Men ko'rgan urush
9 May — Xotira va qadrlash kuni
Men odamzod kushandasi bo'lgan nemis- fashist bosqinchilarining yer yuzidan tamoman supurib tashlanganiga 10 yil to'lganda dunyoga kelgan ekanman. Esimni taniganimda esa insonlarning 1418 kunini tahlikaga solgan, har daqiqada ajal o'z qiyofasini ko'rsatib turgan bu mudhish tarix bizdan birmuncha yiroqlashgan , odamlar ancha xotirjam tortib, qayta tiklash ishlariga astoydil kirishgan edi.
Biroq men bu urushni bilmayman, deyolmayman. Men uni turli taqdirlarda ko'rganman. Uning kishilar qalbida qoldirgan og'riqlarini murg'ak ko'nglim bilan his qilganman. Chunki oltmishinchi yillar nihoyasida hali qishlog'imizda Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, janggohlarda oyog'i, qo'li, ko'zidan ayrilib bo'lsa-da qaytib, mushtipar onalarini quvontirgan, qalbi kemtik erkaklar, urush huvillatib qo'ygan oilalar ko'p edi. O'nlab, yuzlab xonadonlarning devorlarida kimningdir otasi, kimningdir o'g'li, kimningdir turmush o'rtog'i, shu yerdan nasibam uzilmasin, rizqim chorlab tursin, uyimga eson- omon qaytib kelay degan umidda bir tishlamgina uzib yegan nonlari qotib, qovjirab egalariga ilhaq osilib turardi. Xonadon egalari uchun bu diydor ilinji edi.
Yon qo'shnimiz Turshak buvi (asl ismlarini bilmasdik. Qishlog'imizdagi barcha bolalar uni shunday atardik. Uning hovlisida juda ko'p serhosil o'rik daraxti o'sar edi. Turshak buvi o'rik mevalarini quritib, turshak qilib qo'shnilarga tarqatar, duo qilinglar, savobi bolalarimga tegsin, derdi.. Balki shuning uchun ham ismlari shunday bo'lib qolgandir)ning katta uyidagi devorga qoqilgan palak ustida ana shunday uchta non osig'liq turardi. Biz o'quvchilar tez-tez borib uning holidan xabar olar, ro'zg'or ishlariga yordamlashardik. Turshak buvimiz yolg'iz yashardi-da. Ishlarni tugatgach Turshak buvi bizni o'sha katta uyga taklif qilardilar. Birga o'tirib choy ichardik. Keyin buvijonimizdan devordagi nonlar haqida so'rardik. U kishi hech erinmasdan ehtimol o'ninchi marta savollarimizga hayajon bilan javob berar, ko'zi hijron yoshlari bilan to'lardi.
— Mana bu katta patir Qodirimniki, u juda kelishgan, sherkelbat yigit edi. Qishloqdagi hammaning havasi kelardi. Ataylab uning uchun katta patir yopganman. Anavi kulcha Qosimjonimning nasibasi. Erkatoyim juda sho'x bo'lgani uchunmi ixchamgina edi. Lekin ovozi juda yo'g'on, jarangdor edi. Qo'shiq aytsa yetti uy naridagi qo'shniga ham eshitilardi. Otasi rahmatlik, shu o'g'limni Mulla To'ychiga shogird qilib beraman, katta hofiz bo'ladi, derdi. O'rtadagi lochira patirni dadasiga tishlatib olganman. Rahmatli mirishkor bog'bon edi. Avval Qodirjonni, bir yil o'tib dadasini urushga olishdi. Urushning to'rtinchi yili Qosimjonga ham chaqiruv qog'ozi keldi. Shu kuni tongda ona-bola ikkovimiz huv hovli etagidagi ikki tup o'rikni ekkanmiz. Juda og'ziga mahkam edi. Bular hali shunday katta daraxt bo'ladiki, soyasiga supa qurib o'tirasiz dedi ishonch bilan. Lekin jangga ketishi haqida hech narsa demadi. Kechki ovqatga ul-bul to'g'rashga uringanimda oshxona derazasidan mo'ralab, onajon, siz damingizni olavering. Bugun sizga o'z qo'lim bilan choyxona palov qilib beraman. Men frontdan qaytguncha mazasi og'zingizda turadi. Akamga maqtab yurasiz, deb gap ochdi. Men nodon, dadang bilan akang o'sha fashist o'lgurni o'zlari yengib qaytadi. Sen ham ketib qolsang men qanday yashayman, shundog'am huvillab qolgan bag'rimni vayron qilma, demabman. “Oyijon, o'qishimdagi uchta o'rtog'im bilan birga ketyapmiz. Fashistlar dovdirab qolgan. Borib o'zimiz urushni tugatamiz. Yo'lda akamni topib, uyga qaytarvoraman, desa ishonibman-a, deb ko'z yoshlarini ko'ylaklarining yengi bilan artib, go'yo o'g'lini ko'rmoqchiday devordagi nonga qarardilar. Shunda Kozim o'rnidan dik etib turardi-da, tagidagi kursichani ustiga chiqib nonlarni birin-ketin Turshak buviga olib berardi. Buvimiz ularni bir-bir ko'zlariga surtib, yumshoq sochiq bilan artar, xuddi bolasini yuzini silaganday nonlarni avaylab siypalab bag'riga bosardi. Keyin asta o'pgach:
— Ma, bolam ehtiyot bo'lib joyiga ilib qo'y, – deb Kozimga qaytarib berardilar.
