“Faxrim shuki, men — pedagogman!”

Ta'lim sohasida jadal amalga oshirilayotgan islohot va yangilanishlar pedagog xodimlardan yangicha qarash va yangi zamon bilan hamqadam va hamfikr bo'lishni talab etmoqda. Ta'lim sohasini tubdan takomillashtirish davr talabiga aylanishi bilan birga maktablarda ham boshqaruv madaniyati yuksalishi yo'lidagi amaliy ishlar ko'zga tashlanmoqda. Ta'lim maskanidagi har qanday yutuq esa fidoyi pedagoglar faoliyati bilan bog'liqdir. Shu ma'noda Chirchiq shahridagi 11-sonli umumiy o'rta ta'lim maktabi direktor o'rinbosari, fidoyi pedagog Mashrab Narziyevga bir necha savol bilan murojaat etdik.

— Mashrab aka, dastlab an'anaviy savol: nega pedagoglik kasbini tanlagansiz?

— Urgut tumanidagi chekka bir qishloqda tug'ilganman. Otam traktorchi, onam esa sobiq “kolxoz”da ishchi bo'lib ishlardilar. Otam nihoyatda talabchan kishi edi. Ba'zan otamning qattiqqo'lligi oldida onamning “balogardon”ligi ham ish bermay qolardi. Ayniqsa, maktabdagi o'zlashtirishlarimiz va baholarimizni otam muntazam kuzatib borardi. Shuning ta'siridanmi, o'zimcha sirli va sokin bir dunyo axtarardim. Bunaqa paytlarda bobomning oldilariga oshiqardim. Bizda boboni, katta ota, deyishadi. Katta otam orzu va intilishlarim qushlariga qanot bo'lganlar. U kishi Urgut tumanidagi 21-maktabda matematika o'qituvchisi edi. Nazarimda katta otam hammadan ko'ra ko'proq narsani biladiganday tuyulardi. Ularga intilishim ortidan menda ham matematika faniga qiziqish uyg'ongan. Avval bobomdan to'rt amalni o'rganganman. O'ylab qarasam, o'sha amallar ilm yo'lini tanlashimga poydevor bo'lgan ekan.

— Talabalik va hayot imtihonlaridan uqqanlaringizdan ko'nglingiz to'ladimi?

— Talabalik davrlarim ham oson kechgan deyolmayman. U paytlarda baho uchun emas, o'z bilim darajamizni belgilash uchun ham o'qirdik. Alisher Navoiy nomidagi Samarqand davlat universitetini 1996 yilda tugatganman. Ilm olish mashaqqatlari hayo­tiy mashaqqatlar bilan to'qnash kelganida ham baribir hammasi “hisob”da bilinarkan (kuladi). Sababi yaxshi o'qituvchi, ko'zga ko'ringan pedagog bo'lish uchun ham o'z ustingda tinimsiz izlanish, o'quvchilarning qiziqishini oshira olish kerak. O'qituvchi hamisha ham o'quvchiga talab qo'ya olmaydi, shuning uchun vaqtida ularni rag'batlantirib turish ham foydadan xoli bo'lmaydi.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz yurt uchun ot ustida ham qanchalik sergak va bedor bo'lgan bo'lsalar, biz o'qituvchilar yoshlarning ta'lim-tarbiyasi yo'lida ana shunday sinchkov bo'lishimiz lozim.

Samarqand – avliyolar shahri, qanchadan-qancha buyuk insonlarga beshik bo'lgan makon. Yaratganning nomi naqshu bezaklar bilan bezatilgan har bir peshtoq va har bir minorada o'zgacha falsafa bor. Talabalik damlarimni eslaganimda ba'zan Samarqand meni o'ziga chorlaydi. Sochlaringga oq tushganida bosib o'tgan yo'ling haqda ko'p o'ylarkansan. Hayotning o'zi bir maktab, shu maktabda uqqanlarini o'quvchilariga ham yetkaza olgan ustozlarning hamisha jamoada, maktabda o'z o'rni bo'lgan.

— Matbuotda, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda bong urilayotgan o'qituvchi va o'quvchilar o'rtasida sodir bo'layotgan turli xunuk voqealarga munosabatingiz qanday?

