Bir tosh ko'rsang yo'l o'rtasida…

(Iste'dodli shoir Nazar Shukur hayot bo'lganida bu yil 70 yoshni qarshi olar edi)

She'r va she'riyat haqida, uning abadiyatga daxldor ekanligi to'g'risida, chinakam she'rning umri uni yaratgan iste'dodli shoir umridan ming bora uzun ekanligi mavzusida juda ko'p gaplar, fikrlar, iqtiboslar, bitiklar borki, ularni o'qib, buyuk yapon adibi Ryunoske Akutagavaning mashhur “Inson umri Bodlerning bir satriga arzimaydi” degan hukmi-xulosasi barcha zamonlar uchun o'z ohorini yo'qotmagan go'zal bir talqin degan xulosaga kelasan.

Men bu fikrning to'g'riligiga Nazar Shukurning she'rlarini o'qiy turib, yana bir bor ishondim. Nazar Shukur (1954-1985) hayot bo'lganida bu yil 70 yoshni qarshilagan bo'lardi. Uning “Ko'kdagi umr” ilk kitobi 1984 yilda G'afur G'ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida chop etildi. Hayotidan so'ng “Qishloq yo'llarida” (1985), “Vaqt xiyobonida” (1992), “Vido” (2004”), “Meni kechir, muhabbat” (2005), “Sen qaytmasang” (saylanma, 2007), “Osmon tashbehlari” (2016, saylanma) kitoblari o'quvchilar qo'liga tegdi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 2021 yili “Bahor sog'inchi” to'plami nashr qilindi.

Nazar Shukur olamni she'rning benazir nigohi bilan idrok qilgan, qay bir vaqt bo'lmasin, uning she'rlarini nogahon yoki ataylab o'qigan har qanday so'z muxlisini ana shu benazirlik vodiysiga boshlab ketadigan betakror shoir edi.

Uning she'rlarini o'qir ekanman, daf'atan, chinakam insoniy iztirob, olam va odam dardlariga birlashib ketgan ulug' bir hamdardlik har bir satrida lovullab turganini his etdim.

She'rdan-she'rga o'tganim sari yana bir fikr xayolimni chulg'ay boshladi; yashalishi lozim bo'lgan va yashab o'tilgan umr bilan ana shu yashalgan vaqt davomida yaratilgan she'r umrini solishtirsangiz, lahzalar, daqiqalar, kunlar, oylar va yillar, ehtimol, asrlar ham to'xtab qolgandek bo'ladi.

Nazar Shukurning she'rlari vaqtni to'xtatgan, negaki ular bugun, ayni shu kunlarda yozilgandek haroratli, tilsimli, tug'yonli, dardnok, taskinbaxsh, hamdard va hayotbaxsh tuyg'ularning tirik timsoli bo'lib ko'nglingizga ko'chadi va ko'chaveradi, ko'chaveradi…

Ehtimol, iste'doli shoirlarning bu olamda erishgan bir hovuchgina baxt va saodati ham shundadir.

 

Oy kuladi beun, bejarang,

Yulduzlarda pok tortinchoqlik.

Tun qo'ynida uxlar chiroy, rang,

Tun qo'ynida uxlar uzoqlik.

 

G'arq tilsimlar qa'riga jahon,

Eshitilmas shovqinlar sasi.

Tashlanadi menga nogahon,

Sukunatning vahshiy sharpasi!

 

Olam va inson tuyg'ularining yaxlitligini “tun, chiroy, rang, tilsim, shovqin va sukunat” so'zlari orqali sakkiz misrada yaxlit bir fikr ostida jamlab, betakror bir manzara yaratish shoir iste'dodining namoyon bo'lishidir.

Shoirning yana bir sakkizligi dunyo yaralgandan beri insoniy munosabatlarning eng og'ir, eng jarohatli, eng iztirobli kechmishi sanalgan xiyonat haqida.

 

To'lib yig'lar oqshom bechora,

Ko'tarolmay quvg'in boshini.

U gullarga deydi yolvora:

“Bilsin quyosh to'kkan yoshimni!!!”

 

Sog'ingandan jiqqa ho'lmiz deb,

Gullar har tong so'zga ochar lab.

Sho'rlik tunning yoshlari bilan

Ishontirar quyoshni aldab!

 

Aldangan quyosh — aldangan inson dil iztiroblarining shunchaki timsoli desak, biz o'zimizni ham biroz aldagan bo'lamiz.

Bu yerda eng asosiy gap telbadil oqshom va makkora tong gullarining beshafqat va ayanchli taqdirining abadiyligi, takroriyligi va tuganmasligida. Olam va odam qismati shunday evrilishlar changalzoridan o'tadi degan xulosaga kelishimizda.

Shoirning hayotni bor bo'yi-basti, kami-ko'sti, to'kilgan-to'kilmagan ohori-yu, bor soddaligi va to'poriligi, rosti-yolg'oni bilan ko'rsatgan, yo'q, ko'rsatmagan, balki so'zning irfoniy qudrati bilan san'at hodisasiga aylantirgan shunday she'rlari borki, bu she'rlar o'zining adabiy-badiiy qudrati bilan abadiyatga daxldordir.

“Noroy momo falsafasi”, “Mashrab va haqiqat”, “Shukur Qurbon”, “Mirkarim Osim”, “Oqsoqolning nabirasiga aytgani”, “Nishon akaning etigi”, “Xonsuluv xolaning qo'shig'i”, “Onamga maktub”, “Otamning xati” she'rlari chinakam iste'dod va ilhom mevasi bo'lib dunyoga kelganligi, ularda qalamga olingan mavzu va uning teran mohiyati, bu iztirobli o'ylar tasvirining nazar shukurona she'riy talqini milliy adabiyotimiz sahifalarida hech qachon eskirmaydigan adabiy hodisadir.

