Umrlar bo'ladiki…

9 may — Xotira va qadrlash kuni

…Qariganda asl haqiqat gavharini topishni istasang, yoshlikda ulug'lar izi tuprog'ini ko'zingga to'tiyo qil.

Alisher NAVOIY

Ertaga 9 may. Xotira va qadrlash kuni. Bu qutlug' kun yurtimizning har bir oilasida, har bir mahallasida, har bir shahar va qish­log'ida kattayu kichikning qalbi qadr-qimmat, izzat-ikrom, mehr-oqibat, sog'inch va ehtirom tuyg'ulari ila yolqinlanib, o'zgacha bir shukronalig-u ulug'vorlik ruhida o'ziga xos bayramga aylanadi. Bu ulug' kun har birimiz va butun xalqimiz uchun muqaddas va azizligi bilan, chorak asrdirki, o'zbekning bebaho insoniy xislat va fazilatlarga yo'g'rilgan o'zligini, betakror milliy qadriyatlariga, urf-odat va an'analariga sodiqligini yorqin namoyon etib kelmoqda.

Bu bayram insonparvarlig-u vatanparvarlik rishtalarining chambarchas bog'langanligi, o'tmish va bugun o'rtasida chuqur ildiz otib borayotganligi, ezgu niyatlarimiz-u olijanob maqsadlarimizga kamarbasta bo'layotganligi bilan har birimizga ilhombaxsh g'urur bag'ishlaydi. Birni ko'rib fikr, mingni ko'rib shukr qilishga undaydi. Yon-verimiz-u ortimizga qarab, eshitganlarimiz-u ko'rgan-bilganlarimizni aql tarozisiga qo'yib, o'zimizning e'tiborsizlig-u loqaydligimiz tufayli nimalarnidir bahona qilib, keksayib qolgan-u bemor yotgan yaqinlarimiz hol-ahvolidan xabar olmaganimiz, hech bo'lmaganda, telefon orqali salom-alik qilib, ko'ngillarini ko'taradigan ikki og'iz iliq gap aytmaganimiz, buning ustiga, bir qadam narida mangu uyquda yotgan jigarlarimiz-u do'st-birodarlarimiz yodimizga tushib, beixtiyor chuqur xo'rsinib qo'yamiz. Boshimizni tebratib, afsuslanamiz. Hatto shoir Maqsud Shayxzodaning:

 

Do'stlar, yaxshilarni avaylab saqlang!

“Salom” degan so'zning salmog'in oqlang.

O'lganda yuz soat yig'lab turgandan,

Uni tirigida bir soat yo'qlang! —

 

satrlari qulog'imiz ostida bong urgandek bo'lib, uyalgandanmi, boshimizni xam qilib, xayrli va savob ishni kimdan, nimadan boshlash kerakligi haqida o'ylay boshlaymiz. Bularning hamma-hammasini Xotira va qadrlash kuni yodimizga solib, aqlimizni peshlab, kuch va irodamizni quvvatlab, yo'lga chorlaydi.

Ana, yangi kun ham yuz ochdi. Bobo quyosh olis tog'lar ortidan bosh ko'tarib, olamaro bahoriy nurlarini yog'dira boshladi. Do'ppi kiygan o'zbegim turnaqator bo'lib qabriston tomon yurmoqda. Qo'llarda kattagina yelim xalta. Ichida supurgi, xokandoz, kichkina satil va yana bir nimalar. Qo'llarda turfa rang dasta-dasta gul. Otalar yonida o'g'illar, akalar yonida ukalar, onalar yonida qizlar, opalar yonida singillar… Bugun ular bu foniy dunyoni tark etgan ota-onalarining, hayotdan erta ko'z yumgan tug'ishganlarining qabrlarini tozalab, Qur'on tilovat qilib, ruhlarini shod etmoq uchun borishmoqda. Bugun barcha qabristonlar xas-xashakdan, yovvoyi o't-o'lanlardan xalos bo'lib, gullarga burkanadi.

