Tarix haqiqatlarini aytishdan cho'chimaylik!

Tarixdan yaxshi ma'lumki, “Andijon qo'zg'oloni” nomini olgan xalq milliy ozodlik harakatining tashkilotchisi va rahnamosi bo'lgan mingtepalik Muhammad­ali eshon Sobir xalfa o'g'li — Dukchi Eshon haqida bugunga qadar tarixiy manbalarda noxolis, turli bo'yoqlar bilan aytilgan chala haqiqat va adolatsiz fikrlar shu kunga qadar yozilib kelinmoqda. Qo'zg'olon ayovsiz bostirilgach, Eshon dorga osib o'ldirilgan deb aytiladi. Aslida bu ma'lumot bugunga kelib asossiz ekanligi oydinlashmoqda.

Biz bu haqda “Hurriyat” gazetasining shu yil №21-sonida “Dukchi Eshon: Tarix va haqiqat yoxud tunni yoritgan chaqmoq” sarlavhali maqolamizda atroflicha so'z yuritgan edik. Maqola bo'yicha juda ko'p yurtdoshlarimiz o'zlarining samimiy mulohazalarini, qo'llab-quvvatlovchi fikrlarini bildirishdi. Ammo Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyining ayrim xodimlari tomonidan bildirilayotgan munosabatga atroflicha javob berish hamda o'tmishda “Andijon qo'zg'oloni” deb atalgan tarixiy haqiqatni yanada chuqur, xolis o'rganish maqsadida Tojikiston Respublikasining Tavildara nohiyasi “Layroni bolo” qishlog'iga takror shu yilning 11-17 avgust kunlari safar qildik. Chunki Dukchi Eshon bobomiz ayni shu qish­loqda yashab o'tgan.

To'g'ri, biz tomondan aniqlangan bu ma'lumotlarga birdaniga ishonish oson bo'lmasligi mumkin. Ammo haqiqat baribir haqiqatligicha qoladi.

Negaki, chor Rossiyasi, keyin sobiq Ittifoq zamonida, ya'ni qariyb bir asrdan ko'p vaqt mobaynida chop qilingan turli adabiyotlar, qo'llanmalarda o'sha davr siyosatidan kelib chiqib yozilgan ma'lumotlar mavjud. Lekin bugun davr o'zgardi, zamon o'zgardi. Ona yurtimiz o'z erkiga, Istiqloliga erishganiga 31 yil to'ldi. Endi tariximizning asl haqiqatlarini yuzaga chiqarish, xalqimizning milliy qahramonlari hayoti va taqdiriga oid yangiliklarni o'rganishdan, o'rganganlarimizni hadiksiramasdan, ikkilanmasdan ma'lum qilish burchimizdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Dukchi Eshonning taqdiriga oid haqiqatlarni quyidagi misollar asosida bayon qilmoqdamiz.

  1. Andijon viloyati Marhamat tumani “Gar-gar” mahallasida yashagan 85 yoshli (1997 yil noyabr oyida) Kimsanboy eshon Parpiyev bilan uning xonadonida suhbatlashganimda u Muhammadali eshonning shu qishloqdagi To'raqul eshonga kelin bo'lib tushgan sing­lisi Shakaroyimning nabirasi ekanligini aytib, bobomiz Dukchi Eshon 1898 yil 17 maydan 18 mayga o'tar kechasi Andijonda yuz bergan g'azovotdan so'ng, onasi yurti bo'lgan Qoshg'orga ketib, yashiringan edi, deb qat'iy aytgandi. Ya'ni, Muhammadali eshon dorga osilmagan ekan, uning o'rniga oldindan har ehtimolga qarshi tayyorlab qo'­yilgan andijonlik qiyofadosh muridi Alloh yo'lida shahid ketgan ekan. Shuningdek, Marhamatning Shukurmergan qishlog'idagi “Yangi qishloq” mahallasida yashovchi amakisi, ya'ni Dukchi Eshonning quvalik xotini bo'lmish Ruqiyabibi Ismoil qizidan ko'rgan ikkinchi o'g'li Abdukarimning farzandi bo'lgan Yo'ldoshboy ota hamma gapni aytishini uqtirgandi.

