Generalning sovg'asi

O'zbek generali Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushi frontlarida ko'rsatgan jasorati, harbiy sohadagi salohiyati taniqli sarkardalar tomonidan e'tirof etilgan.

Generalning hayot yo'lini xayolimga keltirsam, ko'zimga yosh qalqiydi. Yuragim jizillab ketadi. Oh, deyman, oh! Qancha vatanparvarlar, millatparvarlar haqni deb, ohdan yongan. 1937 yilgi “Katta qirg'in” qurbonlarining sonini barmoq bilan sanab bo'lmaydi. Qirg'inning tegirmonidan omon chiqib, nohaq qiynoqlarning ta'mini totib ko'rgan, sinovlariga chidab, ozodlikka chiqqanlar qalbida nafratning yongani rost.

Sobir Rahimovni ham bu qirg'in chetlab o'tmadi. Uning “Tarjimai holi” yozilgan shaxsiy varaqani o'qiy boshladim. “Rahimov Sobir Umarovich 1902 yil 25 yanvarda Toshkentda tug'ilgan. Millati — o'zbek. Xotini — Rahima Hasanova. 1922 yildan 1925 yilgacha Ozarbayjonning Boku shahridagi birlashgan harbiylashgan maktabni tugatib kelgan Sobir Rahimov 1927-1930 yillarda alohida o'zbek otliq askarlar polkida xizmat qila boshladi. 1930 yil Moskvadagi harbiy akademiyada malakasini oshirib qaytdi.

1937 yilgi “Katta qirg'in”da 19-o'zbek tog'-otliq askarlar diviziyasining o'nlab oliy va o'rta darajadagi zobitlari birin-ketin turli bo'htonlar bilan qamoqqa olinib, misli ko'rilmagan qiynoqlarga solinib, tahqirlarga duch qilingan. Jumladan, 1938 yil 17 mart kuni Sobir Rahimov ham qamoqqa olingan. Bu vaqtda oila a'zolari sifatida turmush o'rtog'i Rahima Hasanova va uning onasi Shosiro'y ham ro'yxatda keltirilgan.

Shunga qaramay, 1938 yil 28 mart kuni unga O'zSSR Jinoyat kodeksining 57-moddasi (chet el josusi) va 67-moddasi (aksilinqilobiy tashkilot a'zosi) moddalarini qo'llab qaror chiqarilgan. 1938 yil 1 apreldan tergovchilar uni qiynoqlarga solib, tergov jarayonlarini o'tkazgan. Sobir Rahimov o'ziga qo'yilgan soxta ayb­lovlarni tan olmagan.

1939 yil 30 aprel kuni Sobir Rahimovning Beriya nomiga yozgan arizasi baxtli tasodif tufayli yoki sobiq harbiy safdoshlarining sharofati bilan uning qo'liga yetib boradi. Mazkur ariza inobatga olingach, 1939 yil 17 may kuni qayta boshlangan tergov 29 iyunda tugatilib, unga qo'yilgan ayb­lovlar tasdig'ini topmaganligi sababli, 1939 yil 9 oktyabrda ozodlikka chiqarilgan.

1940 yilga kelib, Sobir Rahimov yana armiya safiga xizmatga tiklangan. 1941 yil iyun oyidan Sobir Rahimov motoo'qchilar polkining komandir o'rinbosari lavozimida mayor unvonida xizmatni boshlagan.

General Sobir Rahimov Ikkinchi jahon urushida Belorussiya fronti qo'shinlari tarkibida Baranovichi, Slonim, Belostok, Graudens shaharlarini, Belorussiya va Polshani ozod qilishda qatnashadi. 1945 yil 26 mart kuni G'alaba kuniga oz muddat qolgan vaqtda, Gdansk shahrini ozod qilishda kuzatuv punktiga kelib tushgan snaryad parchasidan boshi yaralanib, hushiga kelmasdan gospitalda vafot etdi. 1965 yil 6 mart kuni unga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi”, deb yozilgan tarjimai holida.

Ha, urush o'zidan qoldirgan asorati bilan qalblarda uzoq yasharkan. “Urush, noming o'chsin dunyo­dan!” deb hayqirgim keladi. Dahshatli urush! Sen bobomni, otamni, eng yaqin qarindosh-urug'larimni abadiy komingga tortib ketding, ularni yorug' dunyo­dagi barcha aziz va laziz tuyg'ulardan bebahra qilding, orzu-armonlarga limmo-lim qalblarni yulib olding!

Axir ularning qalblari ham yashash orzulari bilan to'lib-toshgan edi. Sening dahshatli, iztirobli, insonlarning qoni bilan yo'g'rilgan tarixingni varaqlab, xalqim qahramonligini, matonatini, o'chmas tarixingda qoldirgan izini axtaraman.

