Mard va sheryurak

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, atoqli publitsist va jamoat arbobi Safar Ostonov haqida dastlab talabalik davrimda eshitgan edim. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakulteti domlalari – professor Ochil Tog'ayev, dotsentlar Saydi Umirov, Boybo'ta Do'stqorayev (ular ham olamdan o'tib ketishdi. Alloh rahmat qilgan bo'lsin) va boshqa ustozlarimiz dars jarayonida yurtimizdagi taniqli pub­litsistlar qatorida jurnalist Safar Ostonov haqida, uning ijodi to'g'risida ham alohida to'xtalib, ayricha mehr va e'tibor bilan gapirishar edi.

Darhaqiqat, o'tgan asrning 70-80-yillarida Safar aka dolzarb mavzudagi o'tkir maqolalari, dadil fikrlari bilan taniqli jurnalistlar safidan joy olib ulgurgandi. Uning matbuot sahifalaridagi har bir chiqishi gazetxonlar o'rtasida qizg'in muhokamalarga sabab bo'lar, hech kimni befarq qoldirmas edi. Eh, nimasini aytasiz, o'sha yillar matbuot xodimlari uchun g'oyat tahlikali va sinovli, shu bilan birga, maroqli davrlar edi. Sobiq Ittifoq zamoni edi. Qayta qurish epkini esayotgan bu paytda “O'zbekiston adabiyoti va san'ati”, “Yosh leninchi” (keyinchalik “Turkiston”, hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetalarining adadi salkam 1 million atrofida edi. Bu nashrlarning nufuzi yil sayin oshib borishi tahririyatlarda ishlayotgan ijodkorlarning tinimsiz mehnat va izlanish­lari, muammolarni xolis yoritishga chin dildan intilishlari natijasi edi, desam, haqiqatni aytgan bo'laman.

Esimda, talabalik yillarimda yurtimizda chop etiladigan deyarli barcha nashrlarni o'qib borardim. Sanoqligina bo'lgan, ko'pchilik yaxshi biladigan gazetalarning el-yurt mehrini qozongan muxbirlari qatorida bo'lish biz uchun ushalmas orzu bo'lib tuyulardi. Orzuga esa ayb yo'q, dey­dilar. Qashqadaryodek olis yurtning chekka bir qishlog'ida o'sib-ulg'aygan sodda va to'pori yigit bo'lsam-da, publitsist sifatida elga tanilib, mohir jurnalist bo'lish uchun tinimsiz harakat qildim.

Ezgu niyatlarimga farishtalar omin, degan ekanmi, bilmadim, men dalli-devonaga ham kutilmaganda chinakam baxt kulib boqdi: – 1985 yilda O'zbekiston Qahramoni, elimizning ardoqli va atoqli shoiri, ustoz Abdulla Oripov tavsiyasiga ko'ra “Yosh leninchi” gazetasi tahri­riyatining xatlar bo'limida ish boshladim. Hozirgi “Matbuotchilar uyi”ning 5-qavatida joylashgan yoshlar nashrida ustoz jurnalist Abduhamid Fozilov boshqargan bo'limda (u kishi keyinchalik ko'p yillar “Qibray sadosi” gazetasida bosh muharrir lavozimida xizmat qilgan, bugungi kunda pensiyada) ishga tushib, bu qutlug' dargoh naqadar tabarruk maskan ekaniga chin dildan amin bo'ldim. Rahmatli ustozlarim, hamkasb og'alarim – bosh muharrir o'rinbosari Abdurahim Abdullayev, mas'ul kotib Farruh Rahimov, bo'lim mudirlari va muxbirlar Safar Ostonov, Ziyovuddin Ortiqxo'jayev, Mahkam Rahmonov, Karim Rahimov, Turg'un Nazarov, Zayniddin Mamadaliyev hamda musahhih Qurbon Eshmatovdek ajoyib insonlar bilan hamkoru hamqadam bo'lib ishlaganimdan doimo faxrlanib yuraman. Tahririyatning ijodiy xodimlaridan – adabiyot va san'at bo'limi mudiri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimlari – taniqli shoira va publitsistlar Muqaddas Abdusamatova, Umida Abduazimova, zukko shoir va mutarjim (mashhur “Avesto” kitobining tarjimoni) Asqar Mahkam, shoir va jurnalist Shavkat Turob, iste'dodli publitsistlar Zayniddin Rixsiyev, Suvonqul Rus­tam, fotomuxbir Muhammad Amin singari taniqli ijodkorlar gazetaning nufuzini oshirish uchun zahmat chekib ishlar edilar. Ming afsuski, men aytayotgan bu insonlarning ham bir qanchasi bugun oramizda yo'q, bandalik qilishgan.

