Tasavvurning aks-sadosi

Taqdirning taqsimoti hamisha adolatli bo'lgan. Bani basharning har biriga har bir kuniga 24 soatdan vaqt ajratilgan. Biroq undan qay darajada unumli foydalanish, nimalarga sarflash endi har kimning o'z salohiyatiga, xohishiga bog'liq. Ko'plab tarjima asarlari bilan tilga tushgan Mirzaali AKBAROV bilan tarjimachilik, kitobxonlik mav­zuida suhbatlashdik.

Suhbatdoshimiz 1955 yilda Farg'ona viloyatining Beshariq tumanida tug'ilgan, 1977 yilda Toshkent davlat chet tillar pedagogika ins­tituti (hozirgi O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti)ning olmon filologiyasi fakultetini bitirgan. Tarjima asarlari orasida xalqaro Nobel mukofoti sov­rindori Xermann Xesse qalamiga mansub “Cho'l bo'risi” romani hamda Gyotening “Hikmatlar xazinasi” alohida o'rin egallaydi.

X. Xessening “Nyurnbergga sayo­hat”ini, shuningdek, Volfgang Borxert, Gerxard Branstner, Fridrix Kristian Delius, Tomas Mann, Stefan Sveyg kabi olmon hamda olmonzabon shoir va yozuvchilarning ko'p­lab hikoyalari va novellalarini asliyatdan o'zbek tiliga tarjima qilgan…

— Mirzaali aka, bugun nafaqat respublikamizda o'z o'rniga ega bo'lgan, balki muhtaram o'quvchilar mubolag'aga yo'yishmasinu, dunyo tanigan, tan olgan tarjimonsiz. Bu manzillarga yetish oson kechmagandir?

— O'z hayotingga ko'z yugurtirib chiqqaningdan keyingina buyuk ijodkor bo'lishing mumkin, degan ekan Marsel Prust. Ha, aslida kitobga bo'lgan mehr-muhabbatim meni bu yo'llarga boshladi. Otamiz, rahmatlik, to'g'riso'z, halol inson, dehqon odam edi, ammo biroz zabti tang, kitob o'qishimni ham unchalik xushlayvermas, “Qog'ozga termulib o'tirmay, falon-falon ishlarni qilib qo'yinglar”, deya ukam ikkovimizga ish buyurib, o'zlari ko'chaga yoki bozorga ketardilar. Shunda ukam bilan ishlarni bo'lishib olib, o'zimga tegishli yumushlarni tez-tez bajarardim-da, otamiz uyga qaytgunga qadar kitob mutolaa qilardim. O'qigan ilk kitoblarim — “O'zbek xalq ertaklari”, “Hind xalq ertaklari”, “Sayyor truppa”, “Zumrad shahar sehrgari”, “Erali va Sherali” va boshqa asarlar hamon kechagidek esimda. Onamiz, rahmatlik, esa aksincha, kitob o'qishimni rag'batlantirar va o'zlari ham bizga ko'p ertaklar so'ylab berardi.

Qishlog'imizda uzunasiga qurilgan, eski otxona bo'lardi, ota-onamizning aytishicha, urush yillarida kolxozga qarashli otlar shu yerda saqlab boqilgan ekan. Besh-olti yosh bolalik paytlarimizda qarovsiz qolib nuray boshlagan ana shu otxonada ko'chma kinofilmlar, asosan, hind badiiy filmlari olib kelinib namoyish qilinardi. Ayt­moqchimanki, dastavval, hind tiliga mehrim tushgan, keyin maktabga kirib, o'qishga qatnay boshlagan chog'larimda hayotimga rus tili kirib keldi. Uni baholiqudrat o'rganganimizdan so'ng 5-sinfdan bizga nemis tili o'qitila boshlandi va menda nimagadir ushbu tilga alohida mehr-muhabbat uyg'ondi. Bu, albatta — Allohdan. Qolaversa, rahmatlik ustozimiz Sahobiddin Jamolov domlamizning astoydil qilgan sa'y-harakatlarining natijasi o'laroq bu xorijiy tilga mehrim tushgandir. O'sha paytlarda kinochilar hind filmlari bilan bir qatorda urush haqidagilarini ham olib kelishardi. Kunlarning birida “Matonatli kishilar” nomli film namoyish etildi. O'shanda shu film qahramoni, jasur razvedkachi Nikolay Kuznesov (oberleytenant Paul Zibert)ning dushman ichida yurib, amalga oshirgan qahramonona ishlaridan qattiq ta'sirlanganman. Hozirgacha, u sevimli qahramonim va o'sha kino eng sevimli filmim hisoblanadi. Ehtimol, shu filmlar sabab ham o'zga tillarni o'rganishga ishtiyoqim kuchaygan bo'lsa kerak, deb o'ylayman.

