Yana Dukchi eshon haqida
Mushtariylarimizga ma'lumki, gazetamizda (joriy yilning 2 iyun 21-soni) “Dukchi Eshon: Tarix va haqiqat yoxud tunni yoritgan chaqmoq” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Maqola tariximizni o'rganish, tadqiq qilish yuzasidan katta qiziqish va bahs-munozaralarga sabab bo'ldi. Negaki, o'tmishimizda chor Rossiyasi bosqini, uning zulmiga qarshi bosh ko'targan bobolarimizdan biri—Dukchi Eshon boshchiligidagi “Andijon qo'zg'oloni”ga oid mazkur tadqiqot o'zining “hech kim o'ylamagan” va kutilmagan yangiligi bilan e'tiborni tortdi. Ammo gazetamizga Andijon davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatag'on qurbonlari xotirasi” muzeyining bir necha ilmiy xodimlari mazkur maqolaga nisbatan e'tirozli maqola yo'lladi. Unda Dukchi Eshon haqidagi maqolada yoritilgan tarixiy mavzu chuqur asoslanmagani, o'tmish haqiqati buzib ko'rsatilgani iddao qilinadi.
Tahririyatimiz “Dukchi Eshon: Tarix va haqiqat yoxud tunni yoritgan chaqmoq” maqolasi mualliflariga ushbu e'tirozli maqolani havola etib, lozim topishsa munosabat bildirishlarini so'radi. Mualliflar tomonidan ushbu masala takroriy o'rganilishi, Dukchi Eshon o'sha vaqtda osib o'ldirilmagani va maqolada ilgari surilgan boshqa ma'lumotlarni yanada mustahkam isbotlovchi qo'shimcha dalillarni aniqlash maqsadida ikkinchi bor Tavildara (Tojikiston Respublikasi)ga ijodiy safar uyushtirilishini ma'lum qilishgan edi. Nihoyat, maqola mualliflarining e'tirozli maqolaga munosabat-javobi taqdim qilindi.
Demak, quyida har ikki maqola siz — aziz o'quvchilar hukmiga havola etilmoqda. Zero, haqiqat bahslarda tug'iladi, deydilar. O'ylaymizki, ular bilan tanishgan keng jamoatchilik, tarixchi olimlar, mutaxassislar o'z munosabatlarini bildirishar. Zero, bu yerda asosiy maqsad kimnidir tanqid yoki taftish qilish emas, balki tariximizni yanada oydinroq, shaffofroq o'rganish, o'zligimizga oid haqiqatlarni yuzaga chiqarishga hissa qo'shmoqdir.