Bolg'a va sandon oralig'i bu avlodning taqdiriga yozilgandi

…Bundan roppa-rosa yuz yil muqaddam ko'hna Xorazmning Qipchoq atalmish chekka qish­log'ida bir go'dak dunyoga keladi.

Davr dolg'ali, davr tushuniksiz – Abulg'oziy Bahodurxon iborasi bilan aytganda: “yurt buzulg'on” kezlar — asriy xonlik ag'darilgan, o'rnida jadid ziyolilar barpo etgan Xorazm Xalq Respublikasi sho'rolar fitnalari asoratida so'nggi kunlarini yashayotgan, fuqarolar urushi tufayli qora tun u yoqda tursin, kuppa kunduzlari ham eshiklarga tamba urilgan, yuraklarni qo'rquv zabtiga olgan zamonlar edi.

Dunyoda yuz berayotgan mudhish voqealar shu jajji chaqaloqqa ham daxl qiladi – tug'ish vaqtida onasi vafot etadi va tug'ma ko'zi ojiz ammasi qaramog'ida qoladi. Endigina maktabga borgan vaqtida yurtda ro'y bergan ocharchilikda topgan bir burda nonni yolg'iz farzandi og'ziga tutgan otasi ham bandalikni bajo keltiradi – endi uning peshonasiga chin yetim tamg'asi uriladi.

Turkiy xalqlarda “Yetim o'z kindigini o'zi kesadi” degan otaso'z bor.

Otasi iymonli bobolari   an'anasiga ko'ra Muhammad Yor deb ism qo'ygan, ammo dinsizlar siyosati o'laroq bu ism Madiyor shaklida hujjatlariga yozilgan bu yigit o'z taqdirini o'zi yaratishga ahd qilarkan, avvalo, bilim olishga bor kuchini sarflaydiki, yettinchi sinfda o'qiyotgan vaqtida o'qituvchilar biror yumush bilan qaygadir ketgan vaqtlarda teng­qurlariga saboq ham beradi.

1940 yilda bor-yo'g'i yettinchi sinf ma'lumotiga ega yigitni Shovot tumanidagi maktab-internatga ona tili va adabiyoti fani o'qituvchisi va bir vaqtning o'zida maktab ilmiy bo'lim mudiri vazifasiga ishga qabul qilishadi.

1943 yil bahorda – 20 yashar yigit urushga otlanadi. Dushanbe shahrida zobitlar tayyorlash kursini bitkazgach, 1944 yil boshida Ukrainani ozod qilish uchun boshlangan janglarda vzvod komandiri o'rinbosari sifatida ilk bora jangga kiradi.

1944 yilning avgustida Madiyor Xudoyberganov xizmat qilayotgan 1-Ukraina fronti tarkibidagi o'qchi diviziya Polsha tuprog'iga qadam qo'yadi. Shu yilning 3 avgustida Visla daryosini kechib o'tish vaqtida og'ir yaralanib, besh oy turli gospitallarda davolanib, 1945 yilning yanvarida qishlog'iga birinchi guruh nogironi bo'lib qaytib keladi va yana pedagoglik faoliyatini boshlaydi.

1947 yil… 24 yashar yigit Shovot tuman xalq ta'limi bo'limiga mudir etib tayinlanadi. Bungacha maktabda ilmiy bo'lim mudiri va direktor bo'lib ishlagan, bir vaqtning o'zida Urganch pedagogika ins­titutida sirtdan tahsil olishga ham kirishgandi.

1949 yildan boshlab partiya tizimiga ishga taklif qilinadi va Shovot tuman partiya qo'mitasi kotibi bo'lib ish boshlaydi. 1953-1957 yillarda Moskvadagi siyosiy akademiyada tahsil oladi.

O'qishni tugatgach, viloyat obkomida bo'lim bosh­lig'i, 1959 yildan Xonqa, so'ng Xiva tumanlari rahbari, 1965 yildan esa Xorazm viloyat ijroqo'mi raisi bo'lib ishlaydi.

1968 yil yanvarida uning zimmasiga qadim Xorazmga birinchi rahbar bo'lishdek mashaqqatli vazifa yuklanadi. Va bu sharafli vazifada o'n sakkiz yil xizmat qiladi. So'nggi tarixda, ya'ni Xorazm viloyat maqomini olganidan buyon boshqa biror shaxs viloyatga Madiyor akadek shuncha ko'p muddat rahbarlik qilgan emas!

