Bog' zavol ko'rmagay haqso'z tufayli…

Fidoyi ijodkor, haqparvar va jonkuyar inson, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Ortiqali Nomozov bugun hayot bo'lganida 74 yoshlik umr dovonidan oshgan bo'lardi.

Hayotini yurt taraqqiyoti, xalqimiz baxtu saodati, haqiqat va adolat uchun kurashga bag'ishlagan jurnalist yarim asrdan ortiq vaqt davomida matbuot sohasida samarali mehnat qildi. Tuman gazetasidan tortib mamlakatimizning markaziy nashrlarida faoliyat ko'rsatdi.

Ortiqali Nomozov milliy jurnalistikamizda, adabiyotimizda o'z imzosi, ovoziga ega edi. U yozgan publitsistik maqolalar, ocherklar, felyetonlar, dilbar va mo''jaz hikoyalar, biog­rafik qissalar nafaqat uslubi, ayni chog'da shirali tili, cho'ng samimiyati, yuksak badiiy saviyasi, insoniy nozik tuyg'ularni, hayotning pastu balandliklarini yorqin bo'yoqlarda aks ettirgani bilan ham alohida ajralib turardi.

Ijodkorning “Seni kutaman”, “Tongda yo'lga chiqamiz”, “Said Ahmadning chorbog'i”, “Mardonbekning so'nggi kunlari” kabi o'nga yaqin kitoblari o'quvchilar mehrini qozongan.

Ortiqalini o'tgan asrning 90-yillari boshidan bilardim. Shu davr oralig'ida u bilan birga ishladik, hamfikr, yaxshi-yomon kunlarda hamdam bo'ldik.

Ortiqali Nomozov 1999-2007 yillar kamina rahbarlik qilgan “Qishloq hayoti” gazetasida Namangan viloyati bo'yicha muxbir bo'lib ishladi. Bu davrda uni yana bir bor o'z kasbining yetuk mutaxassisi, jonsarak, fidoyi bir inson sifatida qayta kashf etdim. U hududdagi yangiliklarni markaziy nashrga uzatib turuvchi shunchaki bir muxbir emas, balki hayot-mamotini shu ishga tikkan, o'z kasbini taqdiri, deb bilgan inson o'laroq namoyon bo'ldi. Ortiqali viloyat hayotiga chunonam singib ketgandiki, har bir tuman, olis qishloq-mahallagacha yaxshi bilar, o'zi qalamga olayotgan masala mohiyati bilan chuqur tanishish maqsadida hatto oilalar, xonadonlargacha kirib borardi.

Sirasini aytganda, qishloq odamlari qanday yashayapti, ularni qanday muammolar qiynayapti — barchasini bilib-o'rganib, aniq fakt va dalillar asosida maqolalar yozar, bu bitiklarda haqqoniylik, shaffoflik, adolat va xolislik asosiy tamoyilga aylangani uchun ular juda o'qish­li, hayotiy, qalbga yaqin, ta'sirchan va o'ta sa­viyali chiqardi. Maqolalari tezda gazetxonlarning, rahbar-mutasaddilarning nazariga tushib, e'tibor va e'tiroflariga sazovor bo'lardi.

Masalan, Ortiqali Nomozov Norin tumanida yer osti suvlari sathi ko'tarilib ketgani, bu hol aholi turmush tarzi va qishloq xo'jaligiga jiddiy salbiy ta'sir ko'rsatayotgani haqida matbuotda birinchilardan bo'lib bong urdi. Bu masala respublika miqyosida muhokama qilinib, hududda muammoni bartaraf etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi.

Ortiqalining kasbiga mehri, sadoqati tufayli, shu bilan birga, ziyoli inson sifatida mutolaaga, gazetxonlikka munosabati bo'lakcha edi. Kitob va gazeta o'qishni ma'naviyatning uzviy qismi, har inson shaxsiga baho berishda asosiy omillardan biri deb bilardi.

Hech yodimdan chiqmaydi. Bir gal tahririyat topshirig'i bilan qishloq xo'jaligidagi islohotlarni o'rganish maqsadida Farg'onaning Beshariq (Bu viloyatga muxbir tanlab ulgurmaganimiz bois mazkur hudud hayotini yoritish ham Namangan viloyati muxbiri zimmasida edi) tumaniga boradi. Odatdagidek tuman hokimiyatiga kirib, tuman rahbariga ro'para bo'ladi.

Bu yerda bo'lib o'tgan voqeani Ortiqali shunday hikoya qilib bergandi:

— Kasbimiz iqtisodchi-da, — deb gap boshladi hokim qisqa tanishuvimizdan keyin. — Tejamkorlikni har doim birinchi o'ringa qo'yamiz. Shu… Mana, siz “Qishloq hayoti” gazetasida ishlarkansiz. Men bir narsaga hech tushunmayman. Respublikada “Qish­loq haqiqati” gazetasi-ku, bor. Shunday bo'lgach, “Qishloq hayoti” zachem?

