“Guliston”ga qanday ishga kirgan edim?

yoki adib Mirmuhsinni eslab…

 

“Guliston” jurnaliga ishga qabul qilinadigan bo'ldim. Bosh muharrir, O'zbekiston xalq yozuvchisi Mirmuhsin arizamga qo'l qo'yarkan, bir uzri borligini ayt­­di:

— Texnik muharrirning maoshi salkam meniki bilan teng. Ja­moada ko'p yillardan buyon ishlab kelayotgan xodimimiz bor. Maoshning yigirma foizini u kishiga berasiz. Buning uchun yozma roziligingiz kerak. Uni arizaga ilova sifatida o'zimda saqlayman.

Albatta rozi bo'ldim. Axir, ko'p ustozlar ishlagan, ayniqsa, Asqad Muxtorday adib qadrini oshirgan jurnalda ish boshlayotganimdan juda mamnun edim. Keyin maoshning qolgani ham avvalgi ishxonamdagi oyligimdan bir qadar ko'p edi. Qolaversa, Mirmuhsin domla (yozuvchini ishxonada hamma shunday e'zozlardi) bu masalada mendan so'ramay ish yuritishi mumkin edi. Noto'g'ri tushunib, ko'ngli o'ksib yurmasin, degan. Ham uzoq yil ishlagan xodimning, maoshi ko'p bo'lgan ishga meni qo'ymay boshqasini oldi, demasligi uchun ham shunday qilgan. Bu adibning nafaqat rahbarlik qobiliyati, insoniy xislatining ham namunasi edi. U kishi boshlovchi xodim bilan jamoada ko'p mehnati sing­gan odamning ko'ngliga birday qaragandi: meni ishga qabul qildi, uning oyligini oshirdi. Hayot sabog'ini olganlargina shu taxlit ehtiyotkorlik, andisha bilan ish yuritadilar. Bunday insonlar hozir ham bor. Vo­rislik rishtasi uzviy — Mirmuhsinga o'xshagan adiblardagi bunday fazilat kimlargadir ijobiy ta'sirini o'tkazgan.

Yozuvchi ko'p nufuzli matbuot nashrlari rahbari bo'lsa ham o'sha ijodiy jamoalarda endi ishga kelgan muxbirdan ham g'ayratli ekanligini hozirgacha eslashadi. Sira ishga kechikmagan, ishdan erta ketmagan. Uyiga borsa, hammada bo'ladigan turmush tashvishi, bolalar tarbiyasi. Kelasolib to'g'ri ijodxonasiga kirib ketmagandir?!

Jurnal rassomi Husan Sodiqov men bilan deyarli tengdosh bo'lib, ishi, muomalasidan barcha mamnun edi. U ijarada turar, tashvishi uyi borlarning tashvishidan farq qilardi. U bilan inoqlashib qolganimizni sezganmi, rahbarimiz xonasiga chaqirib, so'radi:

— Husanjonni yaqindan bilasizmi?

— Shu yerda tanidim, — to'g'risini aytdim.

— Ichib, chekib… yurmaydimi?

— Yo'g'e… unaqa yigit emas.

— Qandaydir garangsib yurganga o'xshaydi.   Bugun soat o'n birlarda ishga keldi. Kecha erta ketib kolganidan xabarim bor. Endi… bir-birimizdan xabardor bo'lib yurishimiz kerak-da! Bir narsa sezgan bo'lsangiz ayting. Balki, yordamimiz kerakdir. Sekin so'rab ko'rasizmi? Bizga hech nima demayapti.

O'zim yangi xodim bo'lganim, ja­moaning tartib-qoidalariga moslashish kerakligi uchun ham ishga vaqtida kelib-ketaman. Ammo Mirmuhsin domlaning ishga kelib-ketish haqdagi fikridan tashvishlana bosh­ladim. Ba'zi shoirlardan, ijodkorga erkinlik kerak, degan gapni eshitib qolardim. Sazovormanmi, yo'qmi “o'zaro joriy qilingan imtiyoz”dan men ham umidvor edim. Bir oyda chiqadigan jurnalda bunga imkoniyat bor, deb o'ylardim. Husanjon haqdagi suhbatdan keyin chuch­varani xom sanaganimni bildim. To'g'ri-da, barcha ijodiy xodimlar erkinlik talab qiladigan bo'lsa, bosh muharrir yolg'iz matn ko'chiruvchi bilan jurnal chiqaradimi? Keyin jamodagilarning deyarli barchasi ijodkor bo'lsa? Qolaversa, xodimning ishdan tashqaridagi hayotidan tashvishlanadigan rahbardan nega mamnun bo'lmasligimiz kerak? Nega u kishi o'z akamizday bo'lib ko'rinmagan o'shanda?