…Yetim bolakayning boshiga qo'ngan bu baxtning misli tanga misol ikki tomoni bor edi…

* * *

Endi o'zimdan bir shingil eshiting: 1985 yil yozida universitetni bitkazib, Bog'ot tuman gazetasida texnik xodim bo'lib ish boshlaganman. Shu yil paxta terimi arafasida tumandagi mashhur “Bog'ot” jamoa xo'jaligida viloyat faollari yig'ilishi o'tkazildi va menga ushbu majlis haqidagi axborotni yozish topshirildi. Biror olti yuz chog'liq, asosan, qish­loq xo'jaligi sohasi xodimlari qatnashgan tadbirda umrimda ilk bora Madiyor akani ko'rganman. Muqaddam gazetadagi suratlari va televideniedagi lavhalarini ko'rgandim xolos. O'shanda, matbuot olamiga ilk qadam qo'ygan kamina oradan yetti yil o'tgach, tirikligidayoq afsonaga aylangan shaxs bilan yaqin birodar, hamsuhbat bo'laman, u kishi yozgan to'rtta kitob tahriri zimmamga tushadi, degan o'y tushimgayam kirmagandi…

Madiyor aka “paxta ishi” bo'yicha Moskvaning “Butirka”, “Matrosskaya tishina”, “Lefortovo” kabi hibsxonalarida uch yildan ortiq tergovoldi bosimlari, tazyiqlari ostida har kuni “kundalik” qoralashga jazm qilgan ekan. Shu “kundalik”larida salkam yarim asr o'zi ishongan, vijdonan xizmat qilgan va oxir oqibatda “xalq dushmani”ga aylantirgan sho'ro tuzumi –uning noinsoniy siyosatini tahlil qilganlar. Oz emas, 28 ta ana shunday “kundalik”lari kichik o'g'illari Hamdam akaning sa'y-harakati bilan (u kishining mas'ul xizmat sohasida ishlagani shu o'rinda ish berganini aytmoq kerak) “ming ko'zli” hibsxona nazoratchilari nigohlaridan yashirincha olib chiqiladi va keyinchalik Madiyor aka yozadigan uch kitobdan iborat memuarlariga yaxshigina “ozuqa” vazifasini bajaradi.

E'tibor bering, Madiyor aka 1988 yil hibsxonada “kundalik”ka shunday so'zlarni bitgan: “Lev Gumilev aytmoqchi, bizning uzoq yillik tarixdagi fojiamiz – o'zgalarning so'zlarini takrorlash, unga sig'inishdir. Marksizm-leninizm ham amalda dohiylarni takrorlashga asoslangandi. Endilikda biz “Injil” va Aristotel o'rniga “Kapital” va Leninni qo'ydik. Dohiylardan boshlangan xastalik izdoshlariga ham yuqdi. Yetmish yil davomida biz ana shu kasaldan qutila olmadik…”

“Rejalar asossiz va havoyi edi. Nega shunday? Aslida u reja emas, Moskvaning buyrug'i edi. So'zga o'rin yo'q. Bajar! Oqibatda, beli baquvvat kolxozlar ham nochor ahvolga tushib qoldi, g'arib xo'ja­liklar sindi. Paxta yetishtirish yil sayin orqaga ketdi-yu qog'ozlarda oshirib ko'rsatilishga majburlanildi”.

Bu so'zlar Moskvaning qoq markazida – hali sho'ro davlati otning ustida vaqtida yozilgan.

…E'tirof etish kerak, Madiyor aka “paxta ishi” bo'yicha qatag'onga uchragan yurtdoshlarimiz orasida birinchi bo'lib ishonarli kitoblar yozdi va memuar yozish an'anasini boshlab berdi.

Ushbu kitoblarni taxlashda Madiyor akaga beminnat yordamlashganman, “kundalik”larini o'zbekchaga (nazoratchilar boshqacha fikrga bormasliklari uchun asliyat rus tilida yozilgan) tarjima qilganman.

Ularda muallif – kechagi sodiq kommunist sho'ro tuzumining ichak-chavog'ini ag'daradi, olti million tonnalik paxta xirmoni yaratish uchun Kreml rahbarlarga qanday zug'um va bosib   o'tkazgani va oxir oqibat o'z aybini ijrochilar yelkasiga yuklaganini aniq holat va raqamlarda bayon qilgan.