Uning bu so'zlaridan jurnalist hangu mang bo'lib qoladi. Hamsuhbati hazillashyaptimi, desa, qiyo­fasi jiddiy. Axir, o'sha “Qishloq haqiqati” roppa-rosa o'n yildan beri “Qishloq hayoti” nomi bilan chop etilayotganini katta bir tuman rahbari bilmasa, unga qanday javob qaytarish kerak?!

— Sukut saqlashni afzal bildim, — degandi Ortiqali ta'sirlanib.

Xodimimiz shu kuni joylardagi ahvolni o'z ko'zi bilan ko'rish maqsadida xo'jaliklarni aylanadi. Kuzatuvlari iqtisodiy islohotlarni hayotga joriy etishda ancha-muncha kamchilik-nuqsonlar borligini ko'rsatadi. Shu orada Farg'onada Xalq deputatlari viloyat kengashining tashkiliy sessiyasi bo'lib, mazkur hududdagi mavjud kamchiliklar ham keskin tanqid qilinadi.

Ortiqali Farg'onada yo'l qo'yilgan kamchiliklarning ildizi ba'zi bir rahbarlarning ma'naviyatsizligi, gazeta o'qimasligi, matbuotdan yiroqligi bilan ham bog'liq ekanini chuqur angladi. Beshariqda bo'lgan voqeani sessiyaga bog'lab, qog'ozga tushirdi…

Gazetaning navbatdagi sonida birinchi sahifadan boshlanib, davomi ikkinchi betga o'tgan maqola “Farg'ona saboqlari” deb nomlandi va… ancha-muncha shov-shuvga sabab bo'ldi. Tuman hokimi egallab turgan lavozimidan olib tashlandi…

Mohir jurnalistning boshidan kechirgan yana bir voqeani uning jonkuyarligi, hozirjavobligi ifodasi sifatida eslayman. Avji ko'klam kunlarining birida u Quvasoyga yo'l oladi. Pochta-aloqa bo'limiga kirib, bir emas, sakkizta meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirilgan xo'jaligi bor bu shaharda atigi ikki nusxagina gazeta olishlarini bilib oladi. To'g'ri, shahar hokimining qabulxonasiga borib, rahbarga uchrashadi. To'rdagi qirmizi stol ortida qo'r to'kib o'tirgan qovoqlari soliq, basavlat kishiga o'zini tanishtiradi.

— “Qishloq hayoti”dan ekansiz-da? — deydi hokim muxbirni nazar-pisand etmay. — Bu gazet Farg'onadan chiqadimi yoki Quvadan?

— “Eski Jo'va”dan! — deydi muxbir g'ashi kelib.

— Cho to Eski Jo'vadan shunday gazeta chiqishini bilmas ekanman, — deya yelkasini uchiradi hokim…

Tez orada gazetada e'lon qilingan maqola xuddi shu savol-javobdan boshlangandi. Hududdagi xo'jaliklarning aksariyatida ishlar o'lda-jo'lda, pala-partish ekani, bog'larning qarovsiz qolgani, egasizlik, xo'jasizlik, balandparvozlik hukm surishi, eng yomoni oddiy odamlar turmushi, tirikchiligi haminqadarligi haqidagi tahliliy maqola rosa ovoza bo'ldi. Oqibat — Quvasoyda ham hokim o'zgargandi…

Ortiqali Nomozov yarim asrlik ish faoliyati davomida juda ko'p tahririyatlarda ishlagan. Ammo “Qishloq hayoti”da faoliyat yuritgan yillarini doim ajib bir entikish va sog'inch bilan eslardi.

Uning o'sha davrda yozgan “Yer kimlarga beril­yapti?”, “Dang'illama hovli kimniki?”, “Shaftoliqoqiga tobingiz qalay?”, “Hokim yetovidagi kasabaqo'm” sarlavhali muammoli maqolalari, “Said Ahmadning chorbog'i”, “Makaylik do'st”, “Hasan samovar” kabi esse va ocherklari gazetxonlarga manzur bo'lganidan hatto bugun ham eslanadi.

Kamina 2007 yilda “Xalq so'zi” va “Narodnoe slovo” gazetalarida ish boshlaganimdan so'ng ham Ortiqali bilan ijodiy hamkorligimiz uzilib qolmadi. Aksincha, yangi ruh, yangi shakl va mazmun bilan yanada boyidi. 2010 — 2013 yillarda “Xalq so'zi” gazetasi muxbiri, keyinchalik ham ijodiy hamkor sifatida yozgan bir-biridan dolzarb mavzulardagi tanqidiy-tahliliy maqolalari butun yurtimizda katta aks sado berdi.

Ortiqali umrining so'nggi kunlarida gazetamizda e'lon qilgan “Davay pojenimsya yoki o'zbekcha “Yor-yor” haqida”, “Yarashmagan “yalla” kabi maqolalarida ma'naviyatimizga dog' tushirayotgan holatlar teran tahlil etilib, muhokamaga tortilgandi. Shu ma'noda, u oxirgi nafasigacha biz bilan hamdam bo'ldi, jonkuyarlik, fidoyilik namunasini ko'rsatdi, desak, xato bo'lmas.

