“Daraxt, menga yashashni o'rgat…”

Esse

Daraxt, menga yashashni o'rgat,

Daraxt, o'rgat menga sabotni.

O'z domiga tortganda g'urbat,

Darig' tutma mendan najotni.

 

To bu dalli devona yurak

Bahor kutib ko'karsin, kulsin.

Qurisa ham qurisin sendak,

Haroratli bir o'tin bo'lsin…

Abdumurod QODIROV

Abdumurod akani, Abdumurod Qodirovni 2011 yil bahor oylarida ilk marta ko'rgan edim. O'shanda tumanimizdagi bir necha yozuvchi va shoir ustozlar uyimizga mehmonga kelgan, ular safida Abdumurod aka ham bor edi. Esimda, hammadan keyin kelgandilar u kishi. Umuman, bu inson doim mana shunday kechikib yurar, bilmayman, lekin negadir yorug' olamni anchayin shoshib va ilkis tark etdi…

Birinchi ko'rgan kunimdayoq Abdumurod akaning o'qituvchi ekanini fahmlaganman. Sababi, men bilgan insonlarning ichida faqat o'qituvchilargina mana shunday faqir, shunday istarali edi. Ijodkorlar to'g'risida gurung boshlanib, u kishi O'tkir Hoshimov bilan bog'liq bir xotirasini gapirganida esa, rosti, yuziga ishonqiramay qaradim: “Hoshimovning uyida mehmonda edik, deydimi? Yolg'on ham evi bilan-da!” Keyin bilsam, akani o'zimga o'xshatib yuboribman. To'kilay degan ko'ylakni dazmollab kiygan, yap-yangi do'ppisi eskigina ust-boshiga yarashmay turgan bu faqir inson, aslida, obro'sini oshirib ko'rsatish kabi havaslardan tamom xoli ekan.

Odatdagiday, davradagi shoirlar o'rtasida she'r aytish boshlanib ketdi. Ustoz shoirlarning biri olib, biri qo'yib she'r ayta boshladi.

— Abdumurod aka, siz ham she'rlaringizdan birortasini o'qib bering, – deb qoldi bir mahal ustoz Temirpo'lat Tillayev.

— Qo'ysangiz-chi, bizning she'rlarning o'qigiligi yo'q, – kulib rad etdi Abdumurod aka. Qolganlar xuddi bu gapni tasdiqlaganday gurra kulishdi-yu, talashib-tortishib mushoirada davom etishdi. Orada ustoz Tillayev tag'in u kishini qistadi.

— She'rlarim hech esimda turmaydi, – deya aka bu gal ham qutulmoqchi bo'ldi.

— Esda borini aytavering, hech bo'lmasa, “Turnalar”ni, – turib oldi Tillayev. — Haligi-chi, qo'shiq bo'lgani.

— U endi… eski she'r! Bir zamonlar yozilgan…

— She'r eskirmaydi, eskirsa, u she'r bo'lmaydi. Siz aytavering, Abdumurod aka!

Shunda Abdumurod Qodirov ozroq ikkilanish bilan, kulimsirabgina she'r o'qishga tushdi. U kishining ovozidagi ma'yusiyat va chuqur quduqning ichidan chiqayotganga o'xshash vazmin ohang chehrasidagi tabassumga uncha mos tushmas, shu g'amgin ovozi, oftob qoraytirgan yuzi, xokisor turishi bilan o'zi ham eski bir davrlardan kelib qolgan odamga o'xshardi.

 

Afg'on taraflarga uchib ketibsiz,

Qancha dahshat, balolardan o'tibsiz,

Boyqaro bog'iga borib qo'nibsiz,

Safingiz to'liqmi,

                        qaytgan turnalar?

 

Zum o'tmay butun xonani Abdumurod akaning ovoziga xos sokin kayfiyat qamrab oldi. Haligina bir-biriga hazillashib, she'rlashganda bir-biriga jo'rovozlik qilayotgan shoirlarning bari uning yuziga termilib, allaqanday xayollarga g'arq bo'lgan edi. Abdumurod aka esa misoli boshqalarga emas, o'ziga, o'z-o'ziga she'r aytib berayotgandek bir nuqtaga tikilgancha she'r o'qishda davom etar, endi uning zohiri va botinidagi ziddiyat ham yanada qabarib ko'rinayotgandek edi:

 

Ahmad Zoirlarning ohi siz bilan,

Xabar ayro tushdi gohi siz bilan,

G'afur G'ulom qizi — Mohi siz bilan,

Safingiz to'liqmi,

                        qaytgan turnalar?