— Menimcha, hozir o'quvchilarning maktabga uyali aloqa vositalari bilan kelishlari, qo'l telefoniga mukkasidan ketishlar ortidan ham shunday mashmashalar kelib chiqmoqda. Virtual olam ta'sirida kech uyquga yotish, asabiylik, jizzakilik, darslarni vaqtida bajarmaslik, gap ko'tara olmaslik ham shular tufayli kelib chiqmoqda. Yana bir sabab, maktablarda erkak o'qituvchilarning kamayib ketgani. Bola oilada otadan hayiqib turgani kabi maktabda ham jiddiy muomaladan cho'chib turgani ma'qul. O'zini to'kis va g'ururli bilgan o'smir yoshidagi o'quvchilarning ko'pchiligi o'z ichki “men”ini boshqalar bilan taqqoslay boshlaydi. Ana shundan o'qituvchilarni mensimaslik, dars o'tayotgan o'qituvchiga dars jarayonida halaqit berish kabi vaziyatlar yuzaga keladi. Bu siz aytgan “dahanaki jang”­larga sabab bo'lmoqda. Shu o'rinda aytmoqchimanki, har qanday holatda o'qituvchining o'z o'quvchisini urishi, kamsitishiga mutlaqo qarshiman. Agar o'qituvchi o'z kasbiga munosib, psixolog bo'lsa bunga ehtiyoj ham tug'ilmaydi.

— Erta tongdan hamma sizni maktab eshigi oldida ko'radi, ularga qarab nimalar haqda o'ylaysiz, o'zingizda qanday ichki da'vatlar his etasiz?

— Odatda juda erta uyg'onaman. Uyg'onganimda ham meni ta'lim dargohi, maktab ostonasi va u yerdagi o'z mas'uliyatim borligi uchun ham maktabga shoshilaman. Maktab hovlisidagi orastalik va obodonchilik ishlari, o'quvchilarning vaqtida kechikmasdan maktabga kelishlari, agarda kechikadigan bo'lsa, sabablari bilan qiziqish ham mening zimmamda ekanini his qilaman. Bu nigohbonlik, darslarning o'z vaqtida boshlanishini nazorat qilish, maktab oshxonasidagi tozalik va tartib, tadbirda o'quvchilarning faolligi—bularning bari hamisha mening zimmamda bo'lgan. Maktabdagi ma'naviy-ma'rifiy ishlarga javobgarlik, pedagog xodimlarning muammolari bilan doimo qiziqib, shug'ullanib kelganman. Ichki da'vatga keladigan bo'lsak, da'vat bu burch va mas'uliyat, barkamol va ma'naviyatli bir avlodni tarbiyalash yo'lida o'zni fido etish demakdir.

— Yaqinda “Xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishoni bilan taqdirlanibsiz, buni kutgan edingizmi?

— To'g'risi, kutmagandim ham deyolmayman. Munosiblar ichida munosib bo'lish ham oson ish emas. “Xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishonini olganimda avvalo ko'z oldimga rahmatli katta otam, ota-onam, ustozlarim keldi. Bu ishonch, bu rag'bat ortidan hali kelajakda qiladigan ishlarim ko'pligini ich-ichimdan his qildim. Prezidentimizning kuyinchakliklari — ta'lim sifatini oshirish borasidagi islohotlardan ko'p qatori men ham mamnunman. Qarang, Xalq ta'limi vaziri jamg'armasi tashkil etilib, yuqori ko'rsatkichlarga erishgan pedagoglarni qo'shimcha rag'batlantirish va malakali xodimlar faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida 2022 yilda jamg'armaga davlat byudjetidan 300 milliard so'm ajratilibdi. 2024 yil 1 sentyabrga qadar Milliy o'quv dasturining ta'lim jarayoniga to'liq joriy etilishi ham kelajakda o'z mevasini berishiga ishonaman. Ammo bu va bunga o'xshash imtiyozlar o'qituvchilarga mas'uliyat ham yuklaydiki, bu ma'lum ma'noda talab hamdir. Ma'naviy-ma'rifiy ishlar samaradorligini oshirish va bu borada maktab direktori, ota-onalar va mahalla raislari mas'uliya­tini kuchaytirish maqsadida 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikamizning barcha tuman (shahar)lari kesimida namunali maktablar reytingi shakl­lantirilib, e'lon qilib boriladigan bo'ldi. Shu bilan birga maktablarda ma'naviy-ma'rifiy ishlar holatini baholash va reytingni yuritish ham nazarda tutilgan. Ana shunday talab aniq bo'lsa, ish ham barorli bo'ladi. Har bir o'qituvchi sinfga kirgani zahot qalbida faxr-iftixor bilan:

“Faxrim shuki, men — pedagogman!..”, deya olsa baxt shudir.

Dilorom TIRKAShEVA

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − eight =