Savodsizlikka «like» qo'ymang!

“Hurriyat”ning shu yil 14 iyundagi 23-sonida O'zFA adabiyot muzeyi doktoranti Sitora Tojiddinovaning “Poydevorsiz uy qurish mumkinmi? yoki so'zimiz qurilish sohasi haqida emas” sarlavhali maqolasini o'qib kaminaning ham ko'nglidan bir qator o'ylar, kechinmalar o'tdi.

Yaqinda bir tanishim menga SMS jo'natdi. Unda ishlatilgan o'nta so'zning deyarli yarmi xato bilan yozilgan edi. “Shoshilinchda yozgandir-da”, deb qo'ya qoldim. Ko'p o'tmay u bilan bir davrada uchrashib qoldik.

Tanishim o'zi borgan xorij mamlakatidagi sayo­hat haqida gapira turib, “Men Dubay davlatiga borib keldim”, deya yana xato so'zlardi. Men uning gaplarini bir amallab eshitgach:

— Do'stim, birinchidan Dubay davlat emas, u Birlashgan Arab Amirliklaridagi shahar – deb xatosini tuzatgan bo'ldim.

Shunda u:

— Qanaqasiga Birlashgan Arab Amirliklari Afrikada-ku, — deb qovog'ini soldi. Nufuzli oliy ta'lim muassasasini tamomlagan bu yigitning savodsizligi hafsalamni pir qildi.

Yoki yana bir shunga o'xshash misol. Tunov kuni jiyanimning qo'lidagi bir daftar muqovasiga ko'zim tushdi. Birgina daftarda ikkita xatolikka yo'l qo'yilgani meni hayratlantirdi. Birinchidan, muqovadagi surat ostiga Abu Ali ibn Sino deb yozilgan. Aslida esa suratda Abu Rayhon Beruniy tasvirlangandi. Ikkinchidan, alloma yashab o'tgan yillar 1441-1501 deb berilgan. Vaholanki, Abu Ali ibn Sino 980-1037 yillarda yashab o'tgan. 1441-1501 yillarda esa ulug' shoir Alisher Navoiy yashagan. Voajab! Suratda berilgan inson Abu Rayhon Beruniy, daftar muqovasida keltirilgan ism – Abu Ali ibn Sino. Yashab o'tgan yillar esa na Beruniyga va na ibn Sinoga tegishli. Bu turdagi savodsizlik millatimiz uchun uyat emasmi?! Maktab, akademik litsey va kasb-hunar kolleji o'quvchilari, oliy o'quv yurtlari talabalariga birgina daftar orqali yetkazilayotgan noto'g'ri ma'lumot kelgusida qanday oqibatlarga yetaklashini o'ylab ko'rishning o'zi kifoya, bizningcha.

Qachonlardir muqovasi keraksiz matohlar surati, o'zbekchiligimizga to'g'ri kelmaydigan tas­virlar bilan to'ldirilgan daftarlarni tanqid qilib, muqovasida ajdodlarimiz surati tasvirlangan daftarni sotuvga chiqarish kerakligi aytilardi. Bu maqsadga qisman erishibmiz.

Biroq ajdodlarimizning suratini tanimasak, ismini noto'g'ri yozsak, tug'ilgan yilini boshqa mutafakkir bilan adashtirsak… Bundan ortiq ko'rgulik bo'larmikin?!

…Afsuski, bugun ana shunday savodsizlar soni global miqyosda ham ortib bormoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotidan olingan ma'lumotlarga qaraganda, ayni paytga kelib dunyoda voyaga yetgan aholining 750 millionlik qismi savodsiz bo'lib, ularning uchdan ikki qismini ayollar tashkil etar ekan. Maktab yoshidagi 250 million bola savod chiqarmagan, 124 million bola esa maktab nima ekanini bilmaydi. Jahondagi aksariyat mamlakatlarda hukm surayotgan to'xtovsiz urushlar va bu mamlakatlarning ichki ishlariga g'arblik “yordamchilar”ning aralashuvi sabab maktab va boshqa ta'lim muassasalarining faoliyati to'xtagan. Bu o'z-o'zidan savodsizlikning ortishiga sharoit yaratmoqda. Savodsizlik nafaqat notinch mamlakatlarda, balki rivojlanayotgan davlatlarda istiqomat qilayotgan yoshlar orasida ham mavjud.

