“Adabiyot qog'ozdan qochib, baribir yo'q bo'lib ketmaydi”

Xitoylik adabiyotshunos olim va tarjimon Tzemin Ition Say bilan “Hurriyat” uchun maxsus

 

Tzemin Ition Say haqida:

Xitoylik adabiyotshunos olim va tarjimon Tzemin Ition Say Xitoy provinsiyasi Tayvanda tug'ilgan. U fan nomzodi ilmiy darajasiga ega, shuningdek, kimyo muhandisligi va amaliy matematika bo'yicha magistr diplomlari sohibi. U fan, muhandislik va adabiyotga umumiy va ijobiy qiziqishni saqlab qolgan holda, keng ko'lamli tajribaga ega olim hamda mohir shoir, esseist, romanist, muharrir, tarjimon, muhandis, matematik. Uning adabiy ijodi tabiatni tasvirlash, his-tuyg'ular va insoniylik anatomiyasi, yozuv, grafik yozuv va ularning o'zaro bog'liqliklariga ixtisoslashgan. U o'z mamlakatida o'quv materiallarini ishlab chiqarish bilan birga, ta'lim tadqiqotlarini amalga oshiradi. Ko'plab milliy adabiy mukofotlarga sazovor bo'lgan. Ijodiy namunalari ko'plab antologiyalarda, 50 dan ortiq mamlakatlarda kitoblar, jurnallar va gazetalarda nashr etilgan. Dunyoning 20 dan ortiq tillarga o'girilgan. U hozirda Tayvandagi Osiyo universitetining professori, “O'qish, yozish va o'qitish” akademik jurnali muharriri. Shuningdek, Tayvandagi Xitoy tili oylik jurnalining ko'p yillardan beri o'z yo'nalishidagi sahifalarini yuritadi.

 

Sherzod Komil Xalil: Qadrli Tzemin Ition Say, keling suhbatimizni ko'p asrlik tarixga va buyuk an'analarga ega Xitoy adabiyotidan boshlaylik. Qadimgi Xitoy she'riyati, o'rta asr Xitoy poe­ziyasi va bugungi Xitoy shoirlarini nima bog'laydi? Sizning prizmangizda bu jarayon nimalarda aks etadi?

 

Tzemin Ition Say: O'ylaymanki bu jarayon boshqa dunyolardagi qadimiy sivilizatsiyalardan katta farq qilmaydi. Albatta merosning uzoq tarixga ega bo'lishi o'ziga xos shon-shuhrat, o'zgacha quvonch, lekin ayni damda o'ziga xos yuk hamdir. Bu hamma uchun, yozuvchilar uchun ham, faylasuflar uchun ham, olimlar uchun ham, rassomlar uchun ham, umuman biror narsaga erishmoqchi bo'lgan har qanday inson uchun bir xil talab. Ming yillar davomida Xitoy she'riyatining evolyutsiyasi hech qanday kutilmagan hodisalarsiz kechdi. U, shuning­dek, nisbatan cheklanmagan arxaiklikdan ko'plab cheklovlarga duchor bo'lgan metrik she'riyatga aylandi. Ayniqsa, Tang va Song sulolalari davrida adabiyotimiz, hozirgi zamonda ozodlikka intilayotgan yangi she'r­lar, yangi poeziya umume'tirof etilgunga qadar, haqiqatan ham uzoq va murakkab evolyutsiyani boshidan kechirgan.

Alalxusus, men bu jarayonni shohidi bo'lganimdan juda baxtiyorman, lekin shunday bo'lsa-da, shaxsan bunday vaqt girdobida qolishni xohlamasdim. Bu qandaydir keraksiz tashvish, albatta vaqt orqaga qaytmaydi, yangilik esa an'analarni buzmaydi. Agar zamonaviy shoirning ijodiy prizmasi kelajakni aks ettira olsa, u o'tmishni to'liq, to'siqsiz tushuntirish qobiliyatiga ega bo'ladi, zero, bugungi kunimiz biz uchun zamonaviy qal'a bo'lsa, o'tmish uning tayanchi va zaruriy shartidir. To'g'ri va batafsil tavsif berishim kerak bo'lsa, men buni falsafa sifatida ko'rishni afzal ko'raman. Shaxsan men she'r yozishni o'ziga xos mahorat deb hisoblashga qo'shilmayman, negaki bu irq, mavzu, mintaqa va mamlakatga qarab farq qilmaydi. Demak, bu savolga falsafiy ohangda javob berishga ruxsat bersangiz, ijodkorlarning barcha ijodiy ishlari, u she'rmi, yo nasrdagi romanmi, inson tabiatini tahlil qiladi deb umid qilaman.

