Sohir qalb egasi edi

Inson xotira bilan barhayot. Garchi bugun oramizda bo'lmasa-da, u bilan bog'liq voqea-hodisalarni yodga olganimizda, o'sha inson bizning yonimizda turgandek bo'ladi, siymosi ko'z oldimizda gavdalanadi. Ustozimiz Sa'dulla Hakim — taniqli shoir va publitsist, davlat va jamoat ishlarida faol, el nazaridagi kishi edi.

Bunday odamlar har qanday e'zoz va e'tirof etilsa arziydi. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishiga asosan atoqli shoir va taniqli jurnalist Sa'dulla Hakimov tavalludining 70 yilligiga munosib tayyorgarlik ko'rilib yurtimiz bo'ylab xotira kechalari, turli adabiy-badiiy tadbirlar tashkil qilinmoqda.

…O'tgan 2020 yil butun dunyo mamlakatlari qatori yurtimiz uchun ham og'ir, sinovli keldi. Koronavirus balosi ko'plab yurtdoshlarimiz qatori adabiyot, san'at va madaniyat, shu jumladan, jurnalistika sohasida faoliyat olib borayotgan ne-ne iste'dodlarni ham oramizdan olib ketdi. Mamlakatimiz jurnalistika hamda adabiyot maydonida o'z o'rni va so'ziga ega, yurtimiz jurnalistlari yetakchisi bo'lgan Sa'dulla Hakimov ham ana shu og'ir kasallik tufayli bu olamdan ko'z yumdi.

Shoir taqdiridan bashorat qilganday vafotidan oldinroq quyidagi satrlarni bitgan ekan:

 

…Umr shomida tong otmoqda, ajab,

Voajab, voajab, ketayotirman.

Ko'zim bulog'ining ochildi ko'zi,

Oy nuri jildirab, ketayotirman.

 

So'z dehqoni edim, bir so'z aytgali,

So'zbondan so'z so'rab, ketayotirman.

Kelmoq sururidan so'zlamam endi,

O, bu qanday sharaf, ketayotirman…

 

Bu misralarni o'qishning o'zi oson emas. Beixtiyor bo'g'zingga nimadir tiqilgandek bo'ladi. Ustozning nurli chehrasi, sokin so'zlashlarini eslab, u kishi bilan bog'liq qanchadan-qancha yorug' xotiralar bir-bir ko'z o'ngingdan o'ta boshlaydi. Shunday kishi bugun oramizda yo'qligiga ishongisi kelmaydi odamning. Nachora, taqdir hukmiga biror chora topilmas.

Yurtimiz ijodkorlari, shoir-yozuvchilar, jurnalistlar hanuz bir masalada ko'p bahslashganday bo'lamiz. Ustozni biz OAV vakillari mohir muharrir, jurnalist edi desak, yana bir guruh ijod ahli Sa'dulla Hakim xassos shoir edi deyishadi. Rostdan ham, Sa'dulla Hakim kim edi: shoirmi yoki jurnalist? Bizningcha ustoz ham shoir, ham yetuk jurnalist edi. Eng muhimi, bu iqtidor kamdan-kam insonlarga nasib etgan.

Nazarimda, Sa'dulla Hakim, avvalo, samimiy, odamoxun, bag'rikeng, o'z navbatida, sohir qalb va teran mushohada egasi edi. Biz bu kabi insonlarni birgina so'z bilan — yaxshi inson deymiz.

Hayoti davomida doim mana shu xislatlarni umrining mazmuni deb bilgan Sa'dulla Hakim haqida hamkasblari va shogirdlari hamisha iliq fikrlarni bildiradi. Biri “Ijodkorni tushunadigan, ijodkorga qayishadigan rahbar edi” desa, yana biri “Men Sa'dulla akadan ko'p narsani o'rganganman”, deb o'zini ustozga juda yaqin oladi.

Darhaqiqat, har bir insonning kamol topishida uning ustozlari muhim o'rin tutadi. Sa'dulla Hakim O'zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovni o'ziga ustoz, deb bilar va u zotga alohida hurmat-ehtirom ko'rsatardi. Shu o'rinda Sa'dulla akaning o'zidan eshitgan bir voqeani yodga olmoqchiman.

Sa'dulla Hakimning matbuotda chop etilgan ilk she'rlariga Abdulla Oripov so'zboshi yozib, yosh ijodkorga oq yo'l tilagan ekan. Shu she'rlar chiqqan gazetani cho'ntagiga solib, quvonib, yayrab Sa'dulla akani ko'rgani otalari Jizzaxdan Toshkentga kelibdilar.