Oxirgi 50 yilda ta'lim sohasida erishilgan yutuqlarga qaramay, sayyoramiz aholisining kattagina qismi savodsiz bo'lib qolmoqda. Statistikaga nazar tashlaydigan bo'lsak, savodsiz odamlarning 45 foizi janubiy Osiyoda, 27 foizi Afrikada (Sahroi Kabirdan janubda), 10 foizi sharqiy va janubi-sharqiy Osiyoda, 9 foizi shimoliy Afrika va g'arbiy Osiyoda, 4 foizi Lotin Amerikasi va Karib dengizi davlatlarida yashaydi.

Bundan tashqari, YuNESKO talqiniga ko'ra, dunyo bo'ylab maktabga bormaydigan bolalarning soni 263 million kishiga yetgan. Ularning uchdan biri mojarolar bo'layotgan hududlarda yashaydi. “Maktablarga hujumlar soni ortmoqda. Statistikaga ko'ra, maktabga bormaydigan muhojir-bolalarning soni besh marotaba oshishi mumkin. Eng og'ir yuk xotin-qizlar bo'yniga tushdi. Sahroi Kabirning janubida joylashgan Afrika davlatlarida qizlarning noqulay sharoitda ekanligi bois ular faqatgina 2086 yilga borib maktabga borish imkoniyatiga ega bo'lishi mumkin ekan. Bunday bo'lmasligi uchun davlatlardagi ta'lim bilan bog'liq yondashuvlarni o'zgartirish kerak”, deya aytiladi ma'lumotda. Xalqaro tashkilot ta'limni birinchi o'ringa qo'yishni taklif etadi: “Yondashuvlarni o'zgartish kerak. Ayniqsa, o'rtacha va past daromadga ega bo'lgan davlatlarga bilimli, salohiyatli kadrlarni olib borish hamda ularni aynan ta'limning barcha jabhalariga safarbar etish kerak”.

Yoxud yurtimizga qo'shni davlat — Afg'onis­tonni olib ko'raylik. Bir zamonlar ma'naviyat beshigi bo'lgan bu zaminda uzoq yillik urush va notinchliklar sabab, necha o'n minglab yoshlar maktab neligini bilmaydi. Qizlar maktabga bormaydi.

Oliy ta'limda o'quv yili davomida talaba oraliq, joriy, yakuniy nazorat ishlarini topshiradi. Bunday paytda ularga “beminnat yordamchi” “telegram” qo'l kelmoqda. Talaba auditoriyada o'qituvchi bergan topshiriqni bajarishdan oldin mavzuga oid ma'lumotni manbadan oladi va ijtimoiy tarmoq orqali guruhdoshlariga yetkazadi. Nazorat ishlarini tekshirayotgan o'qituvchi esa talabalarning javobi bir xil va aynan to'g'ri yozilganiga hayron bo'ladi. Axir, ularning bir-biridan ko'chirishiga imkoniyat yo'q edi-ku!

Albatta, ko'pchilikning uzog'ini yaqin qilib, vaqtini tejayotgan, global tarmoqni yomonotliq qilishdan yiroqmiz. Biroq tarozining ham ikki pallasi bor. Savodsizlik so'nggi yillarda ta'lim tizimidagi qusurlar hamda global tarmoq sabab palak otmoqda. Tahlillar shuni ko'rsatmoqdaki, MDH mamlakatlarida allaqachon ommalashib ulgurgan “odnoklassniki”, “telegram” va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda bo'layotgan o'zaro muloqotlarda biror so'zni tejash maqsadida ishlatilayotgan qisqartmalar o'zini “aqlli” deb hisoblaydiganlar tomonidan o'ylab topilmoqda. Muloqotlardagi bunday “kashfiyotlar” ularning tengdoshlari ongu shuuriga muhrlanib, o'qish va ishida, hayotning turli jabhalaridagi faoliyatiga ta'sir ko'rsatmasdan qolmayapti.