…Mayning orombaxsh tongi. Yengil sabo vujudlarga ajib bir orom bag'ishlab, daraxt uchlarini yengil tebratib, go'yo allalayotgandek esib turibdi. Daraxtlarga tikilarkanman, ularning yashilligi ko'zimni yashnatadi. Bo'ylari ham har xil: biri past, biri baland. Yaproqlari shabboda bilan o'ynashib, qiqirlaydi. Qiqirlash barobarida sizni-da o'ziga sherik bo'lishga undaydi. Qushlar esa o'z tillarida nimalarnidir chug'urlaydi.

Ko'ksimni to'ldirib nafas olaman. Tongning iliq, musaffo havosidan to'ygan vujudim yengil tortadi. Beixtiyor moviy osmonga qarayman. Bepoyon kengliklarga bag'rini berib yastanib yotgan osmon ko'm-ko'k, tip-tiniq. Quyosh belanchagidan asta bosh ko'tarib,  nurlarini socha boshlaydi. Uning zarkokil nurlari daraxt uchlarida, shudring namiqib turgan maysalarda ko'zni qamashtirganday jilolanadi.

Mayning to'qqizinchisi — Xotira va qadrlash kuni. Sevimli shoirimiz Erkin Vohidovning ajib bir she'ri yodimga tushdi:

 

Yo'q, sen o'zing gulsan, Vataning — chaman,

Ulg'ay, asl zoting unutma sira.

Bilki, qadr bilmak aslida — Vatan,

Vatanning ma'nosi boqiy xotira.

 

She'r xayolimni o'tmishga chorlaydi. O'sha kunlarni eslayman. To'qqizinchi may… Ko'kraklari orden-medallarga to'la otaxonu onaxonlarni ko'rib, ularga havasim ortardi. Ularning yoshligi Ikkinchi jahon urushining qonli janggohlarida o'tgani ko'z oldimizga kelsa, oh tortib qo'yardik. Xotiralarini aytib berishsa, ko'zimiz yoshga to'lib ketardi. Mus­taqillikdan oldin bu kunni qanday kutib olardik? Nishonlashimiz qanaqa bo'lardi? Xotira degan so'zning mohiyatiga unchalik e'tibor bermasdik.

Istiqlol tufayli bu so'zning mag'zini chaqib oldik. To'qqizinchi may — Xotira va qadrlash kuni deb e'lon qilinganligiga ham ancha bo'ldi.

Darvoqe, general-mayor Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushida ko'rsatgan jasoratlari haqida kitoblar yozilgan, filmlar yaratilgan. Uning buyuk nomiga bo'lgan sadoqat Xotira va qadr­lash kunida xalqimizning nigohida yorqin namoyon bo'ldi.

Ikkinchi jahon urushi janggohlarida Sobir Rahimov komandirlik qilgan 37-o'qchilar diviziyasida minglab jangchilar va komandirlarning ko'rsatgan qahramonliklari tarixda muhrlanib qolgan. Shunday jasur insonlardan biri Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida istiqomat qilgan Xurram Ashurovdir.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo'lgan yurtdoshimiz 1965 yillarda Denov tumani ichki ishlar bo'limida yo'l xizmati xodimi sifatida mehnat qilgan. Sobir Rahimov komandirlik qilgan 37-o'qchilar diviziyasining ko'zga ko'ringan razvedkachisi, keyinchalik Toshkentga — Sobir Rahimov tumani Ichki ishlar bo'limiga ishga taklif qilingan. Xurram Ashurov bilan 1985 yilda Toshkentda uchrashganman. O'sha paytlarda u Sobir Rahimov fondini tashkil qilgan edi. Yurtdoshimiz general Sobir Rahimovning Ikkinchi jahon urushidagi jasorati, harbiy soha bilimdoni bo'lgani va boshqa ko'pgina fazilatlari haqida so'zlab bergandi.

— Sharqiy Prussiyaning Graudens shahrini olish uchun diviziyamiz tayyorgarlik ko'rayotgan paytlar edi, — deb hikoya qilgandi Xurram Ashurov. — Razvedkachilarimiz bir necha marta shahardagi holat va hududda qanday qismlar borligini bilishga urinib ko'rdi. Biroq kutilgan natijaga erisholmadik. Atrof minalashtirilgan, gazandalar navbatdagi hujumga qattiq tayyorgarlik ko'rardi. Shunda shaxsan diviziya komandirining o'ziga uchrashdim.

Sobir Rahimov men bilan ancha suhbatlashdi. Xayrlashayotganimizda esa yelkamga qoqib, omad tiladi. O'sha kuniyoq Graudensga yo'l oldim. Shaharga yaqinlashganim sari ishonchim ortib borar, Sobir akaning, siyosiy bo'lim boshlig'i polkovnik A.Smirnovning, diviziyaning ko'z tikib turgani menga madad bag'ishlardi.