Eng ko'p va mashaqqatli yumush men xizmat qiladigan xatlar bo'limida edi. Tasavvur qiling, tahririyatga bir kunda 7 qopgacha xat kelib tushar, biz ularni saralab, maxsus daftarga qayd etib, so'ng tegishli bo'limlarga tarqatar edik. Odamlarni o'ylantirayotgan tashvish va muammolarni dadil yoritgani, gazetxonlarning e'tiboriga tushib, ularning ko'ngliga yo'l topgani uchun aksariyat xatlar Safar Ostonov mudirlik qilayotgan sport va harbiy-vatanparvarlik bo'limiga taalluqli bo'lardi.

Nimasini aytasiz, sobiq sho'ro tuzumi davrida hamma joyda yechimini kutayotgan chigal masalalar oshib-toshib yotardi. Shuning uchun ham ko'pgina xatlar gazetxonlar mehrini qozonib ulgurgan, kuyunchak jurnalist Safar Ostonovning shaxsan o'ziga atalgan bo'lardi. Safar aka xatlarni sinchiklab o'qib, mazmuniga ko'ra saralab, bir nechtasini ro'yxatdan o'tkazib, rahbariyat topshirig'i bilan xizmat safariga jo'nab ketar va aholini bezovta qilayotgan o'tkir muammolarni o'rganib, tahliliy-tanqidiy maqolalar tayyorlab kelardi.

Kamina yoshlar gazetasining yangi ish bosh­lagan muxbiri sifatida ayrim qoralamalarimni ustozga ko'rsatib olardim. Safar aka yozganlarimni o'qib bo'lgach, “Azamat, mavzuni yaxshi tanlagansan, biroq yozganlaring tahrirtalab, og'ayni! Ozgina mehnat qilib, yaxshigina bosh qotirish kerak, so'zlarni bo'lar-bo'lmasga uvol qilmaslik lozim”, deb tanbeh berar edi. Biz– hali hayot qozonida qaynab, pishib yetilmagan muxbirchalarga bu gaplar zarracha malol kelmasdi. Aksincha, ana shunday o'rinli dakkilardan saboq chiqarib, tuzukroq maqolalar yozish, tahririyatga kelgan materiallarni tahrir qilishni o'rganar edik.

O'quvchilar ishonchini qozonib ulgurgan gazeta tahririyatiga ba'zan juda qaltis mavzulardagi maqolalar kelar, jurnalistik surishtiruvni talab etadigan materiallarni bosh muharririmiz “Buni Safar Ostonovdan boshqang eplay olmaysan”, deb hammaning ko'z oldida uni Safar og'amizning qo'liga tutqazardi. Ustoz bu kabi topshiriqlarni qoyilmaqom qilib bajarib, katta jasorat bilan yozilgan maqolalarni qayta-qayta ishlab, keyin matbuotda e'lon qilib borardi.

O'sha paytlar tahririyatga gazetxonlardan o'ta chigal muammolar haqida ham xatlar kelardiki, ularni o'rganish, tagiga yetish va yechim topish jurnalistdan qattiq mehnat, chuqur mulohaza, yuksak mahorat bilan birga, favqulodda ulkan jasorat ham talab etardi. Tabiiyki, Yaratgan Egam bunday jasur qalbni hammaga ham beravermaydi. Safar aka mard va sheryurak inson edi. Shu bois bosh muharririmiz ba'zida biror-bir muammoning yechimi haqida bosh qotirsa, “Bunday chigal masalani qanday hal qilsa bo'ladi, Safarjon!” deb og'amizdan maslahat so'raganini hamkasblarimiz yaxshi eslashadi.

O'sha qadrdon jamoada ishlagan barcha hamkasblarimizning har biri o'ziga xos ijodkor bo'lganini e'tirof etgan holda aytsam, ularning orasida eng dadili ham, so'zga chechan, zahmatkash va mohir tashkilotchisi ham Safar Ostonov edi. Sodda qilib aytganda, rahmatli Safar og'amiz tahririyatning tayanch ustuniga aylanib qolgandi. Keyinchalik gazetada qator iqtidorli qalamkashlar faoliyat ko'rsata boshladi. O'zbekis­tonda xizmat ko'rsatgan jurnalistlar Ahror Ahmad, Qulman Ochil, zukko va izlanib charchamaydigan ijodkor Ro'zimboy Hasan, taniqli shoir va pub­litsistlar Sirojiddin Rauf, Norqobil Jalil, Amirqul Karim va boshqalar Safar Ostonovning munosib izdoshlari sifatida tan olinib, bugungi kunda ijod maydonida faol qalam teb­ratib kelmoqda.

