Milliy qadriyatlar qasidasi

yoki iste'dodli shoir Xushboq RAHIM ijodi haqida o'ylar

 

Faylasuf shoir Xushboq Rahimni eshitganman, katta olimligini, iste'dodli shoirligini yaxshi bilaman, — deb yozadi Surxondaryo viloyat hokimi Ulug'bek Qosimov ijodkorning “Surxondaryo qasidasi” kitobi so'zboshisida.— Chunki, shoir Xushboq Rahimning she'rlari o'ziga xosligi va ijtimoiy yuki bilan boshqalar ijodidan ajralib turadi. Ulardan har bir kasb-hunar va mansab egasi o'zicha ma'no-mazmun o'qishi, xulosa chiqarishi, ibrat olishi mumkin. Misol, uchun “qo'shmoq ayirmoqning qilcha nafi yo'q” satrini olaylik. Bu satrlardan iymoni sobit va ma'naviyati butun kishilar milliylikka qo'shsang ham, qo'shmasang ham natija milliy, ya'ni yurtimizdagi to'g'ri ham, egri ham,   savodli, besavod ham, halol ham, harom ham, uvol ham savob, yutuq ham kamchilik, foyda ham zarar, illat ham fazilat o'zimizniki, ichki ishimiz deb hisoblaydi.

Milliylik umuminsoniylik bilan bog'lanadi. O'zbekiston ko'p millatli xalq. Unda yuz ellikdan ortiq millat va elatlar yashaydi. Ularning barchasi etutirnoq, bag'ri keng, mehmondo'st o'zbeklar bilan an'ana, urf-odat, marosim, to'y-tomoshalari, yurish-turishlari o'zaro qo'shilib, bir-birini boyitgan. Kelajagi buyuk O'zbekiston o'zbekning ham, ularning ham umumiy uyi. Shoir Xushboq Rahim qardosh xalqlar et-tirnoq va qismatdoshligini shunday izohlaydi:

 

Ortiq yo kam emas, odamdan odam

Qozoq, tojik, o'zbek tirnoq bilan et.

Qatag'on qurboni qancha-qancha jon,

Yurtidan badarg'a ingushu mesxet.

Quvg'in… qardoshim kel, xonamiz milliy

Bir dardda, bir o'tda yonamiz milliy.

 

Inson borki, o'z vatani, tug'ilib o'sgan joyi, o'zi yashayotgan go'shasi tarixini bilishga, o'zligini anglab yetishga harakat qiladi. O'zlikni anglashga intilish eng avvalo o'z yurtining tarixini bilishdan boshlanadi. Chunki tarix o'tmishni, xalqimiz qoldirgan muqaddas meros­ni, diniy qadriyatlarimizni, ota-bobolarimiz xotirasini, o'tmishdagi barcha kamchilik va xatolarimizni o'rgatadi.

Xushboq Rahim bugungi va kelgusi avlodlar ongiga buyuk ajdodlarimiz o'tmishini, turmush tarzini, diniy e'tiqodlarimizni singdirib borishga harakat qiladi. Toki ajdodlarimiz kim bo'lgan, qaerda, qanday yashagan, hayotlari qanday bo'lgan, kelgusi avlodlarimiz bilsin va faxrlansin.

Kimki o'z yurti tarixini bilmasa, o'z vataniga, millatiga hurmatsizlik qilgan bo'ladi, ajdodlar o'tmishiga beparvo, ota-bobosiga bepisand kishilar milliy qadriyatlarimizga xiyonat qilgan bo'ladi.

