Qahva sovib qolmasin
Kecha Ahamadjon aka yana tushimga kiribdi. Akani eslamagan, eslab, xo'rsinmagan kunim yo'q. Taqdir bizni O'zbekiston Milliy axborot agentligi — O'zAdan so'ng turli tomonlarga uloqtirib tashlaganiga o'n yil bo'ldi. Ikkalamiz ham ko'chada, ishsiz, sariq chaqasiz, galdirab qolgan edik.
Qalamkashning ko'rgan kuni qursin!
O'sha zamonda daftarimga g'alati satrlarni bitgan ekanman: “Davlat xizmatchisining oqsochdan farqi kam. Istagan paytda unga katta ko'chani ko'rsatib, ketiga tepishlari mumkin”.
Agentlikda Ahmadjon aka bilan sal kam o'n yil yonma-yon, ikkalamiz ham bosh direktor o'rinbosari sifatida, ishlash nasib etdi. Ertalab xonamga kirishim bilan qo'lim ichki telefonga qarab yugurar edi:
— Ahmadjon aka, men Sizga nima yomonlik qildim?
— Tinchlikmi?
— Axir qahva sovib qoldi!
Bir pasdan keyin gurillagan ovozi, gursillagan qadam tovushlari eshitilardi.
— Nega atrof yorishib ketdi desam, Siz kelayotgan ekansiz-da, Aka? – derdim yayragancha.
— Ha endi, yuzimizdan nur yog'ilib kelyapmiz-da. Bizni bilasiz-ku, doim yuzimizdan nur yog'ilib turadi.
Akaning bunday beg'ubor hazillarida aslo mubolag'a yo'q. Yuragi toza, samimiy, farishtali, mehnatkash odam edi-da, rahmatli. Davralarimizning fayzi, barakasi, maslahatgo'yimiz, ko'makdoshimiz, darddoshimiz edi.
Ba'zan tashvishlardan to'yib, joning xalqumingga kelganida, dardingni eshitadigan bir teshik quloqqa zor bo'lasan. Ahmadjon aka shunday kezlarda menga qancha taskin-tasalli, yordam bergan. Ahyon-ahyonda men ham u kishini muammolaridan chalg'itishga urinardim. Sabrli, matonatli edi. Asabi qo'zisa, o'zining yog'iga o'zi qovrilardi, lekin alamini birovdan olmasdi…
Qahvadan ho'play-ho'play gurungni boshlaymiz. Go'yo ming yildan beri bir-birini ko'rolmay, gurunglarini sog'inib yurgan og'a-inilarday. Bu yog'ini so'rasangiz, tilimiz osilib qolguncha ishlab, tun qiyomdan oqqanda uyga ketib, kun ko'rinmasidan yana ishxonamizga qaytganmiz. Sillamiz qurigandan qurigan. Na qog'ozga, na kompyuterning “moviy ko'zlari”ga burilib qaraging keladi. Har kuni ahvol shu.
Ingragan telefon suhbatimizning beliga tepadi.
— Mabodo, Ahmadjon sizning oldingizda emasmi? — Bosh direktorning horg'in ovozi eshitiladi. — Xonasiga telefon qilsam, javob bermadi.
— Yo'g'-a, — deyman. – Lekin boya yo'lakda ovozi eshitilganday bo'luvdi.
— Ayting, laqqillab yurmay, ishga qarasin. Soat to'qqizdan oshdi, axir! Haligacha bir satr ham material uzatilmadi…
Tanbeh ikkalamizga ham tegishli. Ishga sho'ng'iymiz.
Mening mahmadonalik, jizzakilik, dag'allik qilgan paytlarim bo'lgan. Ichim torroq, fe'lim charsroq. Ayniqsa, so'nggi paytlarda. Shu qiliqlarimga Akam chidardi. Akam edi-da! Yaxshi ko'rishimni bilardi. Sezardi. Duvva qizarardi-yu, ma'yus jilmayib qo'yardi.
Menga birov, yana deng, yoshroq “bola” shunday jizzakilik qilsa, darrov tilimni, qo'limni-yu, oyog'imni ishga tushirib yuborishdan toymasdim. Akam — Namanganning bag'rikeng, vazmin, fozil yigiti chidardi!
— Ish uchun ha deganda asabingizni buzavermang, taqsir, — derdi Akam. — Bir kuni orqangizga shunday tepishadiki, ko'chada sandiraqlab qolasiz…
Hayotda bunday voqealardan ancha-muncha xabardor bo'lsam-da, katta idoralarda diydasi qotgan Akamning gaplariga ishongim kelmasdi. Nahotki? Axir shuncha yildan beri davlat agentligida mehr va sadoqat bilan ishlab kelayotgan odam bo'lsak?..