Ma'lumki, o'tgan asrning 80-yillari o'rtalaridan boshlab, toki mustaqillikka erishgunimizga qadar xalqimiz juda og'ir va murakkab sinovlarni boshidan kechirdi. “Paxta ishi” bahonasida 10 minglab yurtdoshlarimiz hibsga olindi. Mustabid tuzumning temir iskanjasiga tushgan odam undan sog'-omon qutulib chiqishi dargumon edi. Nohaq ayblanganlarni qattol siyo­sat zug'umidan oqlab, ozodlikka olib chiqish qiyindan-qiyin masala edi. Ming-minglab jabrdiyda insonlar umid bilan ko'z tikib turgan biz – jurnalist ahlining dasti hech qayga yetmas, ba'zan ojizona ovozimizni ko'tarish, zaif qalamimizni muammolar girdobi tomon burishga jur'at qilolmas edik. Sobiq Markaz tomonidan O'zbekistonga tashlangan yovuz “desantchi”lar, xususan, SSSR Bosh prokuraturasining tergovchilari Gdlyan va Ivanovning ommaviy qatag'onga aylanib ketgan qabih xatti-harakatlari xalqimiz o'rtasida ko'plab noroziliklarga sabab bo'la bosh­ladi. Bir umr “jurnalistika – bu adolat uchun kurash” degan shiorga amal qilib yashagan, o'sha paytda ayni kuch-g'ayratga to'lgan ustozimiz Safar Ostonov ana shunday o'ta murakkab va qaltis sharoitda qo'rquv nimaligini bilmasdan, el-yurt taqdirini o'ylab, o'tkir qalamini tom ma'noda qurolga aylantirib, “gdlyanchi”larga qarshi mardona kurash boshladi. Men bu holatni bir o'zi to'qson alpga qarshi or-nomus jangiga kirgan azmu shijoatli Alpomish bobomizning jasoratiga o'xshataman. Chindan ham, jussasi kichkina bo'lgani bilan yuragida ulkan shijoat jo'sh urgan Safar akamiz adolat yo'lida hamisha kurashga tayyor inson edi. “Yuragi otning kallasidek ekan”, deyishardi muallifning dolzarb maqolalarini o'qigan gazetxonlar ustozning shahdu shiddatiga chin dildan tan berib. Biz ham uning sherdek yuragi, jasoratiga qoyil qolardik. Albatta, Safar aka har xil tuhmatlarga qolmaslik uchun mavzuga o'ta ehtiyotkorlik bilan yondashardi. Tirnoqdan kir qidiruvchi muttahamlar maqoladan xato izlashga tushar, biroq xolisona yozilgan – har tomonlama o'ylab, qog'ozga tushirilgan maqolalardan jo'yali ayb topolmasdan xunob bo'lishardi.

Shunday alamli vaziyatlar ham bo'ldiki, sobiq Ittifoqda nom qozongan nufuzli oliy o'quv yurtida ta'lim olgan taniqli huquqshunoslar ham o'zini o'zi himoya qilolmasdan, mahkumlar qatoridan joy oldi. Birgina misol, Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) davlat universitetining huquqshunoslik fakultetini imtiyozli diplom bilan bitirgan opa va uka Ahmedovlarning ayanch­­li taqdiri haqida ko'pchilik o'sha paytda eshitgan. Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning birida xizmat faoliyatini o'tab kelayotgan taniqli yurist­lar “desantchi”lar tegirmoniga tashlanganida, Safar aka dadillik bilan ularni himoya qilib, gazeta sahifalarida bu haqda maqolalar e'lon qildi.

Katta lavozimlarda xizmat qilgan bir hamkasbimiz tuhmatdan qamalib, ozodlikka chiqqach, ancha vaqt ishsiz yurdi. Safar aka uning taqdiri uchun kurashib, ilgari ishlagan lavozimiga to'g'ri keladigan boshqa vazifaga ishga tiklanishiga erishgani haqida eshitganman.

Albatta, hayotiy tajribamizdan yaxshi bilamiz, bunday “nozik” ishlarga hamma ham yurak yutib bosh qo'shavermaydi, aksincha, “och qornim, tinch qulog'im” yoki “bizda ham bola-chaqa bor, okosi”, deb o'zini chetga oladi. Safar aka esa bunday vaziyatlarda adolatsizlikka sira toqat qilolmas, birovning tashvishiga jim qarab turolmas edi.

