Hayosizlik chohi

Odam savdosi bilan shug'ullanayotganlar, ayniqsa, xotin-qizlarni nojoiz ishlar uchun xorijiy davlatlarga sotib yuborayotganlar haqida ko'p eshitamiz. Chindan ham, bu muammo mavjud. Unga qarshi kurashishning yanada samarali yo'llarini izlash vazifasi kun tartibida turibdi. Yaqindagina Toshkent xalqaro aeroportida kuzatilgan holat fikrimiz dalilidir.

Voqea shunday bo'lgan edi: Turkiyaga uchadigan samolyotga   chiqadigan yo'lovchilar navbatga turib birin-ketin hujjatlarini rasmiylashtirayotgan edi. Navbat o'n sakkiz yoshli noziknihol qizga keldi.

— Sizning ismingiz nima? — so'radi nav­batchi uning pasportiga nazar solar ekan.

— Basira.

— Turkiyaga nima ish   bilan ketayapsiz?

— Ishlagani ketayapti, ishlagani, — dedi   sal narida turgan 35 yoshlardagi ayol.

— Siz bu qizning kimi bo'lasiz?

— Qarindoshiman. Uni kuzatgani chiqqanman.

— Sizni   aeroportda kutib oladigan odam bormi?

Qiz sarosimada savol nazari bilan ayolga qaradi.

— Bor. Uni… albatta, kutib olishadi, — dedi shoshgancha ayol.

— Turkiyada nima ish qilmoqchisiz? — yana so'radi navbatchi.

Qiz javob berish o'rniga yana ayolga qaradi.

— Bir kasal odamga qaraydi. Javob qaytardi o'zini “qizning qarindoshiman” degan ayol.

Navbatchiga bu holat shubhali tuyuldi, yonidagi tugmachani bosdi. Shu payt ichki ishlar ki­yimidagi bir yigit keldi. Uni ko'rib qizni kuzatgani chiqqan ayolning rangi oqardi va asta-sekin ortiga tisarila boshlandi…

…Dastlabki tergov harakatlari natijasida yosh qizlarni xorijga nopok ishlar bilan shug'ullanish uchun jo'natadigan uyushgan jinoiy guruh fosh etildi. Toshkent shahar Yangihayot tuman sudida jinoyat ishi ko'rilib, hukm chiqarildi.

Xo'sh, aeroportgacha bo'lgan voqealar zanjiri qanday bo'lgan? Bu jinoyatning sodir etilishida qanday omillar sabab bo'lgan?

Jinoyat ishi hujjatlarida yozilishicha, 35 yoshlardagi Salima Suhrobova (Ism-shariflar o'zgartirildi) muntazam ravishda Turkiya davlatiga xotin-qizlarni nojoiz ishlar bilan shug'ullanish uchun yuborib kelgan. Buning evaziga xorijdagi hamtovog'idan kishi boshiga pul olgan. Sodda tilda, aytganda ayollarni fohishalikka sotib pul ishlab yurgan. Eng qizig'i, Salima bu vaziyatni “jabrlanuvchi”lardan yashirmagan. Ya'ni ularning qaerga, qanday maqsadda borishayotganini ochiq-oydin aytgan. Obida uning eski “mahsulot”laridan edi. Uni ancha avval turkiyalik Kenan ismli kishiga pullagandi. Ayol ham qiladigan ishidan xabardor bo'lgan. Turkiyaga borgach, Kenan qo'shmachiligida harom pul topa boshlagan. Ammo u yerda topayotgan daromadidan qoniqmay, internet orqali Kiprdan “ish” topadi. “Ish beruvchi” olib bergan elektron bilet bilan uning oldiga boradi. Tungi klubda “raqqosa”lik qilib, mijozlarning ko'nglini xushlash evaziga unga 3-4 ming dollar to'lana boshlangan.

“Ancha vaqt ishladim. Onamning mazasi bo'lmay qolganligi sababli Toshkentga qaytishga qaror qildim. Shunda xo'jayinimiz Axmedbey “Birorta qiz dugonang bo'lsa, olib kel” deb tayinladi, — deya vaziyatni bayon etgan Obida. — Men tanish­larim yo'qligini aytib, Axmedbeyni Salima opa bilan tanishtirib, ularni telefon orqali bog'lab berdim. Shu orada men internet sayti orqali Dildora ismli qiz bilan tanishib, uni   Kiprga ishga taklif qildim. U avvaliga rad etti-yu keyin o'zi qo'ng'iroq qilib, ish haqida so'radi. Unga Kiprdagi   tungi striptiz klubda raqs tushib, mijozlarga xizmat qilishini aytdim.

