“Bittasi bo'lsayam kelmadi-ya” yoki o'zbekistonlik va amerikalik o'n qahramon o'g'lon qissasi (Ikkinchi maqola)
(Davomi. Boshlanishi o'tgan sonda)
Besh aka-uka Sallivanlar jasorati
“Jasorat solnomasi” rukni ostida berayotgan lavhalarimizning o'tgan sonida toshkentlik besh aka-uka Zokirovlar oilasi a'zolari: Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon Zokirovlar haqida, ularning elga, millatga, ona-Vataniga sodiqligi, davlat, mamlakat, xalq boshiga tushgan kulfat-u falokat paytida unga qarshi so'nggi nafasiga qadar mardonavor kurashi, ularning boshidan kechirgan mislsiz azob-u uqubatlari, namoyish etgan jasoratlari-yu matonatlari, fojiasi haqida hikoya qilgan edik.
Endi toshkentlik besh aka-uka Zokirovlar oilasining taqdiri misoli ko'zgudagidek o'z aksini topgan, Ikkinchi jahon urushida nemis fashizmining Sharqdagi bir qismi, ko'rinishi bo'lgan yapon militaristlariga qarshi kurashda dunyoning boshqa bir nuqtasida o'z jasoratlarini namoyish etgan amerikalik beshovlon qahramon o'g'lon — Sallivanlar oilasi haqida hikoya qilamiz.
Tanishing:
— Djordj Tomas Sallivan, 27 yoshda, avval ikkinchi toifali to'pchi starshina edi. 1941 yil may oyida esa uchinchi toifali artilleriya starshinasi bo'ldi.
— Frensis – “Frenk” Genri Sallivan, 26 yoshda, harbiy dengiz floti starshinasi. Frenk 1941 yil may oyiga qadar Amerika qurolli kuchlarining birinchi toifadagi matros edi.
— Djozef – “Djo” Yudjin Sallivan, 24 yoshda, ikkinchi toifadagi matros.
— Medison – “Mett” Abel Sallivan, 23 yoshda, ikkinchi toifali matros.
— Albert – “El” Leo Sallivan, 20 yoshda, ikkinchi toifadagi matros.
Biz hikoya qilmoqchi bo'lgan qahramonlarimizning hayoti, ularning boshidan kechirgan og'ir, mudhish voqealar-u hodisalarni hayotda qanday sodir bo'lgan bo'lsa shundayligicha bayon etishga qaror qildik. O'tmishni o'zgartirib bo'lmaganidek, bo'lib o'tgan voqea-hodisalar bayonini ham tahrir qilib, ularga sayqal berib bo'lmaydi. Ikkinchi jahon urushining yorqin va fojiali tarixiga aylangan Sallivanlar oilasi taqdiri oddiy, haqqoniy, hayotiy bo'lgani holda, ayanchli, fojiali, shafqatsiz, ayni bir paytda hech narsa bilan taqqoslab bo'lmaydigan, ko'z ko'rib, quloq eshitmagan mudhish voqealardir. Ikkinchi jahon urushi dunyoning 57 davlatini qamrab olib, Yer yuzining 1 milliard 700 million aholisini o'z domiga tortdi. Germaniya, Italiya, Yaponiyaning puxta tayyorgarlik ko'rgan va tish-tirnog'igacha qurollangan qo'shinlari suv osti, suv usti harbiy kemalari, qiruvchi samolyotlari, qalin zirhli tanklari G'arbiy va Sharqiy Yevropa, O'rta Yer dengizi, Afrika qit'asi, Tinch okeani hududlaridagi shahar va qishloqlarni bombardimon qilib bosib olaboshladi.
Yaponiyaning harbiy havo floti va suv osti harbiy kemalari Amerikaning Gavayya orollaridagi Perl-Xarbor dengiz portiga kutilmaganda hujum qilib suvda turgan kemalar ustiga bombalar yog'dira boshladi. Qandaydir yarim soatda “Arizona” liniya kemasi osmondan tashlangan bombalardan turgan joyida portlaydi, “Vest-Virjiniya” harbiy kemasi cho'ktirildi, “Oklaxoma” linkori ag'dariladi, “Kaliforniya” flagmani esa suv ostiga g'arq bo'ladi, harbiy dengiz kemalari qatorida “Yuta” o'quv kemasi ham bir zumda suv ostiga cho'kib ketadi.
