Ta'lim daraxtga o'xshaydi

To'g'ri parvarish qilinmasa, doimiy e'tibor berilmasa yetarli rivojlanmaydi

 

Mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo'nalishlari qatorida ta'limni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish  masalasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo'nalishda aholiga aynan hayot uchun kerak bo'ladigan ko'nikmalarni o'rgatish, yaqin kelajakda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi kutilayotgan iqtisodiyot sohasining  aniq  tarkibiy  tuzilmalarini belgilab, shu borada bilimlarga erishish, to'rtinchi sanoat inqilobida zaruriy ilmiy poydevorga ega bo'lish kabilar yuksak maqsadlarimizdan sanaladi.

Ta'kidlash joizki, ta'limni rivojlantirishda globallashuv sharoitidan kelib chiqib, yoshlarga asosiy fanlarni o'rgatish, ixtisosliklarini aniqlab berish va ularni kreativ fikrlashga o'rgatish muhim rol o'ynaydi. Rivojlangan mamlakatlar tarixiga nazar solsak, ular boshidan inqiroz va turg'unlik davrini  o'tkazarkan, avvalo, ta'limni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, unga katta sarmoyalar ajratish orqali yutuqlarga erishganini ko'ramiz. Misol tariqasida Yaponiya, Singapur, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan mamlakatlarni olaylik. Ular faqat ta'limni to'g'ri boshqarish, uni rivojlantirish va sarmoyalar bilan qo'llab-quvvatlash, o'qituvchilarning qadrini oshirish,  maqomini vazir darajasiga ko'tarish, vazir oylik-maoshini belgilash, bu orqali intellektual salohiyatga ega  kadrlar yetishtirish bilangina  rivoj­langan davlatga aylana oldi.

Ta'lim daraxtga o'xshaydi. U to'g'ri parvarishlanmasa, o'z vaqtida e'tibor berilmasa, yetarli rivojlanmaydi. Parvarish to'g'ri qo'llanilsa, o'z vaqtida mo'l hosil beradi. Ta'limga ham  sarmoya kiritmay turib, e'tibor bermay turib, malakali kadrlar yetishtirib bo'lmaydi. Binobarin,  Singapur  tabiiy resurs­lari juda kam o'lka bo'lib, uning aholisi kambag'al edi.  Biroq mamlakat, avvalo, maktabgacha ta'lim, o'rta ta'lim va undan keyingi bosqichli ta'lim jarayonlarini  ilmiy asos­larda qamrab olish, ishchi-kadr­larni  qayta tayyorlash orqali inson resurslarini rivojlantirishga katta e'tibor qaratdi.

Shu nuqtai nazardan ta'limni kelajak garovi sifatida hayotga ilmiy-amaliy tatbiq eta oldi.  Taxminan 1955 yildan boshlab Singapur ta'lim tizimida til muammosi hal qilindi,  shu yili ota-onalarga to'rtta ta'lim yo'nalishidan birini tanlashga ruxsat berildi. Grant olish huquqiga ega bo'lgan talabalar   sinovlardan o'tkazilib, tanlab olindi. Hukumat yoshlarga ta'lim-tarbiya berishda aniq fanlar, tabiiy fanlardan keng foydalanish, fundamental va sodda-takomillashtirilgan darsliklar, o'quv adabiyotlari yaratish, til o'rganishni asosiy vazifa qilib belgilab berdi. Yaratilgan shart-sha­roitdan kelib chiqib, asta-sekin ingliz tilini o'rgatadigan maktablar paydo bo'ldi, hatto tez fursatda ommaviy tus ola boshladi. Natijada mamlakatda “ishchi” til ing­liz tili bo'lishiga qaror qilindi. Bu davlat jahon talablariga javob beradigan kadrlar tayyorlashni shu tarzda amalga oshirdi. Og'zaki va yozma ingliz tili standartlari va Singapur versiyasining paydo bo'lishi shundan boshlandi, islohotlarda ingliz tili dialekt, yagona til hisoblandi. Bugungi kunga kelib hatto davlat hujjatlarini tayyorlashda ham ingliz tilidan foydalaniladi. Bunday bosqichli institutsional ta'lim-tarbiya jahon ta'limi, iqtisodiyoti va intellektual bilimlari bilan integratsiyalasha olishga, dunyoning eng rivojlangan davlatiga aylanishiga zamin bo'ldi.

