Yulduzlar yog'dusi xira tortmasin

Globallashuv jarayoni yanada chuqurlashib borayotgan hozirgi sharoitda milliy o'zlikni anglash, haqiqiy tariximizni tiklash zaruriyati har qachongidan ham muhimdir. Ayniqsa, yurtimizdagi milliy ozodlik harakatlari tarixini o'rganish, ularning yo'lboshchilari faoliyatini keng yoritish, o'sib kelayotgan hozirgi avlod ongu shuuriga singdirib borish dolzarb vazifalardandir. “Hurriyat” gazetasining shu yil 2 iyun kungi 21-sonida e'lon qilingan va ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalar orqali tarqatilgan “Dukchi Eshon: Tarix va haqiqat yoxud tunni yoritgan chaqmoq” sarlavhali maqola ayni shu mavzuga bag'ishlangan.

Maqolada 1898 yilgi Andijon qo'zg'oloni yetakchisi Muhammadali eshon Sobir Xalfa o'g'li – Dukchi Eshon qismatiga oid yangilik sifatida bu qo'zg'olon bostirilgach, asirga tushgan isyonchilar qatori Dukchi Eshon osib o'ldirilmagani, aksincha, isyon ko'tarilgan 17 may kuni yarim tunda singlisi Shakaroyimning uyi­­ga oq ot minib kirib kelgani, “Shakaroyim xonadonidagi “tuya sandiq”ning orqa taxtalari olib tashlanib, uning ichiga Muhammad­ali Eshonni ko'rpaga o'rab berkitganlar(i) va ikki-uch kun saqlaganlar”i, “so'ngra 3-4 otliq kishilar kelib, Oloy orqali Qoshg'arga… olib ketishgan”i bayon qilingan. Maqolada ta'kid­lanishicha, Eshon Qashg'arda 6-7 yil yashab, keyin u yerdan Pomir tog'lari osha Jilg'atol orqali Tavildara qishlog'iga kelgan, 1933 yil 25 noyabrgacha shu qishloqda yashab, 78 yoshida vafot etgan. 1898 yil 12 iyunda Andijonda Eshon o'rniga “uning andijonlik muridi, eng yaqin mirzosi” dorga osilgan.

Albatta, tarixiy voqea haqida ilgari surilgan bunday fikrlar, avvalo, arxiv hujjatlariga, daliliy ashyolarga murojaat qilishga undaydi. Ana shunday hujjatlardan biri Turkiston harbiy okrugi qo'shinlari bo'yicha 1898 yil 9 iyunda chiqarilgan 186-son buyruq (“Istoriya Andijana v dokumentax i materialax” (1876-1917gg.) – Andijon, 2009 y. 354-355 b.) bo'lib, unda: tub joyliklar: 1) mingtepalik eshon Muhammad Ali Xalfa Muhammad Sobir o'g'li, 2) sobiq Kulla volosti boshqaruvchisi Mulla G'oyibnazar Ortiqxo'ja o'g'li, 3) Subhonqul Arabboyev, 4) Ruagtambek (Rustambek – bo'lishi kerak – muall.) Sotiboldibek o'g'li, 5) Mirzahamdam Usmonov va 6) Bobotoy G'oynaboyev “Jinoiy va axloq tuzatish jazolari to'g'risidagi Nizomning 249-moddasida ko'zda tutilgan jinoyatni sodir etgani” uchun okrug qo'shinlari qo'mondoni, general-leytenant Duxovskoy tomonidan Turkiston harbiy okrugi sudiga berilayotgani aytilgan. O'zbekiston Respublikasi Milliy davlat arxivining F-I 1 fondi (op 31, d 78. L 35)da saqlanayotgan hujjatda yuqorida nomlari zikr etilgan kishilar Muvaqqat harbiy sud tomonidan aybdor deb topilgani va dorga osib o'ldirishga hukm etilgani, hukm 12 iyun kuni kunduzi soat 12 ½ da ijro etilgani, eshon shaxsi haqiqiyligini tasdiqlash uchun mahalliy aholiga qatl vaqtida hozir bo'lish buyurilgani ko'rsatilgan.

