Vatan tuprog'i ko'zga to'tiyo
Baxshilar… ular el iqtidorlari, xalqimizning boy san'ati, milliy qadriyatlariga esh jonkuyar insonlardir.
Yurtimizda baxshichilik san'atiga e'tibor keyingi yillarda davlat siyosati darajasiga ko'tarildi. Prezidentimiz tomonidan baxshichilikka oid nufuzli anjumanlar o'tkazilayotgani, el ardog'idagi baxshilar qadrlanayotgani, yosh iqtidorlarni esa qo'llab-quvvatlash uchun “Baxshichilik maktablari” tashkil etilgani milliy san'atimizga, ma'naviyatimizga g'amxo'rlikning yana bir namunasi desak xato bo'lmaydi.
O'zbekiston xalq baxshisi, “Do'stlik” ordeni sohibi Qahhor baxshi Rahimov nomi qo'shni mamlakatlar, Osiyo-yu Yevropa, ummonlar osha Amerikada ham ma'lum va mashhur. Uning ijodiy kutubxonasidan yetmishga yaqin an'anaviy va zamonaviy dostonlar, yuzdan oshiq zamonaviy termalar, uch yuzdan ziyod she'rlar, ko'plab rivoyat, hikoyatlar, to'rtliklar o'rin olgan, 10 dan ortiq kitoblari nashr etilgan.
Quyida 45 yildirki qo'lida sozi, ruhida parvozi bilan odamlarga ruhiy ozuqa berib, ma'naviy qanot bag'ishlab kelayotgan O'zbekiston baxshilarining mashhurlaridan biri Qahhor baxshi bilan bugungi tezkor va shiddatli hayotimizda bo'layotgan o'zgarishlar, ma'naviyat va ma'rifat olamida kechayotgan yangilanishlar, ijodkor qalbining evrilishlari haqida suhbatlashdik.
— Qahhor aka siz bilan ko'p suhbatlashganmiz. Va sizni har gal o'zgacha kayfiyat, o'zgacha hayrat, hayajon og'ushida ko'raman. Mana bugun osmonidan sallador nurlar yog'ilib turgan, pastu baland tog'lariga boqsang ruhing tozarib, ko'ngling yorishadigan afsonaviy Qodir baxshi yashab o'tgan maskanda, bolaligingiz o'tgan xonadonda siz bilan diydorlashib o'tiribmiz. Bugun butun bir mamlakat, katta bir el chinakkam yangilanish, o'zgarish davrini boshidan o'tkazmoqda? Sizning aqlu idrokingizda, ruhiyatingizda nimalar o'zgardi, qanday tug'yonu-tebranishlar yuz bermoqda?
— Keling avval bir terma aytayin. Chunki do'mbiram sayraganda, ko'nglim ochilib, fikrim yana-da teranlashadi…
O'zbekiston qo'rg'onim ona yurtim,
Ulug' ayyom bilan muborak etay.
Ko'zimga to'tiyo har dona garding,
Barcha shodligimni qo'linga tutay.
Dunyoda tengi yo'q bog'-u bo'stonim,
Otamdek ulug'im O'zbekistonim!
Tog'laring Alpomish yelkalariday,
Pahlavon toshlaring
Alining mushti.
Shakarlar jannatning o'lkalariday,
Senga chog'lanadi jasorat gashti.
Yangi tong muborak buyuk osmonim,
Onamdek mushfig'im O'zbekistonim!
Ha, insoniyat paydo bo'libdiki, biror sohaga ko'ngil qo'yadi, uning orqasidan mazmun-ma'no topadi, ro'zg'orini boqadi. Kimki o'z sohasini to'g'ri tanlasa bilingki, ul inson hayot davomida elu yurti ardog'ida bo'ladi. Nebaxtki, men Allohning yarlaqagan bandasi ekanman, saodatmand taqdirim bilan birga tug'ildim. O'zbekiston xalq baxshisi Qodir baxshi Rahimovning dilbandi, izdoshi bo'lib dunyoga keldim. O'z o'zidan ayonki, umrim mazmuni ul zotning hayoti va ijodi bilan chambarchas bog'landi. Garchi otamdan erta ayrilgan bo'lsamda, u kishining hikmatli hayot yo'li, ibratli ishlari hamisha menga shamchiroqdek yo'l ko'rsatib turadi. Baxshi otamning rang-barang ijodiy xazinasi, xasta qalblarni, majruh ruhlarni-da allalaguvchi jonbaxsh ovozi qulog'im ostida mudom jaranglayveradi.
Shu yerda yana bir terma quyilib kelayapti?…
— Juda yaxshi-da, marhamat.
Kechagi yillarda egik edi bosh,
Ko'zimiz kulsa-da yurak to'la yosh
Hatto ma'yus edi ulkan tog'u tosh
Yorug' kuning keldi O'zbekistonim
Po'latday eshsada egilmadik biz
Tamg'adan yov tuzdi qoqilmadik biz
G'iybatlar chaqqanda yiqilmadik biz
Iqboling porloqdur O'zbekistonim
— Hayotning naqshi bo'lgan shoir yozuvchilar, umuman, ijodkor ahlining ko'ngil ravishi turfa ne'matlardan ilhom oladilar. Ba'zi shoirlar tabiatni sevib undan ilhom olsa, boshqasi Vatan mavzusidan ruhlanadi yoxud boshqasi inson go'zalligidan yoki sevgi-muhabbatdan ruhi parvozlanadi. Bu dilbar holat sizda qanday kechadi?