Mirmuhsin domlaning bir odati bo'lardi. O'qib, kuzatib borishlari uchun boshqa gazeta-jurnallarga ijodiy xodimlarni biriktirib qo'ygandi. Ijodiy muhokamada har birimiz chop etilgan yaxshi asar haqda gapirib berardik. Ma'qul topilganlarining mualliflari “Gulis­ton”ga ham jalb etilardi. Adabiyot va san'atga oid eng dolzarb maqola jurnalda chop etilishini talab kilardi. Raqobatdosh, degan so'z keyin paydo bo'ldi. Ammo Mirmuhsin domla o'shandayoq bunga amal qilgan va boshqalarni ham bunga da'vat etgan.

Ba'zida choy qo'yish uchun kimdandir suv olib kelishni so'rasa, “ko'proq oqizib, keyin oling, zinhor issig'idan foydalanmang, u texnik suv” derdi alohida urg'u bilan. Buni shunday ham bilardik. Lekin bilmasligimiz, issiq suv tezroq qaynaydi deb o'ylashimiz ham mumkin edi-da!

Bosh muharrir o'rinbosari, yozuvchi Oqiljon Husanov, mas'ul kotib, shoir Muhammadali Qo'shmoqovlar ko'rib bergan hech bir maqolani domla qaytarmasdi. Lekin ular ham bosh muharrir ruxsatisiz bir ish qilmasdilar. Eng muhimi, rahbarda bu maqola zamirida biror manfaat bor, degan xayolning o'zi yo'q edi. Jurnal maktabini o'tagan Oqiljon Husanov va Mahammadali Qo'shmoqov keyin ham ko'p yil mas'ul vazifalarda ishlashdi.

Jaydari chapanaligi qiyofasida aks etgan, taniqli jurnalist Shomurod Siddiqov ijtimoiy-iqtisodiy bo'limni boshqarardi. U kishining topshirig'i bilan lavha yozib kelgandim. Oradan bir oz vaqt o'tgach, adabiyot va san'at bo'limi boshlig'i, shoir Ergash Muhammadga bir nechta she'rlarimni berib qo'ygandim. Xonamizga kirib kelgan   bosh muharrir bu haqda gap ochib qoldi:

—Lavhangizga qo'l qo'ydim, — dedi sinovchan nazar tashlab. — She'rlaringizni keyingi sonlarga qoldiramiz, xo'pmi?

Qizarib ketdim. Muharrirlar bisotida chet mualliflarning asarlari qalashib yotardi. Ikki bo'lim boshliqlari bir-birlaridan xabarsiz holda maqola va she'rlarimni bir son uchun taqdim etishlari mumkinligi xayolga ham kelmagan.

Mirmuhsin akaning o'zi meni xijolatdan qutqardi:

— Matbuotda ko'rinish istagi hammamizda bor. Buni tushunsa bo'ladi. Yozib turganingiz yaxshi. Qo'lingiz charxlanadi.

Engil tortganday bo'ldim.

— Tashqi ishlar vazirligini bilasizmi?   — so'radi domla qo'limga bir asar qo'lyozmasini tutqazarkan. — Mana, telefon raqami. Borib, qo'ng'iroq qilasiz. Tushib, olishadi.

Manzilni takror tushuntirarkan, konvertni qaytarib berishguncha kutib turishimni qattiq tayinladi.

Aytilganday qildim. Bir soatga bormay qo'lyozmani qaytarishdi. Qaytayotib, beixtiyor unga ko'z yugurtirdim. Taniqli bir shoirning she'riy turkumi ekan. Unga qistirilgan qog'ozchada qalam bilan yozilgandi: “ E'tiroz yo'q. Lekin… menga qolsa muallifga qaytarishingizni maslahat berardim”.

