“Bittasi bo'lsayam kelmadi-ya” yoki o'zbekistonlik va amerikalik o'n qahramon o'g'lon qissasi

9 may — Xotira va Qadrlash kuni

 

 Ikkinchi jahon urushida qatnashgan hamyurtlarimiz hamda xorijiy davlatlar jangchilari tomonidan namoyish etilgan jasoratu qahramonliklar, duchor bo'lgan judoliklar, keltirilgan mislsiz qurbonlar to'g'risida hikoyalar ko'p yozilgan.

Butun dunyo xalqlarining 1939 yil 1 sentyabridan to 1945 yil 2 sentyabriga qadar roppa­-rosa 6 yil mobaynida Germaniya va Italiya fashizmi bilan Yapon militarizmiga qarshi olib borgan kurashi, ularning jasoratlariyu, yo'qotishlari, sabru-qanoati, bardoshi Sovet Ittifoqi, Yevropa, Amerika, Angliya va boshqa davlatlar jangchilarining misli ko'rilmagan qahramonliklari, 50 million nafar yoshu-qari, navqiron, o'smirlar qurbonlari hisobiga Buyuk G'alaba qo'lga kiritildi, ayni bir paytda urush son-minglab abadiy judolik va behisob fojiali taqdirlarning yuzaga kelishiga sabab bo'ldi.

Erishilgan jahonshumul G'alaba front, armiya, diviziya, polk, rota, vzvod, otryadlardagi qahramonlar va qahramonliklar, front ortidagi sab­ru-qanoat va jasorat namunalarini namoyish etgan oddiy oilalar tarixi, taqdiri, ularning boshidan kechirgan fojiali voqealari haqida, shu jumladan, bu gal o'zbekistonlik va amerikalik ikki oila tarixi va taqdiriga oid mavzuga to'xtalib o'tmoqchimiz.

Toshkentlik besh aka-uka Zokirovlar oilasi haqida eshitgansiz. Bu oila a'zolarining elga,  millatga, ona-Vataniga sodiqligi, mamlakat boshiga tushgan kulfat-u, falokatga qarshi so'nggi nafasiga qadar mardonavor kurashidan, ular boshidan kechirgan mislsiz azob-u uqubatlari, namoyish etgan  jasoratlari-yu matonatlarini o'qib larzaga kelasan kishi. Quyilib kelayotgan his-hayajonni to'xtata olmay mungli, alamli o'ylarga tolasan. Bir narsa miyani parmalab tinchlik bermaydi. Zokirovalardek serfarzand o'zbek oilasiga, mehribonu-mushtipar onasiga, mard, sabru-toqatli padari buzrukvoriga, avlod-ajdodlariga mehribon, qahramon va fidokor o'zbek pahlavonlariga o'xshagan dunyo­­da yana bitta bo'lsa ham oila, ota-ona, aka-uka bormikan, deya o'ylarga tolasan, topa olmaysan va “bo'lmasa ham kerak?!” degan xulosaga kelasan.

Biroq avval besamara bo'lib ko'ringan uzoq izlovlarimning birida yarq etib, o'zbek pahlavonlariga o'xshash yana bir serfarzand oila diqqatimni o'ziga tortdi.

Sinchiklab chuqurroq qidirgan edim, ular O'zbekistondan uzoq, Yer kurrasining narigi tomoni okean ortida — Amerika Qo'shma Shtatlarida istiqomat qiladigan Tom bobo bilan momo Alleta Sallivanlarning oilasi bo'lib chiqdi.