Maqolani tayyorlash jarayonida mavzu yuzasidan turli xil fikr-mulohazalarga duch keldik:

Muhabbat HAMIDOVA, bolalar yozuvchisi, Xalq ta'limi a'lochisi:

– “Gulxan” jurnalining navbatdagi sonini tayyorlash jarayonida bir muallimaning maqolasi ketayotgandi. Uning familiyasi pasportida Irkinova deb yozilgan   ekan. Men adabiy til qoidalaridan kelib chiqib uni Erkinova qilib to'g'riladim. Va odob yuzasidan bu haqda muallifni ogohlantidim. Ammo muallif   tuzatishni keskin rad qildi. Hujjatda   shunday yozilgan. 40 yildan buyon hech kim e'tiroz bildirgani yo'q. Agar siz   I ni E qilib yozsangiz, men   maqola meniki   ekanligini rahbarimga   qanday isbot qilaman, dedi u. Biz ham “Ha mayli, bir marta Erkin Irkin bo'lsa bo'lar, osmon   uzilib yerga tusharmidi” degan tantilik bilan Irkinovnaning e'tirozini qabul qildik. Biroq bu murosasozligimiz bilan ona tili qoidalariga hamda 5 ming obunachimizga xiyonat qildik. O'zbek tilimizning bag'ri keng   xo'rsinib qo'ya qolar, biroq   Erkinni Irkin desa ham bo'laverar ekan deb o'rgangan 5000 ta jurnalxon-chi? Bu xatoimizni umr bo'yi   davom ettirmaydimi?!

Nazarimda, ona tili qoidalarining buzilishiga reklamani   yorituvchilar, qo'lbola tarjimon ham bel bog'lab xizmat qilishyapti. Ko'chalardagi reklama, afishalardagi ba'zi “tarjimalar”ni ko'rib qolsak yoki o'qisak biz tilni tushunuvchi, uni yaxshi ko'ruvchilar sochimizni yulgudek bo'lamiz. Ba'zan kerakli joyga e'tiroz ham bildiramiz. Ammo   har bir savodsizlik uchun ham fikr bildiraverishga erinamiz. Balki shuning   uchun ham biz loqayd­roq bo'lib qolgandirmiz, qirg'iz o'rniga — kirgiz, ham o'rniga — xam, mazza — maza   qilib yozilgan so'zlarni ham osongina qabul qilib ketyapmiz. Vaholanki,   bu juda katta xato. Bu so'zlar bir-biridan tubdan farq qiladi.

Xolida EGAMBERDIYEVA, jurnalist:

– Bugungi kunda savodsizlikni har qadamda uchratish mumkin. Afsuski, bu og'riq tishlardek azob beradi bizga. Eng achinarlisi, o'sib kelayotgan yosh avlodga bizdan keyin nimalar qoladi o'zi? Eng katta muammo mana shunda.

Ijtimoiy tarmoqlardan ko'p foydalanganimiz uchun, sizga yana bir og'riqli narsani ayt­moqchiman: a'zolari soni 500 mingdan ortiq bo'lgan telegram kanal yurituvchisi bilan suhbatlashib qoldim. “Nimaga kanalingizda ma'lumotlar xatolar bilan beriladi, avval tuzatib, keyin ommaga havola qilsangiz bo'lmaydimi?” degan savolimga uning bergan javobi meni lol qoldirdi. “Xatolarsiz bersam, zerikarli bo'lib qolardi. Hozir ommani mana shunday jaydari, oson hazm bo'ladigan narsalar qiziqtiradi. Agar bexato, sadafdek terilgan jumlalar bilan yozadigan bo'lsam, men bu qadar ko'p auditoriya yig'a olmasdim. Aynan shu xatolarim tufayli mening kuzatuvchilarim ko'p”, — dedi u.

Bu javobni eshitib ijtimoiy tarmoqlardagi savodsiz materiallarning egalari ham asli “savodsizlik kasali”ga chalinganiga, vaqtinchalik obro' uchun, bir necha ming obunachi yoki “like”lar uchun ishlayotganiga amin bo'ldim. Ularga millat, vatan ma'naviyati, savodxonligi ahamiyatsiz ekanligini bilib vujudim muzlab qoldi. Achinarlisi, auditoriyaning eng katta qismi ham mana shu ijtimoiy tarmoqlarda. Bilasizmi, meni doim bir savol qiynaydi: qayoqqa qarab ketyapmiz o'zi?

