Ikki el farzandi

(Atoqli adib Nosir Fozilovni yod etib)

2019 yil 1 iyunda umr yo'ldoshim Nosir Fozilovning 90 yillik tavallud to'ylarini nishonlamoqchi, elga osh berib, xursandchiligimizni yoru do'stlar, qarindoshlar bilan baham ko'rmoqchi edik. Ammo niyatimizga yeta olmadik. U kishi betob bo'lib qoldilar. Muolajalar naf bermadi. 2018 yil 13 yanvar kuni… Allohning irodasi ekan, Yaratganga omonatlarini topshirdi, nachora.

90 yilliklarini ularsiz nishonlashimizga to'g'ri keldi.

Bu safar tavallud ayyomi birinchi bo'lib tug'ilib o'sgan joylari Turkis­tonda nishonlandi.

Yurtdoshlari Nosir akani juda ardoqlashar, izzat-ikrom ko'rsatishar, Turkistonga borib qolsalar, o'tqazishga joy topisholmas, darhol biror maktabda uchrashuv tashkil qilishar, oqsoqollar, do'st-yorlar, o'qituvchi-yu o'quvchilar jam bo'lib, savolga tutishar, hayotlari va ijodlari haqida, yozgan asarlari to'g'risida savollar yog'dirishardi. Ustoz nim tabassum bilan bu savollarga iloji boricha batafsil javob berardi.

2019 yil aprel oyida Turkistondan taklifnoma keldi. Nosir Fozilov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan 27 aprel kuni Turkiston shahrida o'tadigan “Ikki el farzandi” mavzusidagi xalqaro adabiy-ma'rifiy anjumanga bir guruh yozuvchi, shoirlar va oila a'zolari taklif etilgandik.

O'shanda, aniqrog'i 27 aprel kuni tong saharda 16 kishidan iborat delegatsiya yo'lga otlandik.

Delegatsiya safida O'zbekiston xalq shoiri To'lan Nizom (oxiratlari obod bo'lsin, ular ham bugun hayot emas) Qoraqalpog'is­ton xalq yozuvchisi Murodboy Nizanov, yozuvchi, tarjimon Mehmonqul Islomqulov, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Adhambek Alimbekov, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir, tarjimon Yangiboy Qo'chqorov, “Sharq yulduzi” jurnali bosh muharriri Sirojiddin Rauf, yozuvchi Qo'chqor Norqobil, “XXI asr” gazetasi bosh muharriri Norqobil Jalil, yozuvchi Yusuf Abdullayev, yozuvchi Shodmonbek Otaboyev, pedagogika fanlari doktori, professor Safo Matjon, Qozoq madaniyat markazidan Hamza Xolmuratov va oilamiz a'zolari bor edi.

* * *

…Turkiston shahridagi madaniyat saroyi… Kiraverishda o'ng tomondagi yonma-yon qo'yilgan stollarga Nosir akaning kitoblari, asarlari bosilgan gazeta va jurnallar chiroyli qilib terib qo'yilgan. Mehmonlar shu yerda to'xtab, kitoblarni ko'zdan kechirib, keyin zalga kirishyapti.

Katta zal juda shinam bezatilgan edi. Gilam to'shalgan sahna chetiga anvoyi gullar qo'yilgan. Sahnaning orqa devoriga archazor tog'lar fonida Nosir Fozilovning uzoqlarga viqor ila tikilib turgan suratlari tushirilgan panno o'rnatilgan. Anjumanga yig'ilganlarning ko'zlari mehr va sog'inch bilan boqadi suratga.

Men esa shunday inson bilan umr kechirganimdan qalbim faxr-iftixorga to'lib o'tiribman. Bu hurmat-izzatni, ehtiromni, ardoqni ko'rib, ich-ichimdan yig'i keladi. Ko'zim jiqqa yoshga to'ladi.

2019 yil O'zbekistonda Qozog'iston yili, “Adabiyotlar do'stligi — xalqlar do'stligi” shiori ostida o'tyapti bu anjuman.

Umr yo'ldoshim bu do'stlikni mustahkamlashga ozmuncha hissa qo'shdilarmi? 60 yillik umr baxshida etildi. Bu samarasiz ketmadi. Hozirgi e'zoz, izzatu ehtirom bejiz emas.