1942 yil 3 yanvar … Tinch okeani hududida Amerika-yapon urushining eng avjiga chiqqan pallasi…
Amerikalik besh aka-uka: Djordj, Frensis, Djozef, Medison, Albert Sallivanlar biz Perl Xarborni yakson qilgan yapon militaristlariga qarshi “bir tanu bir jon bo'lib, birga jang qilamiz”, deb AQShning Ayova shtatidagi Uoterlu shahridan ko'ngillilar qatorida Amerika dengiz floti jangchilari safiga borib qo'shiladi. Bezovta bo'layotgan ota-onalariga esa “xavotir olmanglar biz bir qismda, bir safda turib dushmanga qaqshatgich zarba beramiz, dushman o'qidan ham bir-birimizga qalqon bo'lamiz”, deb ularni ishontirdilar. Ta'kidlash joizki, Ikkinchi jahon urushining bu tahlikali sinov kunlarida Amerika xalqida ayni odamiylik — insonparvarlik, baynalmilallik, vatanparvarlik hislari nihoyatda jo'sh urgan davr bo'ldi.
Shu paytda Amerika dengiz floti qo'mondonligi jang maydonida biron kor-hol yuz bersa bu voqea aka-uka, ota-farzandning ko'z o'ngida sodir bo'lmasin, deb bir oiladan dushmanga qarshi kurashga ko'ngilli bo'lib kelayotgan ota-bola, aka-uka, yaqin qarindosh-urug'larni bir-biridan olisroq bo'lgan harbiy qismlarda alohida-alohida xizmat qildirish tartibiga endi o'taboshlagan edi. Lekin yerdan, suvdan, osmondan yomg'ir, do'l, tosh kabi o'q, snaryad, bombalar yog'ilib turgan, taging esa tubsiz dengiz bo'lgan bu janglarda bir necha soat yoki daqiqadan keyin kim boru, kim yo'qligi noma'lum edi. Va bu qirg'in-barotda bosh qo'mondonning insonparvarlik bu buyrug'iga qat'iy rioya qilish qiyin, ko'p hollarda uni bajarib bo'lmas ham edi. Sallivanlar oilasiga bu buyruqning zarracha ham foydasi tekkani yo'q, aniqrog'i, “biz birga jang qilamiz” degan besh aka-uka unga bo'ysunishmadi, hukumat va qo'mondonlikning bu imtiyozli imkoniyatidan foydalanishdan voz kechishdi. Ular kim qaysi frontda, qanday vaziyatda xizmat qilishidan, mavhumlik, bexabarlik va ayni bir paytda bir birining taqdiridan xavotirda bo'lgan aka-ukalar nima bo'lsa ham bir kemada birga bo'lishni afzal ko'rdilar.
Sallivanlar oilasidan katta farzandlari — Jorj bilan Frenk urushga ukalariga qaraganda biroz ilgariroq jo'nab ketishdi. Bu paytda ularning uch ukasi: Jozef, Medison, Albert chaqiruv qog'ozlarini olib frontga ketishga endi tayyorgarlik ko'rishayotgan edi. Ko'p o'tmay ular ham akalari Jorj bilan Frenk xizmat qilayotgan “Juno” kreyseri jangchilari safiga, akalarining yoniga kelib qo'shiladi. Shunday qilib besh aka-uka bir harbiy dengiz kemasida xizmat qila boshladilar.
AQSh harbiy dengiz flotining “Juno” jangovar dengiz kemasi jangchilari 1942 yil avgustidan buyon Guadalkanal nomli dengiz havzasida bir necha oydan buyon borayotgan shafqatsiz janglarda dushman kemalarining hujumlarini qaytarar edi. 1942 yil 13 noyabr kuni erta tongda Savo oroli yonida bo'lib o'tgan katta jangda aka-ukalar jang qilayotgan “Juno” kemasi Yaponiya harbiy kemasi tomonidan otilgan torpedoga ro'baro' keladi. Dahshatli portlashdan kemaning to'p, zenitka, pulemyot-u harbiy asbob-uskunalari chil-parchin bo'lib “Juno” safdan chiqadi. Solomon orollarini tark etib Espiritu-Santo bandargohiga qaytayotgan paytida kelib tekkan yana bir torpedoning portlashi natijasida kema qolgan pushka va torpedolaridan ham mahrum bo'ladi. Shundan so'ng 1-26 raqamli “Juno”ga yapon suv osti harbiy kemasi ajal yog'dirib hujum qiladi.