— Men esa Vatan, ozodlik mavzularidan kuch olaman. Undan iftixor qilaman, bu mavzudan ko'zim nurga, gavaram kuch qudratga, qalbim esa ajoyib tuyg'ularga limmo-lim to'ladi. O'zbekistonimiz mustaqil bo'lgan dastlabki yillarda kuylagan termamda:
Vatanim noming ulug' quyoshdan oydan
Shamoling esadi jannatday joydan
Aylanay, tuprog'ingni oltin qilgan
Xudoydan
Qahhor baxshi aytsa
bitmas dostonsan,
Zo'rlarga tenglashgan
O'zbekistonsan
— deb kuylagandim. Bu terma hali hanuz, ko'pgina nufuzli tadbirlarda qayta-qayta aytilaveradi. Ruhiyatim bu termalarga qoniqmagan holda ichimni qitiqlay boshlaydi ko'zlarim daftar qalamni, tuyg'ularim kamtarona tashbehlarni izlay boshladi. Bu termaning iziga — “hech qachon bundayin zamon bo'lmagan” degan terma dunyo yuzini ko'rdi va ko'pgina olqishlarga sazovor bo'ldi. O'nga yaqin yaratilgan termalar Vatanimning mustaqilligiga bo'lgan muhabbatimni, chanqog'imni qondira olmayotganday tuyula beradi. Tangriga tavakkal qilib ko'rgan-kechirganlarimni jamlab Istiqlol degan yangi zamonaviy doston yaratdim. Yangi doston bergan kuch meni yana dostonlar yaratishga undadi. Temur va Boyazid degan dostonga qo'l urdim qarangki bu doston 2019 yilda turk tilida do'mbira notalari va tahlillari video yozuvlari bilan katta tirajda Anqarada nashr etildi. 2016 yil Alpomish dostoni ham turk tilida nashr etilgan edi.
Mana mendek ijodkorga berilgan bunday imkoniyatlar va ne'matlar o'tmishda yashab o'tgan baxshilarga berilmagan edi.
Hatto ularning birgina termasi tuman gazetasida chiqishga ruxsat berilmasdi. Xudoga shukur shunday dorilomon kunlarni Tangrim bizlarga ato qildi. Buning uchun Yurtboshimizga ming bora rahmatlar aytaman.
Bu qizg'in shukronaligimning sababini so'rashsa, quyidagi uch omilni aytib bergan bo'lur edim.
Birlamchi Vatanimiz Amir Temur hazratlari davrida ikki asrdan ko'proq mustaqillik shabadasidan ozod erkin nafas oldi. Keyinchalik yarim asrdan ortiq mustamlakadan bosh ko'tara olmadi. O'sha zamonlarda Vatanni himoya qilish uchun jon bergan avlod-ajdodlarim haqqi-hurmati mustaqilligimizni butun borlig'im bilan e'zozlayman. Ikkilamchi Otam va ustozim buyuk Qodir baxshiga mustaqillik davrini ko'rish nasib etmadi. Lekin Alpomish dostonini kuylayotganda Alpomish qalmoq mamlakatidagi zindondan chiqib zolimlardan qutulib ona vatani Boysun-Qo'ng'irotga qaytayotgan holatini shunchalar zavq bilan to'lib-toshib, xuddi o'z vatani ozod va mustaqil bo'lganday berilib kuylar ediki, o'sha qo'shiqlar ohangida, otamning qalbining tub-tubida Vatanni mustaqil ko'rish orzu niyatlari borligi, tinglovchiga yaqqol sezilib turar edi. O'zi ham alp tog'lariday tenglashib, yuzi yorishib, gavarasi kengashib, chehrasidan nur yog'ilib bulbul kabi sayrashi Vatan mustaqilligiga tashna dillarning chanqog'ini, so'lish arafasiga kelgan gulga suv quygani kabi yashnatib yuborar edi. Yo, Rabbim so'z, soz va ovozning qudratini ko'ringki doston tugagach odamlar xuddi Alpomishday guvranib, suyunib mustaqil bo'lgan bir elat kabi shodu xurram uylariga tarqalib ketar edilar.
Uchlamchi men o'sha sho'ro davrini 36 yil ko'rib, kechirdim. Ammo O'zbekistonimizda so'nggi 5-6 yil ichidagi beqiyos o'zgarishlarni ko'rish baxti bilan yashayapman. Bugun ishlayman, mehnat qilaman, ijod qilaman degan insonga berilayotgan e'tibordan boshimiz osmonda!
Allohimga behad shukurki, shu kunlarga yetkazgani haqqi hurmati Vatanim tuprog'ini ko'zimga to'tiyo qilaman va Vatanim hurligini shu bois juda ham qadrlayman.
Ozoda BEKMURODOVA suhbatlashdi.