Mirmuhsin domla, o'qib chiqdingizmi, deb so'ramadi. Chunki bundan tashvishlangani ham yo'q. Sho'rolar davrida rahbarning bunday harakati hushyorlik, jamiyatga sodiqlik deb baholanardi. Bugun – yaqin o'tmish siyosatining mash'um mohiyati ochilib bo'lgan bir davrda bu qismat ko'p rahbarning boshida bor savdo ekanligini bilganimizdan keyin adibning o'shandagi harakatini tushunish mumkin edi. O'sha shoirning she'riy turkumi jurnalda e'lon qilinmadi.

Bu voqeani nega esladim? Biz o'sha davrdagi o'ta murakkab vaziyatni his qilsak, bugungi holatning qadriga yetamiz, avvalgiga nisbatan erkin faoliyat yuritayotganimizga shukur qilamiz.

Uch oy o'tmay Toshkent tuman gazetasi muharriri ishga chaqirib qoldi. Ishxona uyimga yaqin edi. Mirmuhsin domlaga ishdan bo'shamoqchiligimni aytdim. U kishi kutilmaganda jurnal xodimi Ergash Muhammadni chaqirdi:

— Yigitning she'rlarini ham shu songa tayyorlang. Ukangiz ranjigan ko'rinadi. Bo'shashga ariza yozib kiribdi.

— Nega endi? — hayron qoldi Ergash aka. — Avvalgi texnik muharrirning qadri o'tadi, deb o'ylagandik. Mana, binoyidek eplab turibsiz.

— Hali sinov muddatingiz o'tmadi, — jiddiy oldi bosh muharrir. — Arizaga qo'l qo'ysam, bizni hech kim surishtirmaydi. O'ylab ko'ring, uka! Jo'jabirday bolalaringiz bor.

O'shandagi ahvoldan endi o'yga tolaman. Saviyasini texnik taassurot xiralashtirib qo'ygan biror rahbarga bo'shash uchun ariza yozib ko'ring. Darrov qo'l qo'yib beradi. Keyin nima ish qilasiz, oilaviy ahvolingiz qanday bo'ladi — uni aslo qiziqtirmaydi.

Baribir ishdan ketdim. Jurnalning ikki sonida lavham ham, she'r­larim ham bosilib chiqdi. O'shanda Mirmuhsin domla ularni e'lon qilmasa ham bo'lardi. Bunga u kishining to'la haqqi ham bor edi. Chunki ishdan bo'shamoqchi bo'lgan xodim uch oy ishlab berishi mehnat intizomida belgilangan edi. Men esa indamay bo'shadim, ke-etdim. “Gulis­ton”dan ketganim faqat o'zimga ziyon bo'lganini keyin anglab yetdim. Lekin bu menga umrlik saboq bo'ldi: u kishining hayoti intizom asosidagi halol mehnatdan iborat ekan.

Yozuvchining asarlari o'z davridayoq munosib e'tiroflarga sazovor bo'lgan edi. Adibning “Qamar”, “Vafo” , “Qadrdon do'stlar”, “Irmoqlar”, “Qalb va falsafa”, “She'r­lar” kabi to'plamlari, “Ziyod va Adiba” she'riy romani nashr etilgan. “Jamila” , “Oq marmar”, “Cho'ri” , “Tungi chaqmoqlar” , “Arab hikoyalari” , “Chodrali ayol” qissalari, “Umid”, “Chiniqish”, “Degrez o'g'li”, “Chotqol yo'lbarsi”, “Me'mor”, “Ildizlar va yaproqlar”, “Temur Malik”, “Ilon o'chi”, “Turon malikasi” kabi romanlar muallifining bir qancha bolalar haqida yozilgan she'riy va nasriy asarlari bor.

Adib bu qadar sermahsul ijod qilganiga hayron qolmay ilojing yo'q. Eng muhimi, elimiz ularni vaqtida o'qigan, bundan keyin ham mutolaa qilishi kerak. Men esa yuqorida xalqimizning ulkan yozuvchisi bitgan asarlar haqida emas, balki   u zotning insoniy fazilatlari, talabchan rahbar ekanligi haqda bilganlarimni yozdim.

Mirmuhsin domla nafaqaga chiqqanlaridan so'ng ko'rishib qolganimizda mendan sal xijolat bo'lganlarini eslab, yanada ajablanaman: aslida u mehrli inson qarshisida   men xijolat tortishim lozim edi.

Ilhom AHROR

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + seven =