Halovatmi yoki halokat?

“Hurriyat” gazetasining 2023 yil 9 may 18-sonida jurnalist Islom Asilbekovning “Sun'iy intellekt odamning egizagimi?” nomli maqolasini o'qib, bugun hayotimizda sun'iy intellekt kirib bormagan, aralashmagan sohalar kamayib borayotganiga amin bo'ldim. Muallif so'zi bilan aytganda, “…yaqin orada sun'iy intellekt fikrimizni o'qiy olishiga ham taajjublanmay qolamiz” chog'i.

Haq gaplar. Sun'iy intellektning rivojlanishi texnikaning imkoniyat darajasini ochib berishi barobarida insonni o'ylashga undaydigan qator  muammolarni ham ko'rsatmoqda. Shuning uchun uning inson hayotida, amaliyotida chuqur ildiz otishida ham me'yor bo'lishi darkor. Sababi inson tafakkuri bilan yaratilgan ushbu sun'iy ong odamlarga qarshi isyon boshlagandek go'yo.

Uning asosiy tomirlaridan biri esa – telefon. Sun'iy intellekt haqidagi maqolani o'qiyotib, telefonning zararlari haqida yozgim keldi. Bu haqda o'ylaganda “Telefon halovatmi yoki halokat”  degan savol xayolimni chulg'ab oladi. Aslini olganda, texnik qurilmalar, telefon, gadjetlar kishilarning mehnatini yengillashtirish, qisqa muddat ichida inson omilisiz muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Uzoq mashaqqat natijasida bajariladigan ishlar bugun bittagina telefon tugmachasini bosish bilan hal bo'lyapti. Dunyo axborot maydonida eng kuchli qurollar qatoridan o'rin olgan telefonlaru gadjetlar o'zining qulayligi bilan bir qatorda muammoli jarayonlarni ham keltirib chiqarmoqda.

Shu o'rinda ushbu sevimli qurilmamiz tarixiga bir nazar tashlasak. Shotland ixtirochisi A. Bell tomonidan 1876 yilda birinchi elektroakustik qurilma — telefon ixtiro qilingan edi. Amerikalik ixtirochi T. Edison ko'p yillar mobaynida masofaviy aloqani takomillashtirishga doir ishlar olib bordi. Birinchi xalqaro telefon liniyasi (Moskva-Peterburg) 1908 yilda ochildi. 1939 yilda esa dunyodagi eng uzun ko'p qirrali telefon liniyasi (Moskva-Xabarovsk) ishga tushgan. O'zbekistonda (Toshkent) telefon aloqa 1887 yilda ishlay boshlagan, 1914 yilda uning tarmog'i ishga tushirilgan. XX asrning 90 yillaridan boshlab raqamli va uyali telefon tizimi paydo bo'ldi. Bizga “Smartfon”, ya'ni “aqlli telefon” nomi bilan ma'lum aloqa vositasi AQShning IBM kompaniyasi texnologiyalar tarixida smartfon deya tan olingan ilk qurilmadir. Qurilma Las Vegasdagi ComDex ko'rgazmasida namoyish etilgan edi. U 1992 yil 23 noyabrda taqdim etilgan bo'lsa-da, sotuvga chiqarilishi 1994 yil 16 avgustdan bosh­langan. Bu gadjetlarda ilk marotaba sensorli ekran o'rnatilgan bo'lib, elektron pochtadan foydalanish imkoniyati ham mavjud edi. Bugun esa smartfonlarning 100 dan ortiq turi mavjud.

Mavzuga qaytsak. Bugungi kunda instagram, telegram, faysbuk kabi messenjerlarning ommalashishi yoshlar va butun boshli aholi qatlamini qamrab oldi. Ba'zi aholi qatlamining 50% dan ko'p vaqti ijtimoiy tarmoqlarga sarflanadi. Yaqinda bir guruh odamlarga “Bir kunda qancha vaqtingizni ijtimoiy tarmoqlarga sarflaysiz? degan savol berganimizda “…Kamida ikki soat”, – degan javobni oldik. Taajjublanarlisi, ular orasida kun davomida mobil qurilmalardan tinimsiz foydalanadiganlari ham bor ekan. Albatta, telefondan kerakli maqsadlarda foydalanish yaxshi, ammo keragidan ortiq, maqsadsiz ishlatishning inson hayoti va salomatligiga olib keladigan salbiy  oqibatlari ham bor gap.

“Er xotinini telefon sabab pichoqlab o'ldirdi”, “Telefonda gaplashib, yo'ldan o'tayotgan piyodani mashina urib yubordi”, “Smartfonida diniy nashida saqlagan yigit qamaldi”, “Internetda feyk xabar tarqatgan bloger hibsga olindi”  kabi ma'lumotlarni tez-tez o'qib qolishimiz oddiy holga aylanib qolgandek. Afsuski, bularning barchasi tahlil qilinganda muammoning ildizi telefonga, undan foydalanishdagi axborot madaniyatining yetishmasligiga borib taqaladi.

Axborot xurujini keltirib chiqarish, aholi o'rtasida nizoli vaziyatlar paydo qilish, diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm kabi g'oyalarni targ'ib etish ham telefon orqali amalga oshirilmoqda. O'z ota-onasiga qarshi chiqayotgan, ijtimoiy tarmoqdagi holatlardan o'rnak olib yot g'oyalarga ko'r-ko'rona ergashayotgan qo'shtirnoq ichidagi “yoshlarning” tarbiyasi buzilishida, xatti-harakatlarida ham bosh sababchi – telefondir. Yoki yana bir misol. O'zbekistonda yo'l transport hodisalari oqibatida bir yil davomida 2300 dan ortiq kishi halok bo'lgan. Achinarlisi, avtohalokatlarning 10% dan ko'prog'i yo'l-qatnov qismida telefondan foydalanish oqibatida kelib chiqqan.

Odamzod uchun eng qimmatli narsa bu – vaqt. Bahouddin Naqshband hazratlari shunday degan ekan : “Kim vaqtini zoe ketkizsa, vaqt dushmaniga aylanadi, nafasning zoe ketishiga yo'l qo'ymang va undan ehtiyot bo'ling”.

Men telefon halokat demoqchi emasman. Vaqtini ijtimoiy tarmoqlarda behuda sarflayotgan ba'zi yoshlar — tengdoshlarga aytmoqchiman: “Vaqtni behuda sarflash eng katta yo'qotishdir. Telefon va internet uchun zoe ketkazayotgan vaqtingizni oilangizga, yaqinlaringizga sarflang! Umr juda qisqa”. Zero, telefondan maqsadli foydalanish halovat bo'lsa, undan samarasiz foydalanish – halokatdir.

Otabek USMONOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

fifteen + sixteen =