Toshkentlik va bugun hammamiz yaxshi biladigan: Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon kabi besh navqiron aka-uka Zokirovlar bilan amerikalik besh aka-uka teng­qurlarining qanday o'xshashlik tomonlari boru, ular nima karomat ko'rsatishgan degan xayol­­ga boradi kishi. O'zbek oilasi va farzand­lari kabi amerikalik o'smirlarining ham taqdiri, fidokorligi, chuqur va achchiq afsusu nadomatlar bilan bir qatorda, ularga nisbatan cheksiz hurmat, g'ururu iftihor hislari uyg'onadi. Aniqroq qilib aytadigan bo'lsak, toshkentlik Zulfiya aya bilan Xolmat ota Zokirovlarning besh o'g'li bilan amerikalik Tom bobo bilan momo Alleta Sallivanlarning 23-27 yoshlardagi besh farzandi o'sha mash'um Ikkinchi jahon urushida jon berib, jon olib dushmanga qiron keltirdilar, qanchadan-qancha yapon harbiy kemalarini to'plar bilan otib, yakson qilib dengiz qa'riga cho'ktirib yubordilar. So'ngra … fojiali yakun — o'zlari jang qilayotgan kema ham dushman torpedosiga uchrab portlaganda besh aka-uka Sellivanlar kemadan tariqday sochilib, qay biri shu zahoti jon berib, qay biri og'ir yaradar bo'lib dengiz qa'rida yo'q bo'lib ketdilar. Aka-uka Zokirovlar kabi ular ham tug'ilib o'sgan uy ostonalarini qayta bosib o'tmadilar, ota-onasining bag'riga, qarindosh-urug'larining, do'stlarining huzuriga qaytmadilar.

Unutilmas sana — G'alabaning navbatdagi 78 yilligi kuni ularning nomlarini yodlash biz uchun vijdon amri, burch, qarz va farzdir. Nafaqat biz, barcha insoniyat uchun ularning va boshqa million-million urush qurbonlarining nomlarini yodlash aziz va mo''tabar, g'amgin va muqaddas urf- odat bo'lib qoldi.

Besh aka-uka Zokirovlar jasorati

(Birinchi maqola)

Vatan timsoliga aylangan ona

Kuni-kechagi o'zbek sho'ro adabiyotidan biz rus mumtoz adabiyoti yozuvchisi Maksim Gorkiyning “Ona” romanini va undagi Pelageya Nilovna obrazini bilar edik. Nikolay Ostrovs­kiyning “Po'lat qanday toblandi?” povestini va uning bosh qahramoni Pavel Korchaginni, “Mosfilm”da tasvirga olingan “Kommunist” badiiy filmida bosh qahramon rolini ijro etgan aktyor Yevgeniy Urbanskiy yaratgan fidoyi firqa a'zosi obrazini yaxshi bilar edik, lekin, ming bor afsuski, shundoqqina yonginamizdagi, Toshkent viloyati Zangiota tumanining Xonobod mahallasida urush yillari yashagan hayotdagi real qahramon timsoli bo'lgan Zulfiya aya Zokirova hayotini, uning besh o'g'il -farzandining qahramonliklarini yaxshi bilmas edik, keyinroq yaqindan tanidik.

Toshkentlik Zulfiya momo to'g'risida jurnalist, yozuvchi Alinazar Egamnazarovning “Besh jangchining onasi”, fizika-matematika fanlari doktori Mansurxon Toirovning “Vatan timsoliga aylangan ona” ocherkini o'qib, sho'rolar davrida o'rta maktab darsliklariga kiritilgan buyuk rus yozuvchilarining asarlaridan olmagan boy ma'naviy, ruhiy ozuqa, estetik zavq olib, insonni larzaga keltiruvchi ehtiros, g'am-alamli hayajonni boshdan kechirdim. Lavhani o'qir ekanman, vujudimni qandaydir mayda bir titroq bosib, ichimdan go'yo vulqon bo'lib otilib chiqqan un, nido, sas uzoq vaqt so'nmay, qaynoq va mo'l alam ko'z yoshlariga aylandi.

Ikkinchi jahon urushi lavhalarini o'qir ekanman, Zulfiya onani yoddan chiqara olmadim, bir nima yozishga qaror qildim. Lekin yuqorida qayd etilgan ocherkka qo'shimcha sharhdan boshqa biron-bir so'z qo'sha olganim yo'q. Balkim, bunday qahramonlik epopeyasiga ortiqcha gap-so'zlarning keragi ham yo'qdir.