Bundan maqsadi gazetani o'g'liga ko'rsatib, “Shu usto­zingning etagidan mahkam tut. Shunda o'zing ham yaxshi shoir bo'lasan”, deb nasihat qilish ekan. Buni qarang-ki, bekatdami, avtobusdami, ko'cha-ko'ydami ishqilib, otaxonning cho'ntagidagi gazetani kissavur pul deb o'ylab, o'g'irlab olibdi. Aniqrog'i, otaxonning cho'ntagini kesib ketibdi. Endi bir tasavvur qiling, o'tgan asrning 70-yillarida Forishdan ne mashaqqat bilan Toshkentga yetib kelib, kissavurga duchor bo'lgan otaning qanday holatga tushganini. Pulini o'g'irlatib qo'yganida ham bunchalik kuyunmas, o'g'lining she'rlari chiqqan gazetadan ayrilish farzand mehriga qalbi to'la ota uchun chindan ham achinarli holat edi-da. Xullas, ota Sa'dulla aka bilan uchrashib, bo'lib o'tgan voqeani aytib beribdi. “O'g'lim, ustozingning so'zlari, sening she'rlaring hatto kissavurlarga ham zarur ekan. Endi shu ustozingning etagidan mahkam tut. Shunda o'zing ham yaxshi shoir bo'lasan”, deb nasihat qilibdi. Darhaqiqat, Sa'dulla Hakim padaribuzrukvorining nasihatiga amal qilib, hayotda ham, ijodda ham kam bo'lmadi.

Ustozning hayot va ijod yo'liga nazar tashlasak, Sa'dulla Hakim 1951 yilning 25 martida Jizzax viloyatining Forish tumanidagi Garasha qishlog'ida tug'ilgan edi. Bolaligi Nurota tizma tog'lari orasida joylashgan betakror tabiatli qishloq qo'ynida kechgan.

1977 yil Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tugatgandi. Ayni bir vaqtning o'zida ham jurnalist, ham shoir sifatida ijod bilan mashg'ul bo'ldi. “Hamal tonglari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so'z”, “Saylanma”, “Ko'ngil yuzi”, “Ko'hna naql” singari ko'plab to'plamlari alohida ahamiyatga ega bo'lib, unda inson, tabiat va jamiyat muammolari o'z poetik yechimiga ko'tariladi. Ayniqsa, shoirning “Olis yulduz” nomli dostoni kitobxonlar e'tiboriga tushdi. Ushbu dostonda shoirning adabiy-falsafiy ovozi, olami o'ziga xos tarzda ifoda etilganiga guvoh bo'lamiz. “Esimda qolgan kunlar”, “Atom qa'riga sayohat” kabi publitsistik asarlari esa o'quvchiga bir olam zavq berib, insonni o'ylashga, fikrlashga undaydi.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, taniqli jurnalist va el suygan ijodkor Sa'dulla Hakimov xotirasiga bag'ishlangan adabiy kechalar Ustozimiz bilan bog'liq ko'plab yodnomalar esga olinishi barobarida Sa'dulla Hakim hayotining oxirgi kunlarida ham ijod qilishdan, shogirdlariga maslahat va yo'l-yo'riq ko'rsatib, do'stlarini ruhlantirib yashaganiga yana bir amin bo'lindi. U kamtarin, samimiy odam bo'lganligi uchun ham kimki biror masalada ko'mak yo maslahat so'rasa, u bilan suhbatlashib, gap­lashib, qo'lidan kelgancha yordam berishga intiluvchi zakiy, mehribon odam edi.

Sa'dulla aka mamlakatimiz jurnalis­tika sohasi rivojiga katta hissa qo'shdi. Esimda, u kishi O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga rais bo'lib kelganlaridan ko'p o'tmay bir kuni meni huzurlariga chaqirdi. “Olimjon, Uyushma ishini rivojlantirishga yurist sifatida yordam bersangiz, huquqiy jurnalistika kengashiga o'zingiz raislik qilsangiz” dedi. Ustozning tavsiyalari, ko'rsatmalari asosida huquqiy sohani yoritishga ixtisoslashgan jurnalistlar o'rtasida turli tadbirlar tashkil qildik. Shu tariqa Uyushma huzurida 10 ga yaqin Kengashlar faoliyati yo'lga qo'yildi.

Sa'dulla Hakimov Uyushmaning xalqaro munosabatlarini rivojlantirishga ham katta hissa qo'shdi. Umumxitoy, Koreya, Rossiya jurnalistlar uyushmalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolanishiga erishildi. Turkiya, Polsha kabi davlatlar jurnalistlar uyushmalari bilan bu borada hamkorlik qilish bo'yicha hujjatlar pandemiya tufayli oxiriga yetmay qolgan edi. Sa'dulla aka davrida koreyalik jurnalistlar delega­siyasi yurtimizga tashrif buyurgani, ular “Xalq so'zi”, O'zMTRK mediamarkazida uchrashuvlar o'tkazib, “mahorat darslari”da ko'plab hamkasblarimiz qatnashgandi. Mehmonlar bilan Samarqand va Xorazmga sayohatlar uyushtirilgandi.