Bundan tashqari, domlamiz qo'shimcha ravishda turli xil adabiyotlar, lug'atlar, nemischa gazetalar olib kelib, tilni chuqur o'rganishim uchun qo'lidan kelganicha yordam berar edi. Shu tariqa 1972 yili o'rta maktabni bitirgach, hech ikkilanmasdan Toshkent davlat chet tillar pedagogika instituti (hozirgi O'zbekiston davlat Jahon tillari universiteti)ning nemis tili fakultetiga hujjat topshirdim va kirish imtihonlaridan muvaffaqiyat bilan o'tib, talaba bo'ldim. Ushbu dargohdagi o'qishim davomida Ergash Sarmonov, Shavkat Karimov, Sofya Kesten, Sharif Ro'ziyev (ularni Olloh rahmatiga olgan bo'lsin) va bosh­­qa ustozlarning ilm chashmasidan bahramand bo'lib, olmon tili va adabiyoti bo'yicha bilimlarimni mustahkamlashga erishdim.

— Haqiqatan ham, yoshlikda olgan bilim tosh­­ga o'yilgan naqsh kabidir, deyishadi. Bugun yurtimizda til biladigan yoshlar ko'paya­yotgani esa juda quvonarli. Ammo tarjimachilik borasidagi ishlar hali maqtangulik emas, nazarimda. Yoshlarga bu borada qanday maslahatlar berardingiz? O'zingiz tarjima jarayonida qanday xulosalar chiqardingiz?

— Mutlaqo haqsiz, bugungi tarjimachilik sohasidagi ishlarimiz maqtangulik emas. Xo'sh, buning asosiy sabablari nimada? Fikri ojizimcha, avvalo, ko'plab yoshlarimiz o'z ona tilimizni yaxshi bilishmaydi, adabiyotni, xususan, milliy adabiyotimizni chuqur o'rganishmaydi. Avvalo, mana shu bosqichlar muvaffaqiyat bilan bosib o'tilgandan keyingina rus va boshqa chet tillarni o'rganishga kirishish lozim, deb hisoblayman. O'z ona tilimizdan tashqari, rus, ingliz tillarini ham chuqur o'rganish kerak. Chunki deyarli barcha zarur adabiyotlar, lug'atlar rus tilida, afsuski, hali bizda ularga teng­lashadigan lug'atlar yaratilmagan, vaqti kelib, albatta yaratilar, lekin ungacha boridan foydalanib turishni tavsiya qilgan bo'lardim. Ingliz tili esa allaqachon ommaviy tilga aylanib ulgurdi.

— Hamkasblaringizga tarjima uchun asar tanlashda qaysi jihatlarni hisobga olishni maslahat bergan bo'lardingiz? “Shunga bekor vaqtimni sarflabman”, deydigan tarjimalaringiz bormi?

— Tarjima jarayoni, buyuk Gyote iborasi bilan aytganda, so'lib borayotgan guldastaning suvga solingach, qayta jonlangani kabi haya­jonli va e'tiborga molikdir. Shundan kelib chiqadigan bo'lsak, tarjima uchun  asar tanlashning o'ziga xos jihatlari bor. Bunda ko'proq nimalarga e'tibor berish lozim? Menimcha, eng avvalo, o'sha ma'lum bir xorijiy tilda yaratilgan asar o'zingizga, qalbingizga yaqin bo'lishi, o'qiganda yuragingiz “jiz” etishi lozim, ana undan keyin esa “Ushbu asar milliy mentalitetimizga, urf-odat, an'analarimizga to'g'ri keladimi-yo'qmi, ma'naviy-ma'rifiy va tarbiyaviy jihatdan olganda tarjima qilishga arziydimi-yo'qmi?” degan savollarni mutarjim o'ziga o'zi berib ko'rishi kerak. Shukr­­ki, shunga bekor vaqt sarflabman, degan tarjimalarim yo'q.