Avvalambor, iqtibos-muqaddima:

“Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, bot-bot tabarruk, mo''tabar, muqaddas o'zbek Onasi siymosi ko'z o'ngimizda namoyon bo'laveradi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi, muqaddas burch deb biladigan mard va botir o'g'lonlarni voyaga yetkazgan ulug' zot – ana shu zangotalik o'zbek ayoli — Zulfiya onadir…

O'tgan asrning 40-60 yillarida Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod qish­log'ida Zulfiya aya Zokirova ismli bir mo''tabar onaxon yashab o'tdi. Bu oilaning tarixi, taqdiri bilan tanishar ekansiz ularning jasoratiyu fidoyiligini butun borlig'icha ta'riflashga so'z ojizlik qiladi. Turmush o'rtog'i Xolmat aka vafot etgach, Zulfiya aya besh o'g'il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazadi. Qarang-ki, O'zbekistonning birgina Zangiota tumanidagi Xonobod mahallasida istiqomat qiluvchi bitta oiladan, bir hovlidan endi yashayman, farzandlar ko'raman, baxtli bo'laman deb turgan besh nafar norg'ul yigit frontga jangga jo'naydi. Mushtipar Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi Jahon urushiga bir emas, birin-ketin besh azamat jigargo'shalarini jo'natadi.

Urushning, dunyoning, taqdirning shafqatsizligini qarang-ki, ularning birontasi urushdan ota-ona, qarindosh urug'lari, Vatan bag'riga qaytib kelmadi. Boshiga tushgan bu musibatdan ojiza ona dod soldi, faryod qildi, patak bo'lib oqarib ketgan sochlarini yulib boshini changalladi, … noiloj motam ochdi, kuydi, yondi – lekin bardosh berdi. Boshqa nima ham qila olar edi. Yovuz urush, jangchilar boshiga yog'ilayotgan bomba, o'q, snaryad, granatalar yoshu-qarini tanlamadi, hech bir narsa bilan hisoblashmadi, hech kimni ayamadi ham.

Ayaning to'rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo'lib qoldi. Baxti qaro ona hammasiga chidadi. Bu fojialarga chidashga Alloh taoloning o'zi yordam berdi. Mana, avlod-ajdodiga, ona yeriga, Vataniga bo'lgan sevgi, muhabbat va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qud­rati! Hayotda ta'riflashga til, so'z ojiz bo'lgan, qiyinchiliklarga duch kelsa, ularni bardosh bilan yengib o'tishda Zulfiya aya Zokirova va uning oilasi xalqimiz,  avlod-ajdodlarimiz uchun chinakam matonat namunalarini ko'rsatishda, taqdirga tan berishda, sabr-qanoatda ibrat maktabi bo'la oladi. Yaxshilar yodi unutilmaydi… Bu mavzuga biz keyinroq yana qaytamiz…

Bundan ikki yil muqaddam Buyuk G'alabaning 75 yilligi arafasida O'zbekiston poytaxti markazida Zulfiya aya va besh nafar aka-uka Zokirovlarga bag'ishlab bog' yaratildi. Ota-ona va navqiron o'zbek qahramon o'g'lonlariga bag'ish­lab minnatdor o'zbek xalqidan xotira memorial yodgorligi o'rnatildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 9 maydagi Xotira va qadrlash kuniga bag'ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shunday degan edi:

— “Biz ezgu niyat bilan barpo etadigan G'alaba bog'i markaziga Zulfiya Zokirova va uning front jangu jadallaridan qaytmagan besh o'g'li, sadoqatli kelinlari xotirasiga atab muhtasham haykal o'rnatsak, unga “Matonat madhiyasi” deb nom bersak, nima deysizlar?”…

O'zbekiston poytaxtida paydo bo'lgan yangi – G'alaba bog'ining markazida besh o'g'li urushda mardlarcha halok bo'lgan Zulfiya aya va uning sadoqatli kelinlarining siymosi aks ettirilgan. “O'zbekkino” Milliy agentligi ijodkorlari Zulfiya Zokirova va uning farzand­lari, kelinlari to'g'risida badiiy film yaratdi. Zulfiya aya oilasi sharafiga  qo'yilgan bu haykal, Ikkinchi Jahon urushida sobiq ittifoq farzandlariga mehr va g'amxo'rlik namunalarini ko'rsatgan toshkentlik Shomuhammedovlar oilasi kabi qalbimizda ham, azim Toshkent shahri to'rida ham abadiy o'rin oldi.

