Jamiyatning qadrini yanada ko'taradi

Davlatning kelajagini salohiyatli, raqobatbardosh, zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega intellektual kadrlar hal qiladi. Yetuk kadr­larni shakllantirishda esa jamiyatda o'zining obro'-e'tiboriga ega, tajribali va bilim cho'qqilarini egallagan o'qituvchilarning o'rni beqiyosdir.

Dunyoda ustoz ko'rmagan inson bo'lmasa kerak. Har bir inson hayotda qanday yutuqlarga erishgan bo'lsa, ularda qadrdon o'qituvchi va murabbiylarining ulkan hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi. Har birimizning o'qituvchi deganda ko'z oldimizga zamon bilan hamqadam bo'lgan jonkuyar, o'ta kamtar, ziyoli inson keladi, maktab deganda esa bilim va ma'rifat o'chog'i bo'lgan tabarruk maskanni ko'z o'ngimizga keltiramiz. Shu o'rinda har bir ota-ona o'z farzandiga eng yaxshi xulq-atvor, bilim, ilm va ko'nikmalarni berishni orzu qiladi. Shuning uchun ham farzandini ustozlar qo'liga ishonib va umid qilib topshiradi. Shu ma'noda, ­Abdulla Avloniyning “Har bir millatning sao­dati, davlatning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog'liqdir”, degan so'zlarida teran hayotiy hikmat borligiga ishonch hosil qilmoqdamiz.

Amaldaga Konstitutsiyaning 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir” deyilgan. Lekin bilimni kim va qanday beradi? degan savolga aniq javob yoritilmagan.

Davr talabiga hamohang hamda milliy qadriyatlarimizga suyangan holda bu kabi dolzarb savollarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 52-moddasi to'liq javob bera oladi. Unga ko'ra, ilk marotaba o'qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog'lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma'naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e'tirof etiladi.

Xorij tajribasiga bir nazar tashlasak, masalan, Yaponiyada eng katta ta'zim bir umr ustoziga beriladi, Hindistonda esa ustozining soyasini bosishga hech kim botinmaydi.

Xitoyning Konstitutsiyasida bir bob O'qituvchi va murabbiylarga bag'ishlangan bo'lib, uning 32-moddasida davlat o'qituvchi va pedagoglarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qiladi, ularning mehnat va turmush sharoitlarini, ijtimoiy mavqeini ko'tarib boradi, deya belgilangan. Demak, har bir davlat rivojlanish yo'lida aynan o'qituvchilarning jamiyatdagi o'rni va mavqeini belgilashga alohida ahamiyat beradi.

52-moddaning muhim ahamiyati shundaki, u birinchidan, jamiyat rivojlanishida dolzarb bo'lgan to'rt uzviy xalqa, ya'ni bog'cha-maktab-oliy ta'lim va oliy ta'limdan keyingi ta'limning tizimli ishlashida mexanizm vazifasini bajaradi.

Ikkinchidan, insonning o'qituvchi kasbiga loyiq bo'lishi, sifatli va zamonaviy ta'lim bera olishi, o'z ustida tinmay ishlashi, o'z sohasining ustasi bo'lishi uchun davlat eng yaxshi shart-sharoitlar yaratib berishni o'z zimmasiga olmoqda. Shu bilan birga, davlat o'qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini nafaqat himoya qiladi, balki ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida ham g'amxo'rlik qiladi. Endi davlat o'qituvchilarning ham kasbiy, ham moddiy ta'minlanishini nazoratga oladi.

Uchinchidan, bu modda o'qituvchi va ota-onalarni hamkorlikka chorlaydi. Shu oddiy haqiqat bo'lmish hamkorlik amalga oshsagina farzandlarimiz yetuk mutaxassis va komil inson bo'lib voyaga yetadi. Qachonki har bir oila a'zosi farzandi kelajagi uchun xotirjam bo'lsagina, ham oilada ham jamiyatda tinch­lik hukm suradi. Tinchlik hukm surgan jamiyat esa albatta rivojlanadi.

To'rtinchidan, bu modda zamonaviy bilim va ko'nikmalarga ega raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga zamin bo'ladi. Ziyoli va bilimli o'qituvchi qo'lida tarbiya, ilm, bilim va ko'nikmalarga ega bo'lgan yoshlar nafaqat yurtimiz rivojlanishiga, balki jahon hamjamiyati oldida O'zbekiston nomini va imidjini yanada ko'tarishga xizmat qiladi.