— Birortasidan ham qoraxat olmaganman, bedarak ketishgan. Balki plenga tushib qolishgandir. Ajabmas, erta-indin eshigimdan uchovlashib kirib kelishsa. Ana shunda butun qishloqqa qo'y so'yib, osh beramiz. Siz– dastyorlarim laganlarni tashishda akalaringizga qarashasizlar. Mazza qilib osh yeymiz, – derdilar. Shunday paytda Turshak buvining chehralari yorishib ketardi. Bu gaplariga bizdan ko'ra ham o'zlari ko'proq ishonardilar. Oradan yillar o'tdi. Bizlar ulg'aydik. Men shaharga o'qishga ketdim. Shu yerda ishda qoldim. Bir kuni uyga borsam, Turshak buvi olamdan o'tgan ekanlar.
— Dada, endi devordagi nonlarni kim artib turadi? – so'radim bolalarcha soddalik bilan.
— Buving rahmatli qiziq qildi. Tobi qochib yotgan paytda men bilan ukasini chaqirdi.
— Fathulla, Mahmudjon. Meni kunim bitgan ko'rinadi. Es-hushim joyidaligida sizlarga bir o'tinchimni aytib qolmoqchiman. Bolalarimni, dadasini nonlarini xaltaga solib qo'ydim. Bilaman, endi ular bilan u dunyoda ko'rishamiz. Ana shu nonlarni – shu kungacha menga umid bag'ishlagan, kuch-quvvat bergan orzu-umidlarimni menga qo'shib qabrga ko'minglar. Toki urush degan baloni o'zim bilan birga qaro yerga olib ketay. Mendan keyin hech kim, hech bir onaizor judolik, ayriliq dardini, farzand dog'ini ko'rmasin. Uyoqqa borgach, Yaratgandan ham shuni so'rayman, – dedilar. Biz u kishining vasiyatlarini ado etdik, – dadam bu gapni yig'lab turib aytdilar, men, onam yig'lab turib eshitdik. Ana shunda lug'at kitobida mung'ayibgina turgan “urush” so'zi dunyodagi eng xunuk, eng mudhish so'zligini yurak- yurakdan his qildim.
Dunyoda hech qachon urush bo'lmasin, onalar bo'zlab qolmasin, deb duo qildim.
* * *
Kolxozimizda Mashrab buva degan qo'shchi bo'lardi. U kishining ikkita semiz-semiz xo'kizi bor edi. Har bahor va har kuzda ko'pchilikni Mashrab buvaga ishi tushardi. U xo'kizlarini qo'shga qo'shib odamlarning tomorqalarini (xuddi traktordek shudgorlab berardi. Hali mini traktorlar kashf qilinmagan edi-da) haydab, yumshatib berardi. Uning ayoli Yombi xola o'zidan o'n- o'n besh yosh kichik edi. Yombi xola oppoq, chiroyli ayol edi. Mashrab buva aksincha yuzlari cho'tir, o'ng qo'lining uchta barmog'ini, o'ng oyog'ini to'pig'idan pastini urushda oskolka yulib ketgan nogiron kishi edi.