Anjumanni jirovchi yigit do'mbira chalib, Nosir og'aga bag'ishlangan qo'shiq bilan boshlab berdi. Filologiya fanlari doktori, akademik Qulbek Ergo'bek kirish so'zi bilan anjumanni ochdi. Shundan so'ng Toshkentdan kelgan mehmonlar va qozog'is­tonlik ijodkor yoru do'stlar birin-ketin sahnaga ko'tarilib, dil so'zlarini ayta boshlashdi. Ulardan ayrimlari hamon esimda.

O'zbekiston xalq shoiri, rahmatli To'lan Nizomga birinchi bo'lib so'z berildi. U kishi Nosir akaning fazilatlari-yu xislatlari, adabiyotga, xalqlar do'stligiga qilgan xizmatlari haqida gapirib, oxirida “Ko'priklar ko'p dunyoda” degan she'rini o'qidilar. Nosir akani adabiyotlar o'rtasidagi ko'prikka mengzadilar. Zalda gulduros qarsaklar yangradi.

Keyin Qoraqalpog'iston xalq yozuvchisi Murodboy Nizanov so'zga chiqib asarlarining tarjima qilinishi va chop etilishidagi Nosir og'aning xizmatlari haqida gapirib: “Mendan qachon “Ustozing kim?” deb so'rashsa, javobim doim bir xil: ikki ustozim bor deyman, biri — kitob, biri — Nosir og'a. Ayniqsa, yozuvchilik faoliyatimda Nosir og'adek bag'riga tortgan, o'z otamdek bo'lib boshimni silagan boshqa inson yo'q. Nosir og'a hamrohligida juda ko'p safarlarga chiqqanman. U kishining sharofati bilan taniqli yozuvchi, shoirlar bilan tanishganman, bir dasturxondan non-tuz tatiganman” dedi.

“2002 yili YuNESKO homiyligida G'abit Musrepov tavalludining 100 yilligiga bag'ishlangan anjuman o'tkazilgandi. Unga O'zbekistondan Nosir og'a, Qaldibek Seydanov va (Nosir og'aning tavsiyasi bilan) men chaqirilgan edik, — deb fikrini davom ettirdi Murodboy Nizanov. — Poezdda ketyapmiz. Nosir og'aning qiziq-qiziq hangomalarini sog'inganman. Ichim qizib ketyapti. Oxiri bahona topdim.

— Nosir og'a, choy-poy ichmaymizmi? – dedim pastdagi o'ringa engashib.

— Ey ko'zi qisiq qoraqalpoq, – dedi Nosir og'am kulib. — Ilgarigi yoshlar “ichkarida otam o'tiribdi, uy tepasiga chiqa olmayman” deb, tom ustidagi qorni kurashga botina olmay, otasining biror joyga chiqishini poylab o'tirishar ekan. Sen bo'lsang, sakrab tepamga chiqib olding-da, yana “choy ichmaymizmi?” deb menga ish buyurging keladi-ya! Damlamaysanmi ichging kelsa? – dedilar.

— Bir og'iz so'zingiz, – deb sakrab tushdim-da, choy damlab keldim. Yana hangoma do'koni ochildi, gurung savdosi qizidi. Nosir og'a G'abiden va G'abit og'alar haqida gurung berib, bizni rosa kuldirdilar.

Xullas, Nosir og'a haqidagi xotiralarim juda ko'p.

O'zi emas, o'zgalarning muvaffaqiyatidan boladay quvona oladigan, shogirdlarini o'z bolasidek bilib, boshini silab, avaylab yuradigan bunday bag'rikeng insonni men umrimda uchratgan emasman”.

Murodboy so'zini “Nosir og'a men uchun o'lgan emas” degan she'ri bilan yakunladi.

Betobligiga qaramay, hurmati, insoniy burchi yuzasidan Olmaotadan ataylab anjumanga yetib kelgan, Qozog'istonda xizmat ko'rsatgan madaniyat arbobi, Davlat mukofoti sohibi, yozuvchi Sobit Do'sanovning xotiralari butun zalni junbishga keltirdi.