 

Sherzod Komil Xalil: An'anaviy Xitoy nasri, uning buguni va istiqbolini belgilab beruvchi omillar haqida nima deya olasiz?

 

Tzemin Ition Say: Men bu savol ortida qanday ma'no yotishini to'liq tushuna olmayapman, bunga asosiy sabab shuki, bir xil savol va javoblarni miyamda takroran in'ikos etmayman. Zero, shaxsan men uzoq vaqt davomida an'anaviy xitoy madaniyati haqidagi bilimlarni ochko'z shimgich kabi o'zlashtirish uchun butun hayotim kuchini deyarli tugatdim, lekin men uning kelajagi haqida, hatto siz diqqat markazga tortishga undayotgan nasr haqida qayg'urishga bir soniya ham sarflamadim. Men atrofimga qaradim va o'z fikrimga rioya qilish uchun juda ko'p sabablar borligini aniqladim. Hech kim kelajak istiqbolini aniq ayta olmaydi, shuning uchun bu haqda tashvishlanish kerak emas. Chunki istiqbol yo'l chetidan poezdga qo'l silkitayotgan go'zallik singari bizdan olisda mavjud bo'lib, vagonning yo'nalishini vagondagi yo'lovchilar emas, jilovni ushlab turgan poezdbon belgilaydi.

O'sha nasrning sizning e'tiboringizni jalb qilishiga sabab, uning Xitoy adabiyotidagi o'ziga xosligi bo'lishi mumkin, bu esa xitoy adabiyotining dunyoning bosh­­qa mamlakatlari adabiyoti taraqqiyotidan mus­taqil holda deyarli o'ziga xos begona qilib qo'yilganligi bo'lsa kerak deb o'ylayman. Mening ko'plab mahalliy ijodkor do'stlarim bu haqda qulog'imga shipshiydilar. Mening shaxsiy fikrim esa, ularga shunday yangraydi: “G'azablanadigan hech narsa yo'q”. Bu nafaqat yaxshi, balki davom ettirishga arziydigan narsa. Shuning uchun Xitoy adabiyoti o'tgan million yillardagi kabi, yana millionlab yillar davomida porlashda davom etadi.

Sherzod Komil Xalil: Bugungi postmodern makonda she'riyat va nasrning omon qolish imkoniyatlari qanday? Bu borada Xitoyda adabiyotga qanday e'tibor qaratilmoqda? Kitob va adabiyot omon qolishi mumkinmi?

 

Tzemin Ition Say: Agar men hozir tushunganimdek, sizning savolingiz kitobning nashriyot formatiga, masalan, jismoniy qog'oz yoki virtual elektron formatga tegish­li bo'lsa sizga Oracle yoki Amazon xo'jayinidan yaxshiroq javob berishim mumkin. Lekin bu muammoning jiddiyligini mendan ham ertaroq anglashingiz ehtimolini ham inkor etmayman. Ha, 30 yildan ortiq adabiyotshunoslik faoliyatim davomida men ham o'zimni sizdek his qilganman, qariganimdan shogirdlarim nafaqat yoshdek, balki adabiyotga ham kam e'tibor qaratayotgandek tuyuladi. Ayniqsa, ularning nafis adabiyotga nisbatan ko'pincha o'ta hissiy munosabati menda istehzo uyg'otadi. Ammo keyin o'ylayman, xo'sh, shunday bo'lsa nima bo'libdi? Talabalik paytlarimizda o'qituvchilarimiz ham shunday muammoga duch kelishmaganmidi?! Zamon g'ildiragi hamma narsani o'z bilganicha tanlaydi. 30 yoki 300 yil hech narsani o'zgartirmaydi, ayniqsa bizning qo'limizdan bu borada nima ham kelardi. Adabiyot qog'ozdan qochib, keyin yo'q bo'lib ketmaydi baribir. Biz kitoblarga qanday ta'rif bergan bo'lsak, adabiyot ham zamon bilan birga o'zini-o'zi belgilaydi. Mening umidsiz nekbinligimga kulmang, men haqiqatan ham shunday deb o'ylayman.

 

Sherzod Komil Xalil: Tushunarli, nisbatan yaqin mintaqada joylashgan bo'lsakda, O'zbekistonning Xitoy adabiyoti bilan tizimli adabiy aloqasi yo'q. Biz Gao Sinszyan va Mo Yan haqida ozgina bilamiz. O'zbekistondagi “Jahon adabiyoti” jurnalida Mo Yanning “Musallas yurti” romani chop etildi. Aytgancha, men shaxsan ushbu muallifning “Tushdan ke­yingi Pekin kuzi” essesini tarjima qilganman. Albatta, bizda xitoy tilini biladiganlar juda kam. Tarjimalar rus va ingliz tillarida mavjud. Aytmoqchimanki, bizda zamonaviy xitoy adabiyotiga, xususan, nasriga katta qiziqish bor, lekin uni qondiradigan tizimimiz yo'q. Shaxsan men Moskvada Gao Sinszyan haqidagi kitoblarni hatto rus tilida ham topishga qiynalganman. Umuman, zamonaviy xitoy nasriga qanday qaraysiz, uni qanday talqin va tahlil qilasiz?