— Adabiy bisotimizni ko'plab durdona asarlar bilan boyitganingiz uchun sizdan hamisha minnatdormiz. O'zbek adabiyotini jahonga olib chiqish borasida yangi loyihalaringiz bormi?

— Dastlabki kichik-kichik tarjimalarim talabalik yillarimdayoq matbuot yuzini ko'rgan bo'lsa, o'shandan buyon to hozirgacha o'ttizdan oshiq kitoblarni asliyatdan o'zbek tiliga tarjima qilib, chop ettirdim. Shulardan bir nechtasi taniqli o'zbek shoir, yozuvchi va olimlarining bevosita olmon tiliga o'girilgan asarlaridir. Bir yilcha bo'ldi, mashhur vatandoshimiz, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning “Hikmatlar”ini olmon tiliga tarjima qilgan edim, kitobcha o'tgan yili kuzda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Adabiyot” nashriyotida ming nusxada bosilib chiqdi. Albatta, o'zbek adabiyotini dunyoga olib chiqish borasidagi bunday loyihalarni kelgusida ham muntazam amalga oshirib borishni o'z tarjimonlik burchim, deb bilaman. O'rni kelganda shuni aytib o'tish kerakki, jahon adabiyoti bilan bo'ylashadigan asarlarimiz bisyor, ularni xorijiy tillarga tarjima qilib, dunyo sahniga olib chiqish borasidagi mavjud muammolardan yana biri – masalaning moddiy tarafidir. Zero, xalqimizda “quruq qoshiq og'iz yirtar” degan naql bor, shuni ham hisobga olib qo'ysak, foydadan xoli bo'lmasdi.

— Mashaqqatini nazarda tutishgan bo'lsa kerak “Dushmaningga lug'at tuzdir”, degan hazilnoma ibora bor. O'zingiz nashr ettirgan nemischa-o'zbekcha lug'atning yaratilish jarayoni haqida gapirib bersangiz.

— Haq gap, lug'at tuzishning o'zi nihoyatda mashaqqatli ish, uni chiqarish esa undan qiyin. Sababi, o'z tajribamdan kelib chiqib aytsam, atigi besh mingga yaqin muhim so'z va iboralardan tashkil topgan “Nemischa-o'zbekcha lug'at”imni 2006 yili tuzgan bo'lsam, 2019 yildagina dunyo yuzini ko'rdi. Xo'sh, buning sababi nimada, deb o'ylaysiz? Javob esa oddiy: nashriyotlarimizdagi o'zibo'larchilik, boqibeg'amlik, loqaydlik, noprofessionalizm, qolaversa, til biladigan mutaxassislarning yetishmasligidadir. Axir, bolalarimiz rus tili vositasida emas, o'z ona tillarida chet tillarini o'rganishini xohlamaymizmi?! Yuqorida ham aytib o'tdim, hozir aksariyat lug'atlar rus tilida. Har bir xorijiy til bo'yicha tugal o'zbekcha lug'atlar yaratish davr talabi bo'lib turibdi.

— Mirzaali aka, ko'plab xorijiy mamlakatlarni ko'rgansiz, tabarruk yoshdasiz. Tevaragingizdagi odamlarga, ayniqsa, yoshlarga qarab, nimalarga shoshilish kerakligini uqtirgan bo'lardingiz?

— Kezi kelganda, savolingiz bahona bir “maqtanib” qo'yay: O'zbekistondagi jami germanist hamkasblar orasida badiiy tarjima bo'yicha Yevropaga –  olmonzabon mamlakatlar (Avstriya, Germaniya va Shveysariya)ga ijodiy safarlarga eng ko'p borib kelgan mutarjim o'zimman. Kasbim tufayli dunyo ko'rganimdan faxrlanaman. Yoshlarga hisoblik umrni zinhor-bazinhor behuda ishlarga sarflamaslikni, aksincha, har bir daqiqaning qadriga yetib, jamiyat uchun foydali amallar qilishga shoshilish zarurligini uqtirgan bo'lardim. Zotan, kechagi kun tarix, ertangi kun jumboq, bugungi kun esa Yaratganning in'omidir.