“Ko'zi tirigidayoq donishmand bo'lib tanilgan, nomi afsonaga aylangan millati o'zbek, qalbi qozoq Nosir Fozilov ikki el — o'zbegu qozoqning umum faxri edi. U Muxtor, Sobit, G'abit og'alar kabi mumtoz adiblarimizning asarlarini o'zbek tiliga mahorat bilan tarjima qildi. Mening “Arvona” nasriy asarimni o'zbekcha so'zlatdi. Qozog'istonda o'tadigan adabiy anjumanlar, qalamkash do'stlarning tavallud to'ylarining barchasiga keladi. Jumladan, 2000 yili mening ham 60 yilligimga kelgan. 2010 yilda, betob bo'lganligiga qaramay, 70 yoshlik to'yimda ham ishtirok etib, Abay nomidagi opera va balet teatrida o'tgan ijodiy kechamga o'ziga xos mutoyibali gapi bilan o'zgacha fayz bag'ishlagani, “XX asr” tetralogiyam haqida: “Sobit mayda-chuyda mavzularni emas, millatning yuz yillik qismatini “XX asr” asarida yakqalam qildi. Endi bu yog'iga navbat yigirma bir, yigirma ikkinchi asrlarga” deb hammani kuldirganini eslab yuramiz.

2017 yili Toshkentda o'zbek tilida nashr etilgan bir jildlik asarlarimning taqdimot kechasida otaxon adib Nosir og'a: “Ey mening o'zbeklarim, qozoq bovurlaringizni hurmat qilinglar! O'zbekka qozoqdan yaqin do'st yo'q. Ulug' xalq qozoq bilan yo'ldosh bo'lsangiz, yo'lda qolmaysiz”, deya to'lqinlanib, otalarcha teran ma'noli so'z aytgan edi. Yurtga qaytayotganimda, og'a meni bag'riga bosib, so'nggi uchrashuv ekanligini ko'ngli sezganday, ko'zida yosh ila xo'shlashuvdi…

Xo'sh bo'l, xo'shlashishga til bormas aziz, asil og'am!”

“1994 yili Nosir og'a Qozog'iston Prezidentining “Tinchlik va ma'naviy hamjihatlik uchun” mukofotini olish uchun Toshkentdan Olmaotaga kelgandi, – deya so'z boshladi yozuvchi Marxabat Boyg'ut. — Mukofotni topshirish tantanasi Respublika saroyida bo'lgandi. Nosir og'amiz sahnaga miyig'ida kulib chiqqanini televizor ekranida ko'rganimdayoq “Aylanayin og'atoyim, odatdagiday, bir nimani o'ylab chiqdi-yov” degan fikr ko'nglimdan o'tishi bilan u kishi elboshiga o'zbek pichog'ini sovg'a qildi. Bizda udumga ko'ra sovg'aga pichoq olgan odam uni sotib olishi kerak. O'shanda Prezidentning kissasi quruq bo'lganidan, chaqani yonidagilardan olib bergandi.

Mukofotni olib, Olmaotadan qaytgan Nosir og'ani Chimkent vokzalida kutib oldik. Viloyatimizning to'ng'ich hokimi Mars Fozil o'g'li Urkinboyev og'ani qabul qilib, mukofot bilan qutladi, yelkasiga to'n yopdi, sovg'a-salom berdi.

Shundan so'ng og'ani restoranga taklif qilib, choy berdik. Ofitsiant qiz hisob-kitob qilgani kelganida, Nosir og'a: “Marxabat inim, choyning pulini o'zim to'layman”, desa bo'ladimi? “Nega siz to'lar ekansiz?! Siz bizga tabarruk mehmonsiz, qo'ying!” dedim. “Bilmasam, Prezidentning kissasida chaqasi ham bo'lmagach, sen ham qiynalib qolasanmi deb o'tiribman-da”, dedi og'am boladay beg'ubor kulib…

Endi Nosir og'amizni sog'inib, uning hazillarini qo'msab yashashdan o'zga choramiz yo'q.”

Shu payt meni sahnaga taklif qilishdi va Marxabat og'a ikkimizning ko'ksimizga “Do'stlik” hamjamiyatining “Do'stlik” medalini taqib qo'yishdi. Og'a menga Nosir ustozning asarlari bosilgan jurnalni sovg'a qildilar. Bundan ko'nglim tog'day ko'tarildi. Bu umr yo'ldoshimga va menga ko'rsatilgan yana bir ehtirom edi. Tashakkurlar bildirib sahnadan tushdim.

Shu tariqa o'zbekistonlik va qozog'is­tonlik ijodkor do'stlari birin-ketin sahnaga ko'tarilib, ustoz haqidagi xotiralarini, dil so'zlarini, u kishining hangomalari-yu hazil-mutoyibalarini aytib, zaldagilarni hayratlantirib, kuldirishdi.