Butun jonu-jahonni yo'q qilaman deb kelayotgan dahshatli yapon harbiy kemasidan yo'naltirilgan torpedo bu gal “Juno”ning o'q-dorilar saqlanayotgan pastki qismiga kelib tegadi.
So'nggi kuchli portlash natijasida o'zi ham shundoq “chalajon” bo'lgan “Juno” kemasi ikkiga tars yorilib butun ekipaji bilan dengiz qa'riga cho'kib ko'zdan g'oyib bo'ladi.
Dushman hamlasidan chekinayotgan Amerika armiyasining sog' qolgan yagona zobiti, “Xelena” kreyserining kapitani Gilbert Guver ko'rfazda sodir bo'layotgan bu dahshatli jang lavhalari to'g'risidagi hisobot-axborotni markazga jo'natish uchun talafot ma'lumotlarini jamlar ekan, bunday qattiq portlashlardan besh aka-uka xizmat qilayotgan “Juno” kemasida sog' odam qolmagan bo'lsa kerak, degan fikrga boradi. Boz ustiga u shu atrofda Amerika harbiy kemalariga zarba berish maqsadida pisib yurgan Yapon suv osti kemasidan otilgan torpedoga uchrab ishdan chiqqan kemalarning yarmi sog', yarmi yarador komanda a'zolarining bunday vaziyatda tirik qolganlarni qidirish aql bovar qilmaydigan besamar harakat, degan xulosaga keladi. Shu sababli jangda tirik qolgan yuqori unvondagi yagona kapitan Gilbert Guver o'zini boshqarib suza oladigan kemalarga Espiritu-Santoga qarab yo'l olishga buyruq beradi. Shu payt “Xelena” kemasining zobiti kapitan Guver jang maydoni uzra osmonda uchib o'tayotgan patruldagi bomba tashuvchi Amerikaning V-17 samolyotiga kemada va dengizda yarador va tirik qolganlarni qidirib topish, ularni qutqarish uchun front shtabi zaxirasidan bu yerga sanitar samolyot yoki kema yuborishlari to'g'risida ittifoqchilar shtabiga so'rovnoma yuboradi.
Keyingi ma'lumotlarga ko'ra, shu paytda “Juno” kemasi komandasidan yuzga yaqin jangchi tirik qolgan bo'ladi. V-17 samolyot ekipaji esa jang paytidagi radio sukuti rejimi talabini buzmaslik uchun qidiruv guruhini bu yerga yuborish to'g'risida markazga xabar bera olmaydi. Jangda tirik qolganlar soni, ular qaerda ekanligi haqidagi ma'lumotni va ularga yordam ko'rsatilishi lozimligi to'g'risidagi qo'mondanga yuborilgan raport o'z navbatini kutib turgan boshqa yanada muhim va shoshilinch qog'ozlar orasida bir necha kun mobaynida shtabda qolib ketadi. Bundan bexabar shtab qo'mondoni “Juno” jangovar kemasidan darak yo'qligidan xavotir olib kech bo'lsa ham ulardan xabar olish uchun o'z tashabbusi bilan qidiruv samolyotini jo'natadi. Bu paytda “Juna” kemasining jangdan sog' qolgan og'ir yarador jangchilari esa ichimlik suvisiz chanqab, och qolib, dengizda akulalar hamlasiga duchor bo'layotgan edi.
PBY Catalina nomli nazorat qidiruv samolyoti torpedo kelib urilib portlashi natijasida kemadan dengizga otilib ketgan o'n nafarga yaqin yarador jangchilarni sakkiz kundan keyin qutqarib olib keladi. Qurbon bo'lganlar soni, ularning ismi-sharifi aniqlanayotganda ma'lum bo'lishicha kema portlashi natijasida bir yo'la uch aka-uka: Frenk Genri Sallivan 26 yoshda, Djo Yudjin Sallivan 24 yoshda va 23 yoshli Mett Abel Sallivanni shafqatsiz o'lim bir zumda yeldek kelib seldek olib ketgan bo'ladi. Shu tariqa qandaydir bir necha daqiqada Sallivanlar oilasining uch farzandi bir yo'la halok bo'ladi. Sallivanlar oilasining eng kenja farzandi endi 20 yoshga to'lgan El Albert Sallivan uch akasi halok bo'lgan kunning ertasi jang paytida o'q tegib yarador bo'ladi va behol holda dengizga cho'kib ketadi. Sallivanlar oilasining to'ng'ich farzandi 27 yoshdagi Djordj Tomas Sallivan yana to'rt-mi besh kungina tirik bo'ladi xolos.