Zulfiya Zokirovaning Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli besh o'g'li frontdan qaytmadi. Zulfiya aya to'rt kelini bilan qoldi.

Zokirovlar oilasining kenja o'g'li Yusufjon hali yosh edi, bo'ydoq yigit keyin uylanaman deb  urushga ketdi. Lekin ming afsuslar bo'lsinki, to'y liboslarini kiyish, kuyov bo'lish, oila qurish nasib etmadi unga. Aka-ukalar birin-ketin urushga keta boshladilar. Mamajon 1941 yilning iyulida, Ahmadjon undan bir oy keyin frontga jo'nadi. Shafqatsiz urush esa to'xtamas, katta qurbonu talafotlar bilan davom etar edi. Kuzga borib Vahobjon bilan Yusufjonni ham jangga kuzatishadi. Eng oxirida, 1944 yilning mart oyida mo'ylovi endi nish uraboshlagan Isoqjon urushga ketdi. Bir vaqtlar Toshkentning Xonobod mahallasida ota, ona, besh o'g'lon, to'rt kelin va endi dunyoga kelayotgan farzandlar uyni to'ldirib javlon urib yurgan quvnoq, baxt­­li onlarni, endi esa huvullab qolgan, akillagan kuchuk ovozidan bosh­­qa sas chiqmaydigan hovlini ko'z oldingizga keltiring… Bu holni ko'rgan harqanday inson aqli, qalbi, yuragi qay ahvolga tushishi, uning vujudidagi bo'shliq haqida gapirmay qo'yaqolaylik.

Dushman bostirib kelar, shafqatsiz urush katta talafotlar bilan davom etar edi. Oilaning ikkinchi farzandi — Ahmadjondan atigi bitta xat keladi. Unda “Maktubni yo'lda yozayapman, hozircha menga xat yozmanglar, biz Stalingrad tomonga ketayapmiz. Yetib borgach, aniq manzil bilan xat yozaman”, degan edi. Shundan keyin undan dov-darak bo'lmadi. Mamajondan ora-sira xat kelib turdi. U xatlarida “Moskvani himoya qilayapmiz, otash-olovning ichidamiz”, deb yozgandi. 1943 yilning oxirida uchinchi farzand — Mamajon uyiga yarador bo'lib qaytib keldi. Shunday bo'lsa ham u yagona erkak bo'lib oilada qolgani yo'q. Sog'aygach, kolxozda brigada boshlig'i bo'lib ishladi. Sal o'zini yaxshiroq sezgach, 1944 yilning yozida yana frontga jo'nadi.

Undan oxirgi maktub urush tugashidan cal avval keldi. “Karnay-surnaylarning tovushi kelib turibdi, hademay, oxirgi katta to'yga (jangga – muallif) kiramiz. Shundan omon chiqsam, diydor ko'rishib qolamiz”, degandi o'sha maktubida Mamajon. Ko'rishish nasib etmadi. Ko'p o'tmay Mamajonning halok bo'lganligi haqida “qora xat” keldi.