Avval akamga, keyin menga, he yo'q, be yo'q, katta ko'cha ko'rsatildi! Sababini so'rasak, javoblar dudmal. Hamma yelka qisadi. Ayonki, lavozim hech kimga nikohlab berilmaydi. Bir kun kelgan, bir kun ketadi. Gaplarimdan gina-kudrat ham, noshukrlik ham izlamang. Har kim o'zidan o'tganini o'zi biladi.
Bugun Yangi O'zbekistonda inson qadri degan mo''tabar tushuncha davlat siyosatining yetakchi tamoyiliga aylanmoqda. Fikrimcha, endi huquqlari bisyor yaratilgan insonning, sadoqat bilan chekilgan halol zahmatning jamiyatdagi qadri sarbaland bo'lishidan umid bor. Bitayotgan satrlarimning sababini uyg'ongan ana shu umiddan izlang. Faqat fuqarolar emas, davlat ham o'z fuqarolariga oqibat ko'rsatishi darkor. Inson chodirxayol personaji emas.
Navqironlikda bilinmaydi. Qo'lingdan qora ish — mardikorlik kelsa, xaridor ham, beri kel deydigan ham topiladi. Ertaga yana biror joyga rahbar bo'lib qolishi mumkin deb uzog'ini o'ylaydiganlar chiqadi. Biroq pensiya yoshiga yetib-etmay turganingda ko'chada qolsang, yuz yil avval o'tib ketgan momokalonlaringni ko'rasan! Bu yoqda farzandlaringning bo'yi yetib qolganini aytib o'tirmay!
O'zbekning donish o'g'li Erkin Vohidov aytib ketgan hikmat xayolingdan ming, million marta aylanaveradi: “Mulksiz odam – erksiz odam”.
Farang jahongiri Napoleon qavmimiz ustidan behuda kulib ketmagan, chamasi: “Jurnalist — qalami bilan ko'cha supuradigan farrosh”. Farroshning ro'zg'oridan biror narsa orttirib, mulkdoru sarmoyador bo'lganini ko'rgan bormi?..
Erkin A'zam “Tafakkur” jurnaliga chaqirmaganida, taloq qilingan keksa yesirga o'xshab uyimda yana qancha rutubatda o'tirar edim, bilmayman. Agentlikka baxshida bo'lgan umrimning yigirma ikki yili yigirma ikki soniyaday o'tib ketgan. To'rt devor orasida ikki kun mavhumot changalida o'tirish ikki asrdan ham ko'proq cho'zilgan edi desam, ishoning.
Bordim. “Arizani yozingu hoziroq ishni boshlang”, dedi zabardast adib. Yozdim. O'qib, rangi o'zgarib ketdi: “Sizga nima bo'lgan, inim? Axir husni xatingizning chiroyiga hammamiz havas qilardik!” Qaytadan yozdim. Muxbirlikka ishga qabul qilishini so'rab uchinchi marta yozgan arizamga Erkin A'zam bosh muharrir sifatida bazo'r imzo chekar ekan, boshini nadomat bilan sarak-sarak qilganlari haligacha ko'z oldimda…
Qarangki, har ishning o'z hikmati bo'lar ekan. Agentlikdan tashqarida ham go'zal hayot, odamlar, ijodiy gurunglar bor ekan. Ishga shoshilmay kelib, barvaqtroq ketish mumkin. Farzandlar, qarindosh-urug', yoru do'stlar diydori. Shanba, yakshanba, bayram kunlari xotirjam dam olish, sayohatlarga chiqishni aytmaysizmi.
Ahmadjon akaning uyda o'tirish muddati ko'proq — to'rt oycha cho'zildi. Izillab ish izladik. Gurillab ishlab turgan joyidan noaniq sabab o'laroq bo'shatilgan sobiq rahbarga, buning ustiga, qartayib qolgan jurnalistga, kimning ko'zi uchib turardi. Aflotun bo'lmaydimi.
Xayriyat, topdik! Xudoyim Akamga ham qarashdi. Uyginasining yonginasidan, sozginasidan, aqcha-moyanasi mo'lginasidan berdi. Ilmiy tadqiqot instituti noshirlik bo'limining boshlig'i. Noshirlikda suyagi qotmaganmi, hash-pash deguncha bo'limni gullatib yubordi. Bir mutoyibaning chinligi tag'in tugal ayon bo'ldi: “Birovlar ikki oydayam uddalab yozolmaydigan maqolani Ahmadjon aka piyoladagi choy sovugunicha qotirib tashlaydi!..”
Bir-birimizga suyanib qolgan edik. Qahva to'la finjonni qo'limga olsam, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist, ajoyib shoir Ahmadjon Toshxo'jayev — Akam yodimga tushib, ma'yus tortib qolaman. Xushbo'y ichimlik sovib borayotganday tuyulaveradi.
Qulman OChIL