Jonni jizillatuvchi og'riqlar
Taniqli jurnalist Husan Ermatovning “Hurriyat” gazetasi (2022 yil, 2 noyabr №43-son)da e'lon qilingan “Bosma nashrlar transformatsiyasi: nimalarga bog'liq bo'lib qolmoqda?” sarlavhali maqolasini o'qib…
Ba'zilar gohida shunday iddao qilishadi: “Ilgari gazetalarda fel'yetonlar chiqardi, fel'yeton bo'lgan odamlar partiyadan o'chirilib, ishdan haydalardi. Mana haqiqat! Hozir-chi, gazetalarda nima bor?”
Afsus va yana afsuski, mana shu holning o'ziyoq, bizning haqiqat borasidagi tasavvurlarimiz o'ta g'aribligini tasdiqlaydi. Tomoshaga o'chmiz. Bugun ham kimlardir ishdan haydalishini, matbuotda urilib, surilib, sharmandai sharmisor bo'lishini juda istaymiz. Internet esa, bu kabi hollarning naqd uyasi! Tasodifan yemakxonada qo'lingizdan bir stakan tushib ketdimi, tamom, yarim daqiqa o'tar-o'tmas, siz qaysidir ijtimoiy tarmoqda paydo bo'lasiz. “Ana, zararkunanda!” “Stakanni sindiribdi. Balki, ichgandir. Tanobini tortish kerak!”
“Laykboz”larning qaysi biriga tushuntirasiz, yo'q, baraka topgur, men atay qilmadim, qo'limdan tushib ketdi, singan idishning jarimasini ham to'ladim, deb?!
“Bosma nashrlar transformatsiyasi: nimalarga bog'liq bo'lib qolmoqda?” maqolasida keltirilganidek, hamma nazarimda “facebook” va “google”ning shaydosiga aylandi.
Bir qiziq fakt: mahalliy rahbarlarning ba'zilari ochiq aytganda, allaqachon blogerlardan cho'chib qoldi. Sababi ayon, boya aytilganidek, tugmadek “xato”si topilsa, fildek qilib olamga yoyishadi.
Holbuki, muallif kuyunganidek, katta-kichik idoralarning mutasaddilari gazetaga, hatto o'z muassisligidagi gazetalarga ham qayrilib qarab qo'yayotgani yo'q. Mabodo, qarasa ham, panja ortidan qarayotgani birgina “Ishonch” so'rovlariga goh-goh kelayotgan “betakror” javoblardan ma'lum.
Gazeta, bosma nashrlar ahvoli haqida qator maqolalar chop etildi. Masalan, muqaddam “Hurriyat” mustaqil nashrida bosilgan “Tosh devorga karnay chalib…” va “O'zbekiston ovozi”dagi “Yangicha yondashuv zarur” maqolalarini eslash kifoya. Bunaqangi chiqishlardan qanchasi matbuot yuzini ko'rdi. Afsus, majburiy obuna haqidagi, ta'bir joiz ko'rilsa, safsatalar haliyam bor.
Hamon internet shaydosimiz.
Meni qiynagan bir masala shuki, ilgari hech kimning “ayb”i-yu, “aybg'ina”sini bilmasdik. Qarang, hozir jamiyatda aybdor bo'lmagan, yemagan somsaga pul to'lashga majbur qilinayotgan Shaxslar soni yulduzlardek sanoqsiz!
“Falon rahbar ishdan ketdi. Unga kelgusida jazo chorasi ko'rilishi kutilmoqda” omma ta'biri bilan aytsa, internet bu kabi xabardan “portlaydi!”. Ura, adolat qaror topibdi. Hoy baraka topkur, bu rahbar aynan senga nima yomonlik qiluvdiki, uning ishdan olinganidan tog'angning to'yidek masrur-u mamnunsan, yo biror aybi ustida sham yoqib turganmiding, deguvchi kas yo'q.
Axir, o'sha rahbar ham kimningdir farzandi, kimningdir yaqini-ku, kimningdir mahalladoshi-ku, deydigan insofli odam yo'q. Agar muqaddas dini islomda birovning baxtsizligidan shodlanish mo'minga xos emasligi aytilganini inobatga olinsa, ming namoz o'qib, ro'za tutib, hatto besh farzni to'la ado qilgan bo'lsak-da, kimligimiz shu xil munosabatdan darrov oshkor bo'ladi-qo'yadi. Mayli, aybdor mansabdor qonun oldida javob berar. Ammo tarafma-taraf bo'lib yarim taraf loyga qorib, yarim taraf o'zicha “himoya” qilishidan qanday mantiq bor?!
Agar muammolar, xalqimizning ertasi uchun qayg'urmoq niyatida ekanmiz, nega maktab kutubxonalari, ayniqsa, chekka qishloqlarimizdagi maktab kutubxonalarining ahvoli bizni tashvishga solmayapti, qiynamayapti?