Hayron qolarlisi, bu qora yo'ldagi ayollar o'z girdoblarini tortayotganlarga maqsadlarini, “ish”larini yashirishmagan. Harom puldan, nomussizlikdan hazar qilmaydigan to'rga tushganlar esa ko'ra-bila turib, shu yo'lga kirmoqchi bo'lishgan. Jumladan, Dildora ham avvaliga rad etgan bo'lsa-da, mo'may pul va'dasini eshitib, o'z xohishi bilan Kiprga bormoqchi bo'lgan. Boz ustiga o'zi bilan go'zallik salonida ishlaydigan o'n sakkiz yoshli qizni ham shu ishga qiziqtirgan. Buni qarangki, vositachi Salimaning ikki ayoldan suratlarini olib Ahmedbeyga yuborgan, ammo Dildora qolib, Basira “tanlov”dan o'tgan. Bunga jinoyat ishi hujjatlarida Salima Suhrobova aniqlik kiritgan: “Dildorani yoshi katta ekan deb Axmedbey rad etdi. Basiraning esa ertalab soat 09:05.gi samolyotda uchishi mumkinligini aytdi”.

Eh, hayosini pullaganlar! O'zlarining noto'g'ri, harom yo'lda ekanini anglab-anglamay, hali butun hayoti oldinda bo'lgan yoshlarni ham adashtiruvchilar!

Voqeaning davomini esa bilasiz.

Jinoyat ishi hujjatlarida 18 yoshli “jabrlanuvchi” Basiraning fikrlari orasida quyidagi gaplar diqqatimizni tortdi: “Salima opa “Seni yuborayotganim uchun Turkiyadagi Axmedbey menga pul berishi kerak edi, Obida bo'lsa, pullarni o'zim olaman, deyapti” deb menga o'z dardini ayt­­di. Shundan keyingina   bu ikki ayol meni sotib yuborishayotganligini tushunib yetdim”.

Kechirasizu, vaziyatni o'rgangan inson sifatida tom ma'nodagi jabrlanuvchini ko'rmadim. To'g'ri, Salima va Obidani sud O'zbekiston Res­publikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismining “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topdi. Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo'llab 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ammo biz Basira deya ismini o'zgartirgan qiz esa chin ma'nodagi ongu shuuri basir qizmidi? Uning ota-onasi, yaqinlari yo'q edimi? Aqalli biror tushunchasi keng, tarbiya­­li tanishi yo'qmidiki, uni bu yo'ldan qaytarishsa? Aslida muammoning ildizi mana shu yerda. Biz yoshlarimizni to'g'ri tar­biyalay olmas ekanmiz, halol va haromni, dinu diyonatni o'rgatmas ekanmiz, hali ko'plab Basiralar paydo bo'laveradi. Aeroportdagi navbatchilarning esa hammasiyam hushyor bo'lavermaydi. Shu bois farzandlar, ayniqsa, qiz bolalar tarbiyasiga jiddiy yondashish, ularga pulga sotilmaydigan, sotib olib bo'lmaydigan narsalar haqida tushuncha berish kerak. Axir, dunyo maydonida har bir millat vakili (u to'g'ri yo'ldami, noto'g'rimi) davlat, millat tamg'asi uriladi. O'zbek, o'zbekistonlik degan nom turadi. Shunday ekan, yosh avlodni basir emas, ma'naviyati butun insonlar qilib tarbiyalashimiz birinchi galdagi vazifa. O'z nomusini sotib kun kechirishi uchun ayol qanday muhitda voyaga yetadi, bunday xotin-qizlarda hayo, or-nomus degan muqaddas tuyg'ularning o'rni bo'ladimi?

Ming afsuski, bu og'riqli savollarga javob berishning o'zi mushkul.

Allohning jazosidan qo'rqmagan bandalar —hayosizlik chohiga qulagan bunday cho'rilarni dunyo bo'ylab yuborayotgan qabih insonlarga avvalo jazo choralari yanada keskin bo'lmog'i kerak.

Bahrom TOShPO'LATOV,

jinoyat ishlari bo'yicha

Yangi hayot tuman sudi raisi,

Shohrux AKBAROV,

               jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 3 =