Suyundik MAMIROV, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi bosh mutaxassisi:

– Bugun biz ijtimoiy tarmoqlar orqali savodsizlik epidemiyasi kun sayin avj olayotganiga guvoh bo'lib turibmiz. Bu holat jamiyat hayotida, katta-kichik davralardagi muloqot jarayonida, har birimizning kundalik faoliyatimizda ham o'z aksini topmoqda desak mubolag'a bo'lmaydi. Maktabda, oliy o'quv yurtida ta'lim olgan va bugungi kunda biron-bir tashkilotda ishlayotgan yigit-qizning yozma savodsizlik darajasi haminqadar bo'lishi mumkinmi? Mantiqan olib qaralganda, albatta, yo'q. Real hayotda esa qo'lida diplomi bor yoshlarning aksariyati o'z ona tilida fikr-mulahazasini yozma ifodalab berish u yoqda tursin, ikkita gapni ham bexato yoza olmaydi.

Xo'sh, ularning bunday ayanchli ahvolga tushib qolishiga kim aybdor? Umumiy ta'lim maktablari va oliy o'quv yurtlarida test tizimiga o'tilishi va yozma savodxonlik masalasiga panja orasidan qaralishi mana qanday oqibatlarga olib keldi? Maktabni tugatgan o'quvchini qo'yaturaylik, institutni tamomlagan talaba ham ona tilida xatosiz yoza olmasa, buni oqlash mumkinmi? Albatta, o'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani barchamizga birdek faxr-iftixor bag'ishlaydi. Xususan, nufuzli anjumanlar, sport musobaqalarida o'zbekona kalomlar yangrayotgani, internet tarmog'ida o'zbek tilidagi saytlar, chet ellarda o'zbek tilini o'rganuvchilar soni ortib borayotgani ham tilimizning xalqaro miqyosdagi mavqei yuksalib borayotganini anglatadi.

Ammo shahrimizdagi ba'zi ko'chalarga yo'lingiz tushsa, do'konlar, oshxonalar, restoranlar, savdo va maishiy xizmat ko'rsatish shahobchalarining ajnabiy tillarda yozib qo'yilgan nomlarini o'qib, hayron qolasiz. Shu o'rinda yana bir mulohaza. Biz — ota-onalar farzand­larimiz bilimli bo'lishini, chet tilini ham yaxshi bilishini istaymiz. Maktabda berilayotgan ta'lim bilan cheklanib qolmasdan, o'quv markazlarida o'qib-o'rganishini qo'llab-quvvatlaymiz. Chet tilini o'rganishdan oldin birinchi navbatda o'z ona tilini bilishi zarurligini esa negadir o'ylab ham ko'rmaymiz.

Dilshod FAYZULLAYEV, O'zMU talabasi:

– Savodsizlikka qarshi kurashishda aholi gavjum joylarda, jumladan, bozorlar, savdo va xizmat ko'rsatish ob'yektlaridagi nomlarning, turli chaqiriq va targ'ibot materiallarning tayyorlanishida imloviy xatolarga yo'l qo'ymaslik kerak. Chunki targ'ibot materiallari ommaning doimiy e'tiborida bo'ladi. Mashoyixlar savodsiz xalq tanazzulga yuz tutadi, deb bejiz aytmagan. Bugun sizu biz uchun ahamiyatsiz tuyulgan kichkina imloviy xato o'z ortidan katta xatolarni — savodsizlikni keltirib chiqaraveradi.

Mulohazalarimizni yana uzoq davom ettirishimiz mumkin. Ammo so'zimizni muxtasar qilib yozuvchi Abdulla Qahhorning quyidagi fikr­larini keltirishni joiz deb bildik: “Haydovchi qoidani buzsa, militsiya xodimi hushtak chalib jarimaga tortadi, lekin tilimizni buzib gapirayotganlarga nega jarima yo'q? Ularga hushtakni kim chaladi?”. Haq gap. Hushtakni chalish faqat militsiya xodimlarining emas, qalbida millat ma'naviyati bor, savodli avlodni tarbiyalashdek ulug' maqsadlarni jo qilgan har bir vatandoshimizning burchi bo'lishi kerak emasmi?!

Islom ASILBEKOV,

jurnalist

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × three =