* * *

Inkor qilish qiyin bo'lgan haqiqatlar bor: respub­likamizning chekka hududi hisoblanmish Xorazm viloyati aynan Madiyor aka bosh bo'lgan davrlarda yangicha yashash izmiga tushgan. Shu davrda viloyatga tabiiy gaz tortilgan, elektr energiyasi olib kelingan. Viloyatda har yili salkam yarim million tonna paxta yetishtirilgan. Oziq-ovqat dasturini ta'minlash uchun yettita sholichilikka ixtisoslashtirilgan xo'jaliklar tuzilgan. 150 ming gektardan ziyod yerlar o'zlashtirilgan. O'sha vaqtda viloyat res­publikada yetishtirilgan sholining 40, asalning 45 foizini bergan.

Asriy tuproq yo'llarni obod yo'llarga aylantirish harakati boshlanib, uch ming kilometr ichki va shaharlararo yo'llar asfalt qilingan va to'rt yuzdan ortiq temir-beton ko'priklar qurilgan. Bu yo'llar va ko'priklar hali hamon xizmat qilmoqda.

Madiyor aka ish boshlagan kezlarda Urganch shahrida yettitagina ikki qavatli bino bor edi. O'n sakkiz yil ichida viloyatda yangidan ikkita shahar barpo bo'ladi. Shaharlarda besh va hatto to'qqiz qavatli turarjoy binolari quriladi. Shu davrda eski, moslashtirilgan maktab va bog'chalar tamomila tugatilib, besh yuzdan oshiq maktab va ikki yuzga yaqin zamonaviy loyihadagi maktablar quriladi.

Shu yillarda shaharlar, tuman markazlarida va hatto olis qishloqlarda ellikdan ortiq zamonaviy jihozlangan shifoxona va poliklinikalar yangi binolarda odamlarga xizmat ko'rsata boshlagan.

Tuyamo'yin suv ombori, Tuyamo'yin GESi, “Do'stlik-Urganch” ichimlik suv quvuri, pillani qayta ishlash korxonasi, tayyor kiyimlar tikish fabrikasi — bular Xorazm sanoatiga ham ilk poydevor shu davrda qo'yilganining isboti.

Hozirda millionlab sayyohlar tashrif buyurayotgan Xivadagi Ichan qal'a aynan o'sha davrda ­YuNESKO madaniy meros ro'yxatiga kiritilgan va muzey shaharga aylantirilgan.

* * *

Madiyor aka tengsiz notiq bo'lganiga ko'pchilik guvoh. U kishining nutqlari shunchaki, partiya qarorlari haqidagi qolipdagi so'zlardan iborat bo'lib qolmas, ularga yurt tarixi, milliy qadriyatlar, qadim an'analar ruhi singdirib yuborilardi. Madiyor aka, shuningdek, yaxshi kitobxon bo'lgani, shaxsiy kutubxonasida kamyob tarixiy asarlar borligi, rus tilini mukammal bilgani va yana vaqt kelib Qur'oni Karimni yod olib, ulamo darajasiga yetishgani, ikki marta muqaddas haj ziyoratiga borgani, iqtisod fanlari nomzodi bo'lgan insonning keyinchalik yozgan to'rtta xotira kitobida o'ziga xos uslub, badiiylik “yarq” etib ko'zga tashlanishi…bularning bari Alloh bergan iqtidordan nishonadir.

Bu insonning rahbarlik salohiyati alohida mavzu. O'tgan asrning 1960 yillari oxirigacha vohada aksar idora-tashkilotlarda boshqa millat vakillari rahbarlik qilishgan, ayniqsa, qurilish, sanoat sohasida muhandislar — chetdan kelgan kadr­lar ishlashgan. Milliy kadrlarni tayyorlash jarayoni ham ayni shu davrga to'g'ri keladiki, 1980 yillar boshiga kelib, bu o'z mevalarini beradi: barcha sohalarda yerlik kadrlar nisbati to'qson besh foizga yetadi.

“Madiyor akaning muomala madaniyati biz uchun ibrat edi, — deb xotirlaydi viloyat va respublikamizda taniqli insonlardan biri Abdulla Iskandarov. — Og'zidan hech qachon yomon so'z chiqmasdi, fik­rini yetkazish va topshiriqni bajartirishda odob-axloq doirasidan hech qachon chiqmasdi. Madiyor aka bilan ishlagan davrimda faqat uch marta qizishganlari va boshi qaltirab (bu urushda kontuziya bo'lgani asoratidan) katta ayb qilgan rahbarga nisbatan “muttaham” so'zini ishlatganiga guvohman. Bu o'rinda Madiyor aka ming karra haq edilar. Hozirda rahbarlar og'zidan chiqayotgan so'zlarni eshitganimda beixtiyor u kishining bizlarni tarbiyalagan hayot maktabi, insoniylik madaniyati keladi!”