Harbiy xavfsizlik choralari dengiz janglarida jasorat namunalarini ko'rsatayotgan Amerikaning jangovar “Juno” kemasini halokatga uchraganini yaponlardan yashirishni talab qilar edi. Bu voqealardan bexabar bo'lgan, frontdan farzandlaridan xat kelishi esa to'xtagan aka-uka Sallivanlarning otasi bilan onasi qattiq xavotirga tushaboshlaydi.
Besh aka-uka Sallivanlarning mushtipar onasi Aletta Sallivan xonim farzandlarining taqdirini so'rab AQSh harbiiy dengiz floti shaxsiy tarkibining Bosh boshqarmasi qo'mondonligiga so'rovnoma bilan murojaat qiladi. Ko'p o'tmay Tom ota bilan Alleta xonim farzandlarining quroldosh do'stlari yoki harbiy dengiz floti qo'monidan emas Amerika Qo'shma Shtatlarining prezidenti shaxsan Franklin Ruzveltning ular nomiga yo'llagan javobni oladi.
Jangchi aka-uka Sallivanlarning ota-onasi esa barcha besh nafar farzandi xalok bo'lganliklari to'g'risidagi fojiadan 1943 yilning 12 yanvaridagina xabar topishadi.
Ertalab Tom ota ishga ketishga taraddud ko'rayotgan paytida uyga harbiy kiyimdagi uch kishi kirib kelishdi. Ular zobit komandir-leytenant, oq xalatdagi shifokor va harbiy kiyimdagi bosh starshina edi. Biron-bir xushxabar eshitish ilinjida ne-ne orzu umidlar bilan intiq bo'lib kutayotgan Tom ota so'rashga botina olmay lablari pirpirab ko'zidan yosh tirqirab “tezroq ayting, o'g'illarim omon-mi?”, deydi. Dengiz zobiti ham bu daqiqalarga qattiq tayyorgarlik ko'rganligiga qaramay, o'ylab qo'ygan barcha gaplarini mutlaqo unutib, lablari va qo'llari qaltirab: “Menda farzandlaringiz to'g'risida xabar bor, deya oladi” xolos. Mudhish bir narsa xayoliga kelgan ota “qaysi biri?!” deya so'ray oladi undan. Javobiga esa: “Men ta'ziya bildiraman” deya oladi komandir-leytenant va dengiz to'fon-bo'hronlariyu shafqatsiz yapon militaristlari bilan bo'lgan janglarga dov bergan jangovar zobitning: “Besh farzandlaringizning barchasi”, – deya zo'rg'a lablari pichirlaydi.
Shunday qilib ayovalik Sallivanlar oilasi, Amerika harbiy dengiz floti besh aka-uka Sallivanlardan ajraladi. Sallivanlar oilasida esa ularning singlisi, Tom bilan Alletaning oltinchi farzandi Jenevyeva qoladi xolos. Beshinchi farzand — Albert – “El” Leo Sallivandan esa uning beva turmush o'rtog'i va bir o'g'li yodgor bo'lib qoladi. Jangchi Sallivanlar Amerika Qo'shma Shtatlarining unutilmas milliy qahramonlariga aylanishadi. AQSh Prezidenti Franklin Ruzvelt Amerika hukumati va xalqi nomidan ularga chuqur ta'ziya izhor etadi. Rim katolik cherkovining oliy rahbari Papa Piy XII ham qahramonlar padari buzrukvori Tom bilan Alletaga xat yo'llab o'zining chuqur ta'ziyasini bildiradi va Sallivanlar oilasini dindorlar taqdirlanadigan maxsus kumush medal bilan mukofotlaydi va tasbeh jo'natadi. Amerika Senati bilan Ayova shtati vakillar palatasi aka-uka Sallivanlar xotirasini abadiylashtirishga bag'ishlangan maxsus qaror qabul qiladi.