Bundan tashqari, Singapur ta'lim tizimini rivojlantirishda globallashuv muammolari va u taqdim qilayotgan yangi imkoniyatlarni, xususan, internet va ta'lim sohasidagi raqobatni ham hisobga oladi. Bu esa allaqachon xalqaro amaliyotlarda mamlakat uchun samara bera boshlagan. Ko'plab islohotlardan so'ng davlatning ta'lim tizimi quyidagi xususiyatlar bilan tavsiflanadi: ikki tillilik, o'quvchilarni qobiliyatiga ko'ra toi­falarga bo'lish, bir necha tillarda o'qitish, ingliz tili va matematikaga ko'proq e'tibor berish, raqamlashgan ta'limning rivojlangan tizimini keng joriy etish, shu jumladan, texnik ixtisoslashgan ins­titutlar va universitetlar innovatorlashtirilishi, mustaqil va avtonom maktablar faoliyati, umumiy o'rta ta'lim maktablarining hokimiyat  tasarrufidan chiqqanligi, o'quv muassasasini direktorlarga mustaqil yuritishga topshirish kabi innovatsiyalarni keng joriy etdi.

Shuningdek, bu mamlakat pedagoglarni rag'batlantirishning samarali tizimini yaratgan, milliy ta'lim dasturi doirasida Singapur axloqi va tarixini o'rgatish yo'lga qo'yilgan, axborot texnologiyalaridan keng foydalanadi.  Iqtidorli bolalar uchun ta'lim dasturi, aqliy qobiliyatlarni rivojlantirish, kuchli moliyalashtirish dasturi,  yuqori stipendiyalar,  maxsus yordam rejasi kabi tamoyillar amal qiladi. Shunindek, o'nta yirik xalqaro universitetlarning filiallarini mamlakat hududiga jalb qilish orqali “Sharqning Bostoni” bo'lish bo'yicha ulkan rejalarni hayotga tatbiq qilmoqda. Bu mamlakat ta'lim falsafasi, uning natijalarini aniq tasavvur qilish,  uning siyosiy ahamiyatini anglash va xorijiy tillarni bilish,  umrbod ta'lim olish zarurligini hayotga joriy qildi.

Shunday bo'lsa-da, ekspertlar tomonidan Singapurning bir qancha   hal etilmagan muammolari hanuz mavjudligi ta'kidlanmoqda: ba'zi talabalarning o'quv ko'rsatkichlari pastligi, ba'zi o'quvchilar maktabni bitirmasdan chiqarib yuborilishi, hali ham saqlanib qolingan samarasiz fanlarni o'rganish, rasmiyatchilik kabi kamchiliklar isloh qilinishi kutilmoqda.

Bizga esa Singapur ta'lim tizimi qu­yidagi sabablarga ko'ra o'rganish uchun qiziqish uyg'otadi:

Birinchidan,  bu davlat ta'lim tizimi muvaffaqiyatli bo'lib, u ixcham va idrok etish oson. Ikkinchidan, u  hajmi va sur'ati  bo'yicha zamonaviy XXI asr boshidagi iqtisodiy rivojlanishga mos keladi. Yangi  platforma sifatida  yosh, rivojlangan mamlakat. Bundan tashqari, u eng taraqqiy etgan davlatlar ta'lim das­turlarining konstruktiv xususiyatlarini o'zida mujassam etgan va “Singapur iqtisodiy mo''jizasi”ning asosiy omili sifatida inson resurslarini samarali boshqara olmoqda.

Til har bir davrda “robitai jahon” bo'lib kelgan. Buni o'tmish allomalarimiz o'gitlarida ham ko'rish mumkin. Shu nuqtai nazardan qaraganda,  o'tgan 25 yilgi avlod bilan, keyingi 6 yilda voyaga yetgan yoshlar o'rtasida farq katta. Hozirgi yoshlar ing­liz tilida bemalol so'zlasha oladi. Ing­liz tili o'quv markazlari nafaqat markaziy shaharlarda, balki tuman markazlarida ham keng ommalashishi oddiy holga aylandi. Bu jarayon xuddi Singapur ta'lim sohasi bosib o'tgan yo'lini eslatadi.

Davlatimiz rahbari nafaqat til, balki ta'lim sifatiga davlat siyosatining ustuvor vazifasi deb qarash bilan birga bu tizimga byudjet mablag'larining 4/1 qismini yo'naltirib kelayotgani barchamizga ma'lum. Xususan, Yangi O'zbekis­ton ta'lim tizimini yangi asrimiz talablariga moslashtirish, uni zamon talabi, ruhi bilan uyg'unlashtirish, oddiy til bilan aytganda, qog'ozbozlik, tekshir-tekshir, keraksiz yuklama va to'siqlardan xalos qilish yo'lidan borilmoqda.