 

Tzemin Ition Say: Sizga tan olishim kerakki, men O'zbekiston yoki rus adabiyoti haqida siz Xitoy adabiyoti haqida bilganingizdan ko'ra ko'proq bilmayman. Gao Sinszyan va Mo Yanni tilga olganingizdan xursandman. Garchi men ularni o'rganish bo'yicha mutaxassis bo'lmasam-da, ular mamlakatimizdagi ikki buyuk zamonaviy yozuvchidir. Adabiyot bo'yicha Nobel mukofoti aurasi ostida ular Xitoy adabiyoti uchun xalqaro adabiyotga yo'l ochgani bor gap. Yo'lning har doim ikki tomoni bo'ladi. Xalqaro adabiyotga yo'l degani, bu Xitoy adabiyotiga ham xalqaro yo'l demakdir. Bir kun kelib shu yo'lda yurish nasib qilsa, yo'lning narigi tomonida sizning do'stona yuzingizni ko'rishni intiqlik bilan kutaman. Yo'lda qancha odam borligi yoki tuman qanchalik zich ekanligi emas, balki bir-birimizga qanchalik yaqin ekanligimiz haqida qayg'urishimiz kerak deb o'ylayman. Shaxsan men tog' tepasida qanday gullarni ko'rishimga ahamiyat bermayman. Men uchun she'riyat, nasr va roman o'rtasida farq yo'q, ayniqsa ijodga e'tibor qaratsam bunga qarab o'tirmayman. Albatta, turli tillar o'rtasidagi tarjima har doim o'tish qiyin bo'lgan bo'shliqdagi ko'prikdir. Ayniqsa, biz hammamiz ingliz tilini umumiy muloqot tili deb bilsak bu yerda ona tilimiz rol o'ynamaydi. Xitoyda “etikning qichishi” degan maqol bor — bu holatni tushuntirish uchun ikki barobar kuch bilan yarim natijaga erishishni ta'riflash kifoya. Bu O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi muammo emas, bu adabiy tarjimonning yo'qligi muammosidir. Meni sizdan yaxshiroq taklifim bor deb o'ylamayman, ehtimol siz va men hamkorlikning birinchi juftligi bo'lsak ajab emas.

 

Sherzod Komil Xalil: Janob Tzemin Ition Say, sizningcha o'zbek-xitoy adabiy hamkorligining istiqbollari qanday? Eng yaxshi o'zbek adiblarining asarlarini Xitoyning nufuzli nashrlarida chop etish va xitoylik yozuvchilarni O'zbekis­tonda targ'ib qilish uchun qanday modelni taklif qila olasiz?

 

Tzemin Ition Say: Mening xitoy tilida yuritiladigan jurnalim bor. Bu oylik adabiy jurnal bo'lib, hozirgacha besh yildan ortiq vaqt davomida nashr etib kelinmoqda. Dunyoning turli davlatlaridan kelgan shoirlarning asarlarini xalqimizga har oyda nashr etaman. Bu men hozir ishlay oladigan eng aniq yo'nalishdir, shuning uchun turli mamlakatlardan kelgan ko'p­lab shoirlarni yurtimiz xalqi taniydi va men bu ishni cheklangan kelajakda to'xtatish niyatim yo'q. Umid qilamanki, adabiy hamkorligimiz uchun bu sizga yaxshi boshlanish deb o'ylashga umid beradi. Har doim mahalliy olim va yozuvchilar bilan suhbatlashish uchun katta tajriba va imkoniyatlarga ega bo'ldim. Shunga qaramay ko'pincha ularning chet el adabiyotiga qaragan ko'zlarini har doim ham ko'ra olmayman. Bu meni qilishim kerak bo'lgan va bizni kutayotgan ishlarni boshqalarga ishontirish uchun hali uzoq vaqt ishlashimiz kerakligiga undaydi. Darvoqe, Xitoy maqolida ham shunday de­yilgan: Agar men do'zaxga tushmasam, demak, kimgadir kerakman.

Siz uchun, gazetangiz va mamlakatingiz uchun eng yaxshi tilaklarni bildirib qolaman do'stim.

Suhbatni

Sherzod Komil Xalil

uyushtirdi.

Moskva. Peredelkino

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

sixteen + fourteen =