Maktab kutubxonasida bugun uch-to'rtta ertaklar, siyosiy uch-to'rt adabiyotlargina qoldi. To'g'ri, maktablarga bugun zamonaviy adabiyot namunalari yetib borgani va ayrim jurnallarning ham peshma-pesh yetkazilayotgani ham bor gap. Ammo yaqinda “O'zbekiston adabiyot va san'ati” haftaligida bosilgan ustoz shoir Ikrom Otamurodning bir maqolasini eslatmoqchi edim. Ustoz maktab kutubxonasi, undagi boy kitoblar shoirni shoir qilganini, sinfdoshlariga asqotganini g'urur bilan yozadi. Afsuski, bugun kutubxonalarimizda kitobxon yoshlar juda siyrak. Qutlibeka Rahimboyeva aytmoqchi, darslarga kitob qo'ltiqlab kirib, bolalarga adabiyot haqida jonli ma'ruza o'qiydigan fidoyi va saviyali muallim-u muallimalar bormi?! Agar bo'lsa, bugun nega ular haqida eshitmayapmiz yo o'qimayapmiz?
Maktab kutubxonasi, albatta, jurnal va gazetalar bilan boyitilishi kerak, biroq, shu bilan birga, mahalliy viloyat va tumandagi yaxshi adiblar va shoirlarning asarlarini sotib olishlari va shuning hisobidan, o'quvchilarga o'z “oldidan oqayotgan tiniq daryolar” qadrini singdirishi lozim. Masalan, Namangan shahridagi maktabda O'zbekiston xalq shoiri Habib Sa'dullaning asarlari bo'lsa, qanday yaxshi.
Masalaning ikkinchi tomoni ham bor: biz hali-beri o'qituvchini kerak-nokerak hujjatbozlikdan tamom qutqarganimizcha yo'q. Bir o'qituvchi shoira qizimiz bor. Tumanlardan birida o'rta maktabda saboq beradi. Har ko'rganimda, kitob o'qiyapsizmi, ijod qalay, deb surishtiraman. Singlimiz esa, ijodga ortinmayotganini, kechalari ham “Kundalik.kom”ga baho chiqarayotganidan, goho test ishlayotganidan, shular band etganidan so'zlaydi. Xayriyatki, o'qituvchi zoti konspektdan xorij bo'ldi, yo'qsa, butun tun davomida muk tushib yozuv-chizuv qilarmidi? Shunday jarayonda badiiy asar o'qishga, uni tahlil qilishga, o'z o'quvchisiga sharhlab berishga vaqti bo'larmidi o'qituvchining? Ijodkor o'qituvchiki, shunday deb turgach, boshqasini qo'yavering! Ayollarga ikki bora qiyin – oila bor, boz ustiga, tuzukroq maosh olish uchun toifa ham olishi kerak.
Xullas, maktabda kitob yo jurnal kam, bo'lsa ham, uni o'qiydigan yoshlar oz. Mushtday bolamizning, kechagina tug'ilgan va tili chiqqan nabiramizning ham “Samsung”dek murakkab apparatlarimizdan bizdan ko'ra chapdastlik bilan foydalanishidan g'ururlanib, davralarda gapirib yuramiz. Afsuski, bolaga uyali telefon ham jismonan, ham ma'nan, o'zimizga esa, iqtisodiy zarar keltirayotganidan qayg'urmaymiz. Go'yoki, hammasi shunday bo'lishi kerakdek.
Xullas, maktab kutubxonasi bugun istaymizmi-yo'qmi, jamiyatning pinhon tish og'rig'i!
Modomiki, bugun gazetalar, bosma nashrlar taqdiri haqida so'z borayotgan ekan, Andijon viloyatidagi bosma nashrlar ahvoli haqida ham to'xtalish joiz. Yaqinda viloyatda bo'lgan katta anjumanda va boshqa shu kabi tadbirlarda bot-bot “Andijonnoma”da ommaning, xususan, gazetaning ashaddiy iste'molchisi bo'lgan ziyolilarning ko'ngli to'lmayotganiga guvoh bo'ldik, bo'layapmiz. Buning sababini insonlar bir vaqtlar bag'rikeng bo'lgan, adadi ham 80-100 ming tegrasida bo'lgan nashrning bugungi nochor holidan qayg'urayotganligi bilan izohlaydilar. Holatning tub mohiyati bilan esa, Andijonda qiziqadigan odam yo'q.
Ta'kidlab qo'yay, bu mening shaxsiy kuzatishlarim, kechinmalarim. Kerak bo'lsa, jonni jizillatgan dardlarim. Ularni ilgari ham u yoki bu ko'rinishda turli matbuotlarga taqdim qilib ko'rganman. Har gal har xil vajlar bilan uni e'lon qilishdan bosh tortishgan. “Uka, qo'ying, buni bersak, gap tegadi”, deb yig'lamoqdan beri bo'lgan muharrirlar, mas'ul kotiblarni ham ko'rganman. Biroq bularni qachondir aytish vaqti baribir keladi, derdim. Mana, kelgan bo'lsa, ajabmas. Kasalni yashirganimiz, ming gaplarni yumshoq qilib xaspo'shlaganimiz bilan muammo barham topmaydi. Barham topmasligini muqaddam e'lon qilingan maqolalardan, xususan, Xusan Ermatov kabilarning chiqishlaridan bilib olish qiyin emas. Ko'rinadiki, amaliy choralar, yaxlit aniq dadil qadam, choralar davri kelgandir.
Ikromjon ASLIY-ANDIJONIY