Men bu gaplarni tinglab, xayolimda go'yo umr yo'ldoshim oramizda o'tirgandek, bu hangomalarni, qiziq-qiziq gaplarni o'zlari gapirib berayotgandek bir ko'zimga yosh kelib, bir kulimsirab o'tiribman. Shunday sadoqatli do'stlaringiz, shogirdlaringiz bor ekan, Siz hamisha barhayotsiz, ikki elda aziz bo'ldingiz, Alloh oxiratda ham azizu mukarram qilsin, deb o'zimga o'zim tasalli beraman.

Nosir Fozilovning yaxshi ko'rgan yana bir ukalari, shogirdlari, yozuvchi, shoir Abdurahim Pratov yelib-yugurib xizmat qilyaptilar. So'zga chiqqan har bir mehmonga sovg'a-salom topshiryaptilar. Qalbi toza, mehr-oqibatli, odamgarchiligi zo'r, ustozlarga, do'stlarga sadoqatli bu inson 2018 yilning 7 fevralida umr yo'ldoshimning yurtdoshlari oila a'zolarimizni va bir guruh yozuvchilarni Turkistonga xotira tadbiriga taklif qilishganida, tadbirni tashkil qilishda va o'tkazishda jonbozlik ko'rsatib, Toshkentga kelib delegatsiyani boshlab borganlar.

Ustozlari olamdan o'tgandan keyin ham bizdan xabar olishni kanda qilmadilar. Hozirgacha yo'qlab turadilar.

Bu insonni hamisha duo qilaman.

Nosir akaning qadrdon ukalaridan biri, filologiya fanlari doktori, akademik Qulbek Ergo'bekdan ham behad minnatdormiz. Anjumanni chiroyli qilib bosh­qarib, mehmonlarga navbati bilan so'z ber­yaptilar.

So'zga chiquvchilarning keti uzilmasdi. Hamma ustoz haqida dil so'zlarini aytgisi kelardi. Lekin anjumanga ajratilgan vaqt nihoyasiga yetib borardi. Shunda anjumanni boshqarayotgan Qulbek Elgo'bek zaldagilarga murojaat qilib: “Hurmatli mehmonlar, anjuman ishtirokchilari, Nosir og'a haqida qancha gapirsak shuncha oz, hali anjumanimiz davom etadi. Hozir tushlik qilib olib, mehmonlarimizni Qarnoq qishlog'idagi tarixiy muzeyga olib borishimiz, Ahmad Yassaviy maqbarasini ziyorat qildirishimiz, so'ngra Eski Iqon qishlog'idagi Mirtemir muzeyiga tashrif buyurishimiz kerak”, deb anjumanga yakun yasadi…

* * *

Nosir Fozilov tavalludining 90 yilligi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ham munosib nishonlangan edi. Yozuvchilar uyushmasining “Ijod” fondi homiyligida “Nosir Fozilov zamondoshlar xotirasida” va “Tanlangan asarlar” kitob­larini nashr qilib, ustozning ruhlarini shod etishdi. Bunday hurmat-e'tibor uchun Uyushma rahbariyatidan minnatdormiz.

2019 yil 27 noyabrda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining majlislar zalida Nosir Fozilov tavalludining 90 yilligi hamda Tursunboy Adashboyev tavalludining 80 yilligi birgalikda nishonlandi.

Tadbirga Turkistondan bir guruh ijodkorlar tashrif buyurishdi. Ular safida filologiya fanlari doktori, akademik Qulbek Ergo'bek, Qozog'istonda xizmat ko'rsatgan madaniyat arbobi, yozuvchi Marxabat Boyg'ut, “Ijod” birlashmasining rai­­si, shoir Abdurahim Pratov, yozuvchi Sunnatulloh Akram, shoira, tarjimon Soatoy Kamol qizi, Koriz qishlog'idagi maktabning adabiyot o'qituvchisi Shoira Jalilova, ustozning birinchi muallimlari Pochchaxon amakining qizlari, adabiyotchi Tamara Qudretovalar bor edi.