Amerika Qo'shma Shtatlari Harbiy havo dengiz flotining maxsus qabul qilgan qarori bilan qahramon aka-ukalar nomi berilgan (DD-537) raqamli “Sallivanlar” kreyseri quriladi. Qahramonlar onasi Alletta xonim farzandlarining nomi berilgan “Sallivanlar” esminsini tantanali suratda suvga tushirish marosimida faxriy mehmon bo'lib qatnashadi.
2018 yili Microsoft korporatsiyasi bilan Amerika milliarderi Pol Alen homiyligidagi qidiruv-tadqiqot guruhi Solomon orollariga yaqin joyda dengiz tagida yotgan besh aka-uka Sallivanlar xizmat qilgan “Juno” kreyseri qoldiqlarini dengiz tagidan qidirib topishib, ularni olib chiqishga muvaffaq bo'ladilar.
Sallivanlar halokatidan so'ng AQSh mudofaa vazirligi tomonidan Amerika Qo'shma Shtatlarining “Tirik qolgan so'nggi jangchi” maxsus konsepsiyasi qabul qilinadi.
USS The Sullivans (DD-537) markali AQSh flotining ikki esminsiga aka-uka Sallivanlarning nomi beriladi. An'ana bo'yicha odatda bir shaxsning nomi beriladigan harbiy dengiz kemasiga jahon dengiz floti, jumladan, Amerika harbiy dengiz floti tarixida birinchi bor bir emas bir yo'la besh nafar aka-uka Sallivanlar nomi beriladi. Ikkala kemaga aka-uka Sallivanlarning ota-onasiga yozgan xatidagi “Biz birgamiz” so'zlari shior qilib yozib qo'yilgan edi. Amerikaning mina tashuvchi qudratli eskadra kemasining nomini o'qir ekansan bu mudhish voqeadan, halokatdan, fojiadan xabardor bo'lgan har bir insonning tanasi junjukib, qalbi titrab, asablari junbushga, ko'zlariga yosh keladi. Shunday farzandlarni tarbiyalagan Tom ota bilan Alleta xonimga, qahramon beshovlonga ofarinlar aytasan, ta'zim qilasan. Haqiqatan ham ular Ikkinchi jahon urushida bir ota-onadan, bir oiladan, bir kemada bir bo'lib birga jang qilishgan edi, ular bir dengizda va qariyb bir paytda olamdan o'tishdi.
Albert Sallivanning o'g'li — Djeymsning buvisi Alleta “Sallivanlar” nomi berilgan birinchi kemaning dengizga tushirish marosimida: “La'natlar bo'lsin shu urush olovini yoqqanlarga. So'nggi ko'rgan-kechirgan azob-uqubatlarimiz shu bo'lsin, iloho to abad tinchlik bo'lsin!” deya duoyu fotihalar o'qiydi. Albert Sallivanning o'g'li – Djeyms “Sallivanlar” nomi bilan dengizga tushirilgan kemada harbiy xizmat vazifasini o'taydi. “Sallivanlar” nomi bilan dengizga tushirilgan ikkinchi kemaga ota Tom bilan Alleta xonimning nabirasi Ela — Kelli Enn Sallivan Lugren duo-yu fotiha berdi.
Besh aka-ukaning yagona singlisi Jenevyeva esa AQSh Harbiy dengiz floti – AQSh HDK WAVESning xotin-qizlar harbiy qismida xizmat qildi. U Bill Bollning yaqin do'sti edi. Ma'lumki, Jenevyeva Bill bilan urushdan avval hali turmush qurishmagan lekin bir-birini jon-dilidan yaxshi ko'rishar, sevishar edi. Perl-Xarbor uchun bo'lgan jangda Bill qahramonlik namunalarini ko'rsatadi va shu yerda bo'lgan jangda u halok bo'ladi. Bu yo'qotish Sallivanlar oilasiga qattiq ta'sir ko'rsatadi. Shu sababli besh aka-uka suyukli singlisining yaqin do'sti bo'lgan Bill Boll uchun dushmandan qasos olishga qaror qiladilar. Barchasi bir bo'lib urushga ketadi. Turmush qurmoqchi bo'lgan yaqin do'sti – Bill Bollni yo'qotgandan keyin besh aka-ukaning singlisi Jenevyeva ham AQSh Harbiy dengiz flotiga borib xizmat qilishga qaror qiladi.