“Turkestanskie vedomosti” gazetasining 1898 yil 2 (14) iyul sonida bosilgan “Kazn ishana i yego glavnыx soobщnikov” sarlavhali materialda ham eshon va uning maslakdoshlari qatl qilinishi jarayoni aynan yuqoridagidek tasvirlangan. “Hurriyat”dagi maqolada tilga olingan Fozilbek Otabek o'g'li voqea ishtirokchisi sifatida o'zining “Dukchi Eshon voqeasi” asarida Andijon qo'zg'oloni bilan bog'liq voqealarni, jumladan, qatl jarayonini ancha batafsil yoritgan.

“O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 1-jildida Dukchi Eshon va uning safdoshlari taqdiri haqida shunday ma'lumot berilgan: “…qo'zg'olon rahbari Muhammadali Eshon va uning yaqin maslakdosh­laridan 5 nafari 1898 yil 12 iyunda Andijon shahri markazida butun vodiy jamoatchiligining 8 mingga yaqin vakili ko'z o'ngida osib o'ldirildi” (O'zbekiston milliy ensiklopediyasi. 1-jild. T., 2000. 339-340-betlar). Umuman, 1898 yilgi Andijon qo'zg'oloni va uning yetakchilari taqdiri Muso Turkistoniyning 1979 yilda Saudiya Arabistonida chop etilgan “Buyuk Turkiston fojiasi” (https://e-tarix.uz/milliyat-insholari/191-ulug-turkiston-fojeasi.html), A.Egamnazarovning “Siz bilgan Dukchi Eshon” (T., “Sharq”. 1994), H.Ziyoyevning “Turkistonda Rossiya tajovuzi va hukmronligiga qarshi kurash” (Toshkent, “Sharq”. 1998), S.Jalilovning “Saltanatni titratgan kunlar” (Toshkent, “Fan”, 1998), H.Sodiqov, R.Shamsutdinov va P.Ravshanovning “O'zbekistonning yangi tarixi. Birinchi kitob (Turkiston chor Rossiyasi mus­tamlakachiligi davrida)” (Toshkent, “Sharq”, 2000), B.M.Bobojonovning “Manakib-i Dukchi Ishan (Anonim jitiya Dukchi Ishana – predvoditelya Andijanskogo vosstaniya 1898 goda)” (Tashkent-Bern-Almatы, 2004, str. 393), “Andijon tarixidan lavhalar” (Andijon, “Andijon nashriyot matbaa” OAJ, 2008), R.Shamsutdinov va A.Ishoqovning “Andijon tarixidan lavhalar” (T., “Sharq”, 2013) kitoblarida, R.Shamsutdinov va X.Mo'minovning “O’zbekiston tarixi” darsligi (Toshkent, “Akademnashr”, 2019. 299-303-betlar)da va boshqa manbalarda atrof­licha yoritilgan. Bu hamda boshqa kitoblarda ushbu mavzu yuqoridagi kabi tegishli arxiv hujjatlariga, tarixiy manbalarga, voqea ishtirokchilari hamda guvohlarining, jumladan, Fozilbek Otabek o'g'lining ma'lumotlariga asoslangan holda taqdim etilgan.

