Shoahmad otaning o'n yettinchi farzandi
Beshafqat front yosh bolalarni ham ayab o'tirmas, xususan, ota-onasi o'lgan yo bedarak yo'qolgan yetim-esirlarning ahvoli juda og'ir edi. O'lim va muhtojlik balosi hammani tahlikaga solayotgan bir davr. Mehr va parvarishga zor go'daklarni urush alanga olayotgan joylardan tinchroq joylarga evakuatsiya qilish va mehribonlik uylariga joylashtirish masalasi yechimini kutmoqda.
Toshkentdagi “detdom”lar ham og'ir ahvolda edi. Bola ko'p, joy yo'q. Faqat yetim-esir yoxud g'arbiy rayonlardan evakuatsiya qilingan norasidalar hisobidanmi? Yo'q.
Afsus, mehribonlik uylari ota-onasi tirik go'daklarni ham qabul qilishga majbur bo'lgan. “Olmasangiz, o'lib qoladi. Boqolmayman!”
Shunday vaziyatda Telman nomli artelning (zavodning) ishchisi (usta-chilangar) Shoahmad Shomahmudov va uning turmush o'rtog'i Bahri Akromova qanday ish tutgani ko'pchilikka ayon — bu ikki “hazrati inson” haqida ko'p yozishgan. Biz esa quyida ulug' martabali OTA-ONAning o'n yettinchi farzandi, farzandlarning keyingi taqdiri to'g'risida to'xtalib o'tmoqchimiz.
Ikki mo''tabar zot urush yillari o'n uchta yetimning boshini silab, voyaga yetkazgani aytiladi. Shoahmad ota 1952-62 yillarda yana uchta muhtoj bolani uyiga olib kelgan. Bahri aya navbatdagi mehrga zorlarni ham bag'riga sig'dirgan va jami qabul qilinganlar 16 taga yetgan.
Oltmishinchi yillarning boshida darvozani kimdir taqillatdi.
— Kim u? – deya borib ochdi uy egasi.
— Assalomu alaykum!
— Keling, mehmon. Va alaykumassalom. Tanimayroq turibman?
— Men, men… bag'ringizda joy bormi?
— Nima?
— Bag'ringizda menga ham joy bormi, ota? Yetimman. Bilaman, urush payti yosh bolalarni qabul qilgansiz. Parvarishga muhtoj o'n uchta bolani. Urushdan keyin yana uchtasini asrab oldingiz. Ana, to'rtinchisi keldi umid bilan. Hayron bo'lyapsizmi, kim ekan bu kap-katta…
Shoahmad ota yuragida g'alati hislar uyg'onarkan, yigirma besh yoshlar chamasidagi bashang kiyingan, biroq hazin jilmayayotgan yigitga boshdan-oyoq razm soldi.
— Uzoqdan kelgan jurnalistman, “partshkola”da o'qiyman, ismim Rajab, – deb o'zini tanishtirgan bo'ldi mehmon. — Anchadan beri “bir boray, “mehr dargohi”ni ziyorat qilay”, deyman-u… bugun jur'at etdim. Oilam bor, uy-joyim, o'zimga yarasha molu davlat… Xudoga shukr! Otaxon, endi sizga savol: nimam yo'q? Aniqrog'i, kimim?
Ota hammasini tushundi. Eshikni kattaroq ochdi. Yuragiga ishoralab:
— Manavining eshigi ham, – dedi mehr va samimiyat bilan. — Kiring!
Bag'irlashdilar.
— Rahmat, ota, rahmat! – der edi yigit ko'z yoshini tutolmay.
Shoahmad otaning yuragi ham allatarz uryapti. “O'z oyog'i bilan kim keldi?”
— Moldovan, qozoq, chuvash, ukrain, ikkita yahudiy, ikkita tatar, uchta rus va beshta o'zbekka, mana, tojik qo'shilyapti, Xudo xohlasa.
— Tojikmisiz? O'zbekcha gapiryapsiz-ku!
Bola asrab olish azaldan bor. Lekin og'ir yillarda Shoahmad ota va Bahri aya ko'rsatgan tom ma'nodagi “javonmardlik” o'sha vaqtlardagi butun sovetlar mamlakatida “g'ayrioddiy tajriba” deb baholandi. Ulardan ibrat olib, evakuatsiya qilingan yetim bolalarni parvarishlash respublikamizning boshqa hududlari, shuningdek, qo'shni respublikalarda ham odatga aylandi.
— Hayratomuz odamiyligingiz bilan biz, tojiklar tomonda ham mashhursiz, ota.
— Rostdanmi?
— Endi… murodu muddaomni bildingiz.
— Bolam, kiraylik!
— Mehr degan tuyg'uning naqadar hayotbaxshligini shu yerda — sizning uyingizda anglay degandim-da, otajon. Onam uydamilar?
Shoahmad ota ichkariga qarab:
— Onasi! – deb qichqirdi.
— Labbay! – deya oynavand uylarning biridan chiqdi Bahri aya.
— Tojik bolangni qabul qilvogin.
