Umrini adolat bezagan olim

Ma'lumki, xalqimiz shu yilning 30 aprelda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani referendum bilan tasdiqladi. Ushbu voqelik Yangi O'zbekiston hayotidagi inqilobiy o'zgarish bo'ldi, deyish mumkin. Chunki, mamlakatimiz fuqarolari orzu qilib kelgan adolat, erkinlik, hamjihatlik, xalqparvarlik kabi orzu-umidlarni hayotimizga tadbiq etilishida asosiy o'rin egallaydigan yangi tahrirdagi O'zbekiston Konstitutsiyasi ro'yobga chiqdi.

Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, nafaqat uzoq o'tmishda, balki yaqin o'tmishimizda ham nafaqat oddiy fuqarolar, balki jamiyat uchun xizmati singgan  kishilarning haq-huquqlari, erkinliklari poymol etilgan. Aniqrog'i, og'izda adolat, amalda esa uning teskarisi bo'lib kelgan holatlar kishilarni qiynab kelgan.

Ana shunday insonlardan biri O'zbekis­ton Fanlar akademiyasining akademigi, O'zbekistonda kibernetika, informatsion va raqamli texnologiyalarning paydo bo'lishiga katta hissa qo'shgan olim Qobulov Vosil Qobulovich edi.

U kishi bugun hayot bo'lganida 100 yoshdan oshgan bo'lardi.

Vosil Qobulov maktabni a'lo baholar bilan tugatgach, O'rta Osiyo davlat universitetining matematika fakultetiga o'qishga kirib, endi talaba bo'lgan paytda Ikkinchi jahon urushi boshlanib, frontga ketdi va  urush tugaguniga qadar jang qildi.

Bir necha medallar bilan mukofotlangan V.Qobulov II jahon urushi tugagach, Toshkentdagi temir yo'l muhandislari ins­titutiga o'qishga kirib, institutni a'lo baholar bilan tugatdi. Ilmga chanqoq bo'lgan inson O'zbekiston Fanlar akademiyasining Mexanika instituti aspiranturasiga kirdi. Dunyoviy ilmlarga chanqoq bo'lgan yosh olim respublikadagi tajribali olimlar, akademiklar Hamid Abdullayev, Muhammadjon O'razboyevlar ko'magida hisoblash texnikasi yo'nalishida olib borilayotgan zamonaviy ilmlarni O'zbekistonda rivoj­lantirish harakatiga tushadi. U kibernetika, hisoblash texnikasi sohasida olib borilayotgan ilmiy ishlarni rivojlantirish maqsadida nazariy va amaliy ishlar bilan tanishish uchun yirik ilm markazlari bo'lgan Moskva, Leningrad, Kiyev, Minsk, Novosibirsk kabi shaharlarga borib, ilg'or fan yutuqlari bilan tanishdi. 1966 yili Toshkentda Hisoblash markazli kibernetika instituti tashkil etildi va Vosil Qobulov unga direktor etib tayinlandi. O'zbekistonda kibernetika, sun'iy tafakkur, informatsion va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish maqsadida o'nlab yirik laboratoriya va bo'limlar, ilmiy daraja, unvonlar taqdim etiladigan ixtisoslashgan ilmiy kengashlar, ilmiy ishlar natijalari chop etiladigan doimiy nashrlar tashkil etdi. U rahbarlik qilgan yillari nufuzli ilmiy markazlar bilan aloqalar o'rnatilib, O'zbekistonga zamonaviy elektron hisoblash mashinalari keltirildi. Shu bilan birga O'zbekistondagi oliy o'quv yurtlarida kibernetika, hisoblash texnikasi, informatsion va raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan kafedra va fakultetlar tashkil qilindi. Qator vazirlik va korxonalarda maxsus hisoblash markazlari ish boshladi. 1976 yilda Toshkentda sobiq Ittifoq respublikalari ichida yagona bo'lgan Kibernetika ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi tashkil bo'ldi. Uning tarkibida Hisoblash markazli kibernetika instituti, boshqaruvning avtomatlashtirilgan tizimlari, respublika avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari hamda tajriba eksperimental zavodi faoliyati yo'lga qo'yildi. O'sha davrda ushbu birlashmaning tashkil etilishi nihoyatda murakkab jarayon va O'zbekiston uchun noyob hodisalardan edi. Chunki hali bunday markazlar Sobiq Ittifoq respublikalarining aksa­riyatida mavjud emas edi.

Hayotini ilmga, xalqimiz savodxonligini oshirishga bag'ishlagan, millatimiz ziyolilarini dunyoning eng yetakchi olimlari qatorida turishini diliga tukkan fidoyi inson faoliyat olib borgan payt­­da Kibernetika ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida aspirantlarning soni 400 tadan oshdi. Bu o'sha davr uchun juda yuqori ko'rsatkich edi.

Vosil Qobulov tashabbusi bilan Na­voiydagi Muruntov oltin koni, Toshkent viloyatida joylashgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari ishlarini yaxshilash bo'yicha avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi.

Izlanuvchan va tashabbuskor, o'ta ziyoli, kamtarin inson bo'lib, umumjamoa manfaatini shaxsiy manfaatdan yuqori tutar edi. Vosil Qobulovning millatparvarlik va milliy g'ururini noto'g'ri tushunganlar olimning oliyjanoblik, vatanparvarlik, jonkuyarlik xislatlarini teskari talqin qilib, uning olib borayotgan yo'liga to'sqinlik qila boshladilar.

Xalqimiz boshiga og'ir musibatlar olib kelgan  “O'zbek ishi” va “Paxta ishi” deb atalmish fojialardan nafaqat zahmatkash, mahnatkash paxta yetishtiruvchi insonlar, shuningdek, Vosil Qobulovich  singari millatning fidoyi olimlari ham jabr ko'rishdi.