 

Men nodon ham ko'pchilik qatori uning nim tabassum aks etib turgan yuziga termilib o'tirar ekanman, yana dunyoni o'z kalta qarichim bilan o'lchagan, yana hammani o'zimga o'xshatgan, “shunday yaxshi iste'dod qishloqda yashagani uchun yuzaga chiqolmay qolib ketibdi-da”, deya unga rahmim kelgandi o'shanda. “Yuzaga chiqishga, balki, o'zi harakat qilmagandir, balki, o'zi o'ch bo'lmagandir shonga, e'tirofga, balki, o'z dunyosida ura-uralarsiz, birovga malol kelmay, hech kimga o'zining borligini sezdirmay mana shunday tinchgina yashashni lozim topgandir”, degan xayol esa mening tor tasavvurimdan anchayin yiroq, bunaqangi insonlar faqat kitoblarda bo'ladi, deb o'ylar edim o'zimcha.

 

Sizsiz bahorlar ham bahor bo'lmadi,

Tunlar yetim qoldi, oylar to'lmadi,

Adirlarni quchib Navro'z kulmadi,

Safingiz to'liqmi,

                        qaytgan turnalar?..

…Mehmonlar uylariga tarqalishdi. Ko'z oldimdan Abdumurod akaning siniq tabassumi, quloqlarimdan vazmin va g'amgin ovoz ohangi ketmay qoldi. Nimagadir faqat u kishi haqida o'ylardim. Lekin adabiyot xuddi otamdan qolganday, shunda ham u kishini katta adabiyotga daxldor sanagim kelmas, bunday o'rtamiyona shoirlar juda ko'p, chiroyli qilib o'qiy olgani uchunam she'r menda iliq taassurot uyg'otgan bo'lsa kerak, deb o'z-o'zimga uqtirmoqchi bo'lardim. Shunday bo'lgan hamisha: faqir insonlardagi fazilatni tan olishdan ko'ra, ularning kamchiligini ko'rishimiz osonroq…

Keyin-keyin u kishi bilan telefonlashib turadigan bo'lib qoldik. To'g'risini atysam, o'shanda ham asosan, Abdumurod akaning o'zi telefon qilardilar-u, biroq gapirguvchi men, aka ko'proq tinglashni ma'qul topar edi. Gapimni tugatganimdan ke­yingina bir-ikki og'iz gap qo'shib qo'yar, shunda ham gapirgani savol bo'lardi. Savollari ham o'ziga o'xshagan jo'n edi. Jo'n va chuqur… Masalan, o'zimizning adiblardan kimnidir maqtashga tushsam:

— O'rislarning Tolstoyi bizda bormi? – deya so'rardi. Men javob berishga emas, o'z fikrimni himoyalashga kirishib ketsam:

— Fransuzlarning Balzagi-chi, bizda bormi? – qo'shib qo'yardi o'tlab ketganimga beozorgina ishora qilib.

Abdumurod akaning o'sha savollarini eslab, rosti, men u kishining, aslida, nima demoqchi bo'lganini endi-endi tushunganday bo'laman va o'ylanib qolaman. U kishida bilim ham, iste'dod ham o'ziga yetarli darajada bo'lgani tayin, lekin nimaga mening naqlipast so'zlarimni eshitishga bunchalar ishtiyoq tuydi ekan? Nimaga hatto men ma'nosiga yeta olmayotgan savollarni berib, poyintar-soyintar javobimni jimgina eshitib o'tirishni ma'qul ko'rdi ekan? O'shanda dilidan nima xayollar o'tgan? Kim bilsin… Kim bilsin, balki, aynan o'zida yo'q xislatlarni: jur'at va o'zbilarmonlikni menda ko'rgani uchun uzoqroq gapirishimni, xato bo'lsa ham uzoqroq valdirashimni istadimikan…

Abdumurod akaning uyimizga qanday kirib kelishlari ham oxirgi paytda tez-tez ko'z oldimdan o'tayotir. Men har qancha quvonib kutib olmay, u kishi darvoza qoqib kelganidan xijolat tortayotganga o'xshar, xuddi kelishiga biror bahona shartdek, qo'ltig'iga talabalik davrida yiqqan kitob­laridan ikki-uchtasini qistirib olardi. Ana, u kishi olib kelgan “Faust”, “Urush va tinchlik”, “Telba”, “Abadiyat qonuni” kabi o'nlab durdona kitoblar haliyam kutubxonamda tizilib turibdi. Bulardan ayrimlarining yangi chiqqan nusxalari o'zimda oldindan bo'lsa-da, buni Abdumurod akadan yashirganman. “Aynan shu kitobni izlab yurgandim, rahmat”, deganman ko'ngliga qarab. Boshqa quvroq odam bo'lsa, ehtimol, buni sezardi, biroq Abdumurod aka menga judayam kerak bo'layotgan kitobni olib kelib berganiga ishonar, mendan ham ko'proq xursand bo'lardi.