Falokat yolg'iz yurmaydi degan gap bor. 1943 yilning yoz kunlarida beshinchi farzand Yusufjonni Leningrad mudofaasidagi shafqatsiz jangda qattiq yarador bo'lib jon bergani haqida ikkinchi “qora xat” keladi. Hali uylanmagan, eng sevimli kenja o'g'lining halok bo'lganligini eshitib, Zulfiya opa dodu faryod ko'tardi. Keyin boshqa o'g'illari halok bo'lganligi, qirg'in-barot janglarda bedarak yo'qolganligi haqida ketma-ket xabarlar kelaboshladi. So'nggi mudhish xabarlarni o'zlari qanchalik kuyib-pishishmasin kelinlar Zulfiya onaga bildirishmadi. Zulfiya aya hammadan ham Yusufjonga ko'p kuydi. Yusufjonim chimildiq ko'rmay ketdi, deb yig'ladi. Yaratganning O'zi bu yo'qotishlarga bardosh beraoladigan kuch-quvvat, sabr, qanoat berdi mushtipar onaga. Bo'lmasam qanday chiday olar edi bunga onai-zor.

Zulfiya buvining to'rt kelini – Lazokat, Hamroniso, Hidoyat, Rohatoy Xolmatovalar ham kolxozda mehnat qilishdi.

— Qaynonam ko'pincha kechasi bilan uxlamasdi, – deydi Mamajonning rafiqasi Hidoyat Xolmatova. – Yarim kechasi hovlida xuddi birov eshitib qoladiganday, past ovoz bilan o'g'illarining nomlarini birma-bir aytib, ingrab yurganini ko'p ko'rganman. Ba'zida qo'ni-qo'shnilar uyimizga kirib, “Kampir bechoraga qiyin bo'ldi-da!” deb boshlarini sarak-sarak qilib chiqib ketishardi. Qishloqda kim urushdan qaytsa, oyim birinchilardan bo'lib oldiga borib: “Mamajonni ko'rmadingmi, Yusufjonni ko'rmadingmi?” deb savolga tutardi. Va nihoyat… urushdan keyin bir kun kampir to'rt kelinini yoniga o'tqazdi-da:

— Men barchangdan roziman. Bir qarz gapni o'zimdan soqit qilmoqchiman. To'rtoving ham erdan yosh qoldilaring. Endi joyi chiqsa, turmush qilinglar. Meni o'ylamanglar, og'irligimni yer ko'taradi, rizqimni Xudo beradi, – dedilar.

Bu gapdan hamma ovsinlar o'pkalarini tuta olmay, ho'ngrab yig'lab yubordilar.

– Yo'q, yo'q, oyi, – dedi Hidoyat kelin, – biz yana erga tegib, bolalarimizni begonalarga mute qilmaymiz. Doim sizning panohingizda yashab, ularni ham ota, ham ona bo'lib tar­biyalaymiz. Bolalarimiz voyaga yetib, o'zlaridan ko'paysa, yuragimizdagi yaralar bitib ketar, deyishdi:

Endi ko'z oldida navqiron farzandlari gavdalanayotgan kampir peshonasiga shapillatib urib so'z topolmay uvvos solib yig'ladi.

Biroz sukutdan keyin sal tinib darvoza tomonga xiralashgan ko'zlarini tikdi-da:

– Bittasi bo'lsayam kelmadi-ya!… – dedi. Ona kimga gina qilayotganini bilib bo'lmas edi. Bu onaning so'nggi so'zlari edi.

Besh farzandidan ayrilgan o'zbek ona haqidagi lavhani o'qir ekanman, urushning eng ko'p azobini chekkan belarus millatiga mansub mashhur adiba Svetlana Aleksiyevichning Ikkinchi jahon urushiga bag'ishlab yozgan kitobining dastlabki nashridan olib tashlanib, ke­yingi nashrida qayta tiklangan bir jumlasi bot-bot yodimga kelaverdi.

Voqea nemislar okkupatsiya qilgan hududda politsaylardan pisib, chakalakzorda ovoz chiqarmay yashirinib yotgan bir guruh partizanlar orasida ro'y beradi. Jumlani o'qir ekansiz murg'ak “u ham urushda qatnashayotgan” begunoh chaqaloqning nobud bo'lishi qalbingizni, butun jonu-jahoningizni larzaga soladi.