Shuni ishonch bilan aytish mumkinki, shoir Xushboq Rahimning birgina “Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” asarini o'qigan kishi uning naqadar katta ijodkor ekanligiga shohid bo'ladi. Bu asarning predmeti shu hududda yashab o'tgan inson va beqiyos insoniy kechinmalar, o'ylar, xislar bahsidir. Inson – tashqi tabiatning, maqsadga muvofiq harakatlarning farzandi. Maqsadga yo'naltirilgan harakat esa mehnatdir. Mehnat tabiatdagi tayyor buyumlarga ishlov berishdan boshlanadi. Insonning tili, tafakkuri, madaniyati shu mehnat quroli darajasidan ortiq bo'lmagan. Madaniyat esa bir tomondan moddiy, ikkinchi tomondan ma'naviydir. Zarautsoy qoyasi kamaridagi ibtidoiy rasmlar ma'naviy, lekin ular muayyan moddiy qurollardan foydalanilmasdan chizilmagan.

“Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” asarida Xushboq Rahim yuqoridagi haqiqatga suyangan, kitobxonlar diqqatini olamning bir butunligidan tashqari ijtimoiy ishlab chiqarish usuliga, xususan, mehnat predmetiga, ishlab chiqarish qurol-vositalariga, ularni harakatga keltiruvchi insonga, ilm-fanga, ularning mushtarak birligiga qaratadi. Arxeolog olimlar qadimgi tepalik va tashlandiq shahar xarobalaridan topgan anchayin tanga, sopol, sopolsiyohdon, ibodatxona yoki metall zavodining dastlabki o'rni, yombi yoxud tilla taqinchoqlardan shoir quvonadi va yozadi:

 

Ming yillik hangoma, kechagi gaplar,

O'tmishi eng olis, kelajagi eng…

Budrachga baxshida doston mazmuni

Mehnat qurolining yoshi bilan teng.

 

“Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” – falsafiy asar. Tuproq shoirga koshin, bulut yoki tomchi yashin bo'lib ko'rinadi. Kitobdagi uch yuzdan ortiq ilmiy izoh uning tarixiyligidan dalolat. Ularsiz ham “Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” mumtoz va milliy qadriyatlar qasidasidir:

 

Ko'makka shoshildi eng olis moziy,

Tinchlik, joy topilmas yurakdan g'amga.

Quvonchga kafolat dastlabki davlat,

Dastlabki oqsoqol, dastlabki tamg'a.

 

Xushboq Rahim shoir sifatida dastlabki oqsoqol, dastlabki davlat, dastlabki tamg'a, “noma'lum yozuv” bilan faxrlanadi. Unday qad­riyatlarning kattasi ham, kichigi ham ota-bobolarimizning kimlar ekanligini oshkor aylovchi moddiy omillardir. Moddiylik esa ularning ma'naviyatini shartlaydi. Aslida ham yozuvdan xabarsiz kishiga sopolsiyohdon nokerak. Davlat va mansabi bo'lmaganlarga muhr shart emas. Ayol zotiga, go'zallikka begona, bedid odamlarga tilla taqinchoqlarning qiziqchiligi kam. O'zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Said Shermuhamedov “Qalbim izhori” kitobida “Insonlar qiyofasida 36 ta fazilat va 36 ta illat borligi aniqlandi”, deb yozadi. Darhaqiqat, Xushboq Rahimning “Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” asarida qayd etilgan tarixiy shaxslarda faylasuflar hisoblab chiqishgan o'sha fazilat va illatlarning barchasi bor, deyilsa xato bo'lmas.

“Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” ilmiy qiymatga ega asar. Shoir kitobxon e'tiborini istalgan buyum-hodisaning tub ildiziga, ichki, hal qiluvchi ziddiyat va bog'lanishlarga, mohiyatga tortadi. Mohiyatni chuqur ilg'ash esa tafakkurning ishidir. Misol uchun buyumning mohiyati uning qiymatidir. Har qanday badiiy asarning qiymati chekilgan dard, iztirob, sarflangan mehnatdir. Istalgan mavzudagi ilmiy tadqiqotning mohiyati elu yurt uchun qo'l keladigan moddiy yoki ma'naviy foydadir. Abduholiq G'ijduvoniy “Vasiyatnoma”sining mohiyati “Dast ba koru dil ba yor!”, Bahovuddin Naqshband tariqatining mohiyati esa “Dil ba yoru dast ba kor!” Xushboq Rahim ulardagi uzluksizlikning uzilmasligini inkorni inkorda, vorisiylikda ko'radi. Shoir uchun vorisiylik amal qilmagan matoh, ichki harakat, o'zgarish, yangilanish, yuksalish topilmaydi. Shu ma'noda vorisiylik “Chag'oniyon yoxud betak­ror dunyo” asarining yuragi, yurak rishtalari, qoni va jonidir. Vorisiylik, ayniqsa, shoirning Mavlono Attori Valiy, Ya'qub Charxiy, Xoja Axrori Valiy o'rtasidagi behasham munosabatlarga bag'ishlangan satrlarda bo'rtib ko'rinadi. Aslida Xoja Axror Valiy o'zidagi “Qiyo­­fa va botin ilmi” bulog'ini vahiydan emas, balki, og'ir va mashaqqatli mehnatlaridan, vorisiylikdan topganlar. Aksincha bo'lganida “musulmoni kim?” so'rog'iga jo'yali javob topish maqsadida yillar Hirotda Umar Bahovuddin, so'ngra Chag'oniyonda Mavlono Ya'qub Charxiy xizmatlarida hayot kechirmas edilar.

Xushboq Rahim “Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” asarining tub mag'zini jamiyatga taalluqli tizimlar, jumladan, oila, mahalla, davlat, qonun, ishlab chiqarish, taqsimot, xalq, millat, mentalitet bilan et-tirnoq iste'dodli insonlar tashkil etadi. Ularga munosabatda shoir kitobxon diqqatini “Ruhiyat”, “Mafkura”, “G'oya” tushunchalariga tortadi. Ruhiyatga ayrimlik, mafkuraga umumiylik xos deydi. Ruhiyatdan farqli o'laroq mafkura inson ongiga ona allasi va suti bilan singdirilmaydi. U ishlov berilgan, tartibga solingan tizim sifatida ongga, inson miyasiga tashqaridan kiritiladi. Mafkura jamiyat a'zolarining barchasi uchun birdaydir. Shoir mafkurani miltiqqa, g'oyani o'qqa o'xshatadi. Mustaqillik mafkurasining mazmuni, maqsadi, milliy manfaatdan, istiqlolni himoya qilishdan, mustahkamlashdan iborat.

Mustaqillik o'zbek xalqiga erk va erkinlikni, xususiy mulk va mulkdor bo'lish baxtini berdi. Tilini, til va dil birligi bilan an'ana, marosim, urf-odat, rasm-rusumlarini qayta tikladi. Xalq amaliy san'ati va hunarmandchiligini oyoqqa qo'ydi. Tashabbuskorlik, jumladan, mustaqil fikrlovchi yoshlar jamiyatning mustahkam tayanch nuqtasiga, eng yangi tarixning harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Xususiy mulk, moddiy manfaat, malakali mehnat ijodkor insonni, ta'bir joiz bo'lsa, mehnat predmetiga “mixlab” tashladi. Ilm-fan esa ularning ishonchli ishlab chiqaruvchi kuchi va ularning o'ta chidamli qalqoniga aylandi. Tabiat, jamiyat tafakkur qonunlarini qo'lidagi qamchiday o'ynatuvchi olimlar mehnati “ochlik” tushunchasini dorga osdi, “to'qlik” tushunchasiga muhrin bosdi, ya'ni ular mamlakat va jahon xalqlarining qorni to'q va usti but yashashiga kafolat beradi. Olimlar orasida Chuqur qishloqlik fizika-matematika fanlari doktori Nigora To'rayevaning ham borligi shoirda g'urur va shodlik uyg'otadi. Shoir yozadi:

 

Denov tuprog'ining dunda tengi yo'q,

Giyoh, gul, g'unchada Vatan, yurt hidi.

Eng Chuqur qishloqni osmon aylagan

Bolari besh ketgan olima didi.