Sirasini aytganda, nohaq qamalganlarning toptalgan huquqini himoya qilib, ularni jazodan ozod etish oson ish emas. Buning uchun huquqiy bilim, yuksak saviya bilan birga, yana bir bor aytishga to'g'ri keladi, jur'at, jasorat va fidoyilik talab etiladi. Og'amizning shaxsiy kutubxonasida huquqiy adabiyotlar ham ko'p edi. Safar aka sud-huquq mavzusida yozaverib, “advokat” bo'lib ketgandi. U haq-huquqi poymol bo'lib, nohaq qamalganlarning duosini olgan chinakam jonkuyar jurnalist edi. Bu esa hammaga ham yoqmas, shu bois Safar akaning obro'sini tushirishga harakat qilganlar ham bo'ldi. Bunday kaslar oxir-oqibat bor obro'sidan ham ayrilib, o'zlari qazigan chohga o'zlari qulab, badnom bo'lishdi. Nafaqat sud-huquq sohasida, balki sport, ijtimoiy-siyosiy mavzularda ham hech kim Safar Ostonov kabi faol ijod qilgan emas, deb ishonch bilan ayta olaman. Safar aka yuqori idorada mas'ul lavozimda samarali xizmat qilgan kezlarda ham ijod qilishdan sira to'xtamadi. Hayotni, odamlarni yanada teran o'rganib, fikrini qalamini charxlab yashadi.

Shuni alohida ta'kidlab o'tish joizki, Safar Ostonov “Sport”, “O'zbekiston futboli” gazetalarida bosh muharrirlik qilgan paytlarda ushbu nashrlarning adadi sezilarli darajada oshdi, matbaa sifati yaxshilandi, sportning turli sohalariga oid bir-biridan qiziqarli maqolalar dunyo yuzini ko'rdi. Yangi-yangi sportchilar, sport homiylari haqida bir-biridan qiziqarli maqola va ocherklar gazeta sahifalaridan o'rin oldi.

Jurnalistlar ijodiy jamoalari o'rtasida bo'lib o'tadigan futbol bellashuvlari Safar akaning ishtirokisiz o'tmasdi. Ustoz ixcham gavdasiga mos sport kiyimida o'yinga tushib ketar, darvozaga ketma-ket gollar urganidan hayratga tushmay iloj yo'q edi.

Shu o'rinda yana bir jihatga e'tiboringizni qaratishni istardim. Safar aka juda madaniyatli inson edi. U kishi did bilan kiyinar, kiyimlari qomatiga yarashib turar, chiroyli qadam tashlar, tengdoshlariga qaraganda ancha yosh ko'rinardi. So'zini ham salmoqlab, dona-dona qilib gapirar, hech kimning dilini og'ritmas edi. Biz shogirdlar ustozga havas bilan qarardik.

Butun ongli hayoti va faoliyatini milliy jurnalistikamiz rivojiga bag'ishlagan Safar Ostonov salkam 20 yil (2002 yilning 2 fevralidan umrining oxirigacha, ya'ni 2021 yilning 9 iyunigacha) davomida yurtimizdagi eng nufuzli nashrlardan biri bo'lgan “O'zbekiston ovozi” va “Golos Uzbekistana” gazetalariga rahbarlik qildi. Bu gazetalarning birorta soni yo'qki, dolzarb maqolalar chiqmagan bo'lsa.

Ustoz siyosatni nozik tushunardi. Shu bois, tahririyatga kelgan ko'plab materiallarni o'ta hushyorlik bilan tahrir qilar, bundan muallifning o'zi ham mamnun bo'lar, muharrirning tahrir mahoratiga, nuktadonligi va bilimdonligiga qoyil qolardi.

Darvoqe, ustoz bir paytlar Safar Oston taxallusi bilan tuzukkina she'rlar ham yozgan. Umuman, she'riyatga mehri o'zgacha edi. “O'zbekis­ton ovozi” gazetasida kamdan-kam, lekin yaxshi she'rlar e'lon qilinardi. Chunki Safar aka yaxshi she'rlarni tanlay bilardi. Qadrlardi. Ustoz ancha yillar ilgari ijodini she'r yozishdan boshlaganini, biroq yozgan mashqlaridan qoniqmagani sababli publitsistikaga qiziqib ketganini aytib bergandi.

