Elparvar inson edi
Muydin elparvar nomi bilan Chiroqchi xalqiga tanilgan bu kishi Muhiddin Nurmatov bo'ladi. Muhiddin Nurmatov o'tgan asrning 20-yillarida tumandagi Sho'rbozor qishlog'ida mulla Nurmat bobo xonadonida tug'ildi. U 15-16 yoshida Ikkinchi jahon urushi boshlangan davrda Ko'kdala muzofotida o'qish-yozishni biladigan, xat-savodi chiqqan kam sonli sakkiz-o'n kishidan biri bo'lgan. Yosh Muhiddin o'zining amakisi, o'sha davrda brigadir bo'lib ishlagan Eshmanboboga tabelchilik qilgan. O'qimishli bo'lgani bois, yoshu qarini o'z domiga birday tortayotgan urushdan qolishi uchun berilgan maxsus “Order” orqali frontdan olib qolingan.
Hamma erkaklar urushga ketganligi tufayli amakisi Eshman oqsoqol ikkalasi qishloqdagi ayollar jamoasini ishlatgan, kamu ko'stidan xabar olib turgan va kecha-yu kunduz qo'riqlaganlar.
Muhiddin o'ziga topshirilgan vazifalarni doim mas'uliyat bilan bajargan, hamma vaqt xalq g'amida, xalqning farovonligi borasida katta ishlarga bosh-qosh bo'lgan. 1953 yilga kelib tuman rahbariyati tomonidan u kishini Samarqanddagi uch yillik raislar tayyorlash maktabiga o'qishga yuborganlar. O'qishni muvaffaqiyatli bitirgach, Eski Anhor kanali qazilishiga mas'ullardan biri sifatida jonbozlik ko'rsatgan.
1957 yilga kelib, Muhiddin Nurmatov Ko'kdala sovxozi markazidagi eng katta bo'limga rais lavozimida ish boshlagan. Eski Anhor kanali bo'yiga, ya'ni Sho'rbozor qishlog'iga yaqin atrofdagi qishloqlardan ko'p oilalar ko'chirib keltirilgan va bu hudud endilikda Paxtakor qishlog'i deb atala boshlangan. Endi Ko'kdalada birinchi marta paxta ekiladigan bo'lim tashkil qilingan va yana bu bo'limga Muhiddin Nurmatov boshliq qilib tayinlanadi.
Butun mas'uliyatni o'z zimmasiga olgan Muhiddin qurib-qaqshab yotgan yerni o'zlashtirishga kirishadi va paxta ekadi. Ammo, barcha urinishlarga qaramay, birinchi yili hosil cho'g'i rahbarlarni qanoatlantirmaydi. Biroq, keyingi yillarda agronom-hosilot Sapar Xolmurodov, brigadirlar Nabi Jamshidov, To'xta Boymurodov, Toshnazar Bolliyev, Ro'zi Haqberdiyev kabi bilimli, fidoyi brigadirlar yordamida paxtadan mo'ljaldagidek hosil ola boshlaydilar. Natijada, Muhiddin rais faxriy yorliqlar, medallar, shuningdek, yangi “Jiguli” rusumli avtomashinasi bilan taqdirlanadi.
O'sha davrlarda Ko'kdalaning Paxtakor bo'limi gullab-yashnaydi. Paxtazor dalalari to'rtburchak shaklida bo'lib, paxta dalasining to'rt tomoniga asosan tut daraxtlari ekilgan. Dala maydoni Eski Anhor kanalidan keladigan suv bilan to'la ta'minlangan. Bo'lim paxtakorlari yerdan mo'l hosil olib, paxta bilan birga davlatga pilla sotish rejasini ham 200 foizga bajargan. Pilla yetishtirishda, asosan, qishloq ayollari ishlagan va olgan ish haqiga o'zlarining kamu ko'stini butlaganlar.
1965 yilda Ko'kdalaning Paxtakor bo'limi hamda Oxunboboyev sovxozining Ayritom bo'limlari hamda Koson tumanidan Xarduri va Olato'n qishloqlari qo'shilib, Fayzulla Xo'jayev sovxozi tashkil qilingan hamda Eski Anhor qishloq soveti ham tashkil bo'ladi. Muhiddin Nurmatov to umrining oxirigacha shu qishloq sovetining raisi lavozimida samarali ishlaydi. U kishining sa'y-harakatlari bilan Sho'rbozorda katta o'rta maktab binosi, 80 o'rinli bolalar bog'chasi va qishloq tibbiyot punkti binosi quriladi.
Umuman olganda, Muhiddin Nurmatov elparvarligi bilan tarixdan munosib o'rin egallagan. Ezgulikning umri boqiy deganlaridek, uning xotirasini el-ulus iliq so'zlar bilan eslaydilar.
Turdi JO'RAYEV.