Shundan keyin, 1997 yili noyabr oyining oxirida Yo'ldoshboy otanikiga borib, u bilan   suhbatlashganimizda, haqiqatan ham bobosi Qoshg'arda 6-7 yil yashab, so'ngra Tojikistonning Tavildara hududidagi “Hazrati Burx Valiy” ziyoratgohi joylashgan “Borshid” qishlog'iga kelib, shu qishloqlik Gulxonimga uylanib, bola-chaqali bo'lgan ekan. Yo'ldoshboy ota padari buzrukvori Abdukarim maxsum bilan yoshligida Muhammadali eshonning ba'zi kitoblarini unga tegish­li hujjatlar bilan qo'shib, ikkita eshakka ortib, bir oy davomida o'sha yurtga qiyinchilik bilan olib borib, yuqoridagi ziyo­ratgohning mas'ul odamiga topshirib qaytishganini, u odam esa kitoblarni qabul qilib olib, “Muhammadali eshonga taaluqli” deb yozib, kitob javoniga qo'yib qo'ygan ekan.

(“Zulmatga qarshi isyon”, Toshkent, “O'zbekiston”,

2003, 140-143 betlar)

  1. Andijon davlat universitetining “O'zbekiston tarixi” kafed­rasi professori, tarix fanlari doktori Rustambek Shamsiddinov shunday yozadi:

“… Marhamatlik jurnalist, tariximizning jonkuyar fido­yisi Obidjon Mahmudov o'zi tug'ilib o'sgan hamda hamyurtimiz Muhammad Ali xoji Sobir o'g'li — Dukchi Eshon boshchiligidagi istiqlol kurashini faxr tuyg'usi ila vatanparvarlik ruhida yoritgan. Ul zotning hozirda yashab o'tgan va yashab kelayotgan avlodlari va zamondoshlari haqida bir qator yangi ma'lumotlar keltirgan. Muallifning uzoq izlanishi natijasida Andijon qo'zg'olonining tashkilotchisi va rahnamosi bo'lgan Muhammadali eshon shaxsi va uning fojiali o'limi haqida tamomila yangicha fikr­-mulohazalarni bayon etgan. Biroq risolada ilgari surilgan ba'zi bir fikrlar hozirda mukammal yechimini topmagan bo'lsa-da haqiqat, adolat va fan yo'lida yanada izlanishga da'vat etadi.”

(“Zulmatga qarshi isyon”, Toshkent, “O'zbekiston”,

2003 yil, 102-bet).

  1. Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi tashkil etgan birinchi ekspeditsiyasi   “Dukchi Eshon izidan … ” bo'lib, 2019 yil 14-16 noyabr kunlari amalga oshirildi. Fond raisi o'rinbosari Rus­tamjon Mamasoliyev, jurnalist Obidjon Mahmudov, fond xizmat avtomashinasi haydovchisi Soyibjon Azimovlardan iborat ekspeditsiya taqdim etgan hisobotga ko'ra, ular   Dukchi Eshon avlodlari bo'lgan Qirg'iziston Respublikasi, O'sh oblasti Novqat tumani “Ko'kjar” qishlog'i, “Yoyilma” mahallasidagi 55-uyda yashovchi marhum Abdurahim maxsumning qizi Ortiqbuvi Nosirova (Rahimova) farzand­lari bo'lgan O'g'ilcha Badriddinova, Bozorboy Nosirov va O'g'ilxon Nosirovalar biz bilan birgalikda To'pchiboy Bad­riddinov xonadonida bo'lib o'tgan suhbatda haqiqatan ham Tojikis­ton Respublikasining Dushanbe shahri, Temiryo'lchilar rayonida yashovchi Karim eshon va uning o'rtanchi o'g'li Mahmadullo hamda So'g'd viloyati Asht nohiyasi “Qalam” qishlog'ida yashovchi Zokirjon Ro'ziyev 1996 yil noyabr oyida Ortiqbuvi qizi Dilbarxon (hozirda marhum) xonadonida uchrashadi. Unda Dukchi Eshonning O'ratepa (Istarafshan), Dushanbe, Kulob, Panj viloyatlari hamda Tavildaradagi avlodlari haqida gap boradi. Qarindoshlarining tinchligini bilib qaytadilar. Shuningdek, Mingtepaga tashrif buyurishib, Anorxon Rahimova va amakisi Yo'ldoshboy Abdukarimovlarnikida ham bo'lishadi.

To'pchiboy Badriddinovning tasdiqlashicha, u 2013 yili Tojikis­tondagi yaqinlarini ko'rgani borgan. Uning so'zlariga ko'ra, haqiqatan ham Dukchi Eshon nabirasi bo'lgan Karim eshon Tavildarada, shuningdek, ukasi Saidjon eshon Rahimov oilasi bilan Dushanbe shahri, Temiryo'lchilar rayoni Mirzabek posyolkasi 2-proezd, 44-xonadonda yashab kelishayotgan ekan.