Ayniqsa, O'zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov ustozni o'zining tug'ishgan inisidek hurmat qilar, unga “Safarjon”, deb murojaat etardi. Qadrdon ukasi bilan suhbatlashishni xush ko'rardi. Bir muddat Abdulla akaning she'rlari kimgadir yoqmay qoldimi yoki boshqa sabab bormidi, har qalay, atoqli shoirimizning she'rlari matbuotda ko'rinmay qoldi. Safar aka o'zida jur'at topib, “O'zbekiston ovozi”ning har sonida kichik-kichik she'rlardan, to'rtliklardan namunalar berib borib, Abdulla Oripov ijodi uchun yana yo'l ochib yuborgandek bo'ldi. Bu ham o'ziga xos jasorat edi.

Ko'pchilik jurnalistlar “Safar akaning gazetasida maqola chiqarish qiyin, har qanday maqolani e'lon qilavermaydi, o'ta injiq muharrir”, deyishardi. Kimningdir maqolasi “O'zbekiston ovozi”da chiqsa bormi, bu uning uchun chinakam bayram edi.

Odamoxunlik, kamtarlik Safar akaning ziynati edi. Kimga nima yordam kerak bo'lsa, qo'ldan kelgancha harakat qilar, ishi bitgan insondan ko'ra, o'zi ko'proq xursand bo'lardi. Shuning uchun ham ustozni hamma – yoshu qari birdek yaxshi ko'rib, sidqidildan hurmat qilardi.

Kattaqo'rg'on saylov okrugidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodi qo'­yilib, ustozimiz g'alaba qozonganida hamkasblar, shogirdlar g'oyat xursand bo'lganmiz. Ta'bir joiz bo'lsa, bu nafaqat uning, butun jurnalistika sohasi ahlining, qalam kuchiga ishongan xalqning g'alabasi edi. Qisqa fursatda yangi saylangan deputat saylovchilarning mehrini, ishonchini qozondi. Shundanmi, oyda bir-ikki marta Kattaqo'rg'onga borib, saylovchilar bilan muloqot qilardi.

Safar akaning yana bir yaxshi bir odati o'zi yozib ulgurmagan dolzarb mavzularni qo'l ostidagi xodimlarga tarqatishi, shu orqali ijodkorlarning publitsistik ishlariga baho berib borishida ko'rinardi. “Jurnalist yozaman, desa mavzu ko'p, muammolarimiz yetarli, hamma gap uni mohirlik bilan yoritishda, gazetxon qalbiga yetib borishida, yurakni jiz ettirmasa, u yaxshi jurnalist emas”, derdi rahmatli akamiz. Ustoz chiroyli iboralar topar, so'zlarni o'z o'rniga qo'yib, maqolaning yanada ta'sirliroq chiqishiga alohida urg'u berardi. Muallifi kim bo'lishidan qat'i nazar, tahririyatga kelgan maqolalarni erinmay tahrir qilib sahifaga tushirar edi.

Tajribali muharrir Safar Ostonov qalam tebratmagan mavzuning o'zi yo'q edi. U qaysi sohada yozmasin, voqea-hodisa tafsilotlarini chuqur o'rganib, fikrini jamlagan holda yozuv stoliga o'tirar, charchash nimaligini bilmas edi. Shuni ham alohida aytish kerakki, hamisha sud-huquq mavzusida maqola yozadigan publitsistlar respublikamizda sanoqli bo'lgan. Bu borada Safar aka yetakchilardan biri edi. Umuman olganda, Safar akaning huquq-tartibot masalalariga oid yozgan ta'sirli maqolalari jamlansa, kattagina kitob bo'ladi. Ijtimoiy-siyosiy mavzudagi maqolalarining soni bundan ham ko'p edi.

Huquqni muhofaza qiluvchi vazirlik va idoralarda bo'lib o'tadigan matbuot anjumanlariga tez-tez taklif etilardi. Sud-huquq mavzusidagi tahliliy ko'rsatuvlarning aksariyati Safar akaning ishtirokisiz o'tmasdi. U o'zining haqiqatparvarligi, adolatpeshaligi bilan ko'p sonli teletomoshabinlar hurmatini qozongan edi. Ustozimiz chinakam sud-huquq sharhlovchisi ham edi, desak, mubolag'a bo'lmaydi.