Qancha baholasang, shuncha Nigora,

Yurtga sadoqati kuncha Nigora.

 

Denovda ijodkor, kashtachi, pazanda, sportchi, san'atkor, jurnalist qizlar bir talay. Ularning milliy va xalqaro tanlovlardagi yutuqlaridan shoir Xushboq Rahim sarxush va lol.

U kishi (shoir) mehnatda suyagi qotgan ota sifatida ularga havas bilan qaraydi. Ular bilan bellashgisi, ular yutug'ini quvlab yetgisi, qaytadan yosharib ketgisi keladi. Bunday beg'ubor, beg'araz, toza tuyg'ularni shoir yana mus­taqillikdan deb baholaydi va yozadi:

 

Urvoq tugunida mulki tabiat

Undan ham badavlat, ravza bu yoqlar.

Zaminga sochdan ham qattiq yopishgan,

Tovusday tovlangan maysa, giyohlar.

Moziydan mushtarak, buyuk to'xtamdir,

Mustaqillik mangu, tayanch nuqtamdir.

 

Darhaqiqat, mustaqillik sharofatidan O'zbekiston Qahramoni Ibrohim Fayzullayev Haq sevgan, Haqning bandasi, ya'ni o'shasi, To'kin, to'q xalqining ustungo'shasi; Ahmad Narzullayev esa Bobotog'ning qiriday, mulkdorlar qavmining piriday… Ular fermer. Fermerlikning mohiyati esa shaxsiy manfaat. Fermer va uning a'zolarini o'sha xususiy manfaat birlashtiradi, yangidan-yangi imkoniyatlarni izlab topishga, tiyinni tejab ishga solishga majbur etadi. Bu jarayonni Xushboq Rahim obdon kuzatadi va oshkor aylaydi:

 

Yutuqlar sababi bilim, texnika,

Mahorat, sinchkovlik mashqidan yetdi.

Beqo'nim xayolim tola va ipak,

Kalava, sut, qaymoq sexiga ketdi.

Fermerga ishongan dehqonning bari

Yumushga yopishdi misli bolari.

 

Fermerlik kasb tanlamaydi. Mehnat qilishni, moddiy manfaat ko'rishni, mulkdor bo'lishni istagan har qanday yoshdagi kishi fermerlikni egallashi mumkin. Misol uchun O'zbekiston televideniesining Surxondaryodagi maxsus muxbiri Jo'raqul Tursunov – fermer, xususiy mulk egasi. Boshqacha aytganda, shaxsiy chorvasi, muayyan gektardan iborat dalasi bor. Dala muxbirlikka, muxbirlik dala ishlariga xalaqit berayotgani yo'q. Bir qarasang, uning yelkasida eski chopon, kiftida ketmon, yana bir qarasang, egnida yangi kostyum, bo'ynida bo'yin bog'i, qo'lida mikrofoni. Qoyil.

 

Chag'oniyon tarix, cho'ponlik tarix,

Dehqonda tarixiy reza-reza ter.

Suyanchiq, sepoya insonga inson

Qalam qavartirgan qo'llaringni ber.

Qalay, omonmisiz, Jo'raqul Tursun!

 

Xushboq Rahim talqinida istalgan kasb egalarining qiyofalari nihoyatda o'xshash. Ichki qiyofalari esa yuzlab shoh ko'cha va minglab boshi berk yo talay jin ko'chalar majmuasidan iborat shahardan ham serjumboqdir. Shahargina emas, balki samovot mulkidan ham ming chandon boy changak va chigalliklarning chang bosgan, bechegara ombori, omborgina emas, insonga xos yaxshi fikru fazilatlarning ming ko'zli qaynab yotgan zilol chashmasidir:

 

O'ylasam, o'yimda qiri ko'p dunyo,

Suyangan tog'idan piri ko'p dunyo.

Chag'oniyon, Erkin, zoti insonning

Samovat mulkidan siri ko'p dunyo.