O'tgan yillardagi yo'qotishlarning  o'rnini to'ldirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta'lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi, xuddi shu yilning 27 iyuldagi “Oliy ma'lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirishda iqtisodiyot sohalari va tarmoqlarining ishtirokini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori  qabul qilindi. Mazkur hujjatlar asosida oliy ta'lim tizimi tubdan qayta ko'rib chiqilib, tayyorlanadigan mutaxassislar,  malakali kadr­lar jahon intellektual mulk bozoriga yo'naltirilganda o'z o'rniga ega bo'lishi ko'zda tutilgan. Prezidentimizning   “O'zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta'lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni esa o'qituvchilarni paxta terimidan ozod qilish, ularning qadrini, maqomini, obro'-e'tiborini oshirishda ustuvor ahamiyatga ega. Jarayonda O'zbekistonda ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, uni xalqaro standartlar asosida boshqarish, mehnat bozori talabiga mos malakali kadrlar tayyorlash, Uchinchi Renessans g'oyasini ro'yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish  maqsad qilib qo'­yildi.

O'zbekiston ta'limini jahon ta'limi bilan integratsiyasi    ijtimoiy rivoj­lanish, iqtisodiy o'sish, samarali xo'jalik yuritish, uzluksiz o'qitish, tayyorlash, avvalo, maktabgacha ta'lim, o'rta maktab va oliy ta'lim, undan keyingi ilmiy bosqichlar bilan keng  qamrab olish masalasi o'z yechimini topdi. 2017-2021 yillarda oliy ta'lim bilan qamrab olinishni oldingi 9 foizdan 28 foizga oshirishga erishildi. Shu nuqtai nazardan, maktab bitiruvchilarini oliy ta'lim bilan qamrab olish darajasini 2030 yilga borib 50 foizga yetkazish,  qabul qilishda davlat grantlarini 2 barobar ko'paytirish maqsad qilingani quvonarli. Integratsiyalashuvda oliy ta'lim muassasalari soni 200 taga yetdi, qabul o'rinlari 66 mingtadan 182 mingtaga oshdi. Xorijiy mamlakatlar ta'lim muassasalarining 26 filialida mutaxassislar tayyorlash yo'lga qo'yilib, oliy ta'lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligi ta'minlanib, professor-o'qituvchilarning maoshi o'rtacha 3,5 barobarga oshirildi.

Ilgari yoshlarimiz uchun chet el oliy o'quv yurtlarida  tahsil olish amri mahol edi. Endilikda dunyo ta'limi bilan integ­ratsiyalashish natijasida jahonning eng mashhur oliy ta'lim muassasalari filiallari o'zimizga olib kelindi. Yoshlar bugun Rossiya, London, Janubiy Koreya, Finlyandiya kabi ko'plab mamlakatlarning nufuzli oliy ta'lim muassasalarida o'zimizda turib o'qib, diplom olishmoqda. Bundan tashqari, tumanlarda universitet tashkil qilinadi desa, ishonarmidik? Albatta, yo'q. Bugun aholini rozi qilish, chekka hududlarda sohalarni malakali oliy ta'lim kadrlari bilan ta'minlash uchun universitet filiallari tashkil qilingan. Misol uchun, so'ng­­gi besh yilda nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda 67 ta yangi oliy ta'lim muassasalari hamda ularning filiallari barpo etildi. 2021-2022 o'quv yilidan boshlab “Yangi O'zbekiston universiteti” o'z faoliyatini boshladi.

Bunday xalqaro integratsiyalashuv, professor o'qituvchilarning tajriba almashinuvlari, xalqaro formatdagi ilmiy-amaliy, innovatsion konferen­siyalar tashkil qilinishi, muammolarga institutsional yondashilishi yoshlarimizning bir vaqtda bir nechta oliy o'quv yurtiga hujjat topshirish masalasini ham hal etilishini ta'minladi.

“Inson qadri uchun” davlat dasturi asosida “mahallabay” ishlanib, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga amaliyot o'tagan vaqtida subsidiyalar ajratish das­turi doirasida yarim  milliard so'mlik mablag' ajratilib, 968 nafar “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o'quvchilarga subsidiyalar berildi. Shuningdek, professional ta'lim tashkilotlarida tahsil olayotgan “Yoshlar daftari”dagi o'quvchilar soni 363,3 ming nafarni tashkil etadi.

Endi esa mana shunday imkoniyatlar samarasi o'laroq sifatli ta'lim berishni yo'lga qo'yish ustuvor vazifamiz bo'lib turibdi. Yuqorida ta'lim sifatini oshirish va taraqqiyotga erishishda Singapur tajribasini misol keltirdik. Umid qilamizki, bir kun kelib O'zbekiston ta'lim tajribasi ham ko'plab davlatlarga o'rnak bo'lsa.

Qo'ng'irotboy ShARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot

universiteti rektori,

 texnika fanlari doktori, professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

thirteen + twenty =