— Qishloqdagi eng sara yigitlar qatorida Yombixonning qaylig'i ham urushga ketib qaytmagan. Yombixonga o'xshash gulday- gulday qizlar urushdan yarim yorti bo'lsada tirik qaytgan kishilarga turmushga chiqishga majbur bo'lgan. Nachora hayot bu, — derdilar buvim.
Eng qizig'i, Mashrab buva mutlaqo xat-savodsiz edi.
— Meni to'g'ri kolxoz dalasidan frontga olib ketishgan. Na o'qishni bilaman, na yozishni. Azbaroyi soddaligimdan, hech bo'lmasa yolg'izgina onamga urushga ketayotganimni aytib qo'yay, demabman. Bizni urushga yaqin bir o'ris qishlog'iga olib borishdi. Shu yerda bir oy pulemyotda, miltiqda otishni o'rgatishdi. Umrimda ketmondan boshqa narsani ushlamagan bo'lsam-da miltiq otishni o'rgandim. Biroq o'rischani gapirish uyoqda tursin tushunmayman ham. Yaxshiyam yonimda bir qirg'iz yigit bor. U o'rischani tuzukkina bilarkan. O'shani etagidan mahkam tutdim. Bizni Ukraina degan joyga olib borishdi. Uch kun o'tib juda katta daryo (Qora dengizni nazarda tutgan ekanlar) bo'yida bo'layotgan jangga tashlashdi. Tavba, urushda-chi suv ham yonarkan. Yer ham, ko'k ham, suv ham olov ichida. O'qlar vizillab uyoqdan buyoqqa uchadi. Men qo'rquvdan qaltirab okopda pulemyotimga suyanib turibman. Bir payt nimadir qarsillab ketdi. Men pulemyotdan ancha nariga borib tushdim. Ustimga tuproq to'kildi… Ko'zimni ochsam tepamda do'xtirlar chap qo'lim bilagimgacha oppoq doka bilan bog'lab tashlangan. Oyog'im ham. Qulog'im hech narsani eshitmaydi. U yerni gospital deyisharkan. Qirg'iz do'stim bir marta ko'rgani keldi. “Qismimiz ancha oldinga ilgarilab ketdi. Boshqa ko'risholmaymiz, qarindosh. Eson-omon yurtingga yetvol”, deb xayrlashdi. Bir oylardan so'ng sog' qolgan o'ng qo'limga urushga yaroqsizligim haqidagi qog'ozni tutqazishdi. Keyin urush bo'layotgan joylardagi aholi, bola-chaqalar ketayotgan poezdga o'tqazib meni ham O'zbekistonga jo'natvorishdi. Yaxshiyam qo'limdagi qog'ozda yashaydigan joyim ko'rsatilgan ekan, ikki harbiy yigit uyimgacha kuzatib qo'ydi. Lekin qog'ozim ular qo'lida qolib ketibdi, — deb gapirib bergandi qo'shchi bobo. Sho'rlik jangchining urushda qatnashganligi haqida nogiron oyoq-qo'lidan boshqa hech qanday guvohi, xat hujjati yo'q edi. Shu bois u urush qatnashchilariga berilgan hech qanday imtiyozdan foydalana olmadi. Umrining oxirigacha ham qo'l uchida kun ko'rib o'tdi.
* * *
O'rtog'im Ko'paysinning dadasi To'qlivoy tog'aga G'alabaning 20 yilligi arafasida ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi sifatida “Zaporojes” avtomobili berildi. Tog'a Ko'paysinga qo'shib bizni ham mashinasida sayr qildirdi.