 

Zoti inson miyasi bilan fikrlaydi, ong bir qator omillar tufayli miyada hosil bo'ladi. Miya esa kamida o'n olti milliarddan-da ortiqroq hujayralar to'plamidan iborat fizio­logik jismdir. Yuqori tipdagi hayvon, jumladan, inson miyasi tashqi tabiat bilan sezgi a'zolari orqali bog'lanadi. Tashqi tabiatni bilish sezgi yoki sezishdan boshlanadi. Bilishning shakllari, bosqichlari bor. Uning yuqori bosqichi mantiqiy bilish yoki mantiqiy tafakkurdir. Tafakkur buyum, hodisa, jumladan, inson zotining mohiyatini, botinini bilishning ishonchli va qudratli qurolidir. Shu vajdan, Xushboq Rahim chag'oniyonlik E.A'zamni dunyoga o'xshatadi. “Tushuncha”, “Tasavvur”, “Idrok”, “Sezgi”, “Xotira”, “Ilmiy tadqiqot” va boshqalarni tilga oladi. Nihoyat, kitobxonga quyidagi ixcham xulosani taqdim etadi:

 

Keksarmas ochunda yosh bo'lgan dunyo,

Sermanak davrada tosh bo'lgan dunyo.

Saralangan so'zlar sinchisi – Erkin

Tafakkur ahliga bosh bo'lgan dunyo!

 

“Chag'oniyon yoxud betakror dunyo” “yarimho'l xazonday tutayotibman” misoli o'xshatish, “Hisori qo'y soni xarsangdan og'ir”, “Buqangcha tosh bosmas tog'lar qoyasi”, “Dalaga yopishgan misli bolari” yanglig' bo'rttirmalarga boy badiiy pishiq asar. Unda zimmasiga muayyan ijtimoiy vazifa yuklatilmagan satr, shakli mazmuniga mos kelmaydigan jumla topilmaydi. Shoirning o'zi esa sirtdan qaraganda “Yozgim kelgan edi, bir dasta yozdim”, “G'aram ham, xirmon ham Sizlarga qoldi”, deydi. Botinda esa Chag'onrud bo'lg'usi, Jayhun bo'lg'usi, Suv bo'lg'usi, el-­yurtga suvday xizmatda bo'lgusi keladi. Nihoyat, shoir Xushboq Rahim moziyning kitobi, davrining xitobidan kuch-qudrat to'plab, Jayhunga aylangisi, chigitda Jayhunday jo'shgisi, yutuqqa yangidan yangi g'alabalar qo'shgisi keladi.

Shoirning orzulari ijobat bo'lsin! Bu insonni yurtimizda ko'pchilik biladi. Keling, shunday bo'lsa-da men ham yana bir bor tanishtiray:

Xushboq Rahim. So'zi o'tkir, didi baland ijodkorlarimizdan. She'riyatga oshufta yurak. Mamlakatimiz mustaqilligi Xushboq Rahimga o'ziga xos ilhom manbai bo'ldi. Shoir o'zining “Surxondaryo” dostonini yozdi.

Darhaqiqat, Xushboq Rahim dostonlarini o'qiganlar asar yozish uchun ijodkor kundalik hayot bilan kirishib ketgan, so'ngra tarixni, mavjud fan yutuqlarini, falsafa qonun-­qoidalarini yaxshi o'zlashtirgan bo'lishi lozim, degan xulosaga keladi. Yuqoridagilardan yuzakiroq xabardor kishi Xushboq Rahim she'riyatining mazmun-mohiyatini qanday bo'lsa, shundayligicha anglab yetmasligi mumkin.

 

Mustaqil dunyo ham erkin tafakkur,

Tarixni tuyaning juniday titdi.

Quyosh ham tojiga tirnoqdosh Xushboq

Shonu shuhratingga qasida bitdi.

Surxondaryo.

