“Evropaning yuragi”

Bryussel Toshkent bilan hamkorlik istiqbolini qanday baholaydi?

 

Evropa Ittifoqi – ko'hna qit'aning 27 davlatini yagona bayroq ostida birlashtirgan noyob tuzilma. Atlantika sohilidan Shimoliy muz okeanigacha, Polshadan Portugaliyagacha yastangan ulkan hududda yarim milliard aholi istiqomat qilayotir. Iqtisodiy-siyosiy integratsiya mintaqani yuksaltirdi, umumiy bozor va bojxonasiz savdo tartibidan foydalangan mamlakatlar orzudagi farovonlikka erishdi.

Belgiya poytaxti Bryussel shahri “Evropaning yuragi” deb ta'riflanishi bejiz emas. Yevropa kengashi, Yevropa komissiyasi, Yevropa parlamenti va yana boshqa o'nlab markaziy boshqaruv idoralari shu shaharda joylashgan.

EI ko'p vektorli tashqi siyosat olib borayotgan O'zbekiston bilan robitalarni yanada mustahkamlashga intilmoqda. Bryusselda Markaziy Osiyo jurnalistlari bilan uchrashgan YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo'yicha yetakchi matbuot kotibi Peter Stano ham ayni shu fikrni ta'kidladi.

2022 yil 6 iyul kuni O'zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o'rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim (KShHTB) dastlabki bosqichda imzolangan edi. Tomonlar bitimni yaqin fursatda yakuniy variantda imzolash uchun qo'shma chora-tadbirlar ko'rmoqda.

“Biz kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik borasida kelishuvga erishib, o'zaro robitalarning asosiy yo'nalishlarini belgilab oldik. Ushbu hujjat munosabatlarimizni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'taradi”, – deydi Peter Stano.

KShHTB O'zbekiston va YeI o'rtasida 1996 yilda imzolangan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi bitim o'rniga ishlab chiqilgan. Amaldagi bitim siyosiy muloqot, demokratiya, inson huquqlari, madaniy-gumanitar aloqalar, moliyaviy va texnik hamkorlik, investitsiyalar, tovar va xizmatlar savdosi borasidagi qoidalarni o'z ichiga oladi. KShHTB esa savdo va bojxona qoidalari, sanitariya va fitosanitariya choralari, raqobat va davlat xaridlari, nizolarni hal qilish kabi yanada kengroq yo'nalishlarni qamraydi. Shuningdek, u tashqi siyosat, xavfsizlik, mojarolarning oldini olish, shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish, chegaralar boshqaruvi, noqonuniy migratsiya, uyushgan jinoyatchilik, korrupsiya va terrorizmga qarshi kurash kabi sohalarni tartibga soladi.

Jahonshumul ilmiy kashfiyotlar, fan-texnika mo''jizalari vatani bo'lgan YeIning yillik YaIM qariyb 15 trillion yevroni tashkil etadi. Ushbu yirik tuzilma bilan iqtisodiy hamkorlik O'zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

O'zbekiston va YeI davlatlari o'rtasida qulay savdo tartibi o'rnatilgan. Xususan, Yevropa tomonidan taqdim etilgan “GSP+” shartlari tufayli savdo ko'lami va investitsiya loyihalari soni jadal o'smoqda. 2022 yilda YeI mamlakatlari bilan umumiy savdo hajmi 4,5 milliard dollarni tashkil etgan bo'lsa, joriy yil boshidan buyon mazkur ko'rsatkich 70 foizga oshdi. Ko'hna qit'a yetakchi kompaniyalarining mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlaridagi investitsiya loyihalari 20 milliard yevroga yetdi.

EI vakili Peter Stanoning ta'kidlashicha, Bryussel xorijiy hamkorlar bilan munosabatlarda ikki tomonlama manfaat tamoyiliga sodiq qoladi.

EI tomonidan 2021 yil dekabr oyida e'lon qilingan “Global darvoza” (“Global Gateway”) tashabbusiga muvofiq infratuzilmani rivojlantirish, ilg'or texnologiyalardan foydalangan holda qit'alar bo'ylab tovarlar, odamlar va xizmatlar harakatini faollashtirish maqsad qilingan. 2027 yilga qadar dunyo davlatlariga 300 milliard yevro sarmoya kiritiladi. Ushbu dastur doirasida Markaziy Osiyo­­da ham yirik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu borada transport yo'nalishlari va tranzit yo'laklarini rivojlantirish, yashil energetika, innovatsiya va yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish ustuvor yo'nalishlar o'laroq belgilangan.

EIning Markaziy Osiyoga doir strategiyasida ko'p­lab sohalar qatori ta'lim va inklyuziv barqarorlik yo'nalishidagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratilgan. YeIning siyosiy maslahatlashuvlar va dasturlar bo'limi boshlig'i Georgios Zitsimos mintaqa jurnalistlari bilan uchrashuvda mazkur yo'nalishdagi loyihalar haqida ma'lumot berdi.

O'tgan chorak asr mobaynida O'zbekistonning 55 ta oliy ta'lim muassasasi va YeIga a'zo davlatlarning 71 ta universiteti ishtirokida “Tempus” dasturi amalga tatbiq etildi. 2014 yildan buyon “Erasmus+” dasturi doirasida oliy ta'lim salohiyatini oshirishga qaratilgan byudjeti qariyb 40 million yevro bo'lgan 40 dan ortiq loyiha amalga oshirildi.

“Darya” – YeIning Markaziy Osiyoda kasb-hunar ta'limiga doir birinchi mintaqaviy tashabbusidir. 2022–2027 yillarga mo'ljallangan loyiha doirasida yoshlarning mehnat bozoriga integra­siyasi va malaka oshirishiga ko'mak beriladi”, – deydi Georgios Zitsimos.

Dunyoda geosiyosiy ixtilof kuchaygan, suverenitetga tahdid oshgan hozirgi pallada kurrai arzning mutaraqqiy hududi – “Evropa uyi” bilan teng huquqli hamkorlikni yanada kuchaytirish ko'p vektorli siyosat talabidir. Yevropa komissiyasi tizimidagi boshqa idoralarda o'tgan uchrashuvlarda ham O'zbekiston bilan xavfsizlik, farovonlik va barqarorlik yo'lidagi hamkorlikni yanada jadallashtirish lozimligi ta'kidlandi.

Fransuz adibi Viktor Gyugo 1849 yili Parijda tashkil etilgan Jahon tinchlik kongressida so'zlagan nutqida Yevropa davlatlarini milliy o'zlikni saqlab qolgan holda yagona ittifoqqa birlashishga undagan edi. Oradan bir asrdan ziyod vaqt o'tib taraqqiyparvar ziyolilarning orzusi ro'yobga chiqdi. YeIning olis va mashaqqatli integratsiya yo'li Markaziy Osiyo mintaqasiga ham asqotsa ajab emas.

Sobir SALIM.

Muallif olgan suratlar

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 − two =