Beshinchidan, bu modda jamiyatda o'qituvchilarga nisbatan yillar davomida shakllangan munosabatni ijobiy tomonga o'zgartirish yo'lida tashlangan dadil qadam bo'lmoqda. Chunki ta'lim sifatining orqaga ketishi o'qituvchining mehnati qadrsiz bo'lgani bilan bevosita bog'liq. Endi hech kim o'qituvchini qo'shimcha yumushlarga, majburiy mehnatga, qog'ozbozlikka, obodonlashtirish ishlariga, paxta terimiga jalb qilishga haqqi bo'lmaydi.

Uzoqqa bormaylik, yaqinda pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to'sqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun imzolandi. Bu qonun kasb bayramlarini paxta dalasida “nishonlashga” majbur bo'lgan ustozlargagina emas, balki barchamizga daxldor muhim qonun qabul qilindi, desak mubolag'a bo'lmaydi. Chunki har bir kasbning boshida ustoz turadi, bolaning qobiliyati va qiziqishlarini ham birinchi bo'lib ustoz ilg'ab oladi. Bu esa farzandimizning kelajakda o'z o'rnini topa olishi va sevgan kasbi, hunari bilan shug'ullanishini belgilab beradi.

52-moddaning yana bir muhim ahamiyati shundaki, oxirgi paytlarda bu sohadagi tub islohotlarning bardavom bo'lishiga xizmat qiladi. Bugunga qadar bu borada salmoqli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Masalan, o'qituvchilarning oylik maoshlari muttasil oshirib borilmoqda. Umumta'lim fanlari bo'yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo'lgan pedagog kadrlarga har oy qo'shimcha 20 foizdan 50 foizgacha ustama to'lanadi. O'qituvchilarga imtiyozli iste'mol kreditlarini berish, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali pedagoglar uchun 100 foizgacha ustamalar belgilash joriy etildi. Yuksak salohiyatli o'quvchilarni tayyorlash ma'naviy boy va intellektual rivojlangan avlodni shakllantirish maqsadida Prezident, ijodiy va ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etilib, ta'lim sifatining ilg'or andozalari qo'llanilmoqda. Bunday maktablarda dars bergan o'qituvchilar albatta yetuk mutaxassis va raqobatbardosh kadrlarni yetishtira oladi.

O'zbekiston tarixida ilk marotaba boshlang'ich sinflarda fanlarni o'zlashtirish darajasini aniqlaydigan nufuzli xalqaro baholash dasturlari yo'lga qo'yildi. Joriy yilda davlat byudjeti hisobidan barcha zamonaviy sharoitlarga ega 51 ta yangi maktab bunyod etildi. Shuningdek, 1660 ta maktabda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, 119 mingdan ortiq o'quvchi o'rni yaratildi.

Bu kabi tub islohotlar o'z ijobiy natijasini ko'rsatmoqda. Masalan, 2021/2022 o'quv yilida yoshlarimiz xalqaro va mintaqaviy fan olimpiadalarida 45 ta oltin, kumush va bronza medallarini qo'lga kiritgani ta'lim sohasidagi islohotlarimiz samarasiga yana bir dalildir. O'quvchilari yuqori marralarga erishishi o'z navbatida o'qituvchi mehnatining amaliy natijasini ko'rsatadi.

Shuningdek, O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq o'qituvchilarni davlat tomonidan professional o'sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo'llab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro'sini yanada oshirishga olib keladi. Bu esa o'z navbatida bolalarimizning sifatli va zamonaviy ta'lim olishiga, kelajakda hayotda o'z o'rnini topa olishida va baxtli yashashiga xizmat qiladi.

Xulosa qilar ekanmiz, bu modda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning pedagoglarning sha'ni va qadr-qimmati kamsitilishiga, ularning mehnatga majburlanishiga, ta'lim-tarbiya jarayoniga to'sqinlik qilishning har qanday shakllariga, o'qituvchilarning huquqlari buzilishiga yo'l qo'ymaslik bo'yicha qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni ko'rishga xizmat qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada o'qituvchining ijtimoiy mavqeining mustahkamlanishi nafaqat ushbu kasb egalarining nufuzini oshirishda muhim huquqiy asos bo'ladi, balki butun ta'lim tizimining salohiyatini ko'tarilishiga hamda hokimlik­larning o'zboshimchaligidan himoya qiladi, deb hisoblayman.

Feruza O'sarova,

O'zR. FA huzuridagi

O'zbekistonning eng yangi tarixi

markazi direktori,

siyosiy fanlar nomzodi,

dotsent

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 × 2 =