Shaharga kirishdan oldin biroz to'xtab, qiladigan ishlarimni yana bir bor rejalab oldim. Yaqin joydagi uyni kuzata boshladim. Boyning uyi bo'lsa kerak, deb o'yladim uni. Uzoqdan sim to'siqlar, nemislarning mudofaa chiziqlari ko'rinib turardi.

Binoga birin-ketin fashist soldatlari kira bosh­ladi. Sanadim: bir, ikki, uch… sakkizta. Chiqish­larini sabrsizlik bilan kuta boshladim. Oradan ancha vaqt o'tgach, nemislar binodan chiqishdi: bir, ikki, uch… yetti. Turtinib, kulishib uzoqlashdi ular. Sakkizinchisi qani? Nahotki bir o'zi qolgan bo'lsa? Bino tomon yugurdim. Eshikni ochdim. Bu men o'ylagan boyning uyi emas, aslida, pivoxona ekan. Ichkarida chol va ayol gaplashib o'tirardi. Barvasta nemis ofitseri tik turib, pivo simirayapti. “Xende xox!” — dedim ichkariga kira solib. Nemis nima qilishini bilmay, karaxt bo'lib qolgandi.

— Qo'lingni ko'tar! — dedim ruschalab. U shundagina o'ziga keldi, shekilli, shoshilib xanjarga yopishdi va hujum qildi. Avtomat qo'ndog'i bilan urib, xanjarini uchirib yubordim. Olisha ketdik. Nemis juda baquvvat edi.

Ichimlik kuchini ko'rsatdi, shekilli, uni yiqitdim. Vaqt ziq. Birortasi kelib qolishidan qo'rqib, shoshilib qo'llarini bog'ladim-da, yelkamga olib uydan chiqdim. Yuz qadamlar yurgandan keyin o'q ovozi eshitildi.

Uni sudray boshladim. Ortimdan fashistlar kelardi. Nemis ofitserining pogonini yulib oldim. Qarasam, kamarim yo'q. Qo'llarim qon. Xanjar bilan hamla qilganda, kamarimni kesib ketgan bo'lib, jarohat olgan ekanman. Kamarim esa qolib ketgan. Ofitserni otib tashlab, uning sumkasi bilan kamarini yechib olib belimga bog'lab, nemislar yaqinlashib qolgach, chekindim. Changalzor oralab o'z pozi­siyamizga yetib oldim.

General-mayor Sobir Rahimovga ma'lumot berdim. Ofitserlik sumkasi va “pogon”ni topshirdim. Sobir aka shoshib sumkani ochdi. Bir menga, bir sumkaga qaradi. Meni mahkam quchdi.

— Rahmat, — dedi. Xursand bo'lib, ketishga ruxsat so'radim. Uch-to'rt qadam bosganimdan keyin generalning tovushi eshitildi.

— O'rtoq starshina!

— Eshitaman, o'rtoq general!

— Bu nimasi? — deya u kamarimga ishora qildi.

Peshonamdan ter chiqib, tutila-tutila voqeani aytib berdim.

Sobir aka kulib yubordi va o'zining besh yulduzli yarqirab turgan kamarini uzatdi.

— Mendan senga esdalik sovg'a bo'lsin.

— Rahmat, Sobir aka, — dedim xursandchiligimni yashira olmay.

Sariosiyolik Xurram Ashurov Denovda yo'l xizmati xodimi bo'lib ishlaganida ham, Toshkent shahrida Sobir Rahimov tumani tashkil etilgach, Ichki ishlar bo'limi boshlig'i o'rinbosari bo'lib faoliyat yuritganida ham general Sobir Rahimov sovg'a qilgan kamarni uzoq yillar mag'rur taqib yurdi. Yoshlar bilan tez-tez uchrashib, kamarning tarixini aytib berishdan aslo charchamasdi.

Xurram aka Sobir Rahimovning so'nggi kunini og'ir o'yga tolib eslardi.

— General-mayor Sobir Rahimov 1945 yilning 26 mart kuni jang borayotgan maydonning kuzatuv punktiga tushgan snaryadning portlashidan og'ir jarohat olib vafot etgandi, — derdi Xurram Ashurov.

Afsuski, Xurram Ashurovning hayotdan o'tganiga ham ancha yillar bo'ldi. Biroq jasorat so'nmaydi, deganlaridek, Vatan o'g'lonlari xalqimiz qalbida, Vatanimiz ko'ksida abadiy barhayotdir.

Nasriddin ISMOILOV,

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eight + seventeen =