Shuhrat Dehqon yodi

O'zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakulteti o'ziga xos ijodiy o'quv maskani. Bu yerdan necha avlod iste'dodli jurnalistlar, shoir va yozuvchilar, olimlar, ma'naviyat darg'alari, hatto bugun favqulodda va muxtor elchi vazifasidagi diplomatlar bitirib chiqishgan. Biz tengilar — ya'ni allaqachon 50 yoshni qoralaganlar o'sha paytdagi alg'ovli–dalg'ovli, Istiqlol ostonasidagi va Mustaqillik  qo'lga kiritilgan dastlabki yillarda tahsil olishgan. Yaqindagina oramizdan ketgan samimiy inson, ajoyib qalamkash Shuhrat Dehqonov bizdan bir kurs avval, 1993 yilda fakultetni bitirgandi. Ularning kursida tahsil olgan qalamkashlar bugun jurnalistikamizning navqiron avlod vakillari bo'lib yetishishdi. Umuman, bizda kurs ajratish, mahalliychilik degan kuydirgi qusurlar bo'lmagan. Bu ulug' dargohning sobiq talabalari bir nonni bo'lib yeganmiz, bir yotoqxonada ahil-inoq yashaganmiz.

Keyin tahsildan keyingi hayot boshlandi, birov gazetachi, birov teleradio xodimi, yana birov xorijda, birov viloyat va tuman matbuotining zahmatini chekib “ijod”ga sho'ng'ib ketdi, shirin oilaviy tashvishlar boshlandi. Shuhrat aka ham o'zi tug'ilib o'sgan Namangan  viloyatidagi teleradio tizimida oddiy muharrirlikdan ish boshlab, bir o'n besh yillar mahalliy teleradioning rivojlanishiga, viloyat matbuotining takomiliga hissa qo'shdi, Namangan viloyat teleradiokompaniyasi raisining o'rinbosarligi lavozimigacha bo'lgan yo'lni bosib o'tdi. Oliy Majlis deputatligiga saylanib, bir muddat Qonunchilik palatasi deputati sifatida faollik ko'rsatdi. Keyin nufuzli boshqa idoralarda, Res­publika faxriylarining “Nuroniy” gazetasiga bosh muharrirlik qildi. Shafqatsiz o'lim uni 54  yoshida oramizdan olib ketdi. Farzandlari, turmush o'rtog'i, uni bilgan barcha birodarlar “oh” chekib qolaverdi. Bugun esa xotira yozib eslashu, haqqiga duo qilishdan o'zga chora yo'q.

Ijodkorlarning talabalik davri ham qiziq bo'ladi. Jurnalistika fakultetining talabasi bo'lgach, asarlari bilan tanilgan, maqolalari chiqqan  biroz mashhur ijodkorlar bizga sirli ko'rinardi. Masalan, Halim Saidovning fotosuratlari bizlarga “Yosh kuch” jurnali,  Isajon Sulton va Luqmon Bo'rixonning hikoyalari “Sharq yulduzi”orqali bizga tanish edi. Shuhrat Dehqon bilan fakultetda tanishib qoldik. “Men sizning publitsistik maqolangizni “Yoshlik” jurnalida o'qiganman” dedim, hovliqib, sarlavhasi “Sen baxtli bo'lasan, Lobar!”, degan, juda ajoyib yozilgan, davom etdim bilag'onlik qilib. “Rahmat o'qigan ekansiz, u paytlar men o'quvchi edim” dedi kulib. Birinchi kurs oxirida mening “Turkiston” gazetasida chop etilgan “Ahvoling qanday sirdaryolik talaba?” nomli felyetonnamo, ancha g'urbatlarga sabab bo'lgan maqolamni Shuhrat aka o'qib: “Dadil bo'ling, qo'rqmang, biz sizga ishonamiz!”, — deya tabriklab qo'ydi. Keyingi to'rt yilda  biz do'stlashib ketdik. Bugun bular O'zbekiston xalq shoiri Omon Matchon aytgan “olis” va “ketib qolgan” xotiralar. Shuhrat aka tarbiyali va samimiy inson edi. U yurtimiz matbuoti rivojiga katta hissa qo'shdi. Muhriddin Xoliqovday xushovoz xonandaning tanilishiga, oyoqqa turib olishiga ma'naviy sabab­­chi bo'ldi. Shuhrat Dehqonovning juda ko'p­lab she'rlarini  Muhridin Xoliqov aytib elga tanildi, bugun ular xalqimizga ruhiy quvvat beradigan ma'naviy xazinaga aylandi va hozir ham ularni eshitgan har bir inson,  o'sha qo'shiq bo'lgan she'rlar muallifiga, Muhriddin Xoliqov haqqiga duo qiladilar. Yoki Sirdaryoda oqib ketgan do'sti xotirasiga bag'ish­langan “Sirdaryoyu, Sirdaryo topib bergin akamni”, deya fig'onli satrlarini tinglab ko'ring-a. Uni sevimli xonanda Jaloliddin Usmonov ijro etib, eldan olqish olgandi. Farzand dog'ida kuygan onaning diliga biroz bo'lsada tasalli berdi. Bugun ana shunday go'zal satrlar muallifi haqida xotira yozish yanada azob… Nachora, o'lim esa haq. Yana bir narsani tilga olishni istardik. Biz o'qigan davr­larda jurnalis­tika fakultetining aniq o'qitish das­turi chala edi. Sho'rimiz qurib “Siyosiy iqtisod” deysizmi, “Marksizm-leninizm”deysizmi, barisini o'qiganmiz. Aslida ustozlarimiz bergan samimiyat va tarbiya, qalam sehrini his qilish bizni ulg'aytirdi, qalamkash bo'lishga undadi. Shuhrat Dehqonov ana shu tarbiyani oqladi, ustozlar sabog'i, Vatanni va xalqni sevish, qalam sehriga  sodiq yashab o'tdi. Bugun uning haqqiga duo qilib, oxirati obod, ruhi poklari shod bo'lishini tilab qolamiz.

O'ljaboy QARShIBOY

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen + fourteen =