Aslida, qabriston har doim toza-ozoda turishi shart. Buning uchun har bir qabr egasi ozgina e'tiborli bo'lsa kifoya. Afsuski, ayrim shahar va qishloqlarimizdagi qabristonlarning noxush manzaralaridan tashvishlanmay bo'lmaydi. Ayniqsa, qor, yomg'ir natijasida ayrim qabrlar ochilib qolganligi, yodgorlik toshlari qiyshayib yotganligi, atrofida qurigan shox-shabbalar-u axlat uyumlari yig'ilgani kishini ranjitmay qolmaydi. Qishloq qabristonlarining ko'plari o'ralmagani uchun sigir-buzoqlar-u qo'y-qo'zilar bemalol kirib-chiqaveradi. Viloyat, shahar va tuman hokimliklari mutasaddilari esa parvoyi falak. Qabristonlarni obod qilish, u yerda yotganlarning ruhlarini chirqiratmaslik go'yoki ularga daxli yo'qdek. Mahalla va qishloq fuqarolik yig'inlarining raislari esa qabristonni obod qilishdek savobli ishni o'zlari uchun ham qarz, ham farz deb bilmoqlari kerak! Ular bugun kimlardandir himmat kutib, qo'l qovushtirib o'tiradigan zamon emasligini, vaqt yoshlarga ibrat bo'ladigan tashabbus va fidoyilikni talab etayotganligini unutmasliklari lozim. Savobli ishni har kim har kuni qilishi kerakligiga amal qilsalar, kam bo'lmaydilar.

Xalqimiz Ikkinchi jahon urushida ikki millionga yaqin yurtdoshimiz fashizmga qarshi jang­larda mardonavor kurashib, ularning besh yuz mingdan ziyodi qahramonlarcha halok bo'lganligini, yana necha yuz ming nafar yurtdoshlarimiz nogiron bo'lib qaytganligini hech qachon unutmaydi, unutolmaydi. Bu raqamlar uni fashizmdan cheksiz nafratlanishga, vatanimizning har bir qarich yerini hushyorlik bilan qo'riqlashga, ogoh bo'lib yashashga, tinch-totuvligimizni yanada mustahkamlashda yelkama-elka turib oldinga va faqat oldinga harakat qilishga da'vat etib turadi.

O'zbek degan nomga munosib bo'lib fashist gazandalarini tor-mor etishda katta jasorat va matonat ko'rsatib, ko'ksi orden-medallarga to'lib qaytgan jangchi otalarimiz-u bobolarimiz oldida hamisha ta'zim qilamiz. Ularning ezgu ishlarini davom ettirishga intilamiz, dunyodan o'tganlarning xotiralari oldida bosh egib, hurmat va ehtirom bilan yod etamiz. Ulardek jasoratli bo'lishga, yurtimizning ravnaqi yo'lida kuch-g'ayratimizni, bilim va tajribamizni ayamaslikka so'z beramiz.

Ertaga nuroniy jangchilarimizni bag'rimizga bosib, borlariga shukur qilib, mehru muhabbat ila bayram bilan muborakbod etamiz. Suhbat qurib, ibratli hikoyalar tinglaymiz. Keksa qarindoshlarimiz-u bemorlarimizni yo'qlaymiz. Bunday ziyoratlar ham faqat Xotira va qadr­lash kunidagina yodimizga tushmasligi kerak! Mehr ko'zda, deganlaridek, bordi-keldi qancha ko'p bo'lsa, shuncha yaxshi. Aks holda, elu xeshchilik o'rtasidagi masofa asta-sekin uzayib, bora-bora begonalashuvga olib keladi. Bu achinarli holni hozir ham ko'rish mumkin. Qarindosh bo'lgan katta avlod bordi-keldisi kamaygan sayin mehr-oqibat ham susayib boradi. Natijada aka-ukaning yoki opa-singilning farzandlari bir-birlarini tanimaydilar. Ko'rishganda o'zlarini begonalardek tutadilar. Bu qanday oqibatlarga olib kelishini tasavvur qilish qiyin bo'lmasa kerak. Bu masalada mahallaning o'rni alohida ahamiyatga ega. “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona” deyilgani bejiz emasligini hayot har qadamda, har lahzada ko'rsatib turibdi. Mahalla odamlarni birlashtiribgina qolmay, ularni yaxshi kunda ham, yomon kunda ham himmatli-yu hamiyatli, hamdam-u hamdard bo'lishga, “Mening mahallam — mening vatanim!”, “Mening yon qo'shnim — jon qo'shnim!” degan yuksak insoniy tuyg'u bilan yashashga o'rgatishi ham inkor etib bo'lmas haqiqat. To'g'ri, odamlari ahil, oqibatli, havas qilgilig-u ibrat olgulik mahallalar kam emas. Lekin bunday mahallalarning targ'iboti-yu tashviqotini yetarli deb bo'lmaydi. Vaholanki, mahalla Vatan ichra Vatandir. Uning nomi, tashkil etilgan yili, tarixi bor. Rostini aytganda, ko'pchiligimiz umrimiz o'tayotgan mahallamiz tarixini bilmaymiz. Demak, bundan farzandlarimiz ham bexabar. Mahallasining tarixini bilmagan odam tumani (shahri), viloyati-yu davlatining tarixi bilan qiziqarmidi?!

