Nurli izlar

Har bir inson ushbu kurrai zaminda yashar ekan u o'zidan kelgusi avlodlar uchun munosib iz qoldirgisi keladi. “Iz” bu ramziy ma'noda ekanligini qalbi va shuuri adabiyotga oshno qalb egasi bo'lmish zukko gazetxon allaqachon tushunib yetgan. Shu ma'noda yoshi to'qsonlarni qoralab qolgan bo'lsa-da, “tinch o'tirolmaydigan”, odamlarga ezgulik ulashishdan charchamaydigan sobiq Ittifoq, keyinchalik O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasining a'zosi Jahongir Pirmuhammedov ham nav­batdagi kitobining nomini “Izli so'qmoqlar” deb atabdi.

Jahongir akani uzoq yillardan buyon taniyman. U ko'p vaqt “O'qituvchi” nashriyo­tida bo'lim mudiri bo'lib ishladi. Baland bo'yli, savlatli, qoracha yuzlaridan nur yog'ilib turadigan, askiya va latifalar aytishni qiyib tashlaydigan, huzur qilib kulganida ko'zlaridan yosh chiqib ketadigan Jahongir aka o'sha – men tanigan vaqtdayoq respublika matbuotida, ya'ni gazeta, jurnallarda o'zining serqirra ijodi bilan faol qatnashardi. Aslida kasbi injener bu inson adabiyotni xush ko'rar va shu sababli ham o'zi bevosita muloqotda bo'lgan taniqli yozuvchilar ijodidan lavhalar hamda ular hayotidan qiziqarli voqealarni gazetxonlarga jonli tilda, samimiyat bilan yetkaza olardi. Oybek, O'tkir Hoshimov, Muhammad Ali, Haydar Muhammad, Sayyor, Tolib Yo'ldosh, Elbek Musayev, Ma'ruf Jalil va boshqa ko'plab yozuvchi-shoirlar haqidagi qiziq hikoyalarini o'qiganimda oddiy muhandis odamning tiliga va badiiyatiga qoyil qolardim. Chunki bu esdaliklar o'zining soddaligi, hayotiyligi va yumorga boyligi bilan ajralib turardi.

Jahongir akaning yillar davomida jurnalistikada charxlangan qalami 2000 yillarga kelib yozuvchilikda ham bo'y ko'rsata boshladi. Uning hozirgacha o'ndan ortiq hikoyalar va lavhalarni o'zida jamlagan kitoblari dunyo yuzini ko'rdi va kitobxonlar qalbidan chuqur joy oldi. Uning   ijodida urush va undan keyingi yillarda odamlar orasidagi mehr-muhabbat, oilaga bo'lgan sadoqat, onaning mo''tabarligiyu, otaning ulug'vorligi, do'stlarning mehri va ijodkor noshirlar olami, ular hayotidagi ibratli voqealar yetakchilik qiladi. Jahongir aka mashaqqatli kasb egalari – matbuotchilar, jurnalistlar, noshirlar haqida yozganida qalami “yayrab” ketadi. U o'zi bosib o'tgan nurli yo'l – izli so'qmoqni ochiq-oydin, bor bo'yi bilan ko'rsatib beradi. Keltirilgan hi­koyalarda o'z kamchiliklari va xatolarini yashirib o'tirmaydi, chiqargan xulosalarini ro'y-rost tan oladi. Shu sababli ham ushbu kitobdagi voqealar tizgini sizni o'z “qarmog'i”da ushlab turadi va bevosita ushbu hikoya yoxud voqea ishtirokchisiga aylanib qolganingizni sezmay qolasiz.

Ushbu kitobdan o'rin olgan Oybekning karta o'yinidagi quvligi, Muhammad Alining oltin peroli ruchkani kimdan olganligi, Sayyorning she'r aytib to'y qizdirishi, Ma'ruf Jalilning kamsuqumligi, Abdurahmon akaning ajoyib shaftolisi, O'sarali akaning tarjimasi, Abduvohid akaning siyosiy hushyorligi, Sa'dulla akaning topqirligi va boshqa ko'plab voqeiy hikoyalar kitobxonni befarq qoldirmaydi. Mabodo gaplarim shubha uyg'otsa, Siz ham bir o'qib ko'ring. Chindan ham Jahongir Pirmuhammedov mohir jurnalist, o'zining samimiyati, odamoxunligi va kamtarligi bilan nom qozongan, o'zbek jurnalistikasida o'z o'rniga ega O'zbekis­ton Jurnalistlar uyushmasining hozirgacha qo'lidan qalamini tushurmay kelayotgan sodiq a'zosi. Uning yangi kitobi “Izli so'qmoqlar”ning nurli izi mushtariylarning qalb mulkiga aylanib qolajak.

Bahrom AKBAROV,

O'zbekiston Jurnalistlar

uyushmasi a'zosi

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 − one =