 

Seni durust derdim o'g'illar ichra,

Kamtar, aqlli deb qishloq maqtardi.

Ularning aytgani kelmadi sira,

O'g'lim, sen olisdan baxtni axtarding.

 

Qishloqdan kechdingmi to'kmay deb terni,

Suv urgan to'g'oning eslab chimlarin.

Seni zab talantli va esli derdi,

Aldagan ekan-da muallimlaring?!

 

Tut, tollar ekkanman, soyasida, kel,

Yozib yot she'ringni, mol boqma, mayli.

Seni to'y-azada ko'rib tursin el,

Nahotki, qishloqda ilhom kelmaydi?!

 

Xo'p, sog' bo'l, aytdim-da ko'nglimda ne bor,

Darvoqe, kiyim-bosh oldingmi qishga?

Ne derdim, gap uqmay qo'l urding takror

Ota-bobolaring qilmagan ishga…

 

Bu she'r “Otamning xati” deb nomlanadi, u o'tgan asrda, aniqrog'i, 1982 yilda yozilgan. Lekin undagi ichkin insoniy gina harorati bugun aytilayotgandek, undagi samimiyat va nekbinlik bugunning gapidek, undagi so'z zalvori va betakrorligi bugun yozilgandek taassurot uyg'otadi.

Nazar Shukur qaysi bir mavzuda she'r yozmasin, she'riyatda o'zi zabt etgan cho'qqidan bir nav bo'lsin pastga tushmagan. Bu shoir iste'dodi va iqtidori botiniy qudratining hech kim inkor qilolmaydigan haqiqati.

Lekin shu o'rinda aynan men o'zim anglagan yana bir qat'iy fikr borki, Nazar Shukur she'riyatini vaqt va zamonlarning dolg'ali chig'iriqlaridan omon olib o'tadigan bir mavzu borki, bu muhabbat mavzusidir.

Nazar Shukurning inson qalbi va undagi ming bir alvon tuyg'ularining ming bir tovlanishlarini azob va iztirob, umid va ishonch, o'tinch va istig'for mulki aro olib o'tadigan she'rlari — sevgan va sevilgan yuraklarning mangu porloq mayog'i bo'lib qoladi.

 

Bir tosh ko'rsang yo'l o'rtasida,

Tepib o'tma, yor, qilib hazar.

Seni kutib oyoq ostida

Yotar toshga aylanib Nazar.

 

Topmas edi she'rlarim sayqal,

Yor, bermasang ishqing bilan zeb.

Senga tiklab so'zlardan haykal,

Imzo chekdim “Nazar Shukur” deb.

 

Seni ko'zday asramoq uchun

Jismi bilan intilib nurga,

Girdingdagi narsalar bugun

Aylangandir Nazar Shukurga!

 

Adabiyotshunos Qozoqboy Yo'ldoshning quyidagi e'tiroflari ham fikr va qarashlarimizga monelik qilmaydi: “She'riyat bu… e'tirof yo isyon, yo tarsaki, yo o'pichdir”, — deydi Rasul Hamzatov. Shoirning tuyg'ulari qanday ruhiy holatga duch kelishiga qarab tinimsiz o'zgarib turadi. Ayni bir narsa-hodisa ayni bir ijodkorga hayotining turli damlarida tamomila turlicha ta'sir qilishi mumkin. Chunki ijodkor olam va uning hodisalarini, birinchi navbatda, sezimlari orqali idrok etadi. Insonning hissiyotiga esa noturg'unlik xosdir. Shuning uchun ham odamning bir zamonlar jondan kechib talpingan narsasidan, vaqtlar o'tib, zada bo'lishi mumkinligi tabiiy holdir. Shu ma'noda Nazar Shukurning “Kenglik” deb atalmish she'ridagi:

 

Kenglik!

Bag'ring to'rt devorday tor,

Vujudimga boryapsan botib.

Sig'mayapman men senga zinhor,

Tol tagida yorni yo'qotib, —

 

misralarini mantiqsizlik, o'zini inkor etish deb emas, balki “Tol tagida yorni yo'qotgach, nafaqat kenglik, balki butun dunyo­­ga sig'may ketayotgan oshiq yigit holatining teran ifodasi sifatida qabul qilish to'g'ri bo'ladi”.

Shoirning yirik asari — “Nay” dostoni hali to'liq o'rganilmagan. Urushning insoniyat qavmi uchun bitmas-tuganmas og'ir oqibatlar tug'dirishi, nafaqat iqtisodiy tanazzul, balki millatlar totuvligi buzilishi, mehr-muhabbat rishtalarining uzilishi, ona zamin to'lg'oqlarining dahshatli faryodlari aks etganki, ogohlik qo'ng'irog'i desak yanglishmaymiz.

Nazar Shukur she'riyati — o'zi bir paytlar bashorat etgandek tilsim qa'ridagi unutish va unutilishdan xoli — bezavol ovozdir. Ming afsus­ki, u hayotni juda erta – 31 yoshida tark etdi. Bu uning qismati ekan. Ammo u uzoqroq yashaganida edimi, shaksiz o'zbek she'riyati yana qancha betak­ror she'rlar, dostonlar bilan boyigan bo'lar edi.

Ammo ko'ngil bilan yashaydigan, ko'ngil tuyg'ularini muqaddas va mukarram biladigan ko'ngil sohiblari bor ekan, Nazar Shukur she'riyati ham yashashda davom etadi.

Temirpo'lat TILLAYEV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

1 + 11 =