— Safar o'zini ayamay ishladi. Gazetachilikka bor vujudi bilan sho'ng'ib ketdi. Sport va huquqiy jurnalistikani tanladi. Har ikkisida ham samarali ijod qildi, – deydi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ahmadjon Meliboyev “Tushga aylangan ko'z yoshi” maqolasida (“O'zbekis­ton ovozi” gazetasi 8-son, 2022 yil, 23 fevral). – Dam olish kunlari u uchun eng mahsulli kunlar bo'lardi. Odamlarga yordam berish, kimlarningdir shaxsiy, oilaviy muammolarini hal qilishga vaqt topdi, ammo biror joyda tuzukroq dam olishga, asab tolalarini asrashga vaqt topmadi. Maktabga shoshilayotgan a'lochi o'quvchidek har tong ishxonaga shoshildi…

Rost. Ustoz rahbarlik qilgan gazetaning har bir sonida, albatta, o'qishli maqola bo'lardi. Odatda Safar aka uydan ko'ra, xizmat xonasida ko'proq ijod qilardi. Shanba-yakshanba kunlari ham uni ishxonasidan topish mumkin edi.

Butun dunyoda koronavirus balosi kezib yurgan, bu ofat respublikamizni ham chetlab o'tmagan paytlar… Aksariyat korxonalar o'z faoliyatini vaqtincha to'xtatdi. Jumladan, gazetalar ham bir muddat tanaffus qilishga majbur bo'ldi. Ko'chalarda transport harakati cheklandi. Xizmat mashinam harbiy idoraga tegishli bo'lgani uchun bemalol ishga kelib-ketardim. Qadrdon ustozlarim Safar Ostonov, Ahmadjon Meliboyev “haydovchingga ayt, bizni uyimizdan olib ketsin, qaytishda tashlab ketsin”, deb iltimos qilishardi.

Albatta, tinimsiz ijod bilan shug'ullanadigan odam bir joyda muqim turolmaydi. Ular “zap ijod qiladigan davr bo'ldi”, deb ancha-muncha narsalarini qoralab qo'yganidan xabarim bor. Pandemiya asoratlari yumshagach, bu ikki ijodkorning materiallari markaziy matbuot nashrlarida paydar-pay e'lon qilindi.

O'tgan yili “Yilning eng faol jurnalisti” tanloviga ishtirok etishga jazm qildim. O'nga yaqin maqolam “O'zbekiston ovozi” gazetasida e'lon qilingan, aksariyati bir sahifalik materiallardan iborat edi. Respublika tanlovi sovrindorlari safidan joy olishimda ustozning hissasi g'oyat katta bo'ldi. Meni birinchilardan bo'lib tabriklagan ham Safar aka edi. Ha, Safar Ostonov yuqorida aytilganidek, o'zganing yutug'idan xursand bo'ladigan g'oyat olijanob, dilbar inson edi.

… Yana xotiram ko'zgusiga nigoh tashlayman. Kunduzgi o'qishimni kechki bo'limga o'tkazib, tahririyatda ishlayotgan kezlarim edi. Kechki bo'limda tahsil olayotgan paytlarimda yuridik fanlari nomzodi, dotsent Rahima Jo'raboyeva “Huquqshunoslik” fanidan saboq berardi. Rahima Abdullayevna darsning birinchi kuniyoq kechki bo'limda o'qiydigan talabalarni yo'qlama qilib chiqdi-da, kimning qaerda ishlashi bilan qiziqib, tanishdi. Menga gal kelgach ismi sharifimni aytib, “Yosh leninchi” gazetasida muxbir bo'lib ishlashimni aytdim. Shunda domlaning chehrasi yorishib, “Safar Ostonov bilan birga ishlaysanmi, salom aytib qo'y, uni juda hurmat qilaman. Safarjon yuragi katta, zabardast jurnalist. “Desantchi” — Gdlyan va Ivanovga qarshi chiqib, Leningrad davlat universitetini a'lo baholarga bitirgan qizim, adliya katta maslahatchisi Zulfiyani ham, huquqshunos o'g'lim Muzaffarni ham matbuotda himoya qilib chiqqan o'sha jurnalist bo'ladi. Hozir u kunlarni eslagim ham kelmaydi. Qizim bilan o'g'lim oqlanib chiqqach, o'z sohasi bo'yicha xizmatni davom ettirishyapti. Sizlar ham shunday kuyunchak, insonlarga nafi tegadigan olijanob jurnalist bo'lib yetishishlaringizni istardim”, dedi ko'zda yosh bilan.