Maqolada tilga olingan tarix fanlari doktori, professor Rus­tambek Shamsutdinov va boshqa mualliflarning “Qatag'on qurbonlari. Xotira kitobi. Andijon viloyati (1865-1991 yillar) (1-2 qismlar)” (Toshkent, “Akademnashr”, 2021) kitobidan keltirilgan iqtibos aslida “Turkestanskie vedomosti” gazetasining 1898 yil 2 (14) iyul sonida bosilgan materialdan keltirilgan bo'lib, bu haqda kitobning 20-sahifasi ostida havola qilingan. O'rni kelganda aytish joizki, mazkur kitobning 1-qismidagi ma'lumotlarni, ya'ni butun bir 47 bosma toboqdan iborat kitobdagi ma'lumotlarni go'yo “tasdiqlanmagani”ni aytib o'tiladi. Holbuki, bu kitobga kiritilgan barcha ma'lumotlar, jumladan, 1898 yilgi Andijon qo'zg'oloniga doir ma'lumotlar asosan O'zbekiston Respublikasi Milliy davlat arxivi fondlarida saqlanayotgan materiallarga, yuqoridagi kabi ko'plab manbalarga tayangan holda nashrga tayyorlangan hamda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2020 yil 8 oktyabrdagi “Qatag'on qurbonlarining merosini yanada chuqur o'rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 5598-sonli farmoyishi ijrosi doirasida respublika viloyatlari o'rtasida birinchi bo'lib chop etilgan.

“Hurriyat” gazetasida e'lon qilingan maqoladagi Dukchi Eshonning 1898 yilgi g'azovotdan keyin omon qolgani, Tavildarada yashab, 1933 yili vafot etgani, uning avlodlari hozir o'sha joyda yashab kelayotgani haqidagi hikoya esa faqat og'zaki ma'lumotlar asosida bayon qilingan. Tavildarada yashab o'tgan kishi haqiqatan ham mingtepalik Dukchi Eshon ekanligini tasdiqlovchi biron-bir hujjat, dalil-isbot taqdim etilmagan. Shu boisdan ushbu hikoyaning o'zi juda munozarali va u bilan tanishgan har qanday kishida ko'plab savollar tug'iladi.

Shu o'rinda Fozilbek Otabek o'g'lining “Dukchi Eshon voqeasi” asaridan olingan quyidagi satrlarga e'tibor qarataylik: “Eshon ushlanib, nihoyat haqorat va tahqir bilan bir qora aravaga bog'lanib, eski shahardan o'tgan vaqtda hamma xalqni majburiy ko'chaga turg'uzib qo'ydilar. Soldat va amaldorlar aravani o'rtag'a olib, sekin-sekin yurg'izib, har joyda 5 – 10 minut to'xtab: “Yikchi eshon shu odammi? Tanig'on odamlar bo'lsalar aytsunlar!” deb fuqarodan so'rar edi. Eshonni ko'rgan har kim yerga qaraydir, eshonga qaramaydir. Chunki eshon tanib so'rashib qolmasun, deb qo'rqadir. O'sha yilda eshonni borib ko'rmag'on odam Andijonda kam qolg'on edi. Balki hamma ko'rgan desa bo'lur edi. Zolim to'ralardan qo'rqub, hech kim eshonni tanimaydi…” (Ta'kid bizniki – muall.) (Toshkent, “Cho'lpon”, 1992. 41-b.). Bu parchadan shuni anglash mumkinki, chor ma'murlari Dukchi Eshonni Andijonda ham ko'pchilik yaxshi tanishini bilishgan. Yo'qsa, eshon yashagan qishloqdan uni tanishi aniq bo'lgan besh-o'nta kishini Andijonga olib kelish ular uchun katta qiyinchilik tug'dirmas edi, albatta.

Gazeta maqolasini o'qigan odamda, bizningcha, quyidagicha savollar tug'ilishi tabiiy: “Pomir tog'lari osha” kelgan kishi Tavildarada qanday ismu sharif bilan, qanday hujjat asosida istiqomat qilgan? Uning haqiqatda Dukchi Eshon ekanligini tasdiqlashi mumkin bo'lgan, u o'z qo'li bilan yozgan biron-bir xat-maktub, muhri bosilgan hujjat yo'qmi? (Axir, tarixda soxta podsholar, shohlar, sarkardalar bo'lgan-ku!).