— Farzandlaringizdan ijodiy ma'noda davomchilaringiz bormi? (Oilaviy ishlarga aralashganim uchun uzr so'rayman) Shogirdlaringiz haqida gapirib bersangiz.

— Yo'q, afsuski, farzandlarim ijodiy ma'noda izimdan borishmadi, o'zlari qiziqqan sohalarda tahsil olib, mehnat qilib kelishmoqda. Shogirdlarim bor, Xudoga shukur. Ko'pchiligi ishonchimni oqlashayotganidan xursand­man. Ammo besh qo'l barobar emas, degandek, ularning orasida ishi bitgach, salom-alikni yig'ishtirib qo'yib, qiyshayib ketganlari ham yo'q emas. Nima ham derdim, har kimga Yaratganning o'zi insof bersin.

— Dunyoga uyg'oq qalb bilan qarashni istovchi yoshlarimizga (kattalar ham shu bahona bilib oladi) qaysi asarlarni vaqtni o'tkazmay o'qishni tavsiya qilgan bo'lardingiz?

— Kattalarga, jumladan, yoshlarimizga ham zudlik bilan bu kitobni o'qing, u kitobni o'qimang, deya maslahat berib, bilag'onlik qilish fikridan yiroqman. Chunki har bir kishi o'z ta'b-didi, saviyasi, dunyoqarashi va bilim darajasiga egaki, shunga qarab mustaqil ish yuritaversin, deyman. Eng muhimi, kitob mutolaasidan uzilishmasa, bo'ldi. Chunki mutolaada, ayniqsa, badiiy adabiyot mutolaasi inson qalbini yuksaltiradi, ma'nan oziqlantiradi.

— Suhbatimiz davomida aytmoqchi bo'lgan yana fikrlaringiz bo'lsa, marhamat.

— Modomiki, suhbatimiz mavzui adabiyot, ijod, tarjimaga bag'ishlangan ekan, ruxsatingiz bilan nashriyotlarimiz haqida ham birozgina to'xtalib o'tishni istardim. Hozirgi kunda respublikamizda kitobxonlik va kitob savdosini tubdan yaxshilashning huquqiy asoslari yaratib berilganiga qaramasdan, bu sohada olib borilayotgan ishlar bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. Tarmoqdagi eng og'riqli nuqtalardan biri esa aynan nashriyotlar faoliyati bilan bog'liq. Ming afsuski, hamon ko'pgina nashriyotlarda, kitob do'konlarida o'z ishiga qiziqmaydigan, “kunim o'tsa bo'ldi” qabilida ish yuritadigan tasodifiy kimsalarga duch kelamiz. Nashriyotlarning  aynan kitob savdosini tashkil etishga mas'ul bo'lgan marketing bo'limlari xodimlari o'z ishiga sovuqqonlik bilan qaraydi, oqibatda qanchadan–qancha ajoyib asarlar o'z o'quvchilariga yetib bormasdan, nashriyot omborlarida qalashib, chang bosib yotadi. Natijada esa, sho'ring qurg'ur, mualliflar o'z vaqtida qalam haqi ololmay, qora qozon qaynatishga–da qurbi yetmaydi yoki gonorar o'rniga kitob olib, uni sotish uchun u do'kondan bu do'konga zir yuguradi, bozordagi attorchidek sarson-sargardon bo'ladi. Axir, baraka topgur, ish degani shunday bo'ptimi? Mabodo bilmasak, boshqalardan so'rab o'rganaylik. Misol uchun, Germaniya tajribasiga murojaat qilsak, u yerda yozuvchi yoki muallif faqat ijod bilan mashg'ul bo'ladi, kitobini sotish haqida zarracha qayg'urmaydi, bu ish bilan uning adabiy agenti shug'ullanadi. Literaturagent – adabiy agent kitob chiqqan kuniyoq uni o'quvchilarga yetkazishga harakat qiladi.

—  Mirzaali aka, umid qilamanki, siz va boshqa ko'plab adiblarimizni qiynab kelayotgan bu masalaga ham e'tibor qaratiladi, yechimlari topiladi. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

Aziz NORQULOV

suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

ten + 11 =