* * *

Madiyor aka xotirasi o'ta kuchliligi bilan barchani qoyil qoldirardi. Viloyatning yaqin tarixidan biror narsa yozish kerak bo'lsa, albatta u kishini yo'qlab borardik. Maqsadimizni eshitgach, biror daqiqa sukut saqlab: “…falon yili Toshkentda markazqo'mning yig'ilishi bo'ldi. Asosiy ma'ruzada shunday raqamlar keltirildi…” deb o'ttiz-qirq yillar oldingi bo'lib o'tgan yig'ilish “bayonnomasi”ni ipidan-ignasigacha aytib berardi.

Nuriddin Muhiddinovning “Kremlda o'tgan kunlarim” nomli xotiralari chiqqan kezlarda aytgan gap­lari esimda qolgan: “Rahmatli Nuriddin Akramovich xotira kitobi yozayotgan vaqtlarida uyimga keldilar. Aytdilarki, “Oltmishinchi yillarda bo'lib o'tgan markazqo'm byurosi yig'ilishlaridan aksarining “bayonnomasi”ni arxivdan topa olmadim. Mavzu uchun zarur fakt va raqamlarni izlayapman. Sizdan boshqa xotirasi zo'r odamni topolmadim, eslang-chi” dedilar va uch kun yonimda qoldilar. U kishi so'ragan ma'lumotlarni xotiramga tayanib aytib berdim…”

* * *

Madiyor aka bilan eng so'nggi uchrashuvimiz 2016 yilning 4 may kuni bo'ldi. Urush ishtirokchisini tab­riklash uchun Urganch shahri imom xatibi Hasanboy hoji bilan borib, yonlarida ancha qolib ketdik. Ko'p voqealarni esladi, Jaloliddin Rumiydan ibratli hikoyatlar aytdilar. Ketar vaqtimizda “Yosin” surasini maromiga yetkazib, qiroat qildilar (Oxirgi diydorimiz haqidagi “So'nggi mogikan” sarlavhali maqolam respublika matbuotida chop qilinib, birmuncha shov-shuv bo'lgani esimda).

…Va oradan ikki oy o'tib, 94 yoshida boqiy dunyoga rixlat qildilar.

* * *

Madiyor akaning umr yo'ldoshi Niyozjon momo 96 yil umr ko'rdi. Salkam yetmish yil birga yashagan bu ikki ulug' insonning hayoti oxirlaridagi kamtarona hayotiga guvohman. Madiyor aka bilan qachon ko'rishsak, tarixu dunyo siyosatidagi voqealardan suhbatimiz qizib ketgan vaqti (bu orada momo pishirgan palovni ham yeb olardik) Niyozjon momo: “Qo'ylaringizga qarasangiz bo'lardi, boyadan beri ma'rashadi” deb qolardi. Qachonlardir davlat tomonidan berilgan katakdekkina hovlida Madiyor aka 10-15 bosh qo'y, Niyozjon momo 50-60 tovuq boqishardi.

Bu yog'ini so'rasangiz, qirq yildan oshiq mas'ul vazifalarda, 18 yil butun boshli viloyatga bosh bo'lgan Madiyor akaning o'z shaxsiy uylari yo'q edi desam ishonarsiz. Shuning o'zi… hozirgi ayrim amaldorlarga achchiqqina saboq bo'ladigan ibrat emasmi?

* * *

“Umrim sinovlar maydonidan iborat bo'ldi. Sho'rolar tuzumining barcha davrlari, talotumlari, adolatsiz siyosati yelkamizga tushdi. Va, alqissa, endi mulohaza qilsak, haqiqatni tan olsak, tuzumga emas, xalqqa, el-yurtga qilgan xizmatlarimizgina qolar ekan…”

Bu samimiy so'zlar Madiyor Xudoyberganovning so'nggi vasiyati bo'lib qoldi. Taqdiriga bolg'a va sandon oralig'ida yashash yozilgan avlod vakillariga oson tutmang. Keling azizlar, ularning ruhlariga duo qilaylik!

Ro'zimboy HASAN

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

14 − 11 =