 

Surxondaryo yurakday yagona kurrai zaminda qoyaday mustahkam O'zbekistonning mushtarak qismi. Shoir vohadagi Teshiktosh g'ori yoki Boysun va Bobotog' qiyofasini va bisotinigina emas, balki shu hududning zarrachasini ham sinchiklab tafakkuri qamrovidan qochirmaydi. Uni kitobday o'qiydi, u bilan dardlashadi. Zarrani koinot bilan, beli va belbog'i bilan, Surxondaryo bilan bir butunlikda ko'radi. Yurt, koinot, inson qadri, bel va belbog'ining moddiy va mavjud zarraday tinch va sog'lom bo'lishini istaydi. Chunki eng katta boylik – tinchlik va sog'lomlikdir.

 

Zarrani kitobday o'qidim, bugun,

Qaddimda Dunyo ham o'sha mador, o'q.

Belbog' ham belimda mulki koinot,

Tinchlik ham sog'likdan katta boylik yo'q.

Surxondaryo.

 

Surxondaryo iqlimi nihoyatda qulay. Yilning to'rt fasli quyoshli. Qish-qirovli kun kam. Bu hudud insoniyat tamaddumining dastlabki beshiklaridan biri. Qadimgi Baqtriya, Kushonlar davlati va uning poytaxti shu hududda joylashganligini arxeologlar aniqlashgan. Eng qadimgi shaharlar o'rni, mahalla, arki a'lo, mudofaa devorlari, jahondagi eng qadim qabriston, sopol idishlar, sopol siyohdon, omoch, turli taqinchoqlar, davlat muhrlari, jun, paxta, ipak, to'qima qoldiqlari, bug'doy doni, g'o'za chigiti, dastlabki metall zavodlarning o'rni, shisha, pishiq g'isht, zargarlik ashyolari, naqshinkor yog'och siniqlari va boshqa qator tarixiy qadriyatlar Surxondaryo hududidagi asrlardan asrlar osha ko'kka ko'krak kerib turgan tepalar bag'ridan topilgan. Xushboq Rahim doston orqali kitobxonlarni maskur topildiqlarni sinchiklab o'qishga, Surxondaryo tarixi va bugunini e'tibor bilan o'rganishga chaqiradi.

 

Hunar keksarmaydi, ko'ngil qarimas,

Mehnatning ortidan yutuqlar bari.

Oromiy yozuvi, raqam ham chiziq,

Boru bir, bahru bar kitob, daftari.

Surxondaryo.

 

Shoir “Surxondaryo” so'zini daryo ma'nosida, moddiy, bir jinsli vaqt ma'nosida, tabiat, jamiyat va inson tafakkuri taraqqiyotining eng umumiy qonunlarini, odam va odam munosabatlarining hammabop aloqa va bog'lanishlarini bilish va bildirish, tahlil va tadqiq etuvchi dialektik metod ma'nosida ham ishlatgan. Darhaqiqat, daryo suviga ikki marta tushib bo'lmaydi, o'tgan vaqt iziga qaytmaydi. Bugungi yutuqlarning qusuri ertaga ko'rinadi, ijtimoiy hodisalarning qanday yuz berishi mavjud shart-sharoitga, o'ringa va vaqtga bog'liq. Ularni bir xil me'zon, toshu-tarozi bilan o'lchash, bir xil bo'yoq bilan bo'yash, bir qolipga joylash dialektika tabiatiga zid.

Shu ma'noda shoir Xushboq Rahim she'rlarida davlatlar va ular o'rtasidagi munosabatlarning shart-sharoit va zamon talabiga muvofiqligi madh etilgan.

 

Temir yo'l, avto yo'l, osmonda ham yo'l,

Kundalik haqiqat, tarixiy yumush.

Do'stlarga sarflangan ezgu fursatning

O'rnini bosolmas na oltin, kumush.

Surxondaryo.