Bir gal shifoxonada davolanayotganimda u kishi qo'ng'iroq qilib, men yotgan shifoxona manzili bilan qiziqdi. Bilsam, hol so'rashga kelmoqchi ekan. Xonadosh­larim — 30-40 yoshlardagi ikki erkak u kishi bilan bo'layotgan suhbatimizni quloqlarini ding qilib eshitib turishdi.

— Kim?! – deya so'rashdi telefonni o'chirishim bilan.

— Ustozlarimdan biri, – javob berdim men.

— Qaerda ishlaydi?

Muallim degim kelmadi.

— Shoir, – dedim kimlar izimdan so'rab kelishini ko'rsatib qo'ymoqchi bo'lib, — O'tkir Hoshimovlarni taniysizlar-ku! O'z davrida o'sha insonlar bilan davradosh bo'lgan. Bilim juda kuchli, milliy ensiklopediyaning muharrirlaridan biri… Hozir shu… Qishloqda…

— O'o'o'! Unda bir qo'yni ayirib, teng yarmini pishirib kelayotgandir?! — qornini qashlab, gapimni bo'ldi xonadoshlardan bittasi.

Qovun tushirganimni anglab, o'zimcha ularni kelayotgan mehmondan ko'p narsa kutish kerak emasligiga tayyorlagan bo'ldim.

— Yo'-o'q… Qo'y bo'lmasayam, kurkami, tovuqmi… deganday…

— Unda bugun abetga ovqat buyurtirmasak bo'larkan-da?!

Ishtahasi karnaylardan bo'lmaganim uchunmi yo boshqa bir sababga ko'rami, rosti, g'ashim keldi.

— O'zlaringiz bilasizlar… – deya xonadan chiqib ketdim. Oradan chamasi uch-to'rt soatlar vaqt o'tgan ekan. Qo'shni palatadagi otaxonlar bilan gurunglashib o'tirgan edim, eshik taqillab, xonadoshlarim meni chaqirishdi.

— Ustozing keldi, — deyishdi ular men zalga chiqqanimda qovoqlarini solib. — Nimaga “shoir” deb aldading, domilla ekan-ku!

Tushundimki, bular “shoirmisiz”, deb so'rashsa, Abdumurod aka odatdagi kamtarlik bilan “yo'q, o'qituvchiman” deb aytgan.

— O'zlari qaerda?

— Xonada. Qo'ltig'ida kurka rangidagi kitob!

Xonadoshlarning ijirg'anib gapirganini ko'rib, shu topda netongki, meniyam xayolimda go'yo kitob yomon narsaday tuyilib ketdi. Bordim. Abdumurod aka xonada o'sha-o'sha eski kiyim-boshiga yap-yangi qalpog'i yarashmay, siniqqina kulimsirab, meni kutib o'tirgan ekan. Oldingiday iliq so'rasholmadim. Xonadoshlarim oldida izza bo'lganimdan arazlagan kishi bo'lib, suyuqqina hol-ahvol so'radim. Izzatparastlikdan yiroq bo'lganlari uchun, ehtimol, Abdumurod aka buni sezmagan chiqar. Biroq o'shanda nimaga bunchalar tuban ketdim, o'zim sira tushunolmayman. Axir salkam otam tengi odam katta boshini kichik qilib meni — bitta tirranchani shuncha yerdan so'rab kelgandi, quvonib do'ppimni osmonga otmaymanmi? Anavi ikkovi o'zini qorindan boshqa g'ami yo'q cho'chqa deb hisob­lasa, men o'zimni inson der edim, o-ozgina, zig'irdaygina bo'lsayam ko'nglim bor, deb yurar edim-ku?! Qayoqda qoldi mening davralarda aljigan “insoniyatning boshqa mavjudotlardan ajratib turadigan oliy missiyasi” kabi balandparvoz gaplarim?! Eng alam qiladigani… qani endi bugun shu insonning o'zi, diydori?..