— Odamgarchilik yuzasidan anchadan buyon Safarjonni uyimga bir piyola choyga taklif qilaman. Xo'p, opajon, deydi-yu, yumushlaridan ortmaydimi, kelolmayapti. Azamat, sendan bir iltimos, o'zing bosh bo'lib, Safarjonni ishdan qaytadigan chog'da hovlimga olib kelsang, xursand bo'lardim, – deb o'z uyi manzilini bergandi o'shanda Rahima opa. Bu iltimosni Safar akaga har ishga kelgan kunim eslatardim. Ustoz hayot tashvishlari, ijod bilan andarmon bo'lib, bunga imkon topolmadi. Bu diydor taniqli huquqshunos olima uchun armon bo'lib qoldi.

Ko'pchilik ijodkorlar amal pillapoyalariga ko'tarilgani sayin ijodida pasayish kuzatiladi. (Abdusaid Ko'chimov, Ahmadjon Meliboyev bundan mustasno). Safar aka amalni ham, ijodni ham bab-baravar olib bordi. U qaysi lavozimda rahbar bo'lib ishlamasin, ijodi kuchaygandan kuchaydiki, aslo susaygani yo'q. Yoshi 70 dan oshganiga qaramasdan, og'riqli muammolarni ko'tarib chiqdi. To'g'risi, Safar akaning birorta zerikarli maqolasiga duch kelmaganman. Uning yozgan materiallari nishonga aniq tegardi. “O'zbekiston ovozi” gazetasi tahririyatining hamma xodimlari ishini yakunlab, uyiga qaytgandagina Safar aka xonasida tinchgina yozishga kirishardi. Shu bois, uyiga kech qaytardi.

— Safar Oston nomini o'zbek jurnalistikasi yaxshi biladi, nafaqat biladi, u kishining yuzlab shogirdlari bu insonning sohada qanday mehnat qilganidan yaxshi xabardor. Safar akaning o'tgan asr 90-yillarida matbuotda e'lon qilingan sud ocherklari, “Paxta ishi” bo'yicha oqlanganlar haqidagi jiddiy maqolalari katta shov-shuvlarga sabab bo'lgani haqiqat. Safar akaning o'sha bitiklari o'zbek jurnalistikasining yorqin namunalari edi. Aka  chinakam qalam odami edi, – deydi taniqli shoir va publitsist Abdumajid Azim. – Keyinchalik “Mohiyat”  gazetasiga muharrirlik qilgan yillarimda men Safar aka bilan ko'p tadbirlarda, ijodiy safarlarda  birga bo'ldim. Yanada yaqinroq tanishdim, dilkash suhbatlaridan bahramand bo'ldim. Safar aka shunday obro'-e'tiborli qalamkash, katta gazetaning bosh muharriri bo'lishiga qaramasdan, inson sifatida oddiy, kamtar, kasbdoshlari, qo'l ostidagilarga nisbatan oqibatli edi.

Safar Ostonning eng yaxshi fazilatlaridan yana biri ijod va ilm ahliga katta hurmat va ehtirom bilan yondashishi edi. Xususan, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim va boshqa ijodkorlar haqida akamizdan ko'p yaxshi gaplar eshitganman. Hayot o'tkinchi ekan, mana bugun  Safar aka oramizda yo'q, Alloh rahmat qilsin, ruhlari shod bo'lsin.

Safar Ostonov nufuzli xalqaro tadbirlarda ham faol qatnashgan chinakam faol va jonkuyar o'zbek jurnalisti edi. Aksariyat xalqaro sport musobaqalari (futbol, boks, o'zbek kurashi va hokazo) ustozning ishtirokisiz o'tmasdi. Kuyunchak jurnalist sifatida nufuzli xalqaro tadbirlarda qatnashib, g'olib bo'lgan sportchilarimiz haqida quvonib, suyunib yozdi. Yurtimiz vakillari imkoniyatni boy berganlarida esa yo'l qo'yilgan kamchiliklar xususida achinib, kuyunib yozdi.

Ko'pchilikning xabari bor, Germaniyada hamyurtimiz Ruslan Chagayev hamda “Ayiq” laqabini olgan rossiyalik taniqli bokschi Nikolay Valuyev o'rtasida kechgan murosasiz boks musobaqasida Safar aka shaxsan ishtirok etib, jahon chempionligini qo'lga kiritib, “Oltin kamar” belbog'i sohibiga aylangan hamyurtimiz haqida alohida ko'tarinki ilhom va g'urur bilan ocherk bitdi. Murosasiz kechgan boks musobaqasi jarayonlarini qalamga olib, ularni yorqin bo'yoqlarda, yuksak hayajon bilan tasvirladi. Shubhasiz, bularning barchasi sport milliy jurnalistikamizning yorqin sahifalarini tashkil etadi edi, desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi.