 

“…Safimizda yaqinda partizan otryadida ko'zi yorigan radist ayol ham bor edi, — deb yozadi Svetlana Aleksiyevich. – Go'dakning qorni och, tipirchilab onaning qalbiga talpinadi. Lekin onaning ham qursog'i bo'sh, ko'kragida suti yo'q. Barcha bezovta. Agar chaqaloq yig'isini yonginamizda izg'ib yurgan jazo otryadining itlari sezib qolishsa bormi… unda o'ttiz kishining hammasini muqarrar ajal kutadi!.. Bir necha daqiqadan so'ng: “Sizga tushunarlidir, qaror qabul qilamiz…” — deydi komandir. Favqulodda noilojlikdan qabul qilingan komandirning bu mudhish buyrug'ini onaga aytishga hech kim botina olmaydi, lekin ona — ona-da, hammasini o'zi fahmlaydi. Bir mahal u qaltiroq qo'llari bilan  chaqaloqni bag'ridan uzib olib tog'orachadagi suvga botiradi… farishtadek begunoh bir tutim go'dak “xilq-xilq” etadi-yu boshqa un chiqarmay tinchib qoladi… Qilib qo'ygan ishimizdan boshimiz ham, qalbimizda g'azab va alam. Na onaga va na bir-birimizga qaray olamiz”.

(Belarus yozuvchisi S.Aleksiyevichning “U voy­­nы ne jenskoe liso” kitobidan).

 

Bu jumlani o'qir ekansiz, beixtiyor Alloh yo'lida o'z o'g'lini qurbonlikka olib ketayotgan Ibrohim alayhissalom qissasi yodingizga keladi. Adabiyotning, so'zning, ularga singdirilgan ehtirosu ma'no-mazmunning kuchi, qudrati shu darajada-ki, kichkinagina jumlaning oxiriga yetar-etmas belarus partizanlari otryadida ko'z ko'rib, quloq eshitmagan dahshatli bu qotillikda chaqaloqning chorasiz qolgan onasiga qo'shilib siz ham o'zingizni gunohkor, bu ishda sizning ham aybingiz bor, sizning ham qo'lingiz qon, bir dahriy aybdordek sezasiz o'zingizni.

Svetlana Aleksiyevichning asaridagi chinqiriq tig'iga teng bo'lgan bunday dahshatli xolat fikrimiz-cha, jahon nafis adabiyoti-yu, drama san'atining shu kunga qadar bo'lgan ming-ming yillik tarixida hali yaratilmagan. Bunday shafqatsizlikka yosh onani nima majbur qildi, ko'kragida suti yo'q onaning shu damda boshidan ne hayollar kechdi, qanday qilib u inson chidab bo'lmaydigan bu mudhish qarorga keldi ekan, bunday qilishga uni nima majbur etdi. Shu payt esa un chiqarmay, qurollarini quchoqlab bag'rini yerga berib yotgan partizanlar otryadining har biri onaning oldida xayo­lan tiz cho'kar, dili titrab, vujudi qaltirar edi. Ularni har birining ko'z oldida ochlikdan, yig'idan jajji qovoqlari shishib ketgan murg'akkina farishta bir jon turar edi. Ayni bir paytda barchaning hayolida shu daqiqalarda ularning jonidan ham yuqori bo'lgan vatan, xalq, davlat taqdiri, harbiy topshiriq charh urar edi. Lekin bu vaziyatda onadan bosh­­qa hech kim uning yechimini topa olmadi.

Ikkinchi jahon urushida har bir belarus oilasi bir nechtadan qurbon bergan va bu faqat belarus xalqi, millati boshiga tushgan taqdir bo'lsa kerak, degan xayolga borasan kishi. Urush boshlanishida ham urushning tugashi arafasida ham nemis-fashistlar armiyasi Napoleonning faranglar armiyasiga o'xshab, avval G'arbdan Sharqqa bostirib borar, so'ngra jon talvasasida Sharqdan G'arbga qarab qochar ekan shu asnoda bor tirik molu jonni o'ldirib, yo'q qilib, dahshatli bo'ron, to'fon singari shahar-qishloqlarni xonavayron qilib, yer bilan yakson qilib borar edi.