Men poytaxtning Sharof Rashidov nomli mahallasida istiqomat qilaman. Bu qutlug' dargohda ko'pni ko'rgan, elu yurtga taniqli bo'lgan, keng dunyoqarashli, chuqur bilimli, katta hayot tajribasiga ega bo'lgan insonlar oqsoqol bo'lib ishlaganlar. Bugun ular oramizda bo'lmasalar-da, nomlarini odamlar hozir ham hurmat bilan tilga oladilar, qilgan xayrli ishlarini eslaydilar. Ular ishlagan yillarda mahallaga davlat tomonidan deyarli e'tibor ham, yordam ham berilmagan. Ko'p qavatli uylardan tashkil topgan mahalla idorasi va uning sharoiti o'ziga yarasha edi. Rais bilan kotib katalakdek keladigan xonada faoliyat olib borar, ammo mahallaning manfaati uchun “yo'qni yo'ndirar” edilar. Odamlar ham ahil, ham faol edi. Keyin-keyin mahallaga hokimiyat egalik qilib, uni o'z yo'rig'iga solib oldi. Hokimning chizig'idan chiqmaydigan, qo'lini ko'ksiga qo'yib “labbay” deb turadiganlar oqsoqollik kursisini egallaydigan bo'lishdi. Rais mahalla va uning xalqiga emas, hokimga xizmat qildi. Oylar va yillar “askar uxlayapti, xizmat davom etyapti” qabilida o'taverdi. Bugun o'shalardan biri mahallaning saroysifat zamonaviy yangi binosida “kun o'tsa bo'ldi” qilib, yayrab o'tiribdi. Bu janob Sharof Rashidovning yigirma to'rt yil respub­lika rahbari lavozimida ishlab, uning ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyotida ulkan hissa qo'shganligini, Toshkent metrosi qurilishining tashabbuskori va tashkilotchisi bo'lganligini, taniqli yozuvchi sifatida “Kashmir qo'shig'i”, “Komde va Mudan”, “Koinot”, “Dil amri” qissalari, “G'oliblar”, “Bo'rondan kuchli”, “Qud­ratli to'lqin” romanlari ijodkori ekanligini, ikki marta Mehnat qahramoni degan yuksak nomga munosib ko'rilganligini, buyuk ­e'zozga loyiqligini bilarmikan? Uning asarlaridan qaysi birlarini o'qiganini ayta olarmikan? Hech bo'lmaganda, Xotira va qadrlash kunida urush qatnashchisi bo'lgan Sharof Rashidovni xotirlash, hayoti va ijodi haqida adibning shu mahallada umrguzaronlik qilgan qizi, O'zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Sayyora Rashidovadan qiziqarli xotira-hikoyalar eshitish mahalla ahli va ayniqsa, yoshlari uchun juda zarur va g'oyatda foydali ekanligini-chi?! Yoki bu Davlatimiz rahbarining 2023 yil 22 dekabrda Respublika Ma'naviyat va ma'rifat Kengashining kengaytirilgan yig'ilishida o'rtaga tashlagan tanqidiy fikr va talablariga mos kelmaydimi?!