— Onajon, man omadam! – dedi kulib mehmon.
— Xush kepsiz, bolajonim. Burjimullodanmisiz?
Tojiklar yashaydigan Bo'stonliqning Burjimullosidan Shoahmad otaning qarindoshlari, tanish-bilishlari kelib turishardi. Ulardan biri bo'lsa kerak, deb o'ylagandi Bahri aya.
Erining ota-bobolari burjimullolik. Tog'li joyda hayot kechirish qiyin bo'lgach, bo'lajak qaynotasi Shomahmud o'n to'qqizinchi asrning ikkinchi yarmida Toshkentga kelib, avval chorakor, keyinchalik temirchi ustaga shogird tushgan. Ishga kirib, artelning ilg'or chilangariga aylangan. Toshkentlik qizga uylanib, 1890 yilda o'g'il ko'rgan, yagona o'g'li (Shoahmad) ulg'aygach, otasi ishlagan zavodda uning kasbini davom ettirgan.
Ota-onasining vafotidan keyin Shoahmad yolg'izlanib qoladi. Qarindoshlarining qistovi bilan Burjimulloga ko'chib ketmoqchi ham bo'ladi-yu, Bahri degan bir qiz…
Mahalladoshi Bahri u paytda zavodning eng yosh ishchisi edi. Ishga borib-kelishida yaxshigina hamroh. Bir kuni shaharda hech kimi qolmagani bois ishdan ketishi-yu, otasining qishlog'iga borib, dehqonchilik qilishini aytgandi, qiz:
— Hech kimim yo'q? Men-chi? – dedi kulib.
So'ng Bahri xayr ham demasdan darvozalari tomon chopdi.
Shoahmad timqora sochini qirq kokil qilib mayda o'rgan ko'rkamgina qiz chopib ketgan tomonga beixtiyor tikilib qoldi.
Taqdir ekan, unga uylandi.
Bahri qator-qator bola tug'ib bermagan bo'lsa-da, uning sharofati bilan eri haqiqiy ma'nodagi “qahramon ota”ga aylandi.
O'n yettinchi farzandiga “tojik bolam” deb ism qo'ydi Bahri aya. Haqiqiy ona-bola bo'lishdi.
Turli millatga mansub bolalarni farzandlikka qabul qilgan bu xonadonga bag'ishlab mashhur adib Rahmat Fayziy “Hazrati inson” romanini yozgan — bu ma'lum. Asardagi Mahkam aka — haqiqiy hayotdagi Shoahmad ota ekanligini ham hamma biladi. Ana, Mahkam aka bolalar uyiga boryapti. Undan so'raydilar: “O'g'il bola olmoqchimisiz yo qiz bolami? Yoshroq bo'lsinmi yo eslirog'imi?”
Nima, bola tanlashi kerakmi? U mol bozoriga kelmadi, inson bolasini so'roqlab keldi!
Yo'q, tanlaydi. Eng nimjon, eng holi xarob bolani farzand qilib oladi…”
Bu romandan bir iqtibos.
Shoahmad ota esa shahar yetimxonasiga qanday borgani-yu, qanday vaziyatga duch kelganini Bahri ayaning “tojik bolasi”ga shunday hikoya qilgandi:
“Ma'sum go'daklar katta binoning bir chetida, ko'zlari javdirab o'tirishardi. Har biri qanoti qirqilgan chumchuqni eslatar, ma'yus va umidvor nigohlardan yurak ezilardi. Ko'zlarda chuqur bir mung. Ota-onasini sog'ingan bolajonlar!
“Yaxshisini tanlab oling”, dedi yetimxona mudiri. Men bo'lsam rang-quti o'chgan, eng ozg'in va aftodahol bolachani tanladim. Qo'lini tutib, yetimxonadan chiqayotganimda, boshqa bir bolakay oyoqlarimni qattiq quchoqladi-da: “Amakijon, meniyam opketing, hamma ishingizni qilaman, yo'q demang, iltimos”, dedi yig'i aralash. “Ertaga kelib, seniyam opketaman, xo'pmi?” dedim unga. Va'damni bajardim. U ham o'g'lim bo'ldi”.
Ko'chalarda tilanchilik qilib yurgan Sarsanbayni, o'qqa tutilganlar orasida tirik qolgan Abramni, vokzalda singlisi Lesyani adashtirib qo'ygan Ostapni va yana Marikani, Sashani, Lyoshani, Galyani, Renatni, Dzidrani ko'ramiz romanda. O'qiganmiz bu asarni. Yana o'qiymiz.
Shu asar asosida suratga olingan “Sen yetim emassan” filmini yana ko'rgimiz, Shoahmad ota va Bahri aya haqida yana eshitgimiz keladi.
Rus, moldovan, yevrey, tatar, chuvash… Turli din, millat va elatga mansub zurriyot. Aka-uka, opa-singillarni odamiylik dini, insoniylik taomili birlashtirgandi! Qoravoy, Ne'mat, Muazzam, Hakima va Ulug'bek singari hammasi endi mahallaning o'zbek bolalari: Habiba, Shuhrat, Xolida, Yo'ldosh, Rafiq, Rahmatulla, Samug', Hamidulla… Hammasi o'zbekchani o'zbekday biladi. Bittasining (Vovaning) nomi ruscha, xolos.
