Ishonuvchan xalqimiz aybdormi?
yoki yana O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutasaddilari e'tiboriga
Shu yil 8 mart kuni gazetamizning 9-sonida “O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki diqqatiga!” rukni ostida “Hamkasbimiz nega chuv tushdi?” sarlavhali maqola chop etilgan edi. Eslatib o'tamiz, ushbu maqolada quyidagilar bayon etilgan edi: bir hamkasbimiz “Playmarket” ilovasidan yuklab olgan “Anorbank” dasturi orqali foizsiz kredit olish uchun onlayn ariza qoldirgan. Arizada, talab qilinganidek, barcha shaxsiy ma'lumotlari, pasport, plastik karta raqamlarini ko'rsatgan. Unga foizsiz kredit va'da qilgan “shovvozlar” esa “Tez orada sizga bog'lanamiz” deya “lag'mon ilib” qo'yishgan. Hamkasbimizning maoshi plastik kartasiga tushgan kuniyoq “Uzumbank” tomonidan uning naqd bir oylik pullari yechib olingan. To'g'rirog'i, o'g'irlangan.
Hamkasbimiz ham sodda bo'lsa-da, anoyi emas, bu haqda darhol mahallasidagi ichki ishlar noziriga murojaat qildi. Lekin baribir foydasi bo'lmabdi. Ma'lum bo'lishicha, bunday qallobliklar hozir urchigandan-urchigan ekan.
Ertasi kuni pullari yechib olingan plastik karta bergan tegishli bankka ham borgan.
Ular ham pullarni qaytarib olish imkonsizligini, bu ishlar bir guruh firibgarlar tomonidan balki chet eldan turib amalga oshirilayotgani, unga hech qanday yordam bera olishmasligini aytishibdi.
Bor gap shu edi.
Sir emas, bugun turli xil onlayn firibgarliklar ko'payib bormoqda. Shunday firibgarliklardan o'z mijozlarini himoya qilish esa banklarning kun tartibida turishi kerak. Ammo negadir bizning banklarimiz muammo borligini bilgan holda sodda, ishonuvchan xalqimizni ogohlantirish, savodxonligini oshirish uchun doim ham ko'zga ko'rinarli ish qilishmoqda deb aytish qiyin. Aytaylik, xakerlarga qarshi kurashishning ham samarali tizimi yo'lga qo'yilmagan. Tor doiradagi sayt yoki ijtimoiy tarmoqlarida ogohlantirishlar berilyapti, lekin bu keng ommaga, ayniqsa, soddadil insonlarga yetib borishi dargumon. Reytinggi yuqori bo'lgan telekanallar orqali videoroliklar berish, xalqona tilda ogohlantirish davr talabi bo'lib turibdi. Boisi bizning hamkasbimiz chuv tushgan mobil ilova ham aynan yurtimizda ro'yxatdan o'tgan nomdor bank nomidan ochilgan. Albatta, bank logotipi mavjud bo'lgan ilovani haqiqiy deb o'ylagan insonlarni ham tushunish mumkin. Bu o'rinda banklarimiz o'z nomi va logotipidan beruxsat foydalanayotgan firibgarlarga nisbatan jazo so'rashlari va o'z nomlaridan ish qilinmasligiga erishishlari lozim emasmi?
Xullas kalom, muxbirimiz Islom Asilbekov tomonidan kuyunchaklik bilan yozilgan ushbu maqolaga O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki o'z munosabatini yo'llabdi. Buning uchun katta rahmat albatta. Ammo bizni ajablantirgani esa javob “Men ne deymanu, qo'bizim ne deydi?” tarzida tayyorlangan. “Hurriyat” gazetasi tahririyatiga” deyilgan asosiy xat bitta gapdan iborat. Mana o'sha gap: “Ushbu bilan gazetaning 2023 yil 8 martdagi 9-sonida chop etilgan “Hamkasbimiz nega chuv tushdi?” sarlavhali maqolaga Markaziy bank munosabati yuborilmoqda. Ilova 4 bet”. Mas'ul shaxs imzosi bilan yuborilgan ushbu javob xati ilovasida bunday holatlarda bank aybdor emasligi, odamlarning o'zi aybdor ekanligi hech bir xijolatsizlik bilan bayon etilgan. Ular o'z saytlari orqali ogohlantirish berishayotgani, plastik karta olinguncha bank xodimlari tomonidan firibgarliklar haqida bank mijozlariga keraklicha tushuntirilishi aytib o'tilgan.
Hoy baraka topgur, siz xalqimizni firibgarliklardan ogohlantirayotgan saytingizga kirib ko'rdik. 10 000 atrofida kuzatuvchi mavjud bo'lib, maqolalarni 90-100 kishi ko'rishgan. Yoxud 36 million atrofidagi xalqimiz uchun bu juda yaxshi ko'rsatkich deb hisoblaysizmi? Boz ustiga pdf shaklidagi, rasmiy ruhdagi maqolalarni hamma ham o'qiyvermasligi shubhasiz. Shu bois ham birinchi galda har bir bank o'z mijozlari pullari xavfsizligining samarali yo'llarini topishi, taklif qilishi, qolaversa, turli firibgarliklar haqida ta'sirchan usullarda ogohlantirishi lozim. Chunki kundan-kun turlari ko'rayib borayotgan moliyaviy firibgarliklarni odamlarimiz ba'zan anglab-anglamay qolishlari ham bor gap. Xullas, Markaziy bankning sodda, ishonuvchan xalqimizning o'zini “g'irt aybdor”ga chiqarishi bizga anchayin erish tuyuldi. Avval odamlarni zarur axborotlar bilan ta'minlab qo'yib, keyin iddao qilish, balki, yarashar.
Qolaversa, biz O'zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan bank va mijozlar o'rtasidagi munosabatlar, har bir fuqaroning o'z plastik va boshqa moliyaviy hisob raqamlariga o'zi javobgar ekanligi haqidagi uzundan uzoq hujjatlardan ko'chirmalarni emas, balki Markaziy bank litsenziyasiga ega yurtimizda faoliyat yuritayotgan qonuniy banklar nomidan foydalangan holda, soxta axborotlar, yolg'on kredit imtiyozlari berilishiga nega zudlik bilan o'sha banklar yoki Markaziy bank bong urmayapti, nima uchun aytaylik, ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan “Mana bu e'lon bizniki emas, biz yillik mutlaqo foizsiz kredit bermaymiz. Aldanib qolmang”, demaydi?! Bu befarqlikdan muddao ne?
Turli soxta e'lon va reklamalarga ishonib, chuv tushayotgan fuqarolarimizni aybsiz demaymiz. Lekin bizga hozir “aybdorni topish” emas, odamlarning huquqiy, iqtisodiy ongini yanada oshirish muhim emasmi?
Qolaversa, bugun har bir moliya muassasasida va Markaziy bankda “otning kallasiday” maosh olib o'tirgan axborot xizmatining vazifasiga kirmaydimi, shu narsalar?
Biz yozgan maqoladan ko'zlangan maqsad mana qaerda edi!
Tahririyat