Ustoz boshchiligida O'zbekiston jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi ishlab chiqilib tasdiqlangan. U kishi uyushmaga a'zolik tiklanishida ham jonbozlik ko'rsatgan edi.

Ha, xalqimizning ardoqli farzandi Sa'dulla Hakim beqiyos iste'dodi, jurnalis­tik salohiyati, turli tashkilotlardagi rahbarlik faoliyati   davomida tom ma'noda jonkuyar ijodkorga aylangan edi, desak yang­lishmaymiz. Garchand bugun oramizda bo'lmasalar-da, bizning qalbimizda barhayot, o'gitlarini doim yodimizda saqlaymiz. Ijodiy meros — ko'plab asarlarini o'qib-o'rganib, mahoratli jurnalist sifatida ham, taniqli shoir sifatida ham o'tli nafasini yurakdan his etamiz.

Bugun ustoz hayot bo'lganida 70 yoshni qarshilagan, davralarda savlat to'kib o'tirgan, biz, shogirdlarini barakali ijod qilishga undagan, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan quvongan, bunga o'zi ham munosib hissa qo'shayotgan bo'lardi.

Kuni kecha poytaxtimizning Milliy matbuot markazida Sa'dulla Hakim xotirasiga bag'ish­langan kecha tashkil qilindi. Unda ishtirok etgan ko'plab ijodkorlar, turli kasb-korli hamyurtlarimiz u kishining odamiylik fazilatlari, rahbarlik salohiyatlari-yu go'zal, o'ziga xos ijodi xususida gapirdilar.

Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, yozuvchi Xurshid Do'stmuhammad, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, Respublika Ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbari Minxojiddin Hojimatov va boshqalar so'z olib Sa'dulla Hakim bilan kechgan ibratli voqealar, xotiralarni yodga oldilar.

Xotira tadbirlari doirasida O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, O'zbekis­ton Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Badiiy akademiyasi va Respublika Ma'naviyat-ma'rifat markazi hamkorligida Toshkent vi­loyatining Qibray tumanida joylashgan shoir yashagan uy manzilida yodgorlik lavhi o'rnatildi. Bu muborak ostonada so'z olganlar Sa'dulla Hakimning boy ijodiy merosi, qalbga yaqin she'­riyati va jamoat arbobi sifatidagi faoliyati xususida so'z yuritdilar.

O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O'zbekiston Badiiy akademiyasi raisi, xalq rassomi Akmal Nur va boshqa yurtdoshlarimiz ustoz bilan bog'liq o'z xotiralarini so'zlab berdilar.

Shoirning umr yo'ldoshi Iqbol aya Hakimova Sa'dulla Hakim xotirasiga hurmat va e'zoz uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga, hukumatimizga va shoirning barcha hamkasblariga o'z tashakkurini bildirdi.

— Ijod ahliga, ma'naviyat ahliga Yurtboshimizning yuksak e'tiboridan juda-juda minnatdormiz. Davlatimiz rahbarining hatto marhum ijodkorlarning oila ahllariga ko'rsatayotgan g'amxo'rliklarini so'z bilan ifoda qila olmayman. Yuksak mukofotlar bilan taqdirlashlari, ehtiromlari, bunday e'zoz hech qachon bo'lmagan edi, — dedi Iqbol aya Hakimova.

Ustoz Sa'dulla Hakimning “Saylanma” kitobi va “Sa'dulla Hakim zamondoshlari xotirasida”—xotira-kitoblari chop etilish arafasida ekanligi ma'lum qilindi. Eng muhimi, shoir xonadoniga xotira lavhi o'rnatilishi asnosida Ustoz bosgan izlar ziyorat qilindi, u kishi haqiga muborak Qur'on tilovat qilindi.

Shoirning o'zi yozganidek, ul zot chindan ham so'z dehqoni edi. Bir oddiy maqola bo'ladimi, yo katta bir doston ijod zahmatidan erinmas, yurakdan mehnat qilar, har bir satr, kalom ustida xassoslik bilan ishlar edi. Inson sifatida esa yuqorida aytganimizdek chindan ham hammaga yaxshilik ulashadigan kishi edi.

Endi bizga taskin beradigani — ezgu xotira. Ustoz yodi hamisha yuragimizda, dilimizda. Zero, Sa'dulla Hakim qoldirgan yaxshilik va ezgulik hech qachon unutilmaydi.

Olimjon O'SAROV,

O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy

uyushmasi raisi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

13 + eight =