Boshqa bir safar esa Abdumurod akaning qachonlardir yozgan she'rlarini tuman gazetasida o'qib qoldim. Ustoz Xurshid Davron bilan qo'ng'iroqlashganimizda, u kishi qishloqda ijod qilayotgan ijodkorlarning yaxshi asarlaridan virtual kutubxonasi uchun jo'natishimni so'ragani tufayli, o'sha she'rlarni ko'chirib, rasmsiz holatda ustozning elektron pochtasiga jo'natdim. Kechasi jo'natgan bo'lsam, she'r­lar ertasiga tongdayoq saytda e'lon qilinibdi. Yana deng, ustoz Xurshid Davron ajoyib shoirning ijodi bilan tanishtirganim uchun menga minnatdorlik javob xati qoldirgan edilar. O'shanda she'rlari ustoz Xurshid Davronning kutubxona saytida e'lon qilinganini eshitgan Abdumurod aka bundan go'dak misoli quvongan, qayta-qayta rahmatlar aytgan va bot-bot she'rlari, aslida, bunga arzimasligini ta'kidlagan edi. Keyinchalik ham u kishi bu ishimdan minnatdor bo'lib, har yerda gapirib yurgach, menga tumanimizdagi shoir-yozuvchi tanish­larning ko'pchiligi bitgan-bitmagan ijod namunalarini keltirib beradigan odat chiqardi. Mening esa bu qoralamalarni ustozga jo'natishga yuzim chidamay, qaerdan ham Abdumurod akaga shu yordamni qildim, duch kelganga maqtanaverib boshimni baloga qoldirdi, deb jahlim chiqardi. Shu arzimas ishimni shunchalik arzitganini, shoirlikka katta da'vosi bo'lmagan bu inson she'rlari e'lon qilinganini emas, aslida, kichikkina odamgarchilikka guvoh bo'lganini hammaga maqtanib yurganini ang­lashga esa, farosatim jindek kamlik qilgandi…

Mana, Abdumurod akaning vafot etganiga ham bugun uch yildan oshibdi. Ehtimol, u kishining menga, sizga, hammamizga aytadigan gaplari ko'p edi, ammo nimagadir aytmadi, barchasini o'zi bilan birga tuproqqa olib ketdi. Akaning 2001 yilda bor-yo'g'i 500 nusxadagina chiqarilgan, atigi bir hovuch she'rlarni sig'dirolgan “G'amgin daraxt qo'shig'i” nomli yupqagina kitobi qoldi, xolos. Biror “katta”ga, hech yo'q, taniqliroq shoir-yozuvchilarga yaltoqlanib borsa, ko'plab kitoblari chiqishi mumkin edi-yu, u bunday qilmadi. Hatto Yozuvchilar uyushmasining eshigidan ham bir bor bo'ylamay umri o'tdi, rahmatlining. Achinarlisi, ijodkor tanishlari tuman gazetasida she'rlarini e'lon qilish uchun bittagina sifatli rasmini izlashgan ekan, uyidagilari topib berisholmabdi… Afsuski, Abdumurod akaning atrofida yig'ilgan, ijodini, o'zini arzitmagan befarq insonlarni so'kishga yuzim chidamaydi. Chunki shu befahm odamlar orasida o'zim ham borman!

“G'amgin daraxt qo'shig'i”dagi sanoqli she'rlarni oldingidan ortiqroq e'tibor bilan qayta-qayta o'qir ekanman, men hech qanday og'rinish, hech qanday malolni bilmaydigan, bir umr hech kimdan hech narsa tilamagan Abdumurod akaning o'z hassos qalbini shuncha yil qaerga berkitganini anglaganday bo'laman hamda eng yaqin kishisidan ayrilib, allanechuk yolg'izlanib qolganday alamzada his etaman o'zimni.

Nega Abdumurod akani katta adabiyotga daxldor emas, deb o'zimcha hukm chiqardim, bunga qanchalar haqqim, qanday asosim bor edi? Xo'p, shunday ham bo'lsin, mayli, biroq u kishini nimaga shu paytga qadar oddiy inson sifatida yaxshi ko'ra olmadim, o'z-o'zimni sira tushunolmayapman. Tushunolmayapman ham, kechirolmayapman ham… Kim bilsin, balki inson aynan o'zi chin dildan sevgan, lekin sevishini anglolmagan odamlarga mana shunday baland talablar qo'yar…

Gohida kechalari uyqum o'chib, Abdumurod Qodirovning o'zlari yozgan ushbu misralarni pichirlab aytgim keladi:

 

Do'stim, kel, tortinma,

Kiraylik uyga!

Dilga ezgu hislar

Taqib qo'yaman.

Xona sovuq, agar

Chidasang biroz,

Yuragimni yoqib qo'yaman!..

 

Bayram ALI

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 × one =