Dukchi Eshon Tavildarada 1933 yilgacha yashagan bo'lsa, 1898 yilgi g'azovotdan so'ng, Mingtepada qolgan qarindoshlarining, bir nechta xotinidan ko'rgan farzandlarining taqdiri qanday kechgani bilan qiziqmaganmi? Ayniqsa, zamonlar o'zgarib, hokimiyat tepasiga sovetlar kelgandan keyin ham ular bilan aloqa bog'lashga urinmaganmi? Tavildarada yangi oila qurib, indamay yashab yuraverganmi? Chorizm istibdodiga qarshi kurashishni butunlay tark etganmi? (U holda o'z jonini saqlab qolishdan muddao nima edi?).

Yana bir savol: Dukchi Eshon jonini saqlash uchun o'zining o'rniga boshqa kishining muqarrar o'limga borishiga rozi bo'la olarmidi? Bizningcha, uning dinu diyonati, ma'naviyati, islomiy bilimi bunga yo'l qo'ymas edi. Chunki Muhammad Ali Xalfa Muhammad Sobir o'g'li 30 poralik Qur'oni karimning, islom ta'limotining mazmun-mohiyatini chuqur anglagan, dovrug'i o'zi yashagan hududlardan chiqib, olis-­olislarga yetgan yirik islom ulamosi, o'ta taqvodor musulmon bo'lgan. Bizningcha, chindan ham eshonning qiyofadoshi bo'lib, uning o'rniga o'zini chor ma'murlariga tutib bergan taqdirda ham eshonday inson oxiratni o'ylab, haqiqatni oshkor etib, ehtimol, bir necha nohaq hibsga olinganlarni ozod etish shartini o'rtaga qo'yib, dor ostiga o'zi dadil borgan bo'lardi. Buni Dukchi Eshon qo'lga olingandan keyin uni so'roq qilgan harbiy tergovchining: “Nega o'z yaqinlaringiz yashaydigan joylarga emas, kimsasiz toqqa qochdingiz?” degan savoliga: “Men qaerga borib, kimning xonadonida to'xtasam, o'sha xonadon egalarini hibsga olishlaringizni bilardim, shuning uchun odamsiz toqqa qochishni ma'qul topdim” (A.Egamnazarov, “Siz bilgan Dukchi Eshon” – Toshkent, “Sharq”. 1994, 25-bet), deb bergan javobi ham tasdiqlaydi.

A.Egamnazarov shu asarida yozishicha, tergovchilar iloji boricha ko'proq ma'lumotga ega bo'lish uchun uni juda qattiq qiynashgan. U esa tergov boshida asosiy da'volarini qisqa bayon qilgach, ortiqcha hech bir gap aytmagan, sheriklarini ham sotmagan, aksariyat hollarda aybni o'z bo'yniga olib, boshqalarni himoya qilgan. Kaltaklashgan paytlarida biron marta ham oh-voh chekmay kalimai shahodat (“La ilaha illallohu Muhammadar rasululloh…”)ni takrorlayvergan. Metin irodali insonning bu mardona xatti-harakatlari tergov bayonnomalarida o'z aksini topgan.

Shuningdek, Sovetlarning hamma joyda sanoqsiz “agent”lari bo'lgan “VChK”–“ChK”–“OGPU”–“GPU”–“NKVD” kabi kuch ishlatish organlari Tavildarada Andijon qo'zg'oloni rahbari Dukchi Eshon yashayotganidan u olamdan o'tib ketguncha va undan keyin ham bexabar bo'lganiga ishonish qiyin.

Tarixiy manbalarda qo'zg'olon zarur darajadagi tayyorgarliksiz, puxta ishlab chiqilgan rejasiz boshlangani qayd etilgan. Bu sharoitda Muhammad Ali Eshonda o'ziga qiyofadosh topib, uni o'zining roliga hech kimda shubha uyg'otmaydigan darajada tayyorlashi uchun fursat bo'lgani ham ishonarli emas.