Svetlana Aleksiyevichning bu so'zlari hamkasblarimizning ocherkidagi besh farzandini urushda yo'qotgan Zulfiya onaning “Bittasi bo'lsayam qaytib kelmadi-ya!”… deb, – lab­lari pichirlab sekingina aytgan so'zlari butun vujudingizni titroqqa soladi, bu so'zlar quloqlarda onaizorning qalbidan chiqayotgan hayqiriq bo'lib aks-sado beradi. Zulfiya onaning uchinchi o'g'li Mamajonning so'nggi xatida keltirilgan “Karnay-surnaylarning tovushi kelib turibdi, hademay, oxirgi katta to'yga (jangga) kiramiz” so'zlari esa naq qiyomat qo'ng'iroqlari bo'lib qulog'ingizga chalingandek bo'ladi.

Beshinchi, so'nggi kenja o'g'li Yusufjonning Leningradda halok bo'lganidan xabar topgan Zulfiya onaning faryodi yuraklarni chil-parchin qilib, xonu moningizni o'rtab, kuydirib yuboradi. Belarus va o'zbek adiblarining bir-biriga hamohang bu so'zlaridan butun vujudingiz titrab, aqlu xayolingiz larzaga keladi, un chiqarmay, siz ham quyilib kelayotgan ko'z yoshlaringizni to'xtata olmay, ichingizda ingraysiz, dod solasiz. Bir o'zbek volidai muhtaramasining boshiga tushgan besh farzand dog'i, besh judolikni qalbingiz, aqlingiz qabul qilmaydi. Bunday axborotni xotirangiz saqlashdan bosh tortadi. Voqealarning dahshatliligidan, “partizanlar hayotida sodir bo'lgan”, deb yozilgan bu haqiqatga ishonmaslikka harakat qilasiz. Ich-ichingizni yemiruvchi achchiq fikr-xayollarga tolasiz. Lekin bu voqealar hayotda sodir bo'lib o'tgan haqiqiy hayot lavhasi edi.

Nima, bu — Belarus yozuvchisining badiiy mushohadasi, xayoliy to'qimasi-mi yoki Ikkinchi jahon urushida ro'yi-rost sodir bo'lgan haqiqatmi?! Bunga javob topish mushkul. Fik­rimizcha, u ham, bu ham, hatto biz bilgan va bilmagan uchinchi bir sir, mo''jiza – yozuvchining katta qalbi, Alloh nasib etgan noyob iste'dodi, mahorati ham bor bunda.

XXI asr belarus millati yirik yozuvchisining bu jumlasi, muallifning gapi bo'yicha, Ikkinchi jahon urushida bevosita ishtirok etgan yuzlab, minglab sovet ayollari: hamshiralar, uchuvchilar, partizanlar, tarjimonlar, shifokorlar, aloqachi-radistlar bilan bo'lgan suhbatlari paytida yozib olingan hayotiy epizod, lavha ekan.

Eng dahshatlisi, endigina ko'zini ochib, bu dunyo­dan endigina ko'kragi to'lib nafas olayotgan go'dakning tug'ilib shu zahotigina qurbon bo'lishi bu – Ikkinchi jahon urushining Belarus o'rmonida, partizanlar hayotida sodir bo'lgan, so'z bilan ifodalab bo'lmaydigan dahshatli, ayanchli, achchiq haqiqatdir! Yana ming xil xayollarga borasan. Lekin asarlari 35 tilga tarjima qilingan, 24 ta roman, povest va hikoyalari asosida badiiy va hujjatli filmlar suratga olinib, ikki marta Oskar mukofotiga taqdim etilgan, jahonga mashhur haqiqatparvar belarus yozuvchisi, Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Aleksiyevich yolg'on yozmaydi, degan xulosaga kelasan kishi. Urushni uning butun dahshatli voqea­lari, million-million qurbonlari-yu, butkul fojiasi bilan haqiqat ekanligini tan olasiz, e'tirof etasiz. La'natlar o'qiysiz!

(Davomi kelgusi sonda).

Irismat Abuduxoliqov

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + twelve =