Bundan tashqari, So'g'd viloyati Asht nohiyasi, “Qalam” qishlog'i, Rahimjon Tursunov ko'chasi, 2-uyda yashovchi Zokirjon Ro'ziyevning xonadonida bo'linganda, uning onasi Gulshahar aya Ro'ziyeva 1997 yilning fevral va may oylarida ikki marotaba Tavildaradagi “Layroni bolo” qishlog'ida bo'lib, Karim eshon va ukasi Saidjon eshon xonadonlarida bo'lib, harbiy xizmatda bo'lgan ikkinchi o'g'li Nazirjon Ro'ziyevni ko'rgani borgan va keyinchalik uyiga olib kelgan. Gulshahar aya Ro'ziyevaning aytishicha haqiqatan ham Muhammad­ali eshon (Isxoq eshon) avlodlari o'sha yurtda yashab kelayotganini tasdiqlagan. Eshon avlodlari yashash manzillarini va ayrim farzandlarining telefon raqamlarini olib qaytishgan.

  1. Shundan so'ng Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining faol­lari “Dukchi Eshon izidan…” ikkinchi safarini tashkil etdi. 2022 yil 13-18 yanvar kunlari Tojikistonning Dushanbe shahri, Temiryo'lchilar rayoni Mirzabek posyolkasi 2-proezd,   44-45-46 xonadonlarda yashovchi Dukchi Eshon o'g'illari bo'lgan marhum Abdurahim va Abdurazzoq eshonlar farzandlari bo'lmish Mahmudullo, Abdullajon, Fayzullo, Saidjalol Rahimovlar hamda Qismatullo Razzoqov bilan uchrashildi. Abdullajon Rahimov (46-uy) xonadonida bo'lib o'tgan suhbatimizda tarixiy haqiqat ro'yobga chiqdi. Suhbatdan so'ng Mahmudullo bilan birga Tavildara nohiyasi “Layroni bolo” qishlog'iga, ya'ni marhum Karim eshon o'g'li Abdusalom uyiga borildi. Dastlab shu qishloqdagi “Mavloniy” qabristoniga borildi. U yerda Muhammadali eshon (1856-1933) va nabirasi Karim eshon (1904-2018) qabrlarini ziyorat qilib, ular haqiga Qur'on tilovat qilindi. Shundan so'ng, adolat yo'lida kurashgan bobomiz o'z qo'li bilan qurgan hujrada ikki kun bo'linib, shu yerdagi avlodlari va mahalla faollari bilan gaplashildi. Unga ko'ra, haqiqatan ham Muhammadali eshon Qoshg'ardan Pomir tog'lari osha Qirg'izistonning Jilg'atoli orqali Tavildara nohiyasi “Borshid” qishlog'iga Ishoq (Isoq) eshon ismi bilan kelgan ekan. U shu yerdagi “Xazrati Mavloniy” masjidida bir muddat yashab, shu qishloqning oqila qizi Gulxonimga uylangan ekan. So'ngra yuqoridagi tilga olingan “Layroni bolo” qishlog'iga kelib uy-joy qurib, umrining oxirigacha yashab, 1933 yilning 25 noyabrida 78 yoshida   vafot etgan. Bobomiz shu qishloqdagi “Mavloniy” qabris­toniga dafn etilibdi.
  2. Shu yilning 11-17 avgust kunlari Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondining jamoatchi a'zolari sifatida bizlar “Dukchi Eshon izidan…” hal qiluvchi safarda bo'ldik. 12 avgust kuni Muhammad­ali eshon (Isoq eshon) yashab o'tgan yurt — Tojikistonning Dushanbe shahridagi Temiryo'lchilar rayoni Mirzabek posyolkasi 2-proezd 45-xonadon sohibi Muhammadali Eshon chevarasi, Maxmadullo Karim eshon o'g'li bilan ko'rishib, uning hamrohligida katta bobosi Dukchi Eshon yashagan Tavildara nohiyasi “Layroni bolo” qish­log'iga yana bordik. U yerda bizlarni aka-uka Abdusalom va Fayzullo eshonlar hamda ularning qarindoshi Asadullo Fayzulloyev kutib olishdi. Barchamiz birgalikda ularning uylaridan 80-100 metr masofada bo'lgan “Mavloniy” qabristoniga borib, Dukchi Eshon va nabirasi Karim eshon qabr­larini ziyorat qilib, Qur'on tilovat qildik. Ushbu marosim video tasmaga muhrlandi va qabr lavhasi suratga olindi. Ushbu lavhada shunday yozuvlar bor edi:

“Bismillaxir rahmoniir Rohiym. Muhammad Ali eshon ibni Sobir duktarosh Ishoqi. 1856-1933”

Qabristondan qaytgach, to'g'ri Dukchi Eshon bobomiz o'z qo'li bilan qurgan hujrada bo'lib, ul zot avlodlari bilan uzoq suhbat qurdik. Ma'lum bo'lishicha mingtepalik Istiqlol kurashchisi Muhammadali Eshon Sobir xalfa o'g'li — Dukchi Eshon 1898 yil 17 may kungi g'azovotdan keyin, onasi Asalbibi yurti Qoshg'arga ketib, u yerda 6-7 yil yashab, 1903-1904 yillarda yuqorida tilgan olingan Borshid qish­log'iga Ishoq eshon nomi bilan kelgan. Shu qishloqlik Gulxonim ismli ayolga uylanib, 3 o'g'il va 3 qiz ko'rishadi.   Ular:

Sattorqul, Abdurahim, Abdurazzoq, Asalbibi, Shirinbibi va Xalifabibi edi.

Marhamat tumanidagi Gar-Gar qishlog'ida yashagan Kimsanboy eshon Parpiyev bilan 1997 yil fevral oyida bo'lib o'tgan suhbatimizda Tojikistonning Panj viloyatidan amakisi Sattorqul eshon 1938 va 1958 yillarda qarindoshlarini yo'qlab Mingtepaga kelganini ta'kidlagan edi. Shuningdek, amakisi Yo'ldoshboy Abdukarim o'g'linikida ham bo'lgan ekan.

(“Zulmatga qarshi isyon”, Toshkent, “O'zbekiston”, 2003 yil 146-bet)

Bizlarga Mohinav Nabotova, to'ng'ich o'g'li Abdusalom va kenja o'g'li Fayzullo eshon, yaqin qarindoshi Asadullo Fayzulloyev video suhbatda Dukchi Eshon haqidagi tarixiy haqiqatlarni tasdiqladilar va o'zlari uning avlodlari ekani bilan faxrlanishini qayta-qayta ta'kidladilar. Qo'limizda Karim eshon va turmush o'rtog'i Mohinav ona nikoh guvohnomasining nusxasi mavjud.

2022 yil 16 yanvar kuni Tavildara nohiyasi markazi Sangvorda Mahmadullo Rahimov video tasvirda Dukchi Eshonga to'rtinchi avlod ekanini aytdi va katta bobosi haqiqatan ham 1933 yili 78 yoshida vafot etganini tasdiqladi. Ushbu ko'rsatuv O'zbekiston televideniesi va Andijon televidenielari orqali namoyish qilindi.

  1. Yana bir muhim fakt:

Sangvor nohiyasi ijroiya komiteti qoshidagi arxivda 42-sonli hujjatlar to'plami mavjud bo'lib, unda “Oromgohi eshoni Ishoq” haqida ma'lumotlar borligini Dukchi Eshon avlodlaridan biriga uylangan Asadullo Fayzulloyev bizlarga ma'lum qildi. Endilikda uning nusxalarini Mahmadullo Rahimov bizlarga yuborishga va'da berdi.

Shuningdek barcha o'g'il-qizlari, ziyoli faollar va mahalla oqsoqollari bu fikrga qo'shildilar.

Bizlar, o'sha joydagi qabr oldida Muhammadali Eshon avlodlari bo'lgan chevara va evaralari hamda, yaqin qarindoshlari birgalikda Qur'on tilovat qilib, u kishining haqlariga duo fotiha o'qidik.