Buning ustiga gazetadagi maqolada bir qator noaniqliklar, noto'g'ri axborot berish hollari uchraydi. Jumladan, unda: “…qo'zg'olonga Andijon guberniyasi, Izboskan kenti markazi, ya'ni poytug'lik Eshon Sultonxon To'raning muridi mingtepalik “Dukchi Eshon” nomi bilan mashhur bo'lgan 42 yoshli Muhammad Ali Eshon usta Sobir o'g'li boshchilik qildi”, deb qayd etilgan. Holbuki, chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida Turkiston general-gubernatorligi tarkibida 5 ta oblast va bitta bo'lim mavjud bo'lgan edi. Andijon shahri va uezdi Farg'ona oblasti tarkibida bo'lgan (Andijon hech qachon guberniya deb atalmagan). O'sha paytda Izboskan “kent” emas, Andijon uezdidagi “volost” hisoblangan.

Shuningdek, maqolada: “…Qo'zg'olon vahshiylarcha bostirilgach, hammasi bo'lib, 8 nafar odam dorga osilgan”, deb noto'g'ri ma'lumot berilgan. Chunki “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”ning 1-jildi (340-bet)da qo'zg'olonchilardan 18 nafari osib o'ldirishga hukm qilingani, 344 nafari 4 yildan 20 yil muddatga, 3 nafari umrbod katorgaga, 8 nafari turli muddatga qamoq jazosiga hukm qilingani qayd etilgan.

Shuningdek, maqolada: “…Andijon qo'zg'oloni bo'yicha ko'plab tadqiqotlar olib borgan va bu haqda bir necha kitoblar chop etgan tarix fanlari doktori, professor Rustambek Shamsutdinov rahbarligidagi “Meros” xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi jamoat fondi ham yetarlicha e'tibor qaratmaganliklari bois, Dukchi Eshonning osilmaganligi, balki Tojikistonda yashab o'tganligi haqidagi yangi ma'lumot vaqtliroq o'rganilmadi”, deb taassuf bildirilgan. Biroq bu fikrga ham qo'shilib bo'lmaydi. Chunki 1898 yilgi Andijon qo'zg'oloni va Dukchi Eshon faoliyati mavzusi R.T.Shamsutdinovning o'tgan asrning 80-yillaridan buyon ilmiy-pedagogik faoliyatida muhim ilmiy yo'nalishlardan biridir.

Buni uning Andijon qo'zg'olonining 90 yilligi munosabati bilan 1988 yilda Marhamat tumanida o'tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyadagi “Andijon qo'zg'oloni to'g'risida”gi ma'ruzasi, qo'zg'olonning 100 yilligi munosabati bilan vaqtli matbuot nashrlarida e'lon qilgan bir qator maqolalari, chop qilingan qator kitoblari ham tasdiqlaydi.

1998 yilda Andijon viloyati hokimligi, O'zFA Tarix instituti va Bobur nomli Andijon davlat universiteti birgalikda o'tkazilgan ilmiy konferensiyada Toshkent shahri, Farg'ona, Namangan, Andijon, qo'shni O'sh va Jalolobod viloyatlaridan olimlar, adiblar, jurnalistlar ishtirok etishgan. 30 ga yaqin ma'ruza va axborotlar tinglangan.

Shu konferensiyada Dukchi Eshonning nabirasi Anorxon Rahimova (Abdurahim ismli o'g'lining qizi) ham ishtirok etgan va so'zga chiqqan. Ammo u o'z so'zida bobosining “dordan qutulib qolgani, Tavildarada kechgan hayoti” haqida biror og'iz gap aytmagan.