2017 yili Samarqand shahrining Registon maydonida tantanali ravishda o'tgan nufuzli “Sharq taronalari” XI xalqaro musiqa festivalida matbuot kotibi vazifasini bajarish Safar Ostonov zimmasiga yuklatilgani mahoratli jurnalistga bo'lgan yuksak ishonch ifodasi edi.

— Safar Ostonov xalqaro tadbirda matbuot kotibi sifatida faoliyat ko'rsatgan yili meni ustozga muovin etib tayinlashgandi, – deya eslaydi taniqli shoir va jurnalist, “Sharq yulduzi” hamda “Zvezda Vostoka” jurnallari bosh muharriri Sirojiddin Rauf. – O'sha yili yurtimizga oltmishga yaqin davlatdan san'at ustalaridan iborat mehmonlar tashrif buyurgan edi. Ustoz diplomatlarga xos ish tutib, matbuot anjumani va brifing o'tkazgani, chet ellik mehmonlarning savollariga og'ir-bosiqlik bilan javob berib, axborot maydonida o'zining qanday shaxs ekanini namoyon etgani kechagidek esimda.

Haqiqatan ham, rahmatli Safar Ostonov el-yurt ishonchini oqlagan fidoyi qalamkashlardan biri edi.

Safar akaning qabulxonasi aksariyat hollarda band bo'lardi. Kimdir qandaydir iltimos bilan, yana kimdir maqola olib kelgan bo'lardi. G'oyat dilkash, kamtar, odamoxun inson bo'lganidan, yaqin birodaru do'st-yorlari ko'rgani tez-tez kelib turishardi. U hammani o'ziga yaqin olar, shu sabab oshna-og'aynilari ham bisyor edi. Har sohada o'ziga yaqin, sadoqatli odami borligi bois, yuki hech qachon yerda qolmas edi. Shunday bo'lsa-da, ortiqcha hoyu havas va hashamatga, maishatga berilmadi. Umrining aksariyat qismini Toshkent shahrining Yunusobod dahasidagi bundan qirq yil oldin yoshlar gazetasida ishlagan kezlari davlat tomonidan berilgan oddiy kvartirada yashab o'tkazdi. O'nga yaqin nevaralarning suyukli bobosi bo'ldi.

Tobi qochib, hukumat kasalxonasida yotgan kezlari xabar olgani bordim. Toza havoda sayr qilish uchun tashqariga chiqdik. Katta archa soyasidagi bir o'rindiqqa joylashib, ancha gurung qildik. Suhbatimiz asosan ijod to'g'risida bo'ldi. Gaplashib turganimizda shu yerda davolanayotgan taniqli davlat va jamoat arbobi, akademik Oqil Umrzoqovich Salimov yo'lakdan o'tayotib, Safar aka bilan uzoq suhbatlashdi. U ketganidan keyin bir oz o'tib, uzoq yillar turli idoralarda rahbarlik lavozimlarida xizmat qilgan Mahmudjon Asqarov kelib qoldi. Gurung avjiga chiqdi. Mahmudjon aka Safar Ostonovga qarab: “Sizdek dadil, xolis yozadigan jurnalistni hali  ko'rmadim”, deganiga guvohman. Shu ikki nafar jamoat arbobi va men bilan Safar aka shifoxona hovlisida salkam to'rt soat suhbatlashdi. Ustoz xastaligini sezdirmas, o'zini quvnoq, tetik tutishga harakat qilar edi.

Oradan ikki kun o'tib, mash'um xabar tarqaldi. Kimdir ishondi, kimdir ishonmadi. Safar aka bu dunyoni tashlab ketgandi…

O'sha suhbat asnosida ustoz kasalxonada, xasta holiga qaramasdan, o'nga yaqin maqolalar yozganini, materiallarini jamlab, katta noshir do'stimiz Ahror Ahmedov bilan kitob holida chiqarish haqida gaplashish niyati borligini aytgan ekan. Afsuski, ustozning bu niyati amalga oshmay qoldi. Koronavirus asorati tufayli barchamizni bo'zlatib, boqiy dunyoga rixlat qildi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Safar Ostonovning porloq xotirasi aslo o'chmaydi. Xeshu aqrabolari, do'stu birodarlari, bizdek shogirdlari qalbida doimo yashaydi.

Azamat SUYuNOV,

O'zbekiston Yozuvchilar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

twelve − 11 =