahanshoh o'tgan, balkim tomirimda darvish qoni bor…”

O'sha kundan, o'sha lahzalardan shoir bo'lishni orzu qildim va shu bugungacha ham shu orzuning ortidan yuribman, uning izidan sargardonman. Men adabiyotda ham, fanda ham, ijtimoiy hayotning boshqa sohalarida ham bir narsani qabul qilolmadim. Bizda bag'rikenglik yetishmaydi, buyuk maslaklar yo'lida birlashish noyobdir, ammo mayda manfaatlar, mahalliychilik, tarafkashlik asnosida birlashish, to'dalashish, olomonlashish an'anasi kuchlidir. Biror kimsani ustoz deya etagidan tutsang, uning raqiblari seni ham talaydi, falon domlaning shogirdi, deb kun bermaydi.

Bu bir sabab bo'lsa, o'zimning uzlatga moyilligim yana bir sabab bo'lib, men biror bir muayyan to'daga qo'shilmadim, biror bir ustoz­ning tevaragida parvona bo'lganim yo'q.

Shuni aytish kerakki, dunyoda hech qaysi hokimiyat ommaviy axborot vositalarini yaxshi ko'rmaydi – buni orzu ham qilmaslik kerak. Totalitar hukumat matbuotni jilovlashga, bo'g'ishga urinadi. Demokratik hukumat ham mass-media­­ni sevmaydi, ammo u ommaviy axborot vositalariga “chidaydi”, sabr-toqatli munosabatda bo'ladi. Shular kabi fikrlarni o'ylayapman.

Yormamat RUSTAMOV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × one =