Bola kasal bo'ladi. Bolasi kasal odamning holini tasavvur eting.
Shoahmad ota nima qilardi? Bahri aya-chi? Yig'lamsiragan ko'yi: “O'zing asra!” deya iltijo qilardi er-xotin. Qo'ni-qo'shni taajjubda: “Begona bolagayam shunday mehr qo'yadimi odam?”
Darvoqe, ular Rahmatullani yetimxonadan kasal holida olishgan. Do'xtirlar tirik qolishiga ishonmasdi. Avvalo, Xudo-ku, er-xotinning o'ta g'amxo'rligi uni hayotga qaytargan.
Bolalar birin-ketin voyaga yetishyapti. O'qitish tashvishi, ishga joylashtirish, uzatish-u uylantirish…
Shoahmad ota to'ng'ichini o'qitdi — oliy ma'lumotli Rafiq Angrenda o'z baxtini topdi, to'rt farzand ko'rdi. Rahmatulla (tatar) onasini qidirib topib, u bilan yashadi, biroq umrining oxirigacha bir oyog'i tom ma'nodagi mehr dargohi — otasining “katta hovlisi”da edi. Muazzamada ham to'rtta, Habibada uchta, Yo'ldosh bilan Ergashda ikkitadan farzand bor edi. Ota Qoravoy, Shuhrat, Xolida, Halimadan ham nabira ko'rdi. Samug', Ulug'bek, Hakima, Qoravoylarning to'yini ko'rish esa peshonasida yo'q ekan.
U dunyodan o'tgan yili (1970) eng kenjasi Hakima 18 yoshda (bu dargohga tushganida u bir oylik chaqaloq) edi.
Oilaning ikki farzandi — Hamidulla va Muazzama sevib turmush qurib, to'rt farzand ko'rib, baxtli hayot kechirdilar.
18 yil eri bilan Telman nomidagi zavodda ishlagan Bahri aya Akromova 1987 yilda (sakson to'rt yoshida) olamdan o'tdi. 1978 yilda xonadonga kelin bo'lib tushgan Jamila opa ko'zlariga yosh qalqib chiqarkan: “Qaynonam suratida o'z onamning suratini ko'rganman”, degandi. U kelinlarining ham mehribon onasi edi.
Farzandlardan Halima va Yo'ldoshga uzoqroq umr nasib etgani, bugungi kunda Xolida (Olga Timonina) Toshkentda hayot kechirayotgani — to'qsonga qarab ketayotgan onaxonning Jarariq mahallasida yashayotgani aytiladi.
“Bobom va buvim asrab olganlardan deyarli qolmadi, lekin ularning farzand va nabiralari bilan bordi-keldini kanda qilmaganmiz”, deydi xonadon to'ng'ichining o'g'li, ya'ni Shoahmad otaning nabirasi Tohir Shomahmudov.
Xolida opa bir necha yil avval: “Oyim tez-tez tushimga kiradilar, oyim jannatdalar…” degan ekan jurnalist do'stimiz Fozil Jabborovga.
“Jannati ona”ning “tojik bolasi” ham endi oramizda yo'q.
Darvoqe, oilaning o'n yettinchi farzandi to'g'risida boshqalar bilganmi?
Bilgan.
Tabassum bilan: “To'rt kishini xabardor qilmasak bo'lmaydi”, degandi xonadonning yangi a'zosi.
1964 yili sobiq “partshkola” (Toshkent oliy partiya maktabi)da katta yig'ilish bo'lib o'tgan. Shoahmad ota va uning turmush o'rtog'i ishtirokidagi yig'ilishni sobiq Markazqo'mning ideologiya bo'yicha o'sha vaqtdagi kotibi boshqargan. So'z tojik jurnalistiga berilganda, u birinchi qatorda o'tirgan faxriy mehmonlarga shunday deb murojaat etgan:
— Otajon va onajon! Men ham urush yillarining bir yetimiman. Iltimos qilaman, turli millatga mansub o'n olti farzandingiz qatori men tojikni ham…
“Bolajonim!” deya uni bag'riga bosadi Shoahmad ota. “Mehribonim, jigarporam”, deydi Bahri opa “tojik bolasi”ning peshonasidan o'parkan.
Butun zal oyoqqa turgan.
Qarsaklar ostida o'n yettinchi farzand otasiga to'n va tojikcha (gulli) do'ppi kiydiradi. Onasining yelkasiga oq ro'mol tashlaydi.
“Kenjatoy” keyinchalik onajonga oq ko'ylak ham olib bergan. Oq ro'mol va oq ko'ylagini onajon umr bo'yi asragan.
Xolida opani eslaymiz. “Oyim tez-tez tushimga kiradilar. Boshlarida oppoq ro'mol…”
Muhammad ShODIY