Muallif hayoti davomida o'z chiqishlarida mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar mohiyatini ochish bilan birga, joylardagi muammolarni, turli sohalarda yo'l qo'yilayotgan kamchilik va nuqsonlarni aniq fakt, teran tahlil, qiyos va misollarda ko'rsatib berardiki, bu bilan gohida ayrim mansabdorlarning jig'iga tekkani, ularni jig'ibiyron qilgani ham bor gap.

Faoliyati davomida xolisligi, to'g'riso'zligi, haqiqatparvarligi, adolatsizligu kamchilik­larga murosasiz ekani sabab jurnalistning boshiga ne-ne savdolar tushgani hech kimga sir emas. Yuragida ardoqlagan to'g'ri so'zga xiyonat qilmagani tufayli u jinoiy javobgarlikka ham tortildi. Tuhmat sabab ozodlikdan mahrum etilib, yemagan somsasiga pul to'ladi…

Ana shunday qiyin damlarda tahririyat unga ruhan madadkor, hamroz bo'ldi. Jurnalistning aybsiz ekanini isbotlash uchun barcha yordamni berdi. Uni har tomonlama qo'llab-quvvatladi. Hech qachon cho'kmaslikka, chekinmaslikka, faqat olg'a yurishga, yashashga undadi…

Turli ta'na-dashnomlardan, alamzada, qahridan qor yog'adigan rahbarlar nazaridan uzoqroq tutish, aniqrog'i, ijodkorning hayotini, sog'lig'ini asrash maqsadida uni poytaxtimizga taklif qilib, vaqtinchalik uy-joy bilan ta'minlashga ko'maklashdik.

Ammo xalqimizning “Kambag'alni tuyaning ustida ham it qopadi”, degan naqli bejizga aytilmagan ekan-da. Ortiqali ne-ne sho'rishlarni boshdan kechirib, endi tinch-osuda hayot kechiraman, emin-erkin ijod qilaman, deb yurgan kunlarning birida Yozuvchilar uyushmasining Do'rmondagi bog'ida yashayotgan kottejini o'g'ri urdi, bor bisotidan ayrildi. Yo'qolgan narsalarni tegishli organ vakillari topisholmadi. Bu ishda yordam bermoqchi bo'lgan “kattakon”larning ham va'dasi va'daligicha qoldi.

Ortiqali boshiga tushgan bu ko'rgiliklardan o'zini yo'qotib qo'ygani yo'q. Ijoddan to'xtamadi. Taqdir sinovlari uning ruhini sindirolmadi, o'z tanlagan yo'lidan qaytarolmadi. U aslo vijdonini sotmadi, pok e'tiqodidan voz kechmadi.

Fidoyi ijodkor yaqinlaridan yordamini, oilasidan mehr-e'tiborini hech qachon ayamasdi. Uni yaqindan biladiganlar ishonchli do'st, bag'rikeng va maslahatgo'y ustoz, yuksak insoniy fazilatlar sohibi sifatida yodga olishi shubhasiz.

Ortiqali Nomozovning qaynoq ijod zavqiga to'la hayoti, bir umr butunligini saqlab qolgan shaxsi, irodasi, matonati barcha uchun o'rnak olishga arzigulikdir.

Ijodkorning mehnatlari e'tiroflarga ham sazovor bo'ldi. “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist” unvoniga munosib ko'rildi. “Mustaqillikning 10 yilligi” nishoni bilan taqdirlandi.

Insondan bu dunyoda nima qoladi? Yaxshi nom, ezgu amallar, kitoblar! Va, albatta, o'chmas xotira. Ortiqalini eslarkanman, qilgan xayrli ishlari, yozgan asarlari, publitsistik maqolalari uning ikkinchi umrini yashashiga yana bir bor amin bo'laman.

 

Havoda muallaq uchgan ul yaproq,

Sorig' libos kiygan kuzdan darakmi?

Kipriklarda jilva qilgan ul titroq,

Dildan toshib chiqqan so'zdan darakmi?

 

Bezovta dil abad qiynasa mayli,

Haqso'z jarang sochsin mudom har yonda.

Bog' zavol ko'rmagay haqso'z tufayli,

Mana men deb turar, hatto tumanda.

 

Dilda darding bo'lsa, kuyadi bag'ir,

Qalamingdan nurli kalom taralgay.

Halq deya yashagan odamda axir,

Yurak fidoyilik uchun yaralgay!

 

Ha, albatta, aslo shubha yo'qki, haq so'zga muhabbatli, o'z kasbiga sadoqatli, kuyunchak va xalqparvar insonning porloq xotirasi uni bilgan kitobxonlari, shogirdlari, do'stlari qalbida abadiy yashaydi.

O'tkir RAHMAT.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 − fifteen =