O'sha yillari V.Qobulov rahbarligida olib borilgan ma'naviy, ilmiy va millatparvarlik ishlar ham qattiq nazorat ostiga olinib, Navoiy viloyati va Olmaliq shahridagi sanoat majmualarida bajarilgan ilmiy va amaliy ishlar hech qanday bilim, tasavvurga ega bo'lmagan guruhlar tomonidan tekshirila boshlanadi. Savodsiz tergovchilar Respublikamiz korxonalari, oliy o'quv yurtlarida olib borilgan g'alamisli taftishlarida hech qanday jinoiy alomatlar topa olmaganlaridan so'ng Rossiyadan  sohaning 20 dan ortiq akademiklarini ushbu tekshiruvlarga jalb etishadi. Biroq ushbu g'arazli niyat ham millatimiz kushandalari kutgan natijani bermaydi. Malakali mutaxassislar V.Qobulov rahbarligida olib borilgan ishlar bo'yicha hech qanday qonun buzilishi holatlari, kamchiliklar yo'qligini tasdiqlashadi.

Vosil Qobulov har qanday og'ir sha­roitda ham, tazyiqli vaziyatlarda ham  tushkunlikka tushmagan va o'zining haq ekanligini isbotlay olgan vatanparvar insonlardan edi. Izlanuvchan olim faqatgina ma'lum bir yo'nalishdagi ilm­­ni rivojlanirish emas, turli xil fanlar yo'nalish­larida, jumladan: biologiya, geologiya, qishloq xo'jaligi, mashinasozlik, kosmos, tibbiyot, kimyo, metallurgiya, kompyuter texnikasi kabi sohalarni ham dunyo miqyo­sidagi muvaffaqiyatlar darajasiga ko'tarish orzusida edi.

O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasini ziyoli olimlar, ijodkorlar, izlanuvchilar, iqtidorli insonlar bog'iga qiyos qilish mumkin. Ushbu bog'ga qadam qo'ygan har bir ijodkor, olim yangi bir yo'nalishda tafakkur nurlarini taratib, ushbu bog'ni mamlakatning porloq kelajagiga xizmat qilishiga bel bog'lagan bo'lishi kerak. Fikrimizcha ulug' allomalarimiz, taniqli millatparvar olimlarimiz o'zlarining erishgan ilmiy va amaliy ishlari bilan akademiya bog'ini chinor daraxtidek uzoq yashashiga zamin yaratishni o'z oldilariga maqsad qilishgan.

Zahmatkash olimning tashabbusi bilan mamlakatimizdagi qator sanoat korxonalari, metallurgiya majmualari, muhandislik markazlarida raqamli texnologiyalarni qo'llab, ishlab chiqarish unumdorligini oshirishga yo'naltirilgan ilmiy-amaliy yangiliklarni joriy etish rejalashtirilgan edi. Biroq o'sha davrdagi ayrim byurokratik qarashlar evaziga ishlab chiqilgan rejalar amalga oshmay qoldi. Ana shunday vaziyatlarda ham Vosil Qobulov ajdodlarimiz orzu qilgan farovonlikning negizi bo'lgan ilm-fanni yuqori darajaga ko'tarish hamda yoshlar dunyoqarashini o'zgartirishga oid g'oyalari, fikr-mulohazalarini olg'a surib yashadi.

Moziyga nazar tashlaydigan bo'lsak, shu kabi adolatsizlikni namoyon etuvchi ko'p­lab misollarni keltirish mumkin. Masalan, 1970 yilda Toshkentning “Ko'kterak” dahasida istiqomat qilib kelgan Mirhakim Mirhaitovlar oilasini ham ana shunday nohaqliklar chetlab o'tmadi. M.Mirhaitov kolxoz tomonidan shartnoma asosida ajratilgan 10 qator uzumzorni parvarishlab, yetishtirilgan hosilning ma'lum qismini o'ziga olib qolib, kelishilgan qismini esa kalxozga topshirishi kerak bo'lgan. Ammo “adolatparvar” organ xodimlari tomonidan ana shu jarayonda “hosilni noqonuniy tarzda shaxsiy manfaati uchun o'zlashtirilganligi” ro'kach qilinib, M.Mirhaitov chaylasidan qo'liga kishan solgan holda qamoqxonaga olib ketiladi. Oradan ma'lum bir vaqt o'tib, u  ozod etilgan. Biroq hibsda bo'lgan vaqtida qattiq tazyiqlar ostida kaltaklanib, nogiron holga keltirilgan, ozodlikka chiqqanidan so'ng ko'p o'tmay u olamdan ko'z yumgan edi.

Mamlakatimiz fuqarolari tomonidan yaqinda yangi tahrirdagi Konstitu­siyani referendum bilan tasdiqlanishi Yangi O'zbekiston uchun, xalqimiz uchun katta voqea bo'ldi. Insonparvarlik tamoyillarini o'zida mujassam etgan asosiy qomusimiz yuqoridagidek adolatsiz holatlarning yana takrorlanishiga yo'l qo'ymaydi, barham beradi degan umiddamiz.  Yangi Konstitutsiyaning har bir moddasi hayotiy tajribalarga asoslangan va hal qilinishi lozim bo'lgan muammolarni yechimi sifatida muhim o'rin tutishiga shubha yo'q.

Zero, kuni kecha O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlament a'zolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari ishtirokida referendum yakunlariga bag'ishlangan uchrashuvda e'tirof etganidek, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir a'zosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak”.

N. MO'MINOV,

texnika fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × three =