Tomas bilan Aletta Ikkinchi jahon urushidan keyin ham farzandlari jonini bergan ona-Vataniga sidqidildan xizmat qiladilar. Ular urushdan keyin ancha qashshoqlashib qolgan AQSh Harbiy dengiz floti chiqargan zayom obligatsiyalarini qo'llab-quvvatlash kompaniyalarida faol ishtirok etadilar.
Lekin… shuni qayd etish lozimki, besh farzand dog'i ularning padari buzrukvori qaddini allaqachon bukib bo'lgan edi. 1965 yili qahramon farzandlarning otasi Tomas ota Sallivan olamdan o'tadi.
1944 yili Amerikada besh aka-ukaning taqdiri va tarixi aks ettirilgan “Sallivanlar” (keyinchalik “Jangchi Sallivanlar” nomi bilan chiqqan) badiiy film olinadi, 1976 yili Avstraliyada “Sallivanlar” televizion seriali tasvirga tushiriladi. 1998 yili kino sohasidagi eng yuqori — Oskar mukofotiga taqdim etilgan “Oddiy jangchi Rayanni himoya qiling” nomli kinofilm va bir qator televizion seriallar yaratiladi. Besh aka-uka Sallivanlarning hayoti va jasorati amerikalik kino ijodkorlarini bu mavzuda yangidan-yangi asarlar yaratishga ilhomlantirgan edi.
Aka-uka Sallivanlarning ona shahri Ayova shtati Uoterlu shahridagi ko'chaga, shahar madaniyat va istirohat bog'idagi dekorativ kompozitsiyaga aka-ukalar sharafiga, ular tug'ilib o'sgan shahardagi “The Five Sullivan Brothers Convention Center” markaziga — “Besh aka-uka Sallivanlar Konferens-markazi” — deb nom beriladi. Shahar markazidagi muzey binosining yana bir ulkan yangi qanoti qurilib bu yerda yaratilgan maxsus ekspozitsiyada Ikkinchi jahon urushida amerikalik aka-ukalarning harbiy xizmatda ko'rsatgan qahramonliklari, jasorati-yu fidoyiliklari aks ettirilgan. Keng ko'lamdagi bu ishlar 2008 yili yakuniga yetadi. 2006 yilning 15 noyabrida 11,5 million dollar sarflangan bu muzeyning tantanali ochilish marosimi bo'lib o'tadi.
Muzeyda shuningdek torpedo tegib portlab tars yorilib ikkiga bo'linib ketgan kema Ikkinchi jahon urushidan so'ng 75 yildan keyin dengiz tubidan qidirib topilib ta'mirlandi. Aka-uka Sallivanlar jang qilgan dengiz kreyseri qayta tiklanib namoyishga qo'yildi.
Aytish joizdirki, muzeyda Sallivanlar AQSh harbiy dengiz flotida xizmat qilgan, dengiz janglarida qahramonlik namunalarini ko'rsatgan yagona aka-ukalar emas edi. Muzey ma'lumotlariga qaraganda ularning hisobida 30 ga yaqin oilaning farzandlari xizmat qilishgan, ular orasida jumladan, Konnektikut shtatidagi Nyu-Xeyvend shahridan xizmatga kelgan to'rt aka-uka Rodjerslar ham bor.
Bugun muzeyda qariyb har kuni besh aka-ukaning magnit tasmasiga yozib olingan ovozlari yangraydi.
AQSh Harbiy dengiz floti qo'mondonligi Konnektikut shtatidagi Nyu-Xeyvend shahridan xizmatga chaqirilgan to'rt aka-uka Rodjerslardan ikki nafarini Savo orolida sodir bo'lgan kema portlashi fojiasidan avvalroq boshqa qismga ko'chirishga ulgurilgan edi.
“Juno” kemasida sodir bo'lgan portlashdan o'lmay tirik qolgan jangchilarning gapi bo'yicha aka-uka Sallivanlardan ham kamida ikki nafar aka-ukani boshqa kemaga ko'chirish, shu yo'l bilan ularni saqlab qolish rejalashtirilayotgan ekan.
Va nihoyat, Amerika Caroline’s Spine alternativ rok-guruhining “Sullivan” qo'shig'i ham besh aka-uka Sallivanlar xotirasiga bag'ishlangan bo'lib ularning ota-onasi, farzandlari, hur vatani, tinch hayoti, porloq istiqboli uchun jonlarini fido etgan besh aka-uka Sallivanlar tarixi va taqdiri haqida hikoya qiladi.
Irismat Abuduxoliqov