 

Do'stlik tuyg'usi – qadimiy, ma'naviy qad­riyat. Jahonda ziddiyatli, bog'lanmaydigan, manfaatli munosabatda bo'lmaydigan davlat, oila, odam yo'q. Insonning o'zini tushunishi, bir butun olamning oddiy bir zarrachasi ekanligini anglab yetish oson emas. Oramizda, afsuski hayotda nima uchun kelib, nima uchun ketayotganligini loaqal bir marta o'ylab ko'rmagan basirlar topiladi. Inson qiyofasi bir-biridan nisbatan kam farq qiladi. Ularning ichki olami esa bir-biridan chigal, bir-biridan murakkabdir. O'zini tushungan odam boshqalarni ham tushunadi. O'zini hurmat qilgan boshqalarni ham hurmat qiladi. O'zining kimligi va nima ishlarga qodirligini anglab yashagan ma'naviyatli odam boshqalar uchun ham yashaydi.

Xushboq Rahim mustaqil, yangi hayotda yamoqday yaltirab ko'zga tashlanguvchi kamchilik va qusurlarning kushandasini zamonaviy savodxonlikda, uni suv misol ichgan mus­taqil fikrlovchi ijodkorlarda ko'radi. Shoirning nazarida o'tmish yoki o'tish davri tesha zarbidan ko'kargan tirnoqqa o'xshaydi. Xasta tirnoqni yangi, sog'lom tirnoq surib chiqaradi. Sog'lom tirnoq – shoirini g'ururlantiruvchi mustaqil Vatanning avliyo va allomalaridan kam bo'lmagan, bilimdon, kelajagi porloq o'g'il-qizlaridir.

 

To'q mag'iz chigitday ixcham xulosa,

Ushbu damlar hech bir dami g'am emas.

Internetga sho'ng'ib ketgan har bolang,

Avliyoyu allomadan kam emas.

Surxondaryo.

 

Har bir shoirning kitobxonga yoqtirish va yuqtirishga yo'naltirilgan g'oyasi bo'ladi. Xushboq Rahimdagi bunday g'oya birlik va jipslikdir. Vatan, odamlar va ularning olam bilan bir butunligidir.

Shoir Xushboq Rahim uchun Koinot bir butun, Kurrai Zamin, Vatan va uning manfaatlari bir butun, oila, mahalla, tuman, viloyat, O'zbekiston bir butun, milliy, milliylik, dunviy fanlar predmeti, islom olami bir butun, ishlab chiqaruvchi kuchlarning unsurlari bir butun, mulk shakllari bir butun, gul bir butun, gulzor bir butun, tirik va notirik bir butun.

 

Gul misol hayot ham olami kubro,

Ulardan ajralmas inson ham ismi.

Ko'zlarim gavhari O'zbekiston ham

Kurrai Zaminning eng obod qismi.

Surxondaryo.

 

Tabiiy pishiq she'r ko'ngillarni yayratadi, qalblarni quvontiradi. Kitobxonni suvdan olib o'tga, o'tdan olib suvga tashlaydi. She'rlardagi dardning zalvori yig'laganlarni yupatadi, g'amdan yiroq basirlarni yig'latadi. Ommaning baland ruhini osmonlarga ko'taradi, belini yanada baquvvat qiladi. Urvoq ham ummon, gard ham gul, zar ham zargar vujudidagi yopiq, lekin yashirin yulduzlarni oshkor aylaydi. She'r – ma'naviy kashfiyot. Kashfiyotning sababi ochiq, achchiq va mashaqqatli mehnatdir. Oqsoch ochun bir kashfiyoti uchun minglab marta tajriba, sinovni takrorlagan tabiatshunos olimlarni biladi. Yaxshi she'r ham shoirdan hech bo'lmaganda o'sha kashfiyotni qo'lga kiritgan tabiatshunos mehnatini talab qiladi. Mushkul va mashaqqatli mehnatning oqibati esa maqtovlarga loyiq.

Toshtemir TURDIYEV,

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan

madaniyat xodimi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 5 =