Eshon bobo o'z qo'li bilan qurgan hujrada barchamiz to'p­lanib uzoq suhbat qurgan chog'imizda yana bir haqiqatdan ko'nglimiz yorishdi. U ham bo'lsa,   ular zaruriyat tufayli Dukchi Eshon bobolariga oid tarixiy haqiqatni ilmiy jihatdan tasdiqlashda ko'mak so'rab O'zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga xat orqali murojaat qilish niyatida ekanligini aytishdi.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Oliy va O'rta maxsus ta'lim vazirligi Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyi tomonidan mualliflar: tarix fanlari doktori, professor Shamsutdinov Rustambek Temirovich, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (RhD), Hasanov Jasurbek Mamatqodirovich, tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori (RhD) Tojimirzayev Elyorbek Akromovich, tayanch doktorant Iminov Jasurbek To'lqinovich, tayanch doktorant Homidov Dilshodbek Ilhomovichlar tomonidan (Akademnashr, 2021) yozilgan “Qatag'on qurbonlari xotira kitobi” Andijon viloyati (1865-1991 yillar) 1-qism kitobida Dukchi Eshon to'g'risidagi shahrimizdagi tarixchilar tomonidan yoritilgan yuqoridagi manbalar bugungi kunga javob bermaydi. Bu kabi ma'lumotlar faqatgina bizning tarixni yoritishga bo'lgan ishonchimizni susaytirdi. Dukchi Eshonning osib o'ldirilganligi bayon qilingan “Andijon tarixidan lavhalar” kitobida bayon qilingan ma'lumotlar noto'g'ridir. Uning zurriyotlari shu kunlarda bu kabi asossiz yozilgan voqelik­larga e'tiroz bildirishlariga haqli deb bilamiz. Shuning uchun ham yuqorida nomlari keltirilgan adabiyotlar Oliy va O'rta ta'lim vazirligi tomonidan o'quvchilar e'tiboriga havola etilishi nojoiz ekanligini o'ylab ko'radigan vaqt yetmadimikin?

Muhammadali Eshon Sobir o'g'li-Dukchi Eshonning fojiali o'limi haqidagi arxiv materiallari va Fozilbek Otabek o'g'lining 1927 yili Samarqandda nashr etilgan “Dukchi Eshon voqeasi” kitobidagi tafsilotlar berilgan.

Shuningdek, Muso Turkistoniyning “Ulug' Turkiston fojeasi” (Madinai Munavvara, 1979 yil)da ham yuqoridagi faktlar keltirilgani bayon qilinadi.

Bundan tashqari, “Andijon ishi” kichik sarlavha bilan bosilgan, uzoq yilga qamalgan, surgun qilinganlar bo'yicha ro'yxat (jadval) berilgandir. Ular 229 kishini tashkil qilgan.

“Qatag'on qurbonlari” xotira kitobiga kirgan Muhammadullo Eshon Sobir o'g'li – Dukchi Eshon jadidchilik harakatining ulkan faollaridan biri deb qaralishi mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan munosib bahosini olgan bo'lsa-da, uni bugun ayrim tarixchi hamyurtlarimiz “Turkiston jadid­chiligiga aloqasi yo'q”, desalar… Bu gaplarga aslo qo'shilib bo'lmaydi.

Yuqoridagi kitobning 5-sahifasida xorijdagi turli arxiv, muzey, kutubxona va boshqa markaziy muassasa hamda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlik o'rnatgan holda ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish qayd etilgan, ammo bugungacha bu borada biron-bir amaliy ish qilinmagan. Shu jumladan, “Meros” jamg'armasi tomonidan ham (arxivdan olingan ma'lumotlarni bayon etishdan tashqari) hech bir harakat bo'lmadi. “Meros” ilmiy-amaliy xalqaro ekspeditsiya xayriya jamg'armasi rahbari Rustambek Shamsutdinovning “Meros” jamg'armasi hisobidan Tojikistonning Tavildara nohiyasiga borishiga rozilik bersa, biz ularni boshlab borishga tayyormiz.

Abdusalom eshon va ukalari, Mohinav aya va qizlaridan bobosi Dukchi Eshon qabridan uning “Hoki-tuprog'i”ni bobomiz vatani Andijonning qadim Mingtepa go'shasiga olib kelishni niyat qilgan­liklarini eshitib, ko'nglimiz tog'dek ko'tarildi. Alloh sizlardan rozi bo'lsin, deb qaytdik.

Yuqoridagilardan kelib chiqib barcha dalil va faktlar Muhammadali eshon Sobir o'g'li – Dukchi Eshon Chor Rusiyasi ma'murlari qo'liga tushmagani va dorga osib o'ldirilmaganligini uzil-kesil tasdiqlaydi.

Vahob RAHMONOV,

O'zbekiston Respublikasida

xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi,

filologiya fanlari nomzodi,

dotsent,

Obidjon MAHMUDOV,

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi,

publitsist,

Mahmudullo RAHIMOV,

Muhammadali Eshon chevarasi,

Tojikiston, Dushanbe shahri

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

5 + 11 =