Qirg'izistondan ham ijodkorlar, Tursunboy Adashboyevning qadrdonlari, oila a'zolari yetib kelishdi.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rai­­si Sirojiddin Sayyid ustozlar haqida ehtirom bilan kirish so'zi aytib, anjumanni ochdilar. Shundan so'ng birin-ketin so'zga chiqqan akademik Naim Karimov (ularni ham Alloh rahmat qilsin), yozuvchi Marxabat Boyg'ut, akademik Qulbek Ergo'bek, pedagogika fanlari doktori, professor Qozoqboy Yo'ldoshev, yozuvchi Murodboy Nizanov, filologiya fanlari nomzodi, professor Rahmatilla Barakayev va boshqalar Nosir Fozilov va Tursunboy Adashboyevlarning o'z ijodlari bilan milliy adabiyotimizga qo'shgan hissalari, xalqlar do'stligini mus­tahkamlashdagi xizmatlari haqida, yosh ijodkorlarga ko'rsatgan g'amxo'rlik va jonkuyarliklari haqida samimiy dil so'zlarini izhor qildilar. Videoroliklar namoyish etildi. Mehmonlarga sovg'a-salomlar, kitoblar taqdim etildi. Tadbir juda fayzli o'tdi.

Mana endi yana 2024 yil yanvar oyida Turkistondan xushxabar keldi. Yurtdosh­lari sevimli yozuvchilari Nosir Fozilovning qadrlarini yuksaklarga ko'tarib, e'zozu ehtirom ko'rsatib, nomlarini abadiylashtirish uchun tug'ilgan joylarida yangi qurilgan ikki qavatli, 450 o'rinli maktab­­ga nomlarini berishga, maktab hovlisiga byustlarini o'rnatishga qaror qilishibdi. 2024 yilning sentyabr oyida ustoz tavalludining 95 yilligi munosabati bilan katta tantanalar uyushtirilar ekan.

Bu ishning boshida turgan Turkiston shahar hokimligidan, tadbirkorlar Tajibek Musayev va Yerjan Musayevlardan, Turkiston shahar madaniyat markazi raisi Bahodir Irismetovdan, rais o'rinbosari, jurnalist Shomirza Madaliyevdan, filologiya fanlari doktori, akademik Qulbek Ergo'bekdan va bu ishga hissa qo'shgan barcha aziz insonlardan minnatdormiz va ta'zim qilamiz.

Bolalarning sevimli yozuvchisi bo'lgan Nosir Fozilov bolalar va o'smirlar hayotidan yozilgan qissa va hikoyalari bilan, ustozlari, safdoshlari, shogirdlari haqidagi hangomalari, xotiralari, voqeiy hikoyalari bilan hamda qozoq, qoraqalpoq yozuvchilarining asarlaridan qilgan tarjimalari bilan keng kitobxonlar ommasiga tanildilar.

Talabalik yillaridayoq tarjima bilan shug'ullana boshlagan adib mumtoz qozoq yozuvchilari Sobit Muqonov, G'abit Mursepov, G'abiden Mustafinlardan tortib, hozirda ijod qilayotgan yozuvchilarning asarlarigacha 40 dan ziyod kitoblarni mahorat bilan o'zbek tiliga o'girib, adabiyotlar o'rtasidagi oltin ko'prik nomini oldilar.

Nosir Fozilov yozgan va tarjima qilgan asarlar necha avlod farzandlarini ezgulik ruhida tarbiyalab, xalqimizga yashash, qurish va kurashda yordam bermoqda.

U kishining mashaqqatli va sharafli xizmatlari munosib qadrlandi.

Mamlakatimizda “Xizmat ko'rsatgan san'at arbobi” faxriy unvoniga, ikki karra Davlat mukofotiga, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining G'afur G'ulom nomidagi mukofotiga, “El-yurt hurmati” ordeniga sazovor bo'ldi.

Qozog'iston hukumati tomonidan Qozog'is­ton Prezidentining “Tinchlik va ma'naviy hamjihatlik uchun” xalqaro mukofoti (bu ulkan e'tirofga Markaziy Osiyodan Chingiz Aytmatov va Nosir Fozilov loyiq ko'rilgan), Qozog'iston Yozuvchilar uyushmasining Beyimbet Maylin va “Alash” nomli xalqaro mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Bugun Nosir Fozilov oramizda jisman yo'q bo'lsalar-da, yozgan asarlari, tarjimalari, qilgan yaxshi amallari bilan hamisha barhayot.

Muborak FOZILOVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

12 + 7 =