— Yaxshiyam urushga borgan ekansiz,amaki. Mazza qilib mashina minasiz, -dedim bilag'onlik qilib. “E mazzasi qursin, qizim. Urush juda beomon jang bo'ladigan maydon. Jangga kirarkanmiz undan kim omon chiqishini hech kim bilmasdi. Meni onamni duolari omon saqlagan bo'lsa kerak. Onamning bir ukasi Oder daryosi qirg'oqlarida, akasi Krakovda halok bo'lgan. Agar men ham qaytmaganimda onam adoyi tamom bo'lardi. Ne- ne azamat o'rtoqlarim, quroldoshlarim nobud bo'lmadi bu urushda. Urushning oti o'chsin. Uni aslo orzu qilma. Mashina minmasang ham o'z yurtingda, ota-onang bag'rida xotirjam yashash katta baxt, — dedi amaki chuqur xo'rsinib. O'zimiz mol boqadigan adirga yetganimizda — Dada, biz shu yerda tushib qolamiz. Bolalar bilan “urush-urush” o'ynaymiz, — dedi Ko'paysin mashina orqasidagi yog'och avtomatini olarkan. O'sha paytda biz bolalar “urush-urush”, “nemis-nemis” o'yinlarini o'ynardik. Do'konlar ham miltiq, to'pponcha, tank kabi harbiy o'yinchoqlarga to'la bo'lardi. Biroq bir kuni To'qlivoy tog'amizning onasi hammamizni qo'limizdagi qurollarimizni tortib oldi. “Senlar hali farishtaday begunohsanlar. Nima niyat qilsanglar shunga yetasanlar. Nima qilasanlar bu oting o'chgur urush qurollarini o'ynab. Urushning oti o'chsin, endi urush bo'lmasin”, — deb bizni koyib berganlar. O'sha kunning ertasiga Ko'paysin maktabga yig'lab keldi. Dadasining ko'zi ko'rmay qolibdi. Ma'lum bo'lishicha, u kishi urushda yelkasidan yaralangan, kontuziya bo'lgan ekan. Uni dala gospitalda davolagan vrach, hozircha ko'zing ko'ra boshladi, biroq keyinchalik asorati bo'lishi mumkin, degan ekan. Qarang la'nati urush 20 yildan keyin ham kuchini ko'rsatibdi. Dugonamning otasi umrini oxirigacha zulmatda yashadi. Qizining to'yida uni oppoq libosda — kelinlik qiyofasida ko'rolmadi.O'zi ekkan nihollar hosilga kirib shig'il shig'il hosil solganda xushbo'y olmani hidlarkan hidi shunday yoqimli bo'lsa o'zi ham rosa chiroylidir-a, deb xo'rsindi. Ich-ichidan sog'lig'ini o'g'irlagan urushni qarg'adi.
* * *
Yillar xuddi qishlog'imiz bag'rini kesib o'tgan jo'shqin soyday shoshilib o'tib boraverdi. Urush voqealari ham kishilar xotira oynasida tobora xiralashdi. Kemtik dillarga malham indi. Achinarlisi, yillarga qo'shilib ikkinchi jahon urushida qatnashgan hamqishloqlarim ham o'tib ketishdi. Maktabni bitirib shaharga o'qishga kirganimda esa men butunlay boshqa bir muhitga tushib qoldim. Nazarimda, bu yerda hamma baxtiyor, men bilgan urush kulfatlaridan uzoq edi. Men ham bolalik xotiralarimdan ancha yiroqlashdim. Kechki bo'limda o'qiganim bois “Gulxan” jurnaliga ishga kirdim. Bu paytda fashist bosqinchilari ustidan g'alaba qozonilganiga salkam o'ttiz yil bo'lgandi. Biroq men shaharda ham yana “urush”ga duch keldim.
“O'zbekiston agitatori” jurnalida Sharofat opa degan bir quvnoq ayol ishlardi. Bir kuni u hayajon bilan xonamizga kirib keldi: — Temurvoy, (u kishi katta muharrir edilar) suyunchi bering, nabirali bo'ldim. Otini Mirsodiq qo'ydim. Akangiz shuni orzu qilgandilar. Xudoga shukr, u kishining oldida yuzim yorug' bo'ldi, yana-chi, nabiramiz aynan dodasi tug'ilgan kunda tug'ildi, — dedi bir nafas to'xtamay. Temur aka endigina bosmaxonadan chiqqan, bizdan qizg'anib o'tirgan kitoblarini ichiga besh so'mlik solib suyunchi, deb uzatdilar.
Ayol qanday shoshilib kirgan bo'lsa shunday shoshilib chiqib ketdi.
— Tavba, Temur aka, shu ayol sal g'alatiroqmi. Xuddi undan boshqa odamda nabira yo'qday namuncha hovliqadi,- dedim ensam qotib.
— Abdulla Oripovning “Ayol” she'rini o'qiganmisiz? — so'radilar, Temur aka gapimiz yoqmagani sezilib turgan ohangda.