Andijon qo'zg'oloni fojiasi Ikkinchi jahon urushida asirga tushgan, “Turkiston legioni”dagi vatandoshlarimizning xotirasidan ham ko'tarilmagan. Hozirda Turkiston legionerlari tomonidan nashr etib turilgan, Rossiya Harbiy davlat arxivi fondlaridan birida saqlanayotgan “Milliy Turkiston” jurnalining 1944 yil 1 apreldagi sonida “Bizning buyuk kishilarimiz” rukni ostida “Imperator Bobur”, “Dukchi Eshon” sarlavhalari ostida maqolalar berilgan. “Dukchi Eshon” maqolasida Andijonga Turkiston general-gubernatori Duxovskoyning kelishi, Mingtepa qishlog'ining to'pga tutilishi, ruslar vayrongarchiligi, buzg'unchiligi ochib tashlangan (“O'zbek harbiy asirlari taqdiri haqida”, “Vodiynoma”, 2019. № 3 (14). 33-44-betlar). Bu maqolalarda ham Dukchi Eshonni chor ma'murlari tomonidan dorga osilgani qayd etilgan.

Shuni ham qayd etish kerakki, maqolaning “Dor ostida kulib turgan elatsan…” degan kichik sarlavha ostida berilgan qismining matni Obidjon Mahmudovning 2003 yili Toshkentda “Ma'naviyat” nashriyotida chop etilgan “Zulmatga qarshi isyon” asariga professor R.T.Shamsutdinov tomonidan yozilgan va kitobga “So'zboshi o'rnida” sarlavhasi ostida joylashtirilgan maqola matnidan deyarli farq qilmaydi. To'g'rirog'i, o'sha so'zboshi matnining bir necha xatboshilari gazetadagi maqolaga ayrim juz'iy o'zgarishlar bilan joylashtirilgan. Ammo matn muallifining ismi-sharifi biror joyda eslatib o'tilmagan.

Mualliflar: “1898 yil 17 may kuni Andijon shahrida bo'lib o'tgan xalq milliy ozodlik harakatining tashkilotchisi va rahnamosi Muhammadali Eshon Sobir Xalfa o'g'li — Dukchi Eshon hazratlari dorga osilmagan! Aksincha ul zot 1933 yili noyabr oyining 25-sanasida 78 yoshlarida boqiy dunyoga rixlat qilganlar”, deb qat'iy ta'kidlashgan. Ammo yuqorida aytganimizdek, bunday ta'kidlar uchun yetarli asoslarni, dalillarni keltirishmagan. Shu munosabat bilan aytish joizki, Vatanimiz, xalqimiz o'tmishiga qiziqish kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda puxta o'rganilmagan, atroflicha tekshirilmagan, zarur dalil-isbotlar bilan tasdiqlanmagan ma'lumotlarni tarqatish fan rivojiga ham, vatandoshlarimiz bilimlarining bo­yishiga ham xizmat qilmaydi. Aksincha, ommani chalg'itadi, moziyda ro'y bergan voqealar haqida, Vatanimizning asl farzandlari hayoti va faoliyati xususida noto'g'ri xulosalar chiqarilishiga sabab bo'ladi. Maqola mualliflarining tarixan isbotlanmagan, faktik materiallar, hujjatlar bilan yo'g'rilmagan, ishonchli manbaga suyanmagan fikr-mulohazalari, bizningcha, amaliy va ilmiy jihatdan isbotlanmagan, tarixiy haqiqatga, mantiqqa ziddir.

Agar Vatanimiz tarixida o'chmas iz qoldirgan siymolarni yulduzlarga qiyos qiladigan bo'lsak, bunday tarixiy shaxslar haqida oxirigacha o'rganilmagan ma'lumotlarni tarqatish ular yog'dusining ma'lum darajada xiralashtirib qo'yishi ham mumkin.

Baxtiyorjon ALIMOV,

Muxtorjon XUDOYoROV,

Dilshodbek HOMIDOV,

Azizbek MAHKAMOV,

Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi

“Qatag'on qurbonlari xotirasi”

muzeyi ilmiy xodimlari

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

20 − fifteen =