Sevgi, sadoqat va vafo ramzi bo'lib yashagan, she'rlari rus, ingliz, nemis, hind, bolgar, xitoy, arab, fors va boshqa qator tillarda yangrab kelayotgan O'zbekiston xalq shoirasi, davlat mukofoti, xalqaro Javoharla'l Neru va “Nilufar” mukofotlari laureati, Oydin Hojiyeva, Gulchehra Jo'rayeva, Gulchehra Nurillayeva singari qator-qator mashhur shoiralarimizning ustozi Zulfiyaxonim, “Mash'al”, “Toshkentliklar”, “Mangulik”, “Senga intilaman”, “Binafsha” romanlari, o'nlab she'riy kitoblari bilan elga tanilgan atoqli yozuvchi, shoir va dramaturg, davlat mukofotlari sohibi, O'zbekiston xalq yozuvchisi Hamid G'ulom, mashhur kinoaktyor, “O'tkan kunlar” badiiy filmida Otabek, “Ulug'bek yulduzi”da Ali Qushchi, ko'p qismli “Olovli yillar” televizion badiiy filmida Hamza singari qirqdan ziyod rollarni yuksak mahorat bilan o'ynagan O'zbekiston xalq artisti, xalq orasida “Otabek” nomi bilan shuhrat qozongan O'lmas Alixo'jayev, taniqli yozuvchi, kinorejissyor, kinodramaturg “Chayon yili”, “Paymona” romanlari, o'nlab hikoya va qissalari, “Surayyo”, “Qiz va yigit”, “Alangali sohil”, “Qo'qon voqeasi” kabi qator badiiy filmlari bilan nom qozongan, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist, davlat mukofoti laureati Uchqun Nazarovlar shu mahallaning faxri ekanligini aholimizning necha foizi bilar ekan? Bu ulug' insonlarning badiiy yuksak asarlari yoshlarimizning ma'naviyatli va ma'rifatli bo'lib ulg'ayishlarida muhim o'rin tutmaydimi? Ularning asarlaridagi ijobiy obrazlar tariximizni chuqurroq o'rganishda, inson nomi mag'rur jaranglashining boisini anglashimizda, milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an'analarimizning hayotimizda tutgan o'rni beqiyosligini teranroq tushunishimizda, muxtasar qilib ayt­ganda, yoshlarimizni elparvar-u yurtparvar, fidoyi, tashabbuskor, jasoratli qilib tarbiyalashda muhim manba hisoblanmaydimi? Agar xuddi bugungidek oldingdan oqqan suvning qadri yo'q bo'lsa, bugungi avlod o'z mahallasining mashhur kishilari hayotidan ibrat olmasa, ularning badiiy va ilmiy asarlaridan bahramand bo'lmasa, ertaga nima bo'ladi?! Qachongacha “ura-ura” qilib, nomigagina besamar tadbir o'tkazamiz? Qachongacha to'rtta odamning rasmini tirkab, kerakli joylarga yolg'on hisobot yo'llaymiz? Qachongacha “men senga tegmay, sen menga tegma!” bilan o'zimizni yonib ishlayotgan qilib ko'rsatamiz? Qachongacha?!

Bilimdon, tajribali, uzoqni ko'ra olish qobiliyatiga ega bo'lgan, bag'rikeng, adolatli, haqiqatparvar rahbar o'z atrofiga yeb ketarga hoziru nozir to'rtta kimsani emas, o'zidan kuchliroq, mustaqil fikrga ega bo'lgan, obro'-e'tiborli, jonkuyarlarni yig'adi. Afsuski, ko'pgina mahallalarimiz oqsoqollari bu kabi talablarga javob bermaydi. Bunday mahallalarda yillar davomida biron-bir yilt etgan o'zgarish ko'rinmaydi. Mahalla jilovini ushlab turgan kazo-kazo idoralar mutasaddilari pastga tushib, mahalla rahbari-yu uning “atrofidagi”lar ishtirokisiz odamlar bilan muloqot qilsa, ularning muammolari, tashvishu dardlari bilan qiziqsa, muz o'rnidan ko'chishi aniq! Ammo bunga ularning jur'ati yetarmikan?!

…Ertaga Xotira va qadrlash kuni. Ko'pdan buyon bemor yotgan keksa otaxon va onaxonlarimiz, aka va ukalarimiz, opa va singillarimiz kimningdir eshik qoqib kelishini, u bilan bir fursat bo'lsa-da, gaplashib dardlarini yengillatishni istaydilar. Ayniqsa, nogiron va qarovchisi bo'lmaganlar mahalladan kimdir yo'qlab kelsa, boshlari osmonga yetadi. Chehralari ochilib, dillari ravshan bo'ladi. Buni “odamgarchilik” deymiz. Savobli ish qilib, duo olay, baraka topay desangiz, odamgarchilikni qo'ldan bermang, azizlar!

Nuriddin OChILOV,

Mirzo Ulug'bek nomidagi

O'zbekiston Milliy universitetining

jurnalistika fakulteti o'qituvchisi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

nine − five =