— Yig'lab yodlaganman, — dedim.
— Bu ayol o'sha she'rning qahramoni. Sharofat opa 19 yoshida suygani Mirkomil akaga turmushga chiqqan. To'yining o'n beshinchi kuni urush boshlangan. Endigina harbiy xizmatdan qaytgan Mirkomil aka yana egniga harbiy libos kiydi. Kelinchakka jangdan albatta sog'-salomat qaytishga, birgalikda Mirsodiq, Mirfozil, Sadoqat, Saodat degan farzandlarga ota-ona bo'lishga va'da berib xayrlashadi. Yangi kelin erining bo'yniga osilishga, sizsiz qanday yashayman, deb ko'zyosh to'kishga andisha qildi. “Kutaman” deyoldi so'zsiz ko'zyosh to'kib. Biroq urush-urushligini qildi. Ming-ming yigitlar qatorida uning yorini ham o'z domiga tortib ketdi. 15 kunlik baxtini 28 yillik hijronlarga alishmagan Sharofat opa hanuz turmush o'rtog'ini kutib yashayotgan ekan. Ukasining o'g'lini asrab olib, erining chirog'ini yoqib o'tirgan ekan. “Sharofat opaga har qancha hurmat ko'rsatsak kam. Chunki u urush solgan ayriliqning qaddini bukib, uni mag'lub qilib yashayapti”, — dedi Temur aka.
Men sadoqat timsoliga aylangan bu ayol haqidagi noto'g'ri fikrimdan uyalib ketdim. Ich-ichimdan el tinchini oila tinchidan yuqori qo'ya olgan mard, jasur yigit Mirkomildan uzr so'radim. Hali-hamon odamlar hayotini og'ulayotgan urushni la'natlayman.
* * *
18 yoshida urushga ketib qaytmagan Habibullo akasi xotirasi uchun o'g'liga uning ismini bergan, Yevropaning o'nlab shaharlaridagi yuzlab qardoshlik qabristonlaridan akasi ismini izlab charchamagan jurnalimizning mas'ul kotibi Narimon Orifjonovning alamli xotiralarini, “Bir siqim tuprog'ini ko'zimga surtolmadim-a”, deb dunyodan armon bilan o'tayotgan onasiga Bratislavadagi 60000 askar mangu qo'nim topgan qabristondan bo'yog'i xiralashganidan “Sharifjonovmi yoki Orifjonovmi”ligini aniqlay olmasada shu qabrdan bir siqim tuproq olib kelib topshirganida farzandi yo'liga ilhaq onasi xuddi Habibullosini ko'rganday sevingani haqidagi xotirasini ko'zda yosh bilan tinglaganimda men yana o'sha qattol urushga ro'para bo'ldim go'yo. Va bu insoniyat hayotidagi eng mash'um tarix hech qachon unutilmasligi kerakligini, u odamlarni hamisha hushyorlikka, tinchlikni xuddi aziz ne'mat non kabi asrab avaylashga chorlab turishini angladim.
Bugun oradan salkam sakson yil o'tib 9 may — Xotira va Qadrlash kuni arafasida tinch, osuda xonadonimda kelinlar tuzagan to'kin dasturxon atrofida umr yo'ldoshim, farzand va nabiralarim bilan shodu xurramlikda, bag'ri butunlikda nonushta qilar ekanman ko'z oldimda shu farovon, osuda hayot uchun jon olib, jon bergan qishloqdoshlarim siymosi bir-bir o'ta boshladi. Ajab ular chehrasida avvalgi alam, armonni emas xushnudlik zohir edi.
Ehtimol ular mustaqil O'zbekistonimiz o'zining jasur farzandlarini hech qachon unutmasligini, bu muqaddas, ozod zaminda Inson xotirasi muqaddas, qadri ulug'ligini sezganidandir. Men sog'inchli xotiralarimni tugatdim. Keyin yuzlab hamshaharlarim singari Xotira maydoniga yo'l oldim. U yerdagi xotira kitoblaridan, ehtimolki abadiyatdan joy olgan yurtdosh, hamqishloq botir bobolarimning tabarruk ism-shariflarini topib yana bir karra o'qigim, ular nomlarini